
Qariyapman shekilli.
Bolalik xotiralarimning ko‘pidan tafsilotlar o‘chib ketgan. Lekin, xayriyatki, mohiyat esimdan chiqmagan. Shulardan biri ilk bor durbinni qo‘lga olganim. Hayajondan yuragim qinidan chiqib ketay degan.
O‘sha paytlar ko‘zim juda o‘tkir edi desam, balki yolg‘ondir. Lekin ko‘zimdan sira nolimaganim aniq. Hamma narsani o‘z o‘rnida va o‘z shaklida ko‘rar, tushunar edim. Lekin durbin fikratimni ostin-ustin qilib yubordi. Olisdagi narsa qo‘l uzatsam yetadigan masofaga kelib qolganday bo‘ldi. Beixtiyor qo‘limni ham cho‘zdim. Durbin oynasida bahaybat barmoqlarimni ko‘rib, ularni shartta tortib oldim. Menga durbin bergan yigit kulib, qo‘limdan durbinni oldi va uni aylantirib, yana qo‘limga tutqazdi. Dunyo birdan uzoqlashib ketganidan battar talvasaga tushdim. Boyagina ko‘z oldimda turgan daraxt bir chaqirim masofaga borib qolganday edi.
Albatta, bu hol optik illyuziya (tabiiyki, bu so‘zni o‘sha paytda bilmasdim) ekanini anglaydigan yoshda edim. Har qalay bu paytda talay kitoblarni o‘qigan edim. Durbinni avval ko‘rmagan bo‘lsam ham, u haqida o‘qigan, ma’lum tasavvurim bor edi. Biroq mavhum bilish boshqa, ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab ko‘rish boshqa. Empirik bilim nazariy bilimdan ustun tuyulishining sababi ham shunda. Holbuki, ularning ikkalasi ham noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Durbin bilan bog‘liq yana bir xotira.
Qishlog‘imiz tepasidagi baland qir ustida olislarni tomosha qilardim. Bobotog‘ning kunbotarida – Surxon vohasining g‘arbida Boysun tog‘i bor. U menga ulkan qal’a devori kabi tuyuldi. Bu “qal’a devori” tarixini keyinlar o‘ylaganimda, bolalikda o‘sha xotira endi tarixiy dalillar bilan to‘yinib quyidagi ifodani kasb etardi: Anvar posho Mirshodida to‘xtab, Ibrohim laqayni kutib o‘tirmaganida, Boysunni janubdan aylanib, Darband tepasidagi Temir darvoza darasini dushmandan oldinroq qo‘lga olganida edi, sho‘rolarni bu yurtga o‘tkazmagan bo‘lardi... Ehtimol o‘shanda tariximiz ham butunlay boshqacha kecharmidi?!
Keyin durbin murvatini burab, yaqinroqdagi So‘fi Ollohyor boboning qabri joylashgan Vaxshivor tog‘ini kuzatdim. Har darasidan bir soy yo jilg‘a shovullab enayotgan, qirlar yonbag‘rini qalin uzumzor qoplagan, quyuq daraxtlari tagiga tangaday soya tushmaydigan qishloqlarni tomosha qila turib, asli Samarqand ham jannatday joy, So‘fi Ollohyor bobomiz uzlatni ixtiyor qilganda nega bu yurtga keldi ekan degan savolga javob qidirdim.
Durbinni janubga burib, juda olisda, saraton to‘zoni orqasida xira ko‘rinayotgan ma’volardan Jarqo‘rg‘on minorasini izladim. Mening bola paytimda bu minorani ko‘pchilik bilmas, darsliklarda ham u ko‘hna obida haqida yozishmasdi. Ammo jarqo‘rg‘onlik bir kishi bizning qishloqqa kelishi asnosida bu haqda bilib olgandim. Minorani topsam, har kimki uzlat ixtiyor qilsa, kimsasiz yurtlarga ko‘chadi degan siyqa fikrdan g‘olib bo‘lishimni bilardim. Katta shaharda emas, kichik bir qishlog‘ida shunday ulkan minorasi bo‘lgan yurtni So‘fi Ollohyor boboning uzlat uchun maskan tutishi, u bu yurtga tinchlik va ezgulik istab kelgan degan xulosani ustuvor qilishi lozim edi. Biroq uni topolmadim.
Durbin emas, teleskop bo‘lganida uni albatta topardim, hatto Termizdagi Sulton Saodat majmuasini ham tomosha qilib, Termiz otaning qabrini ko‘z bilan ziyorat qilardim deb o‘ylaganim hozir ham yodimda.
* * *
Uch-to‘rt yil dorilfununda talabalarga saboq berdim. Keyin bu yumushni tashladim. Gap – eshitadigan quloqni emas, tushunadigan boshlarni topolmaganimda.
Bir kuni darsda badiiy asarlarga turlicha yondashish mumkinligini tushuntirish uchun misollarni qalashtirdim. Falon asar haqida pistonchi bunday fikr aytgan, pismadonchi uning bu fikriga qo‘shilmay munday degan, mening nazarimda esa... deb gapirib turgan edim. To‘satdan aytayotgan gaplarim talabalar ongiga yetib bormayotganini his qildim. Ularga bu fikrlar mutlaqo qiziqmas edi. Ayrimlarigina daftariga nimalarnidir yozib olardi. Qator oralab yurar ekanman, shunday daftarlardan biriga o‘g‘rincha qaradim... unday degan... munday degan...
“Gap nima deganidagina emas, nima uchun shunday deganida” dedim. Keyin “nega birontang savol bermaysan?” dedim zarda qilib. Hamma boshini egdi.
Nazarimda eng qobiliyatli tuyulgan bir talaba ro‘parasida to‘xtab, qo‘limdagi qalamni uning ko‘z o‘ngida tutdim. “Nimani ko‘rayapsiz?” deb so‘radim. “Qalamni” dedi u. “Suvrat emas, shakl haqida gapiring” dedim ovozimdagi zarda ohangini bosishga urinib. “Nima shakl ko‘rayapsiz?”. “Qalamni” dedi u yana.
Qalam uchini uning ko‘ziga to‘g‘riladim. “Endi nimani ko‘ryapsiz?”. “Qalamni” dedi u yana.
“Iltimos, – dedim o‘zimni bosishga va mehribon ustoz qiyofasiga kirishga urinib, – siz buning qalam ekanini bilasiz, lekin hozir bilganingiz haqida emas, ko‘rib turganingiz haqida ayting! Qaysi shaklni ko‘rayapsiz?”.
Jimlik.
Borib, doskaga katta bir nuqta chizdim va talabaning yoniga qaytdim. Uning yonida turib doskaga qaradim. Nihoyat, u mening nima javob kutayotganimni tushundi va shodon holda “qalamni emas, nuqtani ko‘rdim” dedi.
Qo‘limdagi qalamni yana uning ko‘z oldiga tutib, bu safar yarim aylantirdim: “endi nimani ko‘rayapsiz?”.
“Qalamni” dedi u ishonch bilan.
“Yana boyagi savolimni takrorlayman, siz buning qalam ekanini bilasiz, lekin hozir sizdan buning qalam yo qalam emasligini emas, aynan qanday shaklni ko‘rayotganingizni so‘rayapman?”.
Yana jimlik.
Men yana doska oldiga qaytdim va qalin chiziq chizdim.
Ortimdan o‘ziga ishonqiramagan ovoz eshitildi: “chiziqni ko‘rayapman”.
Men yana dars mavzusiga qaytdim. Gap adabiyot haqida ketayotgan bo‘lsa ham, biroz falsafa so‘qdim. Dedimki, gap doimo bizning narsa va hodisalarga qaysi nuqtadan qarashimizga bog‘liq. Qalamni tikka ushlasak tikka chiziqni, yotiq ushlasak gorizontal chiziqni, ko‘zimizga qaratib ushlasak nuqtani ko‘ramiz. Lekin biz qaysi shaklni ko‘rayotganimizdan qat’i nazar, qalamning mohiyati o‘zgarib qolmaydi. U doimo qalamligicha qolaveradi.
Misolimiz konkret jism edi. Va bu jismni hammamiz yaxshi bilamiz. Mavhum narsalar haqida gap ketganda esa ko‘pincha o‘sha mavhumiyatning shakli haqida gapiramiz. Asli, ya’ni mohiyatini esa shu shaklga bog‘liq ravishda tushunib olamiz.
Keyin umrida ilk bor filga duch kelgan ko‘r odamlar haqidagi rivoyatni aytib berdim. Filning oyog‘ini ushlagan ko‘r uni ustunga, xartumini ushlagani ilonga o‘xshatadi. Ularning har ikkisi haq edi. Lekin aslida fil ustunga ham, ilonga ham o‘xshamaydi. U sizlar hayvonot bog‘ida yo televizorda ko‘rgan fil bo‘lib qolaveradi.
Adabiyotshunoslik ilmida buni rakurs deydilar.
* * *
Bot-bot “O‘tgan kunlar” romaniga toshlar otilib qolishi ma’lum. Ikki yilcha burun ham shunday xurujlardan biri sodir bo‘ldi. Shunda yana talabaga qalam ko‘rsatganimni esladim.
Akrom Malikning “O‘tgan kunlar” asari qahramonlari bo‘lmish Yusufbek hoji, Otabek, Kumush, Zaynab haqidagi gaplari bahslarga sabab bo‘ldi. Biroq bu Akrom Malikning nuqtai nazari ekanini unutmaylik. Uning adabiyot, tarix va hayot haqidagi qarashlari cho‘qqisidan turib qaralganda shunday ko‘rinishi shubhasiz. Faqat bir nozik jihati bor: u asar haqida emas, uning qahramonlari haqida gapirgan. Xuddi filning oyog‘ini ushlagan ko‘r haq bo‘lgani kabi, Yusufbek hoji oila izmini bir qadar xotiniga topshirib qo‘ygani ham haq. Lekin nisbiy haqiqatlar har doim ham asl haqiqatga olib kelavermaydi. Millatning eng oldi odamlaridan biri bo‘shang, boshqasi landovur bo‘lsa, bundan “Xalq qalbiga “Sen shu qadar xorsan!” degan g‘oyani quyadi” deb hukm chiqarish adolatdan bo‘lmaydi. Yusufbek hoji sirayam ideal odam emas. Otabek ham ideal odam emas. Marg‘ilonda yaxshi ko‘rgan, sevgan xotini bo‘la turib, “bo‘shang”ligi uchun onasining gapi bilan ikkinchi xotinga uylanadi. Ammo bir jihatni ham sira unutmaslik kerak: bo‘shang, landovur deyotgan qahramonlarimiz sira qo‘rqoq kishilar ham emas. O‘zbekona, sharqona, iymonli kishining andishasining o‘rni ham bu xarakterlarda yaxshigina tosh bosadi.
Bu odamlar nihoyat bir kuni o‘ziga “Bas!” deya olgani uchun ham bizning ko‘z oldimizda qahramonga aylanadi. Mabodo, bu odamlar ideal qahramon bo‘lishganida “O‘tgan kunlar” romani ham paydo bo‘lmasdi.
Aybsiz – parvardigor. Qodiriy bobomizning asarida ham kamchilik bo‘lishi mumkin. Biroq avval go‘zallikni ko‘ra bilishga o‘rganish darkor. Eng avval el-yurt g‘amida sochi oqargan Yusufbek hojini, ko‘nglini asrab qolmoqchi bo‘layotgan Otabekni, o‘lim to‘shagida yotganida ham qaynota hurmati uchun o‘rnidan qo‘zg‘olgan Kumushni, “Men – Kumush!” deb yolvorgan baxtiqaro Zaynabni ko‘rishni o‘rganmasak, adabiyotimiz orqaga ketaveradi.
O‘rganish... go‘zallikni ko‘rishga o‘rganmasak, nuqul kamchilik, xato topaveramiz. Chunki go‘zallikni ko‘rmasak, demak, xunukni ko‘rayotgan bo‘lamiz. Qalamni goh chiziq, goh nuqta shaklida ko‘rganimiz bilan qalamning mohiyati o‘zgarib qolmaydi axir.
Durbin olib qarasak, Navoiy bobomizning saltanat hukmdori Boyqaroga bag‘ishlab yozgan o‘nlab madhiyalariga duch kelamiz. Bemalol “iya, Navoiy bobomiz ham maddohlik qilganmi?” deb yuborishimiz mumkin. Durbinni aylantirsak-chi? Ko‘z oldimizda buyuk Navoiy paydo bo‘ladi va birdan anglab yetamizki, Navoiy bobomiz hukmdorga qarata “Siz shunchalar buyuksizki, yomon qiliqlar bunday buyuk odamga sira yarashmaydi” deb tarbiyalayotgan bo‘lib chiqadi. Bobomiz el-yurt manfaati uchun maddohlik jandasini yelkasiga ilishdan sira or qilmagan ekan deymiz.
Bu ko‘hna tarixni idrok qila turib tushundimki, Navoiy Boyqaro yonida siz buyuksiz deb turgan chog‘larda shoh ham o‘z buyukligiga ishongan va faqat buyuklarga xos ishlar qilgan ekan. Navoiy shoh yonidan uzoqlashgandagina Boyqaro fitratidagi badbinlik, jaholatga yo‘l ochilgan. Chunki Navoiy qo‘rg‘on edi.
* * *
Adabiyot er-xotin munosabatlari, qo‘ydi-chiqdi mavzulariga o‘ralashib qolayotgan, she’rlar oh-vohga, nasriy asarlar nuqul umurtqasiz qahramonlarga to‘lib ketayotgan bo‘lsa, bunga jamiyat sababchi emas. Qalam ahli qo‘lida durbin yo‘qligidan. Yoki qalamni aylantirib ko‘rmayotganidan.
Musulmon NAMOZ
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Durbin va qalam” maqolasi
San’at
Tarix
Vatandosh
Mafkura
Jarayon
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q