Rene Leynoga bag‘ishlanadi*
Qalb ulug‘vorligi muxoliflardan biri emas,
har ikkisi haddan oshganda namoyon bo‘ladi.
Blez PASKAL
Men avval ham sizga ishonchga qorishgan bir shavq ila maktub bitgan edim. So‘nggi uchrashuvimizdan besh yil o‘tgach, nima uchun biz sizdan kuchliroq ekanimizni isbotlab bergandim: biz o‘z aqidalarimizga tasdiq topish ilinjida bosib o‘tgan aylanma yo‘limiz; haqligimizga bo‘lgan shubhamizni tarqatish uchun sarflagan vaqtimiz; mehr qo‘ygan qadriyatlarimizni bir-biri bilan kelishtirishga telbalarcha uringanimiz tufayli kuchlimiz. Bu shu qadar muhim masalaki, unga yana bir bor qaytmoq foydadan xoli emas. Avval ham aytganimdek, bu aylanma yo‘l bizga juda qimmatga tushdi. O‘zimizni adolatsizlik tavqi ila la’natlamaslik uchun uzoq vaqt shubha domida qoldik. Ammo bugun ana shu shubha kuchimizga kuch qo‘shib, zafar sari boshlayotir.
Ha, men bularning barini sizga qat’iy ishonch, o‘ktam shiddat bilan aytyapman. To‘g‘risi, shu haqda o‘ylab ko‘rish uchun menda fursat yetarli bo‘ldi. Fikrlash uchun eng yaxshi vaqt – tun, deydilar. Mana, uch yil bo‘libdiki, sizlar bizning shaharlarimiz va yuraklarimizni zulmatga botirgansiz. Biz bu orada shu zulmataro surinib-paypaslanib, bir g‘oya izladikki, bugun o‘sha g‘oya sizga qarshi bir askardek jangga kirayotir. Ha, endi men siz bilan aql haqida gaplashmog‘im mumkin. Zero, endi avvalgi shubhalarimiz aridi, haqiqat biz tomonda ekaniga ishonch paydo bo‘ldi va shu sabab ham jasoratimiz ortganidan ortmoqda. Menimcha, aqlga sizdek bepisand boquvchi kimsa uchun uning yana bir bor asriy uyqudan turib, tarixda o‘z o‘rnini egallashi favqulodda holdek ko‘rinsa ajabmas.
Shu o‘rinda men sizga yana bir mulohazani aytmoqchiman. Aniqrog‘i, ishonch qalbda o‘z-o‘zicha quvonch uyg‘otmasligi haqida to‘xtalmoqchiman. Men sizga bitayotgan barcha so‘zlarni ayni shu ma’noda tushunmoq kerak. Ammo fikrimni davom ettirishdan avval sizning oldingizdagi, do‘stligimiz oldidagi bir burchimni ado etib olay. Men barbod bo‘layotgan do‘stligimiz taqozo etadigan so‘nggi choraga qo‘l urmoqchiman, ya’ni sizga barini bir boshdan tushuntirmoqchiman. Bir vaqtlar “Siz vataningizni sevmas ekansiz”, deya yuzimga solgan ta’nangizga allaqachon javob berdim, ammo shuni eslasam, hali-hanuz dilim og‘riydi. Bugun men sizning “aql” so‘zini bepisandlik bilan masxaraomuz tinglaganingizga javob qaytarmoqchiman. “Fransiya barcha zakiylari timsolida, – dedingiz siz, – bugun o‘zligidan voz kechmoqda. Sizning ziyolilaringiz, shart-sharoitga qarab, yo telbavor noumidlik, yo mavhum haqiqatni vatanidan afzal ko‘radi. Biz, olmonlar esa Germaniyani o‘sha haqiqatingiz-u noumidligingizdan yuksak qo‘yamiz”. Sirtdan siz haqdek ko‘rinasiz. Biroq, avval ham aytganimdek, biz adolatni goho vatandan a’lo ko‘rganmiz, bu esa shuni anglatadiki, biz vatanni uning adolati bilan sevishni istaganmiz, uni haqiqat va umid diyori sifatida ko‘rishni xohlaganmiz. Bizning sizdan farqimiz – shunda: biz vatanga nisbatan talabchan edik. Sizga millat qudratini yuksaltirishning o‘zi kifoya, biz esa buning yoniga haqiqatni ham qo‘shishni istardik. Siz dohiylaringiz yuqoridan turib singdirgan aqidaga so‘zsiz xizmat qilish bilan qanoatlandingiz, biz eng mushkul damlarimizda ham or-nomus siyosatini yoqladik – bugun ham aynan shunday siyosat tarafidamiz. Darvoqe, men “biz” deganda, hukmdorlarimizni nazarda tutayotganim yo‘q. Zotan, hukmdorlar unchalik ahamiyatli emas.
Yana ko‘z oldimga sizning o‘sha iljayishingiz kelyapti. Siz odamlarning gap-so‘ziga unchalik ishonmas edingiz. Men ham shunday edim-u, lekin boshqalardan-da ko‘proq o‘zimdan shubhalanardim. Siz meni o‘z yo‘lingizga – oqil odam o‘z oqilligidan uyaladigan yo‘lga tortishga urindingiz. Men esa o‘sha paytdayoq sizning izingizdan yurmadim. Bugun esa ahdim yanada qat’iylashdi. “Haqiqat o‘zi nima?” deb so‘radingiz o‘shanda siz. To‘g‘ri, haligacha bu savolga javobimiz yo‘q, ammo, jillaqursa, yolg‘on nimaligini bilamiz: yolg‘on siz bizni yetaklamoqchi bo‘lgan yo‘ldir. “Ruh – jon nima?” Bu savolga ham javobimiz yo‘g‘-u, uning ziddini bilamiz, uning nomi – qotillik. “Va nihoyat, inson o‘zi – kim?” Shu joyda men sizni to‘xtataman, zero, bunisi bizga ma’lum. Inson alaloqibat mustabidlardan ham, ilohlardan ham g‘olib keluvchi xilqatdir. Inson – borliq mohiyatini belgilovchi tub asosdir. Biz ana shu nodir javharni asramog‘imiz zarur. Shunga ko‘ra, inson taqdiri va yurt qismati bugun bir-biriga chirmashib ketmoqda. Bizning ayni damdagi ishonchimiz shunga asoslangan. Agar hech narsada ma’ni bo‘lmasa edi, siz haq bo‘lar edingiz. Ammo olamda bitta bo‘lsa ham ma’nosini asragan narsa bor.
Siz bilan mening yo‘lim shu yerda ayrilishini yana bir bor aytish ortiqchalik qilmas, nazarimda. Biz vatan haqidagi tushunchamizga do‘stlik, odamiylik, baxt, adolat kabi buyuk qadriyatlarni yonma-yon qo‘ya oldik. Xuddi shu narsa bizni vatanga nisbatan ham talabchan bo‘lishga majbur etdi. Shu tariqa biz oxiri haq bo‘lib chiqdik. Chunki vatanimiz shon-sharafi deb odamlarni o‘zimizga qul qilmadik, ularning aziz qonini to‘kmadik. Haqiqat yilt etib ko‘rinishini sabr ila kutdik va bemisl azob-uqubatlararo o‘zimiz uchun aziz bo‘lgan qadriyatlar uchun jangga kirish baxtiga yetishdik. Siz esa, aksincha, vatanga aloqasi bo‘lmagan narsa uchun kurashmoqdasiz. Vatan uchun bergan qurbonlaringizning bahosi – bir pul, zero, siz muqaddas sanam bilib sig‘inayotgan qadriyatlar – soxta, yolg‘on. Siz nafaqat inson qalbiga, balki aqliga ham xiyonat qildingiz. Shu bois bugun aql sizdan adolatli o‘ch olmoqda. Aqlning qadriga yetmadingiz, dunyoga uning ko‘zi-la boqmadingiz. Mag‘lub holimda ham shuni dadil aytaman: sizlarni aynan shu xatongiz halok etadi.
Bir voqeani hikoya qilishga izn bergaysiz. Bu hodisa Fransiyaning chekka bir muzofotida yuz bergan edi. Bir kun saharda olmon askarlari yuk mashinasida o‘n bir fransuz mahkumini otib tashlash uchun qamoqxonadan qabristonga olib ketayotgandi. O‘n bir kishidan beshta yoki oltitasigina rasmana “aybdor”: varaqa tarqatgan, xufyona kurashgan va eng og‘iri – olmonlarga bo‘ysunishdan bosh tortgan edi. Ular mashina yukxonasida jimgina o‘tirar; barini qo‘rquv bosgan va bu – o‘limga ilk yuzma-yuz kelgan har bir odamga xos bir qo‘rquv edi. Qolganlar esa aybsiz edilar, hech bir jinoyat sodir etmagandilar. Birovning adashuvi yoki loqaydligi sabab o‘lib ketishi mumkinligi ularning shu so‘nggi lahzalarini achchiq azobga to‘ldirib turardi. Ular orasida o‘n olti yoshli o‘spirin ham bor edi. Uning yuzi barcha o‘spirinlarnikidek edi, shuning uchun sizga uni tasvirlab o‘tirmayman. Bolakay dahshatdan dag‘-dag‘ titrar – uyatni ham unutib, qo‘rquvini bildirib qo‘yardi. Masxaraomuz tirjaymay qo‘yaqoling: ha, qo‘rquvdan uning tishi tishiga tegmay takillardi. O‘spirinning yoniga olmon ruhoniysi o‘tqazib qo‘yilgan bo‘lib, u o‘limi yaqin sho‘rliklarga dalda berishi lozim edi. Shuni komil ishonch bilan aytishim mumkin: halizamon otib o‘ldiriladigan odamga narigi dunyodagi boqiy hayotga doir pand-nasihatlar kor qilishi dushvor. Axir, boshqa o‘liklar bilan birga qora o‘raga ko‘mib yuborishgandan keyin ham hayot davom etaverishiga ishonish qiyin-da! Xullas, asirlar yuk mashinasida sassiz ketib borardi. Ruhoniy mashina burchagiga xuddi kuchuk boladek biqinib olgan o‘spiringa yuzlandi. Bola uni kattalarga qaraganda osonroq tushunadigandek edi. O‘spirin ruhoniyning savollariga javob qaytarar ekan, mayin, taskinbaxsh ovoziga moyil bo‘lar, dilida umid shu’lasi miltillar edi. Eng dahshatli onda birovning ozgina taskini ham ilinj uyg‘otadi: balki, mo‘jiza ro‘y berib, hammasi yaxshi bo‘lar?! “Men hech narsa qilganim yo‘q”, deya bidirlaydi bolakay. “Ha-ha, – deya bosh irg‘aydi ruhoniy, – lekin buni qo‘yatur. Muhimi – o‘limni munosib qarshi olish”. “Ayting, nega ular menga ishonmayapti?” “Men sening birodaringman va senga ishonaman. Biroq endi orqaga yo‘l yo‘q. Men so‘nggi daqiqagacha sen bilan birga bo‘laman. Rahmdil Parvardigorimiz ham biz bilan birga bo‘ladi. Ko‘rasan, jon berish – juda oson”. Bola yuzini teskari buradi. Shunda ruhoniy imondan so‘z ochadi: “Xudoga ishonasanmi, bo‘tam?” “Ha”, deb javob beradi bolakay. “Ishonsang, shuni bilmog‘ing kerak: bu hayot seni kutayotgan boqiy halovat, mangu orom oldida hech narsa emas”. Bolakay bo‘lsa ayniqsa ana shu “mangu orom”dan qo‘rqadi. “Men – sening birodaringman”, deb takrorlaydi yana ruhoniy.
Boshqalar jim ketib boradi. Darvoqe, ularni ham o‘ylash kerak. Endi ruhoniy qolganlarga yuzlanadi va o‘smirga teskari o‘giriladi. Yuk mashinasi shudringli yo‘lda shilqillab boradi. G‘ira-shira subhidam paytini, uyqusi chala qolgan mahbuslar nafasini, qushlarning chug‘uri-yu otlarning kishnashidangina tusmollasa bo‘ladigan ovloq joyni ko‘z oldingizga keltiring-a! O‘smir mashinaning charm jildiga suyanadi, shunda jild surilib, yukxonaning yon devori bilan jild oralig‘ida darcha ochiladi. Agar dadilroq bo‘lsa, undan sirg‘alib chiqib, mashinadan sakrash mumkin. Ruhoniy bolaga teskari qarab o‘tiribdi, kabinadagi askarlar esa g‘ira-shirada adashmaslik uchun ko‘zini oldinga – yo‘lga tikib borayotir. Bola tuyqus charmni ko‘taradi, teshikdan sirg‘alib chiqib, o‘zini pastga otadi. Avval “gurs” etgan ovoz, so‘ng qadamlar dukuri quloqqa chalinadi, ortidan esa jimlik cho‘kadi. Qochoq dalaga chopdi – shudgor qadam tovushlarini yutardi. Ammo yukxona charmjildining bexos shitirlashi, uning tirqishidan yopirilgan namxush shamol ruhoniyni ham, mahkumlarni ham o‘girilib qarashga majbur etdi. Ruhoniy bir daqiqa asirlarga termulib qoldi, mahkumlar ham jimgina unga ko‘z tikishdi. Mana shu bir lahza ichida hayotini Xudo yo‘liga tikkan bu zot qaror chiqarishi kerak, u kim tomonda – jallodlar tarafidami yoki mazlumlar tarafida?.. Biroq u uzoq o‘ylab o‘tirmaydi-da, kabina devorini zarb bilan taqillatadi: “Achtung!” Birdan shovqin ko‘tariladi. Ikki askar yukxonaga yopiriladi-da, mahkumlarga qurol o‘qtaladi. Qolgan ikkitasi yerga sakraydi-yu dalaga yuguradi. Mashinadan bir necha qadam narida esa ruhoniy, haykaldek qotgan ko‘yi, shudgorda nimalar bo‘layotganini ko‘rishga behuda urinadi. Yukxonadagi mahkumlar sassiz quloq tutadi: askarlarning dag‘dag‘asi, bo‘g‘iq qichqiriqlar, o‘q ovozi va nihoyat, etiklarning taq-tuqi... Bola qo‘lga olinibdi. O‘q unga tegmay, yonidan o‘tib ketibdi, ammo boyoqishning shashti so‘nib, shalvirab qolibdi. Uning o‘zi yura olmas, askarlar sudrab kelar edi. Ular bolani obdon kaltaklashmabdi, ozroq do‘pposlashibdi, xolos. Hali oldinda asosiy jazo turibdi, axir! Ruhoniy endi kabinaga o‘tadi. Uning yukxonadagi o‘rnini askar egallaydi. Burchakka itarib tashlangan bola endi yig‘lamaydi. U mashinaning charm jildi va devori orasidagi tirqishdan lipillab ko‘ringan yo‘lga jimgina termuladi. Sekin-asta tong yorisha boradi.
* * *
U yog‘ini aytmay qo‘yaqolay – bilasiz. Ammo bu voqeani menga kim aytib berganini bilmaysiz. Men buni fransuz ruhoniysidan eshitdim. U bunday deb qo‘shib qo‘ydi: “Men o‘sha ruhoniyning qilmishidan juda xijolatdaman, biroq shunisidan mamnunmanki, bironta ham fransuz ruhoniysi Xudoni qotillarga xizmat qildirishga rozi bo‘lmaydi”. Ha, uning so‘zlari – ayni haqiqat. O‘sha ruhoniyingiz xuddi sizdek fikrlagani aniq. Unga hatto Yaratganga bo‘lgan e’tiqodini ham vatanga fido etish tabiiy tuyular edi. Shunday qilib, sizlar Ilohingizni ham jangga safarbar etgansiz. Xudolar albatta sizlar bilan birga (Natsistlarning “Tangri biz bilan” (Gott mit uns) degan shioriga ishora qilinmoqda) – axir, shunday deb lof urishni sevasiz-ku – ammo ular noiloj siz bilan birgadir. Sizlar boshqa hech narsani ko‘rishni va eshitishni istamaysiz, chunki boshdan-oyoq telbanamo jazavaga berilgansiz. Sizlar so‘qir g‘azabga tayanibgina jangga kirgansiz, otish va yanchish haqidagina o‘ylagansiz, vosvos bo‘lgan savdoyi kabi butun borliqni parokanda etishni xohlagansiz. Biz esa aql-u farosat qonuniyatlariga tayanar va bundan muqarrar kelib chiqajak shubhalarga berilar edik. Ha, so‘qir g‘azab qoshida biz ojiz qoldik. Ammo endi uzoq aylanma yo‘l bosib o‘tildi. Daladan ushlab kelinib, otilgan o‘sha bola aql yoniga g‘azabni ham qo‘shishimizga turtki bo‘ldi: endi biz sizdan ikki barobar kuchlimiz. Keling, g‘azab haqida so‘zlashaylik.
Yodingizdadir, boshliqlaringizdan biri qo‘qqis g‘azabga minganda, men bu holdan hayron qoldim, siz esa o‘sha choqdagi ahvolimga shunday baho berdingiz: “Bu ham axir bir fazilat-ku! Sizlar buni tushunishga ojizsiz. Chunki fransuzlarda bu xislat yo‘q – ular ipakdek yumshoq odamlar, jahl qilish qo‘llaridan kelmaydi”. Yo‘q, unday emas, fransuzlarning fazilatlar bobida ham ta’bi nozik. Ular juda zarur bo‘lgandagina g‘azabga yo‘l beradi. Bu esa g‘azabimizga mag‘rur bir qudrat baxsh etadiki, uni endi siz o‘z tanangizda his etasiz. Men ham qalbimdagi ana shu g‘azab – faqat o‘zimgagina ayon g‘azab bilan sizga xitob qilayotirman!
Sizga avval ham yozganimdek, ishonch doim ham dilga zavq bera olmaydi. Bu uzoq aylanma yo‘lni bosib o‘tish oqibatida boy bergan imkoniyatlarimiz o‘rnini to‘ldirish va o‘zligimizga sodiq qolgan holda jang qilish zavqini tuyish uchun qanday tovon to‘laganimiz har daqiqa yodimizda turadi. Aynan shu bois yurakni uvushtiruvchi ilojsizlikka ko‘nikdik, bizning kurashimiz achchiq ayriliq dog‘i, shu bilan birga, g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonchga qorishiqdir. Bizni shunchaki jang qilishning o‘zi qoniqtirmas edi. Chunki jang uchun hali vajlarimiz yetilmagan edi. Xalqimiz boshqa yo‘lni tanladi: u fuqarolik urushini, umumxalq kurashini, hayqiriqlarsiz jonfidolikni afzal ko‘rdi. Bu urushni xalqning o‘zi tanladi, uni bunga ahmoq va qo‘rqoq hukumat da’vat etgani yo‘q, bu jangda xalq o‘zini, o‘zligini topdi va bugun o‘zi haqidagi o‘z tasavvurlarini himoya qilayotir. Afsuski, xalq bu ne’mat uchun katta badal to‘ladi. Shu sabab ham bu xalq sizning millatingizdan ko‘proq ehtiromga loyiq. Zero, uning eng ulug‘ o‘g‘lonlari urush maydonida halok bo‘layotir: ana shunisi, ayniqsa, qalbimni tirnaydi. Bema’ni urushda yanayam bema’ni bir mantiq bor. O‘lim odamga har yondan hamla qiladi va tusmollab, tavakkaliga zarba beradi. Urushda mardlar ko‘ksini o‘qqa tutadi: siz har kuni xalqimizning pok ruhi timsoli bo‘lgan mard o‘g‘lonlarni otib o‘ldirayotirsiz. Sizning soddaligingiz ziyraklikdan xoli emas. Garchi siz tanlov zaruratidan bexabar bo‘lsangiz ham, qirish zaruratidan boxabarsiz. Biz – ruh posbonlari esa shuni bilamizki, agar kuch ruhni qattiq iskanjaga olsa, ruh halok bo‘lishi mumkin. Ammo biz boshqa bir ulug‘vor kuchga ishonamiz. Siz o‘qdan ko‘ksi ilma-teshik bo‘lgan qurbonlarning qiyshaygan yuzlariga qarab, bizning haqiqatimiz yuzini ham shunday bejay olaman, deb o‘ylaysiz. Aslo! Siz Fransiyani vazmin turib jang qilishga undayotgan qat’iyatni hisobga olganingizcha yo‘q. Eng qiyin onlarda ham bizga bir umid madad beradi: birodarlarimiz o‘z jallodlaridan ko‘ra sabrli va sizlarning o‘qlaringiz sonidan ko‘proq. Hali o‘zingiz amin bo‘lasiz: fransuzlar g‘azablanishga ham qodirdirlar!
*Rene Leyno (1910–44) – Kamyuning do‘sti, “Combat” gazetasida birga ishlagan hamkasbi. Gestapochilar tomonidan otib o‘ldirilgan.
1943-yil, dekabr.
Alber KAMYU
Karim BAHRIYEV tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q