
1. Donat – inglizcha donation fe’lidan olingan, hadya, ehson ma’nolarini bildiradi. Internetdagi sahifa egalarini moddiy qo‘llash tushuniladi.
2. Xeyter – inglizcha hate fe’lidan olingan, ma’nosi – nafratlanmoq. Taniqli insonlarni ijtimoiy tarmoq orqali asossiz tanqid qiladigan, chiqishlariga atay salbiy fikr bildiradigan odamlar tushuniladi.
3. Troll – shu nomli afsonaviy maxluq bor, ammo zamonaviy talqini inglizcha trolling – baliq ovlamoq so‘zi bilan bog‘lanadi. Baliqchi xo‘rak tashlab o‘ljasini chalg‘itgani kabi ijtimoiy tarmoqda odamlarni chalg‘itib, fikrini boshqa tomonga yo‘naltiradigan yollanma odamlar tushuniladi.
4. Startap – inglizcha so‘z bo‘lib, umumiy ma’noda boshlang‘ich degani. Yosh tadbirkorlar amalga oshirmoqchi bo‘lgan g‘oya, loyihalar tushuniladi.
5. Battl – lotincha battalia so‘zidan kelib chiqqan, kurash, jang degani. Bugungi kunda xonanda, so‘z ustalari, kibersportga qiziquvchilar o‘rtasidagi bahs, munozara tushuniladi.
6. Treyding – inglizcha trade – savdo qilmoq fe’liga asoslangan. Qimmatli qog‘oz, valyuta, kriptovalyutalar bilan savdo qiladigan onlayn moliyaviy faoliyat turi.
7. Broker – fransuzcha brocuer – vositachi degani. Savdo operatsiyalarini bajaruvchi, xaridor va sotuvchi o‘rtasida dallollik qiluvchi shaxs yoki tashkilot.
8. Dispetcher – fransuzcha dispatcher – muvofiqlashtiruvchi, tarqatuvchi degani. Transportlar yo‘nalishini, yuklar yoki xizmatlarni boshqaruvchi, tartibga soluvchi mas’ul shaxs.
9. Plagiator – lotincha plagiarius – o‘g‘irlovchi degani. Boshqa bir insonning intellektual mulkini o‘ziniki qilib ko‘rsatadigan odam.
Tarix fanlari doktori, O‘zFA akademigi Azamat Ziyo tavsiya qiladi:
1. Donat – ehson. Ushbu so‘z ko‘p ishlatiladi. Ma’nodoshlari ham mo‘l: xayriya, sadaqa, in’om va boshqalar. Joyiga qarab tuhfa, hadya, sovg‘ani ham qo‘llasa bo‘ladi. Ehson so‘zini shartli ravishda berdik. Atamachiligimiz muammosi o‘laroq fikrlasak, o‘xshash holatlarda ma’nodosh so‘zlarni ishlatish ustuvorligi ilmiy vazifasini tizimli ko‘rib chiqish lozim.
2. Xeyter – jirtaki. Xeyterlik o‘zligimizga ham, so‘zligimizga ham yot bo‘lgani uchun uning o‘zbekchasini topish juda qiyin. Ichi va tashiga ko‘ra jirtaki to‘g‘riroqdek tuyuldi.
3. Troll – uydirmachi. Ushbu holat bo‘yicha ham so‘z boyligimiz yetarli: yolg‘on, yolg‘ondakam, yasama, soxta... Qo‘llash uchun uydirmachi tuzukroq.
4. Startap – startap. Bu faoliyat bironta jozibali g‘oyani bajarish uchun pul tikib, tezda natija va mo‘may daromad topishni bildiradi. Tarix va zamonamizdan bunga o‘xshash, g‘irt o‘zimizniki bo‘lgan ifodani topolmadik.
Biz so‘zligimizning chet atamalar evaziga boyishiga qarshi emasmiz. Iloji yo‘q kezlarda chet so‘zlarni “til qo‘rg‘onimiz”ga kiritish mumkin. O‘shanda ham oldin turkiy xalqlarda bor (saqlanib qolgan) so‘zlar, agar ularda bo‘lmasa, forscha, so‘ng arabcha, arablarda ham bo‘lmasa, keyin g‘arbcha atamalarga o‘tilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
5. Battl – aytishuv.
6. Treyding – oldi-sotdi.
7. Broker – o‘rtakash. Ushbu ma’noda qo‘llanadigan so‘zlarimiz yetarli: dallol, o‘rtakash, vositachi va boshqalar. O‘rtakash ma’qulroq.
8. Dispetcher – ishboshi.
9. Plagiator – o‘yo‘g‘ri.
So‘ngso‘z sifatida “Ma’naviy hayot” jurnalining tilimiz tabiiyligi, tozaligi va go‘zalligini asrash, chet so‘zlarning bosqiniga qarshi turish, so‘zligimiz kuchiga kuch qo‘shish yo‘lidagi izchil urinishlarini olqishlaymiz. Masalaning tubiga ko‘z tashlasak, ma’naviy turmushimiz bosh quroli aslida til va yozuvdir.
Shu bilan birga, ushbu ezgu ishni tilshunos, adabiyotchi, tarixchilarimiz g‘ayrat va imkonlarini birlashtirib, tizimli va ilmiy yo‘sinda yo‘lga qo‘yishi, jurnal esa bu tarixiy yumushning o‘chog‘i bo‘lishi kerak.
Filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonova tavsiya qiladi:
1. Donat – haq. Chunki ushbu xorijiy so‘z ifodasida qo‘llash ma’nosi yashirin. Har qanday mehnatga, faoliyatga to‘lanadigan haq negizida ham qo‘llash mazmuni yotadi.
2. Xeyter – badbin. To‘g‘ri, u forscha so‘z bo‘lib, bad – yomon, bin – ko‘rmoq so‘zlaridan yasalgan. Xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zning esa avvalo turkiy muqobilini topmoq zarur. Ammo turkiy muqobil bo‘lmaganda forscha, arabcha so‘zlarni qo‘llagan ma’qul. Chunki mazkur tillardan o‘tgan so‘zlar tilimizda ming yillardan beri qo‘llanib kelmoqda va ularga o‘zbek tili sohibi idrokiga xos ma’nolar yuklangan.
3. Troll – chalg‘ituvchi. Dastlab bu so‘zni termin sifatida qo‘llash erish tuyulishi mumkin. Ammo ma’lum muddatdan so‘ng, takror-takror qo‘llash omili asosida ko‘nikma hosil bo‘ladi. Umumiste’moldagi so‘z terminga aylanadi. Terminlar tizimi ichki manba hisobiga ortadi. Tadbirkor, buyurtmachi terminlari shu tariqa, ichki imkoniyat asosida yuzaga kelgan.
4. Startap – startap. Xalqaro doirada faol qo‘llanadigan termin. Bu so‘z ommalashib bo‘ldi. Shu o‘rinda xalqaro doirada faol qo‘llanadigan terminlar lug‘atiga ehtiyoj borligini ta’kidlab o‘tamiz.
5. Battl – raqobat. Bugungi kunda xonanda, so‘z ustalari, kibersportga qiziquvchilar o‘rtasidagi ijodiy bahs raqobat so‘zi bilan ifodalangani ma’qul.
6. Treyding – treyding. Xalqaro doirada faol qo‘llanadi, o‘z holicha qolgani ma’qul.
7. Broker – vositachi. Bu so‘z ma’nosiga mos keladigan dallol so‘zi ham qo‘llanadi. Biroq dallol so‘zida terminlik bo‘yog‘i aks etmaydi, so‘zlashuv uslubiga xos atama. Salbiylik bo‘yog‘i ham bor. Shuning uchun bu so‘z faqat shaxsga nisbatan qo‘llanadi, tashkilotga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi. Savdo operatsiyalarini bajaruvchi, xaridor va sotuvchi o‘rtasida vositachilik qiluvchi shaxs yoki tashkilotni vositachi degan ma’qul.
8. Dispetcher – muvofiqlashtiruvchi.
9. Plagiator – ko‘chirmachi. O‘zbek tilida o‘zlashtiruvchi so‘zi ham plagiator tushunchasini beradi. Lekin unda salbiy bo‘yoq kam. Qolaversa, ta’limda, psixolingvistikada so‘z o‘zlashtirish bilan bog‘liq o‘zlashtiruvchi atamasi ham ishlatiladi. Shu bois plagiator tushunchasini ko‘chirmachi so‘zi bilan ifodalagan ma’qul. Shunda salbiylik bo‘yog‘i ham aks etadi.
Bayram ALI tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Eshiklar ochiq, ammo...” maqolasi
Foto: Abdumannon Muhammad
Adabiyot
San’at
Tarix
Vatandosh
Mafkura
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q