Olmon do‘stimga maktublar: To‘rtinchi maktub


Saqlash
12:11 / 24.11.2021 1028 0

 

Rene Leynoga bag‘ishlanadi*

 

O‘lim muqarrarmi? Ehtimol! Biroq, kelinglar, unga qarshilik ko‘rsatib o‘laylik va yo‘qlikka ketish garchi taqdirda bo‘lsa ham, buning adolatli hodisa ekaniga murosa qilmay yashaylik.

“Obermann”, 90-maktub**

To‘rtinchi maktub

Mana, mag‘lubiyat onlaringiz ham yaqinlashmoqda. Men bu maktubni sizning halokatingizga sabab bo‘luvchi va ertangi erkka zamin yaratuvchi dongdor shahardan yozmoqdaman. Bu shahar oldida hali katta sinovlar turibdi – g‘alabaga qadar u, to‘rt yil avval siz kelganda cho‘kkanidan ko‘ra ham dahshatli zulumotni yengib o‘tmog‘i lozim. Men sizga barcha narsadan mahrum – och-yalang‘och qolsa-da, ruhan bardam shahardan maktub yo‘llayotirman. Yaqin kunlarda uni siz tasavvur ham etolmaydigan xush nasimlar chulg‘ab oladi. Agar umr vafo qilsa, biz siz bilan yana ko‘rishamiz. Shunda – men, sizning da’volaringizni ipidan ignasigacha biladigan odam va siz, mening ham fikrlarimdan yaxshi xabardor bo‘lgan kishi – so‘nggi jangga kiramiz.

 

Hozirgi iyul tunlari, bir vaqtning o‘zida ham yengil, ham og‘ir. Sena qirg‘og‘ida, daraxtzor bag‘rida kechalar – yengil, ammo u zafar tongiga ilhaq yuraklar uchun – og‘ir. Men ham o‘sha tongni kutyapman-u, siz haqingizda o‘ylayapman: sizga yana bir, aniqrog‘i, so‘nggi gapimni aytmoqchiman. Bir zamonlar do‘st bo‘lgan ikki odam – siz va men qanday qilib dushmanga aylanganimizni, men ham o‘shanda siz tomonga o‘tib ketishim mumkin ekani-yu, bundan qanday qutulib qolganimni so‘zlamasam bo‘lmaydi.

Ikkimiz ham uzoq vaqt, bu dunyoda oliy aql mavjud emas, hammamiz – aldanganlarmiz, deb hisoblab keldik. Bu e’tiqod qay bir darajada hali ham qalbimda yashayotir. Ammo men bundan – o‘shanda siz chiqargan, so‘ng tarixga tatbiq etgan xulosadan farqli bir to‘xtamga keldim. Bugun o‘z-o‘zimga bunday deyman: agar o‘shanda sizning fikrlaringizni qabul etganimda, bugungi vahshiyliklaringizni ham oqlagan bo‘lardim. Bu shu qadar muhim mavzuki, bizga hayotbaxsh umid, sizga mudhish halokatdan darak berayotgan mazkur yoz oqshomida unga to‘xtalmasligimning aslo iloji yo‘q.

 

Siz olamning ma’noga egaligiga hech qachon ishonmagansiz va barcha narsalar aslida teng qimmatli, nima yaxshi-yu, nima yomonligini inson belgilaydi, degan xulosaga kelgansiz. Sizning fahmingizcha, ilohiy yoki insoniy axloq mavjud emas ekan, demak, birdan-bir yaroqli qadriyat – hayvonot dunyosini o‘z izmida tutgan qonuniyat – zo‘ravonlik va ayyorlikdir. Bundan kelib chiqadiki, odam – hech kim: uning o‘zini ham, qalbini ham o‘ldirsa bo‘ladi; bani basharning tarixdagi vazifasi – kuchni namoyish etish, uning axloqi esa – zulm tantanasidir. Rostini aytsam, men ham ozmi-ko‘pmi sizga o‘xshab fikrlar, o‘zimni adolat sari tortib turgan bir kuchdan boshqa unga qarshi hech bir dalil topolmas, bu tortish kuchini esa qo‘qqis alangalangan ehtiros kabi, aql bilan tushuntirib berishim dushvor edi.

 

Farqimiz nimada ekanini bilasizmi? Farqimiz shundaki, siz hayotda ma’no topish umididan oson voz kechdingiz, men esa hech qachon noumid bo‘lmadim. Siz hayotdagi adolatsizliklarga tezda ko‘nikdingiz, so‘ng ularni yanada ko‘paytirishga kirishdingiz, men esa aksincha, inson azaliy haqsizlikka qarshi kurashish orqali adolat o‘rnatishi, azaliy baxtsizlikka qarshi kurashib baxtga erishishi kerak, degan fikrda sobit qoldim. Siz o‘z tushkunligingiz domiga tushdingiz, bundan qutulaman deya, uni hayotiy a’molga aylantirgach, inson qo‘li va zakosi barpo etgan barcha narsalarni oppa-oson vayron qildingiz, insoniyatning azob-uqubatini haddan oshirdingiz. Men esa tushkunlikka va umuman, bu dunyo tutumlariga rozi bo‘lmadim, odamlar yana bir-biri bilan yelkama-yelka turishi va o‘zining og‘ir ahvolini o‘nglash uchun kurashishni istadim.

 

Ajabki, siz va men bir tamoyildan ikki xulosa chiqardik. Zero, siz bu yo‘lda olamni ongli idrok etishdan voz kechdingiz, o‘zingizga oson (ya’ni o‘z lafzingizcha, loqaydlik) yo‘lini tanladingiz, o‘zingiz va boshqa million-million olmonlar uchun tepadagi bir kishi o‘ylasa bo‘ldi, dedingiz. Qismat bilan kurashmoqdan charchadingiz, bu bosh-keti yo‘q jang ko‘nglingizga tegdi, endigi a’molingiz – jonlarni chirqiratmoq va zaminni toptamoq bo‘ldi. Qisqacha aytganda, siz adolatsizlikni tanladingiz, o‘zingizni Xudoga tengladingiz. Siz chiqargan mantiqiy ohanjamalar, aslida, bir niqob edi, xolos.

 

Men esa, aksincha, adolatni tanladim, zaminga sadoqatni saqlab qoldim. Men hali ham dunyoda ilohiy ma’no borligiga ishonmayman. Ammo, shunga aminmanki, ma’noga ega bir xilqat bor, bu – inson, zero, u – hayotdan ma’no qidirayotgan yagona jonzotdir. Bu dunyo, hech bo‘lmaganda, bitta haqiqat – inson haqiqati bilan bezangan va bizning vazifamiz – shu xilqatning o‘z taqdiri uchun kurashga bo‘lgan irodasini mustahkamlashdir. Insonning o‘zidan boshqa hech bir dalili yo‘q, uning yakkayu yagona dalili – ana shu, demak, odamlar hayot haqidagi tasavvurlarini asramoqchi bo‘lsa, avvalo, insonning o‘zini asramog‘i kerak. Bu so‘zimga yana irjayishingiz tayin: “Insonni asrash? Nima degani bu?” Men esa bor ovozim bilan hayqiraman: insonni asrash – uni toptamaslik demakdir! Insonga o‘zi ishongan adolatga yetishish imkonini berish demakdir!

 

Biz qanday g‘oyani himoya qilib jang maydoniga kirganimizni endi anglagandirsiz. Shu g‘oya deb avval siz bosib o‘tgan, bizga yot bo‘lgan yo‘ldan yurib ko‘rdik va shu yo‘l adog‘ida tor-mor bo‘ldik. Axir, bu qabih yo‘lda sizlarga teng keladigani yo‘q edi. Nachora, odamda tushkunlikning yakka o‘zi qolsa va har qanday mudhish oqibatdan zarra qo‘rqmasa, u so‘zsiz tor-mor etuvchi kuchga aylanadi. Bu kuch ikkilanib turganimizda bizni yanchib tashladi, zero, biz hali ortga qayrilib, baxtli kunlarimizga mahliyo boqmoqda edik. Baxt – beshafqat taqdir changalidan tortib olgan eng buyuk o‘ljamiz, deb o‘ylardik biz. Hattoki tor-morlik, barbodlik paytimizda ham ana shu – o‘tmishni qo‘msash bizni tark etmadi.

 

Ammo sizlar o‘z maqsadingizga erishdingiz: bizni Tarix oqimiga tortdingiz. Mana, besh yil bo‘libdiki, hech kim shom salqinida qushlar chug‘urini eshitib huzurlana olmaydi. Ha, birdan hamma tushkunlikka botdi. Biz bamisoli hayotdan badarg‘a etildik, zero, har lahza ajalning guras-guras qo‘shini bostirib kelardi. Mana, besh yildirki, o‘lim talvasasisiz biror tong, hibsga olishlarsiz biror tun, qiynoqlarsiz biror kun o‘tgani yo‘q. Ha, biz sizlarning ortingizdan borishga majbur bo‘ldik. Ammo bizning bor jasoratimiz shundaki, jangga xuddi sizdek kirsak-da, baxt haqida o‘ylashdan charchamadik. Qurbonlarning iltijoli faryodi va vahshiylikning yovvoyi qiyqirig‘i  qalbimizda bepoyon dengiz, tanish tepaliklar va yorimizning kulgusiga doir xotiralarimizni asrashga urindik. Bizning eng ishonchli qurolimiz ham ana shu esdaliklar va biz ularni hech qachon boy bermaymiz. Zero, bu xotiralarni boy bergan lahzada biz ham siz kabi pajmurdaga aylanamiz. Biz endi shuni angladikki, baxt qurolini sandonda pishirmoq uchun talay vaqt sarflash va ko‘p qon to‘kish zarur ekan.

 

Bizdan sizning falsafangiz mag‘zini obdon chaqish, ba’zan esa hatto sizdek harakat qilish talab etildi. Siz biron bir arzirli maqsadsiz ko‘r-ko‘rona qahramonlikni tanladingiz – axir, ma’nosiz dunyongizning yagona qadriyati shu edi-da! Qolaversa, o‘zingiz tanlagan bu yo‘lni butun dunyo, ayniqsa, Yevropaga tiqishtirishga intildingiz. Biz halok bo‘lmaslik uchun sizlarga ergashishga majbur edik. Biroq shunda angladikki, bizning sizdan afzal tomonimiz bor, bu – maqsadga egaligimizdir. Siz halokatga yuz tutayotgan shu pallada bir haqiqatni aytmog‘im zarur: aslida, qahramonlik ko‘rsatish – qiyin ish emas, baxt-saodatga erishish undan yuz chandon mushkul.

 

Mana, barcha gapni aytib bo‘ldim, endi biz – bir-birimizga dushmanmiz. Siz, adolatsizlikni yoqlagan odam – mening nafratimga uchragan kimsasiz. Ilgari ham qalbimda nafrat kuchli bo‘lsa-da, ammo buning sababini bilmasdim, endi esa bilaman. Men sizga qarshi jangga kiraman, chunki qalbingiz ham, mantig‘ingiz ham jinoyatkorona. Siz bizga besh yildan beri solgan dahshatda aqlingizning aybi instinktingiznikidan sira kam emas. Shu sabab ham sizning ustingizdan chiqargan hukmim qat’iy: siz men uchun allaqachon o‘lgansiz. Ammo men barcha vahshiyliklaringiz uchun sizni sud qilayotganda, siz ham, men ham bitta asos – yolg‘izlikdan ilk turtki olganimizni, siz ham, men ham Yevropa ahli bilan birga aql-zakovat fojiasiga guvoh bo‘lganimizni esda tutaman. Garchi hayvonga xos ish tutgan bo‘lsangiz ham, baribir, sizni insonlik unvonidan mahrum etmaymiz. Zero, biz e’tiqodimizga sodiq qolgan holda, siz boshqalarda hurmat qilmagan odamlik sharafini e’zozlashga majburmiz. Inson sha’nini tahqirlash bir qancha vaqt sizning kuch-qudratingizga manba bo‘ldi, chunki odam o‘ldirish sizga bizdan ko‘ra osonroq edi. Ha, ne-ne asrlar mobaynida bu xususiyat sizga o‘xshash kimsalarning ustun tomoni bo‘lib keldi. Biroq shuncha vaqt mobaynida bizga o‘xshash kishilar inson sha’nini ulug‘lashdan ham to‘xtamadi, toki inson o‘zining gunohi kabiralariga qaramay, alaloqibat, oqlanish imkoniga ega bo‘lsin, tavba orqali poklana olsin.

 

Siz-u bizning o‘rtamizdagi jang adog‘iga yaqinlashayotgan bir paytda, naqd do‘zaxga aylangan azim shaharning qoq yuragida turib, har yerda qalashgan murdalar, kultepaga aylangan qishloqlar va yetim qolgan bolalarga-da qaramay, sizga shuni aytmoqchiman: biz sizni tor-mor etish vaqtida ham sizdan aslo nafratlanmaymiz. Agar ertaga jangda jon fido etmoqqa to‘g‘ri kelsa ham, qalbimizni nafratga boy bermasdan, toza holda o‘lamiz. Qo‘rquvga tushmaymiz, deya olmaymiz-u, ammo aqlimizni yo‘qotib qo‘ymasligimiz aniq. Qayta-qayta aytaman: bizda aslo nafrat bo‘lmaydi. Men dunyoda faqat bir narsadan nafratlanaman, u ham bo‘lsa – adolatsizlikdir, xullas, biz, sizning qudratingizni yanchamiz, lekin qalbingizni toptamaymiz.

 

Kecha sizga kuch ato etgan narsa bugun sizni kuchdan mahrum qilmoqda. Kecha bizni kuchsiz qilgan narsa bugun bizga kuch berayotir. Mening ushbu tunimga fayz bag‘ishlayotgan jihat ham – ana shu. Kuchimiz shundaki, siz kabi biz ham tubsiz koinot qa’ri haqida vahmkor o‘yga botamiz, qismatimizdagi hech bir fojiani unutolmay azoblanamiz va, ayni choqda, basharga, ongga xavf solayotgan ulkan falokatning bir chetida inson sha’ni g‘oyasi asrab qolinganini fahmlaymiz hamda bu qanoatdan jasoratga va tiklanishga iroda topamiz. Albatta, bundan biz dunyoga qo‘ygan ayblov yuki aslo yengillashmaydi. Nachora, tushkunlikdan chiqishga intilib topgan bu bilimimiz bizga juda qimmatga tushdi. Saharmardonlarda otilgan yuzlab mahbuslar, begunoh insonlar sudrab kelib tiqilgan zax qamoqxonalar, millionlab farzandlarining murdasi sasib yotgan Yevropa tuprog‘i; bularning bari – munosib o‘lishga o‘rganish uchun to‘langan mudhish tovondir. Bular o‘z-o‘zimizni umid bilan aldab yurishimizga yo‘l bermaydi. Ayni choqda, biz bunday nohaq qismatga loyiq emasligimizni ham isbotlamog‘imiz kerak. O‘z oldimizga ana shu maqsadni qo‘yganmiz va ertagayoq uni hal etishga kirishamiz. Yoz nafasi ufurib turgan shu Yevropa tunida millionlab qurolli va qurolsiz kishilar jangga hozirlanmoqda. Yaqinda bo‘zarib tong otadi – siz mag‘lub bo‘lajak tong! Bilaman, sizning g‘irrom g‘alabangizga falak befarq bo‘ldi, endi adolatli mag‘lubiyatingizga ham u befarq bo‘lajak. Men esa har qachongidek bu gal ham falakdan hech nima kutmayman. Ammo biz bashariyatni siz itqitmoqchi bo‘lgan tubsiz yolg‘izlik jaridan omon olib chiqa oldik. Endi insoniyatga xiyonat etganingiz uchun moxovdek yakkalanib o‘lmoq jazongiz bo‘lsin. Mana endi sizga alvido deb ayta olaman.

*Rene Leyno (1910–44) – Kamyuning do‘sti, “Combat” gazetasida birga ishlagan hamkasbi. Gestapochilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

**“Obermann” (1804) – fransuz yozuvchisi Eten Piver de Senankur (1770–1846) qalamiga mansub epistolyar roman.

 

 

(Fransuz adibi va faylasufi Alber Kamyu (1913–1960) Ikkinchi jahon urushiga ko‘ngilli bo‘lib otlangan, ammo sil xastaligiga chalingani bois harbiy xizmatga olinmagan. Shundan so‘ng u “Combat” yashirin tashkilotiga a’zo bo‘lib fashistlarga qarshi kurashgan, bir muddat mazkur harakatning gazetasiga muharrirlik qilgan. “Olmon do‘stimga maktublar” ilk bor ana shu gazetada chop etilgan. Maktublarni o‘qib, absurdona hayotdan ma’no izlagan adibning yurak zarblarini tinglagandek bo‘lasiz. Ikkinchi jahon urushini keltirib chiqargan talay omillar mavjud. Bizningcha, “absurd” hodisasini yanglish tushunish ham ana shu omillardan biri. Dunyoda ma’ni-mantiq yo‘q, ezgulik va yovuzlik o‘rtasida farq ham mavjud emas, inson bamisoli qumursqadek bir jonzot, degan mudhish g‘oyani bayroq qilgan kimsalar millionlab insonlar yostig‘ini quritdi. Kamyu o‘z nomalarida yo‘ldan ozgan toifaning ko‘zini ochishga intiladi. Olamning javhari bu – insondir, zotan, u hayotdan mazmun qidirayotgan yagona mavjudot; jillaqursa, dunyo bir haqiqat – inson haqiqati bilan qadrli, deya bong uradi adib. Absurd falsafasi namoyandalari barcha qadriyatlarga shubha ila boqsa-da, Kamyu xudkushlikni ham, suiqasdni ham qoralagan. Unga ko‘ra, har bir inson betakror, uni mahv etish esa mumtoz mohiyat manbaini barbod qilish bilan barobardir.

 

 

Maktublarda muallif vatanga muhabbat tuyg‘usidan bahs ochadi. Kindik qoni to‘kilgan makonni ko‘r-ko‘rona sevmoq, vatanga muhabbatni adolatdan ustun qo‘ymoq noravo, deydi yozuvchi. Vatanni ulug‘lamoq uchun uning tamali bo‘lmish xalqni e’zozlash kerak, xalq esa odamlarning jamidir, demak, har bir insonning izzatini joyiga qo‘ymay, haq-huquqini ta’min etmay turib, yurt sevgisidan lof urish munofiqlikdir. Muallif ta’kidicha, vatanni yolg‘ondan maqtash emas, rost so‘zlab yuksaltirish lozim. “Olmon do‘stimga maktublar” qattol urush davrida, omonsiz janglar kechayotgan bir sharoitda qog‘ozga tushgan. Anglashimiz kerakki, zulmga murosasiz, mazlumlarga qayg‘udosh adib “sizlar” deya olmonlarga emas, fashistlarga xitob qiladi. “Bizlar” deganda esa nainki fransuzlar, butun Yevropa ahlini nazarda tutadi. Ya’ni muallif biri o‘t-u biri suv bo‘lgan ikki muxolif mafkurani qarama-qarshi qo‘yadi. To‘rt maktubdan ohorini yo‘qotmagan uchtasi o‘quvchilar e’tiboriga havola etilayotir. Olam taqdiri va odam qadri xususidagi dard silqib turgan mushohadalar bugungi zamon o‘quvchisini ham befarq qoldirmaydi degan umiddamiz.

Tarjimon)

 

1944-yil, iyul

Alber KAMYU

 

Karim BAHRIYEV tarjimasi

 

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19249
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16107
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi