Nega ayrim filmlar bizni o‘zgartira oladi? Kino san’atidagi shoirlar haqida


Saqlash
17:58 / 14.07.2025 1216 0

Tasavvur qiling, do‘stingiz bilan restoranda o‘tiribsiz. Siz oddiy McDonald's burgerini buyurdingiz, do‘stingiz esa mashhur oshpaz tomonidan soatlab tayyorlangan, har bir masalliq e’tibor bilan tanlangan va yillar davomida sayqallanib kelgan retsept asosidagi taomni tanladi. Ikkalasi ham qorningizni to‘ydiradi, ammo farqi shundaki, burger faqat ochligingizni qondiradi, oshpazning taomi esa didingizga ta’sir qilib, estetik zavq ham beradi.

 

Bu misol orqali ko‘rsatmoqchi edimki, hayotda ikki xil tajriba mavjud: iste’mol qilinadigan va o‘zgartiradigan. Biri ehtiyojimizni bir lahzaga qondiradi, ikkinchisi esa ichki olamimizga ta’sir qilib, bizda o‘zgarishlar sodir qilishi ham mumkin. Xuddi shu farq kino olamida-da kuzatiladi.

 

“Koinot Odisseyi 2001” (2001: A Space Odyssey) filmidan, rejissyor – Stenli Kubrik.

 

Kubrikning filmini ko‘rganimdan 2-3 hafta o‘tib ham, mana bu fikrlar xayolimdan ketmadi: nega “Qasoskorlar” (Avengers) filmini ko‘rganimdan bir soat o‘tib deyarli hamma narsani unutaman, lekin “Koinot Odisseyi 2001”dagi sahnalar haftalab xayolimdan chiqmaydi? Nega ayrim filmlar shunchaki hordiq uchun, ayrimlari esa hayotimizda iz qoldiradigan tajribaga aylanadi?

 

Mualliflik kinosi nima? Kinoning muallifi kim?

 

Bu savol bizni kino olamining eng chuqur qatlamlaridan biriga – “auteur kino”ning, ya’ni mualliflik filmlarining sirli dunyosiga yetaklaydi. Bu dunyoni anglash nafaqat kinosevarlar uchun, balki har bir inson uchun zarur bo‘lishi mumkin. Chunki bunday kartinalar shunchaki tomosha qilish va dam olish uchungina emas, balki hayotni chuqurroq tushunish, his etish va har bir kadr ortidagi yashirin ma’nolarni ilg‘ab olish uchun yaratiladi.

 

“Ko‘zgu” (Mirror – 1975) filmidan, rejissyor – Andrey Tarkovskiy.

 

Kitob o‘qiyotganimizda yozuvchini, suratga qarasak rassomni, musiqa eshitsak qo‘shiqchi yoki bastakorni o‘ylaymiz. Ammo filmni ko‘rganimizda-chi? Filmni kim “yozgan” deyish mumkin? Rejissyormi? Ssenarist? Prodyuser? Yoki aktyorlar?

 

Aynan shu o‘rinda “Auteur” nazariyasi bizga yordam beradi va shuni ta’kidlaydi: ba’zi rejissyorlar borki, ular filmlarni nihoyatda shaxsiy uslubda yaratadi va ularning har bir asari aslida mualliflik asari hisoblanadi. Xuddi yozuvchi asarlarida imzosini qoldirgani kabi, bu rejissyorlar ham har bir kadrda o‘z “qalam izi”ni aks ettirishga intiladilar.

 

Mualliflik kinosi qanday paydo bo‘ldi?

 

Bu tushuncha ilk bora 1950-yillarda Fransiyada paydo bo‘lgan. Yosh kinotanqidchilar Gollivud filmlarini tahlil qilar ekan, bir narsani sezib qolishadi: ayrim rejissyorlarning filmlari, mavzusi turlicha bo‘lsa ham, bir-biriga o‘xshash jihatlarga ega. Masalan, Alfred Hitchkok filmi deyishsa, siz darrov tushunasiz, bu filmda qo‘rquv, ruhiy bosim va sirli voqealar bo‘ladi. Akira Kurosava filmi esa samuraylar, tabiat, insonning ichki va tashqi kurashidan iborat bo‘ladi yoki Stenli Kubrik filmi deganda mukammal kadrlar, sovuq go‘zallik, insonning qorong‘u jihatlari haqida chuqur tahlilni ko‘rishimiz mumkin.

 

Federiko Fellinining “Amarcord” filmini suratga olish jarayonidan, 1973-yil.

 

Bunday rejissyorlarni shunchaki kinematograflar emas, balki ekran shoirlari, zamonaviy faylasuflar, inson ruhiyatining tadqiqotchilari desak ham bo‘ladi. Ularning har bir filmi o‘z dunyoqarashlarining badiiy ko‘rinishidir.

 

Qanday qilib muallif rejissyorni tanish mumkin?

 

“Shaxs” (Persona – 1966) filmidan, rejissyor – Ingmar Bergman.

 

Muallif rejissyorni tanib olishning eng oson yo‘li – takrorlanuvchi mavzular va uslubga e’tibor qaratishdir. Muallif o‘zini doimo qiynaydigan savollarni yangicha shakllarda ifodalashda davom etadi. Shu tariqa har bir haqiqiy muallif rejissyor o‘z “javoblarini” chuqurroq o‘rganish uchun kino san’atidan foydalanadi.

 

Zamonamiz “shoir”laridan bo‘lmish Kristofer Nolan doimo vaqt, xotira va haqiqat atrofida aylanadi. “Memento”, “Muqaddima”, “Interstellar”, “Dankirk” – barchasi turli hikoyalar, lekin bir xil savollarga ega: Vaqt nima? Xotiraga ishonish mumkinmi? Haqiqat nechta qatlamdan iborat?

 

Shvetsiyalik ijodkor – Ingmar Bergman esa inson ruhi, Xudo va ishonchsizlik o‘rtasidagi kurash, muhabbat va yolg‘izlik haqida “yozadi”. “Yetti muhr” (Seventh Seal), “Shaxs” (Persona) kabi filmlari o‘zining savollari bilan to‘la.

 

“Rus klassiki” – Andrey Tarkovskiy esa vaqt, xotira va orzularning chegaralari haqida fikr yuritadi. “Solyaris”, “Stolker”, “Ko‘zgu”lari orqali u bizni real hayotdan ichki dunyomiz sari sayohatga boshlaydi.

 

Ularning bu “takrorlanuvchi” mavzulari g‘oyasizlik belgisi emas, aksincha ijodiy teranlik alomatidir. Xuddi Shekspir har bir asarida sevgi, hokimiyat va o‘lim haqida qayta-qayta yozganidek, har bir haqiqiy rejissyor o‘zini qiynab kelayotgan savollarga yangi javoblar topish ilinjida bоt-bоt qaytaradi.

 

Nima uchun bunday filmlar haftalab xayolingizdan chiqmaydi?

 

Birinchi sabab – shaxsiy haqiqat. Muallif rejissyor sizga tayyor javoblar bermaydi, balki o‘zining ichki dunyosidan – o‘z tajribasi, savollari va qo‘rquvlari orqali hikoya qiladi. Keyinchalik aynan shu shaxsiylik bizning ichimizda aks-sado beradi: “Ha, bu odam ham men kabi qo‘rqqan, o‘ylagan va yo‘l izlagan”.

 

Muqaddima” (Inception – 2010) filmidan lavha, rejissyor – Kristofer Nolan.

 

Ikkinchi sabab – estetik boylik. Bunday filmlar har bir kadrni chizilgan suratdek ko‘rsatadi. Kubrik filmini ko‘rayotganingizda, har bir sahnada devorga osib qo‘ysa bo‘ladigan darajadagi kadrlarni ilg‘aysiz. Tarkovskiy kartinalarida esa yorug‘lik va soya ramziy metaforaga aylanadi. Bugunimizning “umidli shoir”laridan bo‘lmish Vez Anderson olamida har bir rang, har bir detal o‘z o‘rnida va o‘z ma’nosida turadi.

 

Uchinchi sabab – fikrlashga majburlash. Oddiy Gollivud filmlari bizga “Qiynalmang, biz hammasini tushuntirib beramiz”, deydi. Biroq mualliflik filmlari esa, “Yur, birga o‘ylaymiz, izlanamiz”, deya sizni tafakkur maydoniga “sizlab” emas, “senlab” taklif qiladi. Shu tariqa ular sizga har qanday hodisaga bir emas, bir nechta tomondan qarash mumkinligini ko‘rsatadi.

 

To‘rtinchi sabab – tuyg‘ularning chuqurlashuvi. Mualliflik kinosi sizga “Mana, yig‘lang!” yoki “Mana, kuling!” deb buyurmaydi. Ular faqatgina ko‘rsatadi, siz esa ichingizda turli xil – murakkab va noaniq tuyg‘ularni boshdan kechirasiz. Chunki bunday filmlarda sevgi ham, qo‘rquv ham, baxt ham – oddiy yoki oq va qora emas. Har bir his minglab ohang, jilva, soya va ranglarda namoyon bo‘ladi.

 

Nega bugun mualliflik kinosi yanada muhim?

 

Bugun biz “kontent dunyosi”da yashayapmiz. Netflix, HBO, Disney+, Amazon – yuzlab seriallar, filmlar, tok-shoular har kuni e’tiborimiz uchun kurashishyapti. Har daqiqa yangi narsa chiqadi va algoritmlar biz uchun “yoqadigan” filmlarni tayyorlab turishadi. Hammasi qulay. Hammasi tez. Hammasi oson.