
Filologiya fanlari doktori Erkin Musurmonov bilan suhbat
– Erkin aka, Yalangto‘sh Bahodirning millatimizga qaytadan tanishtirilishiga salmoqli hissa qo‘shdingiz. Aslida bu haqda anchadan beri maqolalar e’lon qilardingiz. Yalangto‘sh Bahodir haqidagi ma’lumotlarga dastlab qayerda duch kelgansiz?
– Birinchi marta Yalangto‘sh Bahodir haqidagi ma’lumotlarga yurtimizda emas, ilmiy izlanishlar chog‘i Xitoyda duch keldim. XVII asrda Xitoy doimiy ravishda Jung‘or va Yorkent xonligi bilan munosabatda bo‘lgan. Jung‘or sultonlari esa ko‘p marta Dashti qipchoqqa, u yerdagi turkiy qavmlar ustiga yurish qilgan. Xitoy manbalarida Jung‘or qo‘shiniga qarshi jiddiy kurashgan sarkarda Samarqand hukmdori, ashtarxoniylar amiri Yalangto‘sh Bahodir ekani yozib qoldirilgan. O‘sha manbalar Yalangto‘sh Bahodir shaxsiyatiga aniqlik kiritib, badiiy film syujeti yaratilishiga ham sabab bo‘ldi.
– Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq voqealar, xitoy folklori, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha izlanganingizda xalqimizga oid yana qanday notanish, qiziqarli ma’lumotlar topdingiz?
– Xitoyliklar qadimda bizning yurtni G‘arb deb hisoblagan. Uni sehrli diyor deyishgan va bu yerlarga qiziqishgan. Xan imperatori Xanvudi (rus manbalarida U-Di, miloddan avvalgi 156–87-yillar) xunlar yashaydigan o‘lkalar haqida ma’lumot yig‘ish, ular bilan aloqa o‘rnatish maqsadida miloddan oldingi 138-yildayoq diplomat va sayyoh Chjang Tyanga yuz kishini qo‘shib, Dovon (Farg‘ona) yurtiga yuboradi va shu bilan keyinchalik Yevropada “Buyuk ipak yo‘li” nomi bilan mashhur bo‘lgan karvon yo‘liga asos solinadi.
Elchi imperator Xanvudiga Farg‘onaning tengsiz uchqur arg‘umoqlari haqida “Dovon o‘lkasida ulkan tog‘lar bor. U tog‘larda kezib yuruvchi osmon otlarini tutib olishning sira imkoni yo‘q. Ulardan nasl olish uchun mahalliy el chibor baytallarini tog‘ yonbag‘irlariga qo‘yib yuboradi. Chatishishdan paydo bo‘lgan tengsiz arg‘umoqlar qon bilan terlash xususiyatiga ega, shuning uchun ular samoviy tulpor hisoblanadi” degan ma’lumotni yuboradi.
Chjang Tyan yurtimiz haqida yozar ekan, uni katta-kichik yetmish shahar va qo‘rg‘onga ega bo‘lgan, totlilikda tengsiz guruch va bug‘doy ekiladigan, asaldek uzum, eng muhimi, samoviy otlar boqiladigan nihoyatda gullab-yashnagan o‘lka deb e’tirof etadi.
Shuningdek, Chjang Tyan Kanszyue (Xorazm) va uning jangovar ellari, Usun (hozirgi Yettisoy, Samarqand, Buxoro, Toshkent) ulusi, Baqtriya, Parfiyona, Tengritog‘ (Tyanshan) va Pomir tog‘ tizmalari, Inju (Sirdaryo) va O‘kuz (Amudaryo) daryolari, Orol dengizi haqida imperatorga ma’lumot yetkazadi. Xitoy imperatorining ko‘rsatmasiga ko‘ra Chjang Tyan ikkinchi marta miloddan oldingi 118 va 115-yillar orasida yana bir bor qadimgi O‘zbekiston hududiga keladi.
Chjang Tyandan keyin xitoyliklarning yurtimizga muhim safarlaridan biri Tang davri allomasi, budda rohibi, sayyoh darvesh Syuanszangning (rus manbalarida Syuanszan, 602–664) sayohati bo‘ldi. Syuanszangning Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Termizga kelishi bejiz emas. Manbalarga ko‘ra Budda ta’limoti qadimgi Xitoyga I asrda bizning yurtimiz orqali kirib borgan. Syuanszangning “Buyuk Tang davrida G‘arbga sayohat” nomli bitiklari O‘rta va Janubiy Osiyo bo‘ylab o‘n yetti yillik safar haqidagi esdaliklar bo‘lib, unda hozirgi O‘zbekiston hududidagi ellar haqida qiziq va nihoyatda muhim ma’lumotlar keltirilgan.
Bundan tashqari, ikki xalq mifologiyasi orasida ham o‘xshashliklar ko‘pligini ko‘rish mumkin. Bunday miflar sirasiga, xususan, kosmogonik, kalendar, qahramonlik, astral, hayvon va maxluqlar haqidagi asotirlar mansub. Pangu va Tengri, Nuyva va Umay ona, G‘arb malikasi Sivangmu va Erlik, ajdarho va ot, bo‘ri, mergan Yi va Alpomish kabi xitoy-o‘zbek mifologik personajlari juda o‘xshash, ayrimlari bir genezisga ega.
– Sizning o‘zbek qalpog‘i va xitoylarning In va Yang tushunchalari o‘rtasida bog‘liqlik borligi haqidagi qarashlaringiz ham juda ajoyib topilma. Ota-bobolarimiz hech bir ramzni behikmat qo‘llamagan. Bunga hatto xitoyliklar ham tan bergan ekan-da...
– Shunday. Konfutsiylikning besh kitobi tarkibiga kiruvchi mo‘tabar manba “Ijing” – “Evrilishlar” kitobida (mil. ol. VIII-VII asrlar) olamning paydo bo‘lishi besh bosh unsur – tuproq, og‘och, temir, olov va suvning o‘zaro munosabatiga bog‘liq deb izohlanadi. Inson, tabiat va borliq bir butunlikda ko‘rsatiladi. Bu jarayon Yang va In qarama-qarshiligi, sakkiz trigramma (ko‘k, tog‘, olov, shamol va daraxt, suv havzasi, tuproq, chaqmoq, suv) va ularning munosabatidan hosil bo‘ladigan oltmish to‘rt geksogramma formulasi asosida talqin qilinadi. Geksogrammaning to‘g‘ri chizig‘i – erkak ibtidosi Yangni, uzilgan chiziq esa ayol ibtidosi – Inni bildiradi. Yang doiradagi oq, In esa qora ajdahocha ko‘rinishida (bizdagi oq dev, qora dev kabi) tasvirlangan.
In-Yang, sakkiz trigramma va o‘zbek do‘ppisi
Dao ta’limotiga ko‘ra, butun olam ikki qarama-qarshi – “In-Yang” yoki o‘zbekcha aytganda, oq va qora kuchlar o‘rtasidagi kurashga asoslanadi. Qutblar o‘rtasidagi doimiy kurash bir-birini ta’qib etuvchi ajdahochalarga o‘xshash oq (yang) va qora (in) rangli shakllarda va butun borliqning qurilishini aks ettiruvchi trigramma – gorizontal uch qatorli chiziqchalarda aks etgan. Uning mohiyatini kun va tun, quyosh va oy, osmon va yer, issiq va sovuq, toq va juft, erkak va ayol kabi tushunchalar o‘rtasidagi munosabatda ko‘rishimiz mumkin. “Bir-birining ketidan quvib yuruvchi ajdahochalar” va uch ketma-ket chiziqchalarning turli ko‘rinishlari sharqliklarning deyarli barcha falsafiy ramzlarida, tabobati, san’ati, kiyimlarida aks etib, bu narsani ular uzoq umr ko‘rishning, iqtisodiy taraqqiyot, boy va baxtli yashashi, uyg‘unlik va garmoniyaning sabablaridan biri deb bilishadi. Bu tushunchalar Janubiy Koreya bayrog‘ida, eng qiziq tomoni, o‘zbekning milliy bosh kiyimi – qalpoq naqshlarida ham o‘z aksini topgan!
Farqi shuki, o‘zbek qalpog‘i tepa qismida faqat ezgulik – Yang timsolining andozasi tushirilgan. Bu ezgulik energiyasining to‘rt tomonga to‘rt barobar kuch bilan yoyilib turishini bildiradi. Borliqni aks ettiruvchi uch qatorli chiziqchalar esa qalpoqning to‘rt yonboshida to‘rt martadan tasvirlangan. Ya’ni, qalpog‘imizda olam dialektikasining ramzlari o‘z aksini topgan.
Dao falsafasiga “ajdahochalar” ramzini hadya qilgan buddaviylik ta’limoti qadimgi Xitoyga Turondan sayohatchilar orqali yetib borgan. Garchi bu ta’limot Hindistonda paydo bo‘lgan esa-da, uning negizlari yurtimizda ham bo‘lgan. Shu ma’noda, xitoy, yapon va karis xalqlarining diniy-tarixiy va falsafiy tushunchalariga qadimgi Turonda yashagan xalqlar dunyoqarashi asos bo‘lgan desak adashmaymiz.
Izlanishlarimiz natijasida Samarqanddan Xitoyga gladiator jangchi sifatida borib qolib, keyinchalik u yerda imperator bo‘lgan An Lushan (Kan Yaloshan, Alp Arslon); qadimgi Misrda turkiy davlat tuzgan mamluk sultonlari Sayfiddin Qutuz va Biybars Bunduqtariy; Xitoyga nom bergan kidanlar (qoraxitoylar); Xitoyda buddaviylik ilmini yoygan ulug‘ alloma Kan Sen Xuey (220-yilda tug‘ilgan); Xitoy imperatorining armoniga aylangan ajdodlari samarqandlik malika Iparxon haqidagi tadqiqotlarimiz e’lon qilindi.
“Xitoy” atamasi Xitoyda “Lyao” (yoki “Buyuk Lyao”, ma’nosi – “Temir xonlik”) deb atalgan yirik va kuchli davlat (916–1124) tuzib, 200 yildan ortiq hukmronlik qilgan kidan eli nomidan kelib chiqqan. Kidan xonligi 916–926-yillar orasida Kunbotar Manjuriya, Boxay podsholigi, uyg‘ur xoqonligi, Xitoyning sharqiy va shimoliy yerlari hisobiga hududini kengaytiradi. O‘sha paytdagi Xitoy davlati Uyue (893–978), Shimoliy Tang (937–975), karis xonligi Ko‘kuryo (918–1392), Tibet, tangut davlati Kunbotar Sya (982–1227) Lyao xonligining vassali edi.
Kidanlarning Lyao imperiyasi hududi
Bir so‘z bilan aytganda, Kidan xonligi Sharqiy Osiyoda eng qudratli davlat bo‘lgan. Ammo 1125-yildan boshlab kidanlardan omad yuz o‘gira boshlaydi. Shu yili Lyao imperiyasiga tobe bo‘lgan jurjanglar qo‘zg‘olon ko‘taradi. Song imperiyasi ularga yordam beradi va mag‘lubiyatga uchragan kidanlarning katta qismi Turon hududlariga siqib chiqariladi. Shu bilan Lyao davlati tanazzulga yuz tutadi.
Kidanlar Markaziy Osiyoga kuch va qo‘shin to‘plab, Xitoydagi xonligini qaytarib olmoq maqsadida kelishgan. 1137-yildan boshlab kidanlar qoraxoniylar yerlarini ishg‘ol eta boshlaydi. 1141-yil 9-sentyabr kuni Samarqand yonidagi Katavon (Qatag‘on) cho‘lida kidanlar bilan Sulton Sanjar qo‘mondonlik qilgan qoraxoniylar va saljuqiylarning birlashgan qo‘shini o‘rtasida katta jang bo‘ladi. Kidanlar bu jangda g‘alaba qozonadi va yangi Qoraxitoylar xoqonligi – G‘arbiy Lyao (1125–1211) davlatini tuzib, Turonda muqim bo‘lishadi.
Kidan elining Samarqand toponimikasida o‘rni katta: Kattaqo‘rg‘onda kidanlar yashagan joylardan birining nomi – Kadan. Bulung‘urda Kildan, G‘allaorolda Xitoyyuz, Jomboyda Qoraxitoy qishloqlari bor. O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham bu elga aloqador ko‘plab joy nomlari uchraydi. Bunga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Qoraxitoy shaharchasini, Qashqadaryo viloyati Kasbi, Muborak, Koson tumanlaridagi Qoraxitoy, Shahrisabzdagi Xitoy qishloqlarini, Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi Naymanovul, Naymanto‘ba, Xorazmning Bog‘ot va Shovot tumanidagi Xitoy qishloqlarini, shuningdek, xitoynayman, ag‘ron, saroynayman, qoranayman kabi qo‘rg‘on-qishloqlarni ham misol tariqasida keltirsak bo‘ladi.
Nafaqat Yalangto‘sh Bahodir, fikrimcha, Samarqand bilan taqdiri bog‘liq bo‘lgan Turon xoqoni Alp Er To‘nga, yuqorida nomi tilga olingan An Lushan, kidanlar tarixini, ajdodlari asli samarqandlik bo‘lib, hozir Xitoyda yashayotgan solor xalqi tarixini, Samarqandda yashab o‘tgan ulug‘ ijodkor Ahmad Yugnakiy (XII asr, Samarqand, Yugnak qishlog‘i – XIII asrning birinchi yarmi), XVIII asrning so‘nggi choragida Samarqandda hukmronlik qilgan va shaharni qayta tiklagan Shohmurod ibn Doniyolbiy (1749–1800) kabi ulug‘ shaxslarning hayoti va faoliyatini ham o‘rganib, xalqimizga havola qilishimiz manfaatli bo‘lardi.
– Tadqiqotlaringizda xitoy va o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ayrim ramz va timsollar, mifologik tushunchalarning uyg‘unligi haqidagi fikrlar bor. Navoiy “Xamsa”sida Xitoy podshosining o‘g‘li Farhod tamomila yangicha obraz sifatida namoyon bo‘lgani yoki “Saddi Iskandariy” dostonida Buyuk xitoy devorining o‘ziga xos ramzga aylantirilgani...
– “Layli va Majnun” dostonidagi Laylining eng qadimgi prototipi shumer mifologiyasidagi Lilit (Lolita) timsolida ko‘rinadi. Lilit (tun) shumer mifologiyasida Odam Atoning Momo Havodan oldingi birinchi ayoli bo‘lib, u Odam Ato bilan bir kunda yaralgan deb rivoyat qilinadi.
Xamsa arabcha خمسة (somiy tillarida חמסה) so‘z bo‘lib, “besh” ma’nosini anglatadi. U nafaqat adabiy janr, balki yahudiy va arab xalqlari mifologiyasida besh barmoqli olaqon (kaft-panja) shaklidagi tumor bo‘lib, “Miriam olaqoni”, “Fotima olaqoni”, shuningdek, “Iloh olaqoni” deb nomlanadi.
Xamsa-barmoqli olaqon (panja)
Yahudiylar tushunchasida “xamsa” – Dovud payg‘ambarning olti qirrali yulduzidan keyin eng mashhur bo‘lgan yahudiylik belgisi sanaladi. Ularning talqinida “xamsa” mohiyatida quyidagilar tushunilgan:
1. Miriyam panjasi. Yaqin Sharq mamlakatlari orasida Fotima panjasi degan ibora va tushuncha keng yoyilgan. Muso payg‘ambar va uning akasi Horunning singlisi bo‘lgan Miriyamning panjasi bilan bog‘liq tushuncha ham bor. Yahudiylar orasida Isroil qavmi dengizning nariga tomoniga o‘tganda Miriyam olomon orasidan chiqib, Yaratganga hamdlar aytgan va Isroil xalqi xaloskori bo‘lgan deb talqin qilingan.
2. Tavrotning besh kitobi. Besh barmoq Tavrotning besh kitobini yoki xudoni anglash uchun musoviylar his qilishi kerak bo‘lgan besh hissiyotni bildiradi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, yerga yo‘naltirilgan xamsa tumor shaklida monoteistik dinlarga amal qilinishidan oldin ham qo‘llangan. Ko‘z tegishidan saqlovchi mazkur timsol – o‘ng ochiq kaft dastlab Mesopotamiya tumorlaridagi “Inanna qo‘li” (yoki “Ishtar qo‘li”), Mano Pantea va Budda tumorlarida mavjud bo‘lgan.
Arab mifologiyasidagi “xamsa” – besh barmoqli olaqon “Fotima qo‘li” deb atalgan. Uning har barmog‘i payg‘ambar oilasiga mansub bo‘lganlarning birini anglatadi: bosh barmoq Muhammad(s.a.v.)ni, ikkinchi barmoq Fotimani, uchinchisi imom Alini, to‘rtinchisi imom Hasanni, beshinchi barmoq imom Husaynni bildirgan.
Shuningdek, roviylar keltirishlaricha, besh barmoq dinning besh ustunini – iymon, ro‘za, haj, namoz va zakotni ham anglatgan.
Alisher Navoiy:
“Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq”
deganida shu kabi sakral ma’nolarni ham nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Qiziq tomoni, qadimgi Xitoyda ham shunga o‘xshash tushuncha va adabiy an’ana bo‘lgan. Xitoyda vujudga kelgan “Beshlik” (五经, Wǔjīng; Besh kitob; so‘zma-so‘z – “besh asos”) falsafiy-adabiy tushunchasi konfutsiylik ta’limotida, keyinchalik besh mumtoz roman mohiyatida ma’lum ma’noda aks etdi.
Konfutsiylik qonun-qoidalarining “Beshlik” turkumi – “Vujing”ga quyidagilar mansub:
“Ijing” – evrilishlar kitobi, karomat qilishning o‘ziga xos tizimi talqiniga bag‘ishlangan kitob. Keyinchalik “O‘n qanot” asari sirasidagi tafsirlar bilan boyitilgan;
“Shijing” – qo‘shiqlar kitobi;
“Shujing” – tarix kitobi. Xitoy elining vujudga kelishi va qadimgi tarixi haqida saj shaklida yozilgan epik asar;
“Liszi” – marosimlar kitobi. Hukmronlik va boshqaruvning mukammal tizimiga oid qaydlar – ijtimoiy munosabatlarni, urf-odat marosimlarini tartibga solish, konfutsiylik talablaridagi eng mukammal deb bilingan qadimgi xonlar boshqaruv tizimi, qadimgi taqvim haqidagi yo‘riqnoma;
“Chunsyu” – bahor va kuz. Lu amirligining solnomasi. Garchi asar shaxsan Konfutsiy ma’lumotlari asosida yozilgan deyilsa-da, manbaning so‘ngidagi hodisalar allomaning o‘limidan keyin yuz bergan. Asar voqealar bayonidan ko‘ra ko‘proq ularga konfutsiylik axloq siyosati tomonidan berilgan baho, munosabatga bag‘ishlangan.
Xitoy mumtoz falsafasidagi besh unsur tushunchasiga muvofiq Konfutsiy e’tiqodli insonning quyidagi besh qoidasini ishlab chiqqan edi:
1. Jen (仁) – “inson avvali”, “insonsevarlik”, “rahmdillik”. Jenga amal qilish – insonlarga mehribonlik va muhabbatda bo‘lish. Bu xususiyatlar hayvonga xos sifatlar – yovvoyilik, ifloslik va shafqatsizlikka ters bo‘lib, shu bilan insonni hayvondan mukarram qiladi. Jen timsoli – daraxt.
2. I (义 [義]) – “haqiqat”, “adolat”. Har qanday yaxshilik mutanosib tarzda yaxshilikni yaratadi. Inson ulg‘aytirgani uchun ota-onasini e’zozlashi, qadrlashi kerak. Ining teskarisi xudbinlikdir. Qadim xitoy maqolida “Komil inson Ini izlaydi, tuban kishi – foydani” deyiladi. Ining timsoli – temir.
3. Li (礼 [禮]) – “an’ana”, “odat”. Ajdodlar an’anasiga sadoqat, ota-onaga hurmat. Keng ma’noda Li jamiyatdagi ezgu odatlarni (bizdagi oqsoqollar, mahalla institutlari faoliyati singari) saqlash va ularga amal qilish. Lining timsoli – olov.
4. Chji (智) – sog‘lom aql, tiniq tafakkur – ma’lum faoliyatning oqibatlarini to‘g‘ri ilg‘ay bilish va ularga chetdan nazar solish. Ahmoqlikning teskarisi. Chjining timsoli – suv.
5. Sin (信) – samimiylik, yaxshi tilak, insoflilik. Sinning timsoli – yer.
Konfutsiyning bu besh qoidasi va u boshlab bergan “Besh kitob” (“Vujing”) an’anasi xitoy adabiyotiga singib ketgan.
Xitoy adabiyoti va umuman san’ati, madaniyatida muhim o‘rin tutgan mazkur besh o‘zak doimiy harakatda va munosabatda bo‘ladi: suv – daraxtni, yog‘och – olovni, o‘t – tuproqni, yer – metallni, temir – suvni yaratadi va, aksincha, suv olovni o‘chiradi, olov metallni eritadi, metall daraxtni yemiradi, tuproq suvni ko‘madi.
Besh unsur va ularning munosabatlari (Besh o‘zak va uch doira: birinchi aylana to‘siqni yengish yo‘nalishi, ikkinchi aylana yaratuvchilik harakati, uchinchisi harakatni so‘ndirish)
Yuqorida keltirilgan xitoy va semit folkloridagi “Beshlik”lar qisman “Xamsa” janridagi asarlar shakli va mazmunida, qahramonlar mohiyatida ham ko‘ringan.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy “Xamsa” asarida Xitoy (Chin) mavzusiga alohida e’tibor qaratadi. “Xamsa”ning ayrim dostonlari bosh qahramonlari – Farhod, Dilorom, ularning taqdirida muhim o‘rin tutgan Moniy va turli toifadagi Chin go‘zallari vatani bejiz Xitoy deb keltirilmaydi. Moniy Alisher Navoiyning “Xamsa”siga kirgan “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor” dostonlaridagi xitoy san’atkorlari bilan bog‘liq badiiy lavhalarda talqin qilinadi.
Alisher Navoiy lirik devonlarida ham Xitoy – Chin bilan bog‘liq “naqqoshi Chin”, “mushki Chin”, “nigorxonayi Chin”, “Chin lu’bati”, “Chin kiyigi”, “Chini zulf” kabi ko‘plab ibora va tashbehlarni keltirganligi ma’lum.
“Hayratul-abror” dostonida Chin (Xitoy) bilan bog‘liq so‘zlar o‘n sakkiz marta, “Farhod va Shirin” dostonida Xitoy (Xito) o‘n sakkiz, Chin sakson olti, Xo‘tan to‘rt marta, jami bir yuz sakkiz marta ishlatilgan.
Alisher Navoiy xamsanavislik an’anasiga o‘zgartirish kiritib, asar bosh qahramonini Xitoy o‘lkasidan tanlaydi va bu yurtga munosabati yaqinligini ko‘rsatgandek bo‘ladi.
Nilufar HAYITOVA suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Sehrli diyorning samoviy tulporlari” suhbati
Jarayon
Til
Adabiyot
San’at
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q