Rossiya qirolichasi Buxoroda madrasa qurdirgan edimi?


Saqlash
17:10 / 14.07.2025 766 0

 

Oʻzbekistondagi har bir tarixiy yodgorlik bilan bogʻliq koʻplab afsona, rivoyat va mish-mishlar mavjud. Bular sirasiga Shoxi Zinda majmuasining vujudga kelishi, Buxorodagi Minorayi Kalonning qurilishi, Amir Temur tomonidan Zangi otada maqbara barpo qilinishi kiradi. Meʼmoriy yodgorliklarning qurilish tarixi bilan bog‘liq gap-soʻzlar turli davrlarda turlicha koʻrinishda (diniy, siyosiy, ijtimoiy omillar taʼsirida) paydo boʻlgan va hozirga qadar saqlanib qolgan.

 

Oʻz afsonasiga ega shunday tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan biri XVIII asr oxirida qurilgan Ernazar elchi madrasasidir. Ushbu madrasa hozirda yoʻq boʻlsa-da, u bilan bogʻliq afsonalar hali ham bor.

 

Xususan, mazkur inshootning qurilishi Rossiya imperiyasi hukmdori Yekaterina II ning Ernazar Maqsud oʻgʻliga madrasa qurish uchun bergan mablagʻlari hisobidan amalga oshirilganligi haqida maʼlumotlar uchraydi. Ushbu holatni koʻplab tarixchilar, sayohatchilar va boshqa tarixga qiziquvchi mualliflar oʻz asarlarida Buxoro amirligi bilan Rossiya imperiyasi oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarining timsoli sifatida talqin qilib kelgan.

 

Mulla Muhammad Ernazarbiy Maqsud oʻgʻli (baʼzi manba va adabiyotlarda Ernazarbiy, Domullo Ernazar elchi, Ernazar Maksutov ismi bilan ham qayd etilgan) XVIII asrda Buxoroda tugʻilib, 1780-yil Koʻniyoda vafot etgan. Oʻzbeklarning qatagʻon urugʻi vakili boʻlgan Mulla Ernazarbiy yoshligida madrasada oʻqigan va keyinroq amir xizmatiga kirgan. Yirik savdogar boʻlgan Ernazarbiy Buxoro amirining Rossiyaga yuborgan elchilariga rahbarlik qilgan.

 

U Rossiyaga savdo ishlari bilan 1745-yildan boshlab, bir necha marotaba borgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, savdo ishlari barobarida Ernazar Maqsud oʻgʻli Rossiya imperatori va saroy ayonlarining eʼtiborini qozonadi hamda ularning Oʻrta Osiyoga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi.

 

Ernazar elchi dastlab Yelizaveta Petrovna qabulida boʻladi va uning iltimosiga binoan bir nechta noyob buyumlarni olib kelish uchun Xuroson va Hindistonga safar qiladi. Vazifani bajarib, imperator saroyiga qaytib kelgan paytda Yelizaveta vafot etgan, Rossiya taxtiga Pyotr III oʻtirgandi. Elchi oʻz xizmati evaziga Eron orqali Makkaga oʻtuvchi yoʻl xavfli boʻlganligi sababli buxoroliklarning Astraxan orqali Haj ziyoratiga borishini soʻragan. Shuningdek, ziyoratchilarning ibodat qilishlari uchun Astraxanda davlat hisobidan masjid qurishni iltimos qilgan.

 

Buxoroga qaytgan Ernazar elchi Buxoro hukmdori Doniyolbiy otaliq tomonidan yana Rossiyaga yuborilgan. U Yekaterina II saroyiga ikki marta 1774–1776 va 1779-yilda tashrif buyurgan. Ikkinchi elchilik missiyasini yakunlagach, Rossiyadan Usmonlilar davlati orqali Makkaga oʻtkazib yuborishni soʻraydi va Arabistondan qaytib kelayotganida Koʻniyo shahrida yuqumli kasallikdan vafot etadi.

 

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, Mulla Ernazar shaxsi Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning oʻrnatilish va keyingi rivojida oʻziga xos ahamiyatga ega. Jumladan, XIX asr boshlaridagi ilmiy xabarlarda Yakovlev: “Ernazar barcha buxoroliklar kabi aqlli va ayyor odam, mohirlik bilan bizning hukumatimizning ishonchini qozondi”, deya elchiga taʼrif bergan.

 

Ernazar Maqsud oʻgʻli Buxoroda Devonbegi hovuzi (Labi hovuz) yonida madrasa qurishga qaror qiladi. Madrasa hijriy 1209 (milodiy 1794-1795) yili qurib bitkazilgan. Madrasa ikki qavatli boʻlib, quyi qavatda darsxona va masjid boʻlgan. Dastlab peshtoqining ikki yoniga guldasta ishlangan, ammo, keyinchalik, XX asr suratlarida bu koʻrinmaydi, aftidan ular XX asr boshlarida qulab tushgan.

 

Ikkinchi qavatda hujralar joylashgan. Peshtoq orqali kiraverishda miyonsaroy, uning bir tarafida masjid va ikkinchi tarafida darsxonalar qurilgan. Miyonsaroy tepasidagi kichik hujralar talabalar va mudarrislar uchun yotoqxona boʻlgan. Inshoot oq marmardan qurilgan va sharqona bezaklar bilan jilolangan.

 

Ushbu madrasada diniy ilmlardan tashqari tibbiyot, qishloq xoʻjaligi asoslari, qurilish ishlari, dorixona ishi, trigonometriya kabi fanlar oʻqitilgan. Vaqf mablagʻlari hisobidan shogirdlar bepul taʼlim olish barobarida nafaqa ham olib turgan. Madrasa avval bir qavat boʻlganligi keyinchalik esa, ikkinchi qavati qurilgani toʻgʻrisida taxminlar mavjud.

 

Ernazar elchi madrasasi 1950-yillar soʻngida sovetlar tomonidan buzib tashlangan.

 

Mazkur madrasa qurilishi moliyalashtirilishiga oid maʼlumotlar eʼtiborni jalb qiladi. Xususan, koʻpchilik tadqiqotlarda madrasaning bunyod qilinishi uchun Rossiya imperatori Yekaterina II xayriya mablagʻi ajratgani taʼkidlanadi. Sharqshunos va sayyoh A. Vambiri, N.V. Xanikov, P. Savelyev shular jumlasidan.

 

V.V. Krestovskiy “V gostyax u emira Buxarskago” asarida Ernazar elchi madrasasi faoliyati, unda oʻtiladigan fanlar, talabalar va hujralar soni, joylashgan oʻrni va mudarrislar hamda talabalarning maoshlari haqida maʼlumotlar keltiradi. Shuningdek, ushbu madrasa mudarrisidan uning asos solinishi tarixiga oid ikki versiyadagi hikoyani yozib qoldiradi. Ammo, V.V. Krestovskiyning oʻzi bu hikoyalar aniq manbaga asoslanmagani tufayli unga ishonish qiyinligini eʼtirof etgan.

 

U oʻz fikrini davom etib, sharqshunos Xanikov N.V. maʼlumotlarida ham madrasa imperator Yekaterina II mablagʻiga qurilganligi taʼkidlanishiga eʼtibor qaratadi va mazkur masaladagi oʻz xulosasini “Bu haqda biz aniq biladigan hamma narsa shu” deb, yakunlaydi. Keyinchalik, V.V. Krestovskiyning bu maʼlumotlaridan kelib chiqqan P.P. Shubinskiy uning Ernazar Elchi madrasasini qurilishida Yekaterina II ning ishtirokiga shubha qilmaganligini aytadi.

 

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, P.P. Shubinskiy Ernazar elchining elchilik faoliyati boʻyicha hujjatlarni oʻrganish natijasida, mazkur elchilikning maqsadi boshqa masalalar ekanligini taʼkidlaydi. U madrasa Yekaterina II ning xayriya pullariga qurilganligini shubha ostiga oladi hamda keyingi tarixiy tadqiqotlarda ushbu xato fikrdan chetlashish kerakligini tavsiya qiladi.

 

Koʻrish mumkinki, P.P. Shubinskiy ushbu masala yuzasidan qarama-qarshi fikrlar bildirgan. Yuqoridagi maʼlumot va qarashlarning hech biri arxiv hujjati yoki voqeaning bevosita guvohi tomonidan yozilgan manbalarga asoslanmagan. Shu nuqtayi nazardan mazkur maʼlumotlarni ishonchli deya olmaymiz. Ammo, sovet va mustaqillik davri tadqiqotlarida yuqoridagi sharqshunos va sayyohlarning fikrlarga tayangan holda Ernazar elchi madrasasi qurilishini Yekaterina II moliyalashtirgani haqidagi qarash asossiz ravishda davom ettirilgan.

 

Biroq H.Z. Ziyoyev “Oʻrta Osiyo va Volga boʻylari (XVI asrning ikkinchi yarmi – XIX asrlar)” asarida Yahyo Gʻulomovning “Mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli rus davlatining mablagʻi bilan Buxoroda machit qurgan. Bu machitning rus davlati yordami bilan qurilganligi Buxoro xalqiga hozirgi kunda ham maʼlum” degan maʼlumotini keltirib oʻtadi.

 

G. Taniyeva Rossiya arxivlarida madrasa qurilishiga oid hech qanday hujjat topmagani sababli Yekaterina II ning Ernazar Maqsud oʻgʻliga katta miqdorda mablagʻ berilishi sababi malikaning elchidan qarzdor ekanligi toʻgʻrisidagi farazni ilgari suradi. Yaʼni, Yekaterina IIʼdan olingan mablagʻ aslida Ernazar Maqsud oʻgʻlining oʻz sarmoyalari boʻlgani taʼkidlanadi.

 

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida madrasa tarixiga oid manbalar oʻrganilgan. Hozirda Oʻzbekiston Milliy arxivining I-323 jamgʻarmasida (Vaqf hujjatlari toʻplami) saqlanadigan vaqf hujjatlari tadqiq etildi. Ushbu jamgʻarmaning 55-10 yigʻma jildida Ernazar elchi madrasasi hujjatining Amir Maʼsum muhri bilan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi mavjud. Unda madrasa qurilishi uchun ajratilgan yer maydoni koʻrsatilgan hamda qurilishni amalga oshirishdagi xarajatlar Ernazar Maqsud oʻgʻlining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgani qayd etilgan.

 

Bundan tashqari, ushbu hujjatda madrasa faoliyatini amalga oshirish, mudarrislarga maosh, talabalarga nafaqa toʻlash va boshqa xarajatlarni qoplash uchun unga vaqflar ajratilgani aytilgan.

 

Ushbu hujjatga asoslanib madrasa qurilishini moliyalashtirish masalasidagi turli qarash va asossiz fikrlarga chek qoʻyish mumkin. Zero, madrasa qurilishiga boshqa davlat hukmdorining daxldorligi toʻgʻrisidagi gap-soʻzlar va masalaning davlatlar oʻrtasidagi elchilik munosabatlari kontekstida qoʻllanilishi buning dolzarb masala ekanligini koʻrsatadi.

 

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Ernazar Maqsud oʻgʻli zamonasining ilgʻor fikrli kishilaridan biri edi. U elchilik faoliyatida maʼlum yutuqlarga erishgan. Shuningdek, ilm-fanni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida Buxoro shahrida madrasa ham qurdirgan. Buxoro-Rossiya elchilik munosabatlarida doʻstlik va madaniy aloqalarga misol sifatida talqin qilinuvchi ushbu madrasa Yekaterina II mablagʻlari hisobidan qurilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa, asossiz.

 

Madrasa vaqf hujjatida koʻrsatilganidek, elchining shaxsiy hisobidan qurilgan. Shu sababdan mazkur masaladagi bahs-munozaralarda ushbu faktga tayanish maqsadga muvofiqdir.

 

Sunnatillo Hamrayev

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:07 / 11.07.2025 0 302
Qanday qilib arzonroq sayohat qilish mumkin?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//