
Bugungi raqamli dunyoda kim nima ko‘rib, qanday yangiliklar o‘qishi va hatto nimaga ishonishini ko‘p hollarda algoritmlar hal qiladi. TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) kabi platformalar foydalanuvchilarning e’tiborini uzoqroq ushlab turish uchun har bir harakatlarini kuzatadi va mos kontentni tavsiya qiladi. Dastlab qulaylik yaratish uchun joriy etilgan bu tizimlar endilikda jamiyatga, siyosiy jarayonlarga va foydalanuvchilarning psixologiyasiga ham ta’sir ko‘rsata boshladi.
Ushbu maqolada algoritmlarning qanday ishlashi, qanday psixologik va xulqiy oqibatlarga olib kelishi, real hayotdagi misollar hamda ularni tartibga solish bo‘yicha dunyodagi eng muhim choralar ko‘rib chiqiladi.
Algoritmlar qanday ishlaydi?
Dunyodagi yirik raqamli platformalar – TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) bizga ko‘rsatiladigan post va videolarni murakkab algoritmlar orqali tanlab beradi. Bu algoritmlar foydalanuvchining qiziqishlari va harakatlarini o‘rganib, unga eng mos kontentni tavsiya qiladi.
Masalan, YouTube sizning tomosha qilgan videolaringiz, izlagan mavzularingiz, videoga bosganingiz (CTR) va uni qancha vaqt ko‘rganingiz kabi ma’lumotlarga tayanib, har safar saytga kirganingizda sizga individual tavsiyalar beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, YouTube’dagi tomoshalarning 70 foizi aynan shu tavsiyalarga asoslangan. Ya’ni, platforma sizni ilovada uzoqroq ushlab turish uchun eng qiziqarli videolarni tanlashga harakat qiladi.
TikTok’da esa “For You” (Siz uchun) sahifasi to‘liq algoritm orqali boshqariladi. Ilova siz ekran oldida nima qilganingizni signal sifatida o‘rganadi: qaysi videoni oxirigacha ko‘rgansiz, qaysini darhol o‘tkazgansiz, qaysilariga layk bosib izoh qoldirgansiz – bularning barchasi tizim sizning didingizni tushunishiga yordam beradi. Shunga qarab TikTok sizga aynan yoqishi mumkin bo‘lgan videolarni tanlab beradi. Bu yerda videoni ko‘rish vaqti, layklar, izohlar kabi foydalanuvchi harakatlari juda muhim. Shuningdek, TikTok videodagi teglar, trenddagi musiqalar, ko‘rishlar soni, hatto foydalanuvchining joylashuvi va qurilmasiga ham qaraydi.
Instagram dastlab postlarni vaqt bo‘yicha (xronologik) ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir u ham algoritmik tizimga o‘tgan. Endi sizning asosiy lentangiz va “Explore” sahifangiz siz kuzatayotgan odamlar va qiziqqan mavzularingizga qarab shakllanadi. Masalan, do‘stlaringizning qaysi postlariga ko‘proq e’tibor qaratganingiz yoki qanday videolarni ko‘proq tomosha qilganingiz, sizga shunga o‘xshash kontent ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Instagram’ning har bir bo‘limi – Feed, Stories, Reels va Explore alohida algoritmga ega. Stories’da yaqin do‘stlaringiz birinchi bo‘lib chiqsa, Explore’da siz tanimagan, lekin sizga qiziqarli bo‘lishi mumkin bo‘lgan kontent aylanadi.
Umuman olganda, barcha platformalar asosiy maqsadi – sizni ilovada imkon qadar uzoqroq ushlab qolish va ko‘proq jalb etishga harakat qilishdir.
Psixologik va xulqiy ta’sirlar
Bunday individual algoritmlar foydalanuvchiga qulaylik yaratib, o‘zlari uchun qiziq kontentni tez topishlarga yordam beradi. Biroq bu qulaylik ortida kuchli psixologik ta’sir mexanizmlari yotibdi. Platformalar inson miyasi qanday ishlashini yaxshi bilgan holda, dopamin deb ataluvchi “mukofot” gormonini uyg‘otuvchi dizaynlarni qo‘llaydi. Har gal lentani pastga siljitsak yoki yangi “layk” olsak, miyamizda dopamin moddasi ajralib, yoqimli tuyg‘u uyg‘otadi. Shu tariqa, tarmoqlardagi uzluksiz scroll (lentani cheksiz aylantirish) va bildirishnomalar bizni xuddi qimor o‘yinlaridagi kabi tasodifiy mukofotlarga o‘rgatib boradi.
Stenford universiteti olimi doktor Anna Lembkenga ko‘ra, zamonaviy smartfon “giyohvand ukoli”ga o‘xshaydi. Biz har bir svayp, har bir layk va izoh orqali miyamizga kichik doza singari dopamin zarbasini yuboramiz. Natijada, ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan kuchli bog‘liqlik va qaramlik shakllanadi.
Yana bir muhim psixologik ta’sir bu – FOMO (fear of missing out), ya’ni nimadandir bexabar qolib ketish qo‘rquvi. Algoritmlar doimiy yangilanadi, har soniya yangi kontent paydo bo‘ladi. Foydalanuvchi esa “nimanidir o‘tkazib yuborayotgandek” his qiladi va tarmoqdan chiqishni istamaydi.
Masalan, TikTok cheksiz videolarni avtomatik yuklab turadi, YouTube esa bir video tugashi bilan boshqasini tavsiya qiladi. Bu “infinite scroll” va autoplay funksiyalari foydalanuvchini ekrandan uzoqlashmaslikka undaydi. Shuningdek, kutilmagan, qiziqarli postlarning vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lishi insonni yanada qiziqtiradi. Shuning uchun ko‘pchilik rejalashtirganidan ancha ko‘proq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazib qo‘yadi.
Yana bir muammo – bu algoritmlar yaratadigan “axborot pufakchalari” va “echo chamber” (aks-sado xonalari) hodisasi. Siz qiziq mavzularni ko‘p ko‘rsangiz, tizim aynan o‘sha yo‘nalishdagi kontentni taklif qilishda davom etadi. Masalan, fitna nazariyasiga qiziqqan foydalanuvchi borgan sari shunga o‘xshash, hattoki yanada keskin videolarni ko‘ra boshlaydi. Natijada, foydalanuvchining lentasi bir tomonlama axborot bilan to‘lib, turli qarashlarga joy qolmaydi. Bu holat “filtr pufagi” deb ataladi. Bunday sharoitda odam faqat o‘ziga yoqqan fikrlarni eshitadi va ularni haqiqat deb qabul qilishi osonlashadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, faqat o‘z fikrlarini eshitadigan guruhlar vaqt o‘tib yanada radikal pozitsiyalarga siljishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar oddiy algoritmlar ham ayrim foydalanuvchilarni siyosiy yoki ijtimoiy jihatdan keskin qarashlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Hayotiy misollar
TikTok’ning Indoneziyadagi foydalanuvchilari soni 125 milliondan oshgan va bu platforma yoshlar uchun muhim axborot manbaiga aylangan. Ammo algoritmik lenta ustidan nazoratning yo‘qligi yolg‘on xabarlar va mish-mishlarning tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. 2024-yilgi saylovlar arafasida Indoneziyada TikTok (va boshqa ijtimoiy tarmoqlar) orqali ko‘plab feyk yangiliklar tarqaldi. Mutaxassislar bu holat saylovga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkinligini aytib, xavotir bildirgan.
Yolg‘on ma’lumotlar millionlab odamlarning lentasiga tez tushib, jamiyatda keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, TikTok’dagi xavfli chellendjlar ham muammo tug‘dirmoqda. Masalan, “O‘lim farishtasi” deb nomlangan chaqiruv trend bo‘lib, o‘smirlar harakatdagi yuk mashinalari oldiga sakrab video olishga harakat qilgan. Oqibatda kamida ikki nafar yigit halok bo‘ldi, bir necha o‘n nafari hibsga olindi. Bu kabi misollar TikTok algoritmi zararli va xavfli kontentni ham keng tarqatishi mumkinligini ko‘rsatadi.
YouTube (radikallashuv). YouTube algoritmi ko‘p bora tanqid ostida qolgan. Ayniqsa, ba’zi foydalanuvchilarni asta-sekin ekstremistik videolar tomonga yetaklashi mumkinligi aytilgan.
Masalan, amerikalik Kaleb Kane dastlab oddiy motivatsion videolar ko‘rgan. Biroq bir marta fitna nazariyalariga qiziqish bildirgach, YouTube unga tobora konservativ va o‘ng qanot targ‘ibot videolarini ko‘rsatishni boshlagan. Kane bu videolarga berilib, bir necha yilda liberal fikrlaridan keskin pozitsiyalarga o‘tganini tan olgan. The New York Times gazetasi bu holatni o‘rganib, YouTube algoritmi ayrimlar uchun “ekstremizmga eltuvchi yo‘l” bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan. Chunki YouTube shov-shuvli videolar ko‘proq ko‘rilsa daromad oladi, algoritm esa aynan shunday kontentni uzluksiz tavsiya qilib foydalanuvchini uzoqroq ushlab turishga intiladi. 2019-yildan boshlab YouTube bu kabi keskin radikal kontentni kamaytirishga harakat qilganini bildirgan, lekin tanqidlar hanuz davom etmoqda.
Instagram (o‘smirlar ruhiy sog‘ligi). Instagram algoritmi foydalanuvchining qiziqishlariga qarab surat va videolarni doimiy taqdim etadi. Biroq bu platformaning vizuallikka asoslangan tabiati o‘smirlarning o‘z tanasiga bo‘lgan munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Facebook’ning ichki tadqiqotlariga ko‘ra, Instagram foydalanuvchisi bo‘lgan o‘smir qizlarning 32 foizi o‘z qomati borasida o‘zini yomon his qilgan va bu hissiyot Instagram orqali kuchaygan. Idealizatsiyalangan, filtrlardan o‘tgan suratlar yosh foydalanuvchilar o‘zini boshqalar bilan solishtirishiga olib keladi. Ayrim hollarda depressiya va xudkushlik haqida o‘ylar ham paydo bo‘ladi.
Tadqiqotga ko‘ra, britaniyalik yoshlarning 13 foizi o‘z joniga qasd qilish fikrini Instagram’dagi tajribasi bilan bog‘lagan. Bu holatlar jamoatchilikning e’tiboriga tushganidan so‘ng, AQSh senatorlari Facebook’dan izoh so‘ragan va kompaniya rahbarini 2021-yilda senat eshituvida javob berishga chaqirgan. Instagram keyinchalik zararli kontentni cheklash va turli mavzulardagi postlarni tavsiya qilish kabi choralarni joriy qilganini aytgan. Ammo mutaxassislar bu muammo Instagram algoritmining tabiatiga singib ketgan deb hisoblaydi.
Algoritmlarni tartibga solish va nazorat qilish harakatlari
So‘nggi yillarda algoritmlarning bu kabi kuchli ta’siri hukumatlar va jamoatchilik nigohini o‘ziga qaratdi. Turli mamlakatlarda platformalarni javobgarlikka tortish va foydalanuvchilarni himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rilmoqda.
Yevropa Ittifoqi (YI) 2022-yilda Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Services Act, DSA)ni qabul qildi. Bu qonun texno-gigantlarga nisbatan eng qat’iy talablarni belgilaydi. Platformalar o‘z algoritmi va kontent moderatsiyasi haqida ko‘proq oshkoralik bilan ishlashi shart.
Facebook, YouTube, TikTok, Instagram kabi yirik platformalar endi Yevropa foydalanuvchilariga profilga bog‘liq bo‘lmagan alternativ lentani taklif qilishi kerak, ya’ni foydalanuvchi istasa, faqat obuna bo‘lgan sahifalarini xronologik ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, platformalar algoritmlarining salbiy oqibatlarini (dezinformatsiya, saylovga aralashuv, nafrat so‘zlari) baholab, kamaytirish choralarini ko‘rishga majbur. Mustaqil tadqiqotchilar va auditorlar platformalarning ichki ma’lumotlarini o‘rganish huquqiga ega bo‘lishdi. Agar kompaniyalar bu qonunga rioya qilmasa, ularning global aylanmasining 6 foizigacha jarima solinishi mumkin.
AQShda ham ijtimoiy tarmoq rahbarlari Kongress eshituviga chaqirilib, ularga algoritmlarning zararli ta’siri haqida savollar berilmoqda. 2021-yilda Facebook, Twitter va Google vakillari algoritmlarning siyosiy dezinformatsiyada tutgan o‘rni yuzasidan javob bergan. 2023-yil noyabrida esa AQSh Senatining sud-huquq qo‘mitasi o‘smirlar ruhiy sog‘lig‘i mavzuida maxsus eshituv o‘tkazdi. Meta kompaniyasining sobiq muhandisi Artur Bejar guvohlik berib, Instagram o‘smirlarda tashqi ko‘rinishga oid komplekslarni kuchaytirishini kompaniya bila turib bu muammolarni yashirishga harakat qilganini aytdi. Natijada, bolalarni onlayn zararli ta’sirdan himoyalashga qaratilgan qonun loyihalari taklif qilindi. Masalan, “Children’s Online Safety Act” algoritmlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan cheklashni, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutadi. Hozircha AQShda YIdagidek yagona federal qonun yo‘q, lekin bu boradagi bosim kuchaymoqda.
Hindiston ham platformalarni qat’iy tartibga solmoqda. 2021-yilgi yangi AX (Axborot texnologiyalari) qoidalari asosida, ijtimoiy media kompaniyalari zararli kontentni tezda o‘chirish va foydalanuvchilarning shikoyatlarini ko‘rib chiqadigan vakilni mamlakat ichida tayinlashi kerak. Bu qoidalar Twitter va Facebook bilan mojaro keltirib chiqargan – ular hukumat talab qilgan postlarni o‘chirmagan. Bundan tashqari, Hindiston hukumati 2020-yilda TikTok’ni butunlay taqiqlagan. Ular bu orqali aholining xavfli kontent va chet el ta’siridan himoyasini ta’minlashni maqsad qilganini aytadi. Ammo tanqidchilar bunday choralarni hukumatning platformalar ustidan nazoratni kuchaytirish va noqulay axborotni yo‘qotishga urinish deb baholaydi.
Xulosa qilib aytganda, global raqamli platformalardagi algoritmlar biz ko‘radigan kontentni ko‘lankaday ta’qib etadi: qiziqishimizni topadi, bizga mos olam yaratadi va ko‘z o‘ngimizda axborot manzarasini shakllantiradi. Bu algoritmlar bir tomondan foydalanuvchiga yoqadigan, moslashtirilgan xizmat ko‘rsatmoqda, boshqa tomondan real misollar inson psixikasi va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini isbotlamoqda. Bugun dunyo bo‘ylab hukumatlar va jamiyat algoritmlarning “qora qutisi”ni ochishga, ularni inson manfaatlariga xizmat qildirishga intilmoqda. Bu esa internet taraqqiyotining navbatdagi muhim bosqichi bo‘lib, raqamli platformalar qanday mas’uliyat bilan ishlashini belgilab beradi.
Til
Adabiyot
San’at
Tarix
Vatandosh
Mafkura
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q