Olmon do‘stimga maktublar


Saqlash
16:46 / 04.10.2021 1319 0

 Rene Leynoga bag‘ishlanadi*

 

 

Qalb ulug‘vorligi muxoliflardan biri emas,

har ikkisi haddan oshganda namoyon bo‘ladi.

Blez PASKAL

Birinchi maktub

 

Siz bir kuni menga “Vatanimning shon-sharafi – har narsadan ustun. Uni qudratli etuvchi har bir vosita – xayrli. Hech narsada ma’ni qolmagan bu zamonda millati qismatidan ma’no topgan biz – yosh olmonlar hatto jonimizni-da millat shon-sharafi yo‘lida fido etishimiz kerak”, deb aytdingiz. O‘sha vaqtlar sizga mehr-muhabbatim juda baland edi, ammo shu so‘zlaringiz qalbimga begonalik hissini soldi, ich-etim muzlab ketdi. “Yo‘q, aslo – deya e’tiroz qildim men, – hamma narsani o‘zing intilayotgan maqsadga bo‘ysundirish, qanday vosita bilan bo‘lmasin maqsadga erishish darkorligiga ishonolmayman. Axir, sira oqlab bo‘lmas vositalar ham bor. Men ham sizdek o‘z vatanimni sevishni istayman, ammo bu – adolatga xiyonat etish orqali bo‘lmasligi lozim. Men vatanimga qandaydir garov, ayniqsa, qon va yolg‘on evaziga topilgan shon-sharafni ravo ko‘rmayman. Men adolatga xizmat qilish orqali yurtimga-da xizmat qilishni xohlayman”. Shunda siz menga “Demak, vataningizni sevmas ekansiz!” dedingiz.

O‘shandan buyon oradan besh yil o‘tdi, biz shuncha vaqt ko‘rishmadik, lekin ishonch bilan aytamanki, mana shu uzoq yillar (siz uchun esa chaqmoq chaqnashidek tez o‘tgan qisqa fursat!) ichida “Demak, o‘z vataningizni sevmas ekansiz!” deganingizni eslamagan kunim bo‘lmadi. Bugun shu so‘zlar ustida mulohaza qilar ekanman, yuragim bexos zirqirab ketadi. Mabodo kindik qoning to‘kilgan diyordagi adolatsizlikni qoralasang-u, bu – “sevmaslik”ni anglatsa, ha, men vatanimni sevmaganman, agar “sevmaslik” yurtingni shon-sharaf cho‘qqisiga qanday qilib bo‘lsa-da olib chiqish bo‘lsa, ha, men uni sevmaganman. Besh yil avval Fransiyada aksar odamlar xuddi mendek fikrlardi. Esizki, ularning anchasi olmon askari qo‘lidagi vintovkaning “sovuq qorachig‘i”dan boqib turgan o‘z ajaliga yuzma-yuz keldi. Sizning nazdingizda, “vatanini sevmagan” bu insonlar, aslida, yurtiga yuz bor jonini fido etishga tayyor sizdek kimsalardan ko‘ra, vataniga ko‘proq xizmat qildi. Chunki ular, avvalo, o‘zini yengishiga to‘g‘ri keldiki, bu ularning buyuk jasorati edi. Men shu o‘rinda buyuklikning ikki shaklini nazarda tutmoqdaman va ularning o‘zaro farqini sizga tushuntirib bermoqchiman.

Agarpeshonaga bitilganbo‘lsa,siz bilan tez orada yana diydorko‘risharmiz. Ammo u vaqtgachado‘stligimizdan asar ham qolmaydi. O‘shandasizmag‘lubiyatingizdanachchiq iztirobchekayotgan bo‘lasiz-u, biroq avvalgig‘alabalaringizdan uyalish o‘rniga, aksincha, ezg‘in bir emranish bilan ularni qo‘msab tamshanasiz. Bugun esa men fikran siz bilan birgaman – darvoqe, sizning dushmaningizman-u, ammo bir qadar do‘stingizman ham, chunki oromim o‘g‘irlagan fikrlarni sizga to‘kib solyapman. Ertaga oramizda hech bir rishta qolmaydi. Sizning g‘alabangiz qo‘ya olmagan so‘nggi nuqtani endi mag‘lubiyatingiz qo‘yadi. Xullas, bir-birimizga alvido so‘zini aytish, bir-birimizdan yuz o‘girib ketish, bir-birimizga abadiyan begona bo‘lish oldidan, men sizga aniq qilib aytmoqchimanki, na tinchlik, na urush yillarida mening vatanim taqdiri sizni zarracha qiziqtira oldi.

Avvalo qanday shon-sharaf qalbimizga cho‘g‘ tashlab turgani haqida aytmoqchiman sizga. Shu asno bizning ruhimizga esh, sizning qalbingizga esa yot jo‘mardlik nima ekanini bayon qilaman. Agar odam umr bo‘yi harbga tayyorlangan bo‘lsa-yu, urush unga fikrlashdan tabiiyroq tuyulsa, o‘zini janggoh bag‘riga otish – katta jasorat emas. Aksincha, nafrat va zo‘rlik besamar ekaniga qattiq ishongan odamning qiynoq va o‘limga yuzma-yuz borishi ulkan jasoratdir. Urushdan nafratlansa-da, majburan jangga kirayotgan, baxtni qadrlasa-da, bor-budidan ayrilishga tayyor, yaratuvchanlikka topinsa-da, noiloj vayronkorlik qilayotgan odamning a’moli butkul o‘zgacha, axir! Shu o‘rinda bizga sizdan ko‘ra og‘irroq, zero, biz avval o‘zimizni yengishimiz kerak. Siz esa na qalbingiz va na fikratingizda biror narsani yengishga majbur bo‘lmadingiz. Vaholanki, bizning dushmanimiz ikkita edi; bizga, na qalbi va na fikratida biror narsani yengib o‘tmog‘i shart bo‘lmagan sizdek kimsalardan farqli o‘laroq, birgina qurolning o‘zi yetarli emasdi.

Biz qalbimizdagi talay qabihlikni jilovlab olishimizga to‘g‘ri keldi, eng avvalo, ko‘ngilni mudom sust ketkazadigan azaliy vasvasa – sizlarga o‘xshash istagini yengishimiz lozim edi. Zero, bizning ichimizda ham zakovatga qarshilik qiladigan, tuban sezgi, qabih instinktlarga yon bosadigan, nima qilib bo‘lsa-da, boshqalardan ustun bo‘lishga chorlaydigan bir his yashirinib yotadi. Bizni ham goh-goh yuksak fazilatlar charchatadi: shunday paytda aqlli ekanimizdan uyalib ketamiz va vahshiylikning allanechuk shavqli halovati-yu oson qo‘lga kiritilajak haqiqatini qo‘msab qolamiz. Biroq ayni jaholatdan darrov forig‘ bo‘lish mumkin: bunday vosvos qanday ko‘rgiliklarni boshimizga solishini sizning ko‘yingizga bir boqib bilib olsa bo‘ladi – darrov aqlimiz kiradi-qoladi. Agar men taqdiri azalga ishonganimda edi, u siz – aql qullarini bizga saboq bo‘lsin uchun atay hamroh qilib qo‘ygan degan gumonga borar edim. Sizning fe’li-xo‘yingiz bizni erkin aqliy faoliyat va ma’naviy qayta tug‘ilishga majbur etadi.

Biz botinimizdagi yana bir his – qahramonlikka o‘chlikni ham yengishimiz kerak edi. Bilaman: siz qahramonlik bizga mutlaqo begona ekaniga aminsiz. Lekin bu o‘yingiz – xato. Biz bir vaqtning o‘zida qahramonlikka yukunamiz va undan hayiqamiz ham. Shuning uchun yukunamizki, ming yillik tarix bizni ham mardlikka o‘rgatgan. Va shuning uchun hayiqamizki, ming yillik tarix bizga go‘zallik, tabiiylik va kamtarlikning afzalligini ham anglatgan. Sizlarga qarshi turish uchun biz uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdik. Shu sabab ham Yevropaning barcha davlatidan orqada qoldik, chunki har gal biror yovuz kuch qit’ani zalolatga yetaklasa, biz darrov haqiqatni izlashga tushib ketar edik. Shuning uchun urushni mag‘lubiyat bilan boshladik, axir, boshdan-oyoq tashvish ichida qoldik – sizlar tuprog‘imizni zabt etayotganda, qalbimizni taftish qilib, haqiqat biz tomondami-yo‘qmi, deya izlanardik.

Insonga muhabbatimiz, uning baxtli taqdiriga doir tasavvur-qarashlarimizni ham yengib o‘tishimiz lozim bo‘ldi; biz inson ustidan zo‘rlik-la erishilgan hech bir g‘alaba totli bo‘lmasligiga qattiq ishonardik. Zero, insonning inson ustidan har qanday tahqirini butkul davolash imkonsiz – biz shu e’tiqodimizni ham yengib o‘tishishimiz kerak edi. Biz siz bilan urushga kirishishdan oldin hatto qattol dushmanimizni ham sevishimiz va har qanday urushdan nafratlanishimizga asos bo‘lgan bilim, umid, qo‘yingki, barcha-barcha qadriyatlarimizdan voz kechishimizga to‘g‘ri keldi. Muxtasar aytganda – siz bir vaqtlar quchoqlashib ko‘rishadigan odam, ya’ni meni tushunishingizdan umidvorman – o‘zimizdagi do‘stlikka muhabbatni o‘ldirishimiz kerak bo‘ldi.

Ha, yo‘limiz aylanma ekani sabab biz uzoq yurdik va maqsadga kechikibroq keldik. Bu – aqlni haqiqatga, qalbni do‘stlikka xilof ish qilishdan qaytaradigan aylanma yo‘l edi. Bu – bizga adolatni ko‘rsatib bergan, haqiqatni hamroh etgan yo‘l edi. Shubhasiz, bu yo‘lni bosib o‘tish bizga g‘oyat qimmatga tushdi. Buning uchun xo‘rliklarga chidadik, mag‘lubiyat alami, qamoq azobi, haqsiz qatllar, yolg‘izlig-u ayriliq, surunukali ochlik, holsiz go‘daklar va, eng yomoni, achchiq tazarru bilan tovon to‘ladik. Ammo shularsiz hech iloji yo‘q edi. Bu vaqt bizga odamlarning joniga zomin bo‘lish, shusiz ham azobga to‘la dunyoni badtar uqubatga botirishga haqqimiz bor-yo‘qligini aniqlab olishimiz uchun zarur edi. Va aynan ana shu – boy berilgan va o‘rni qoplangan vaqt, yo‘l qo‘yilgan va yengib o‘tilgan mag‘lubiyat, xun bilan tovoni to‘langan o‘jarliklar sababli biz, fransuzlar, bugun urushga qo‘limiz qonga botmay – ham urush qurbonlari, ham e’tiqodli kishilar sifatida kirdik, urushdan ham yorug‘ yuz bilan chiqamiz, zero, bu – adolatsizlik va ojizligimiz ustidan erishilgan buyuk zafar bo‘ladi.

Biz albatta g‘alabaga erishamiz, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Biz o‘sha mag‘lubiyatimiz, ya’ni o‘zimizning haq yo nohaqligimizni anglash uchun uzoq vaqt izlanganimiz, zarur saboqni chiqarmoq uchun ko‘p azob-uqubat tortganimiz evaziga ham g‘alabaga erishamiz. Biz g‘alaba mohiyatini ana shu tariqa topdik, agar uni bexos yo‘qotib qo‘ymasak, demak, toabad g‘olib bo‘lamiz. Iztirob chekib topgan haqiqatimiz shu bo‘ldiki, aql – qilich oldida ojiz, biroq u qilich bilan ittifoq bo‘lsa, odam o‘ldirish uchungina qinidan chiqqan qilich ustidan g‘olib kela oladi. Shu tariqa, aql biz tomonda ekanini anglagan holda, endi qo‘lga qilich ham oldik. Buning uchun odamlarning o‘lim talvasasini ko‘rishimiz, o‘zimiz ham ajalga ro‘baro‘ bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi. Bunda bizga, tongda gilotinaga olib borilayotgan fransuz ishchisining qamoqxona dolonidan o‘tar ekan, kameralarda yotgan o‘rtoqlarini mard bo‘lishga chaqirgani ibrat bo‘ldi. Va nihoyat, aqlni o‘zimizga bo‘ysundirmoq uchun, biz jismoniy qiynoqlarni boshdan kechirishga ham majbur etildik. Darhaqiqat, nima uchun qimmat tovon to‘lasang, o‘shaning qadr-qimmati baland bo‘ladi. Biz ana shularni anglash uchun qimmat tovon to‘ladik, hali yana ko‘p bor to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. Endi hech kim bizdan haqiqatga bo‘lgan komil ishonchimizni ham, adolat tantanasiga bo‘lgan yorug‘ umidimizni ham tortib ololmaydi, demak, sizning mag‘lubiyatingiz muqarrardir.

Men haqiqat yolg‘on ustidan har qanday sharoitda ham g‘alaba qozonadi, degan gapga hech qachon ishonmaganman. Ammo shunga imonim komilki, kuchlar teng kelgan paytda haqiqat yolg‘on ustidan muqarrar g‘alaba qozonadi. Biz nihoyat tarozi pallasi haqiqat tomon salgina og‘gan holatga yetib keldik. Hozir biz ana shu ustunlikni anglagan holda jang qilmoqdamiz. Men sizga bugun biz insonlik mohiyatini belgilab beradigan ana shu ozgina farq uchun jang qilyapmiz, deb ayta olaman. E’tiqodni xurofotdan, shijoatni g‘azabdan, kuchni vahshiylikdan ajratadigan nozik farq uchun kurashyapmiz, yanada nozikroq – chinni yolg‘ondan, biz ulug‘layotgan insonni sizlar sig‘inayotgan sanamdan ajratadigan nozik farq uchun jang qilyapmiz.

Jangdan chetda emas, jang ichida turib sizga shularni aytishni istadim. Meni to hanuz ta’qib etib kelayotgan “Siz vataningizni sevmas ekansiz”, degan ta’nangizga beradigan javobim – shu. Biroq siz bilan yanayam ochiqchasiga so‘zlashmoqchiman. Mening fikrimcha, Fransiya o‘z qudrati va hukmronligini uzoq muddatga boy berdi, endi u har qanday tamaddun uchun havodek zarur bo‘lgan obro‘-nufuzini tiklamoq uchun talay yillar tushkun holda sabr qilmog‘i, dilgir bo‘lib kurashmog‘i lozim. Imonim komilki, u o‘z obro‘-nufuzini olijanobligi vajidan yo‘qotdi. Shu bois umid meni butkul tark etgani yo‘q. Maktubimning asl ma’nosi ham – ana shu umidda. Men, besh yil avval vataniga muhabbatini jo‘shib aytishdan tiyilgan odam, bugun shaxsan sizga, qolaversa, Yevropa va jahondagi barcha tengdoshlarimga qarata bunday deyman: “Men, garchi adashish va zaifliklardan xoli bo‘lmasa-da, ammo o‘zining butun ulug‘vorligini mujassam etuvchi insonparvar, adolatparvar bosh g‘oyasi so‘nib qolmasligi uchun hanuz kuymalanib yotgan matonatli asl millatga doxilman. Men to‘rt yil avval o‘zining butun tarixini qayta idrok etishni boshlagan va bugun vayronalararo bosiqlik va ishonch bilan tarixni qayta yozayotgan, qo‘lida ko‘zir qartasi bo‘lmasa-da, g‘irrom o‘yinda omad-u baxtini sinayotgan millat vakiliman. Ushbu yurt menikidek zalvorli va serandisha muhabbatga munosib. Vatanim uchun bugun kurashsak arziydi, zero, u oliy bir muhabbatga loyiqdir. Bir gapni aytib qo‘yay: mening xalqimga zid o‘laroq, sizning millatingiz o‘z farzandlarining ko‘r-ko‘rona muhabbatini qozondi, xolos. Bu muhabbat o‘zini oqlamasligi tayin – ana shu ko‘r-ko‘ronalik sizlarni halokatga sudraydi. Siz eng katta g‘alabangizni qo‘lga kiritgandayoq mag‘lub bo‘lgan ekansiz, endi – halokatingiz yaqinlashayotgan bir paytda qanday talvasaga tushar ekansiz?!”

 

* Rene Leyno (1910–44) – Kamyuning do‘sti, “Combat” gazetasida birga ishlagan hamkasbi. Gestapochilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

 

Albert KAMYU

 

1943-yil, iyul

 

Karim BAHRIYEV tarjimasi

 

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//