Joriy yilning 18-iyul kunidan buyon poytaxtimizning mashhur maskanlaridan Tashkent City Mall do‘koni ichida Madaniyat va sportni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimediali ko‘rgazma davom etmoqda. Aziz vatandoshlar, qadrli talabalar, albatta vaqt topib mazkur ko‘rgazmaga tashrif buyuring. Unda Siz bir muddat bo‘lsa-da bundan qariyib yuz yil avvalgi Turkistonga safar qilasiz. Jadid taraqqiyparvarlari, ular yashagan davrga oid qanchadan qancha tarixiy suratlar, foto va fono hujjatlar, eng asosiysi, 1922-yil Olmoniya mamlakatiga ilm istab yo‘l olgan 70 dan ortiq turkistonlik talabalar va ularning sevgi, hasrat va hayajonga to‘la maktublari...
Sonsiz suratlarda Siz bilgan, bilmagan Abduvahob Murodiy, Sattor Jabbor, Sulton Matqul, Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, To‘lagan Mo‘min, Bahovuddin Amin, Olimjon Qodiriy, Nusratullo Omonullo, Muhammadjon va Rahmatjon Avazjonovlar, Nasriddin va Fuzayl Sherahmedovlar... Ularning Germaniyada tahsil, Vatanda mehnat va faoliyat jarayoni aks etadi. Ularning har qaysisi o‘zlarining qisqa hayot yo‘lida hikoya-yu dostonlarga arzigulik ulkan ishlarni amalga oshirganlar. Shoshiling, vaqt kam.
Quyida ulardan biri Azizxo‘ja Xo‘jayev haqida hikoya qilaman.
Aziz Xo‘jayev
Azizxo‘ja 1905-yil Buxoro shahrida taniqli mudarris, mufti Avliyoxo‘ja Atqiyoxo‘ja o‘g‘li xonadonida tavallud topgan. Azizxo‘ja avval Eski Buxoroning Govkushon mavze’sidagi jadid maktabida, so‘ng madrasada tahsil olgan. 1920-yil Buxoro amiri ag‘darilgan suronli damlarda qizil askarlarning bombardimoni natijasida Azizxo‘ja yaqinlaridan va uy joyidan mosuvo bo‘ldi.
15 yoshida yetim qolgan Azizxo‘ja boshqa kimsasiz qolgan yoshlar qatorida BXR hukumati qaramog‘idagi “Shuhado” maktabiga olinadi. Bolalik vaqtidan Fitratning nazariga tushgan Azizxo‘ja 1922-yil Germaniyaga o‘qishga yuboriladigan talabalar ro‘yxatidan o‘rin oladi. Talabalarga Buxoro hukumati tomonidan mas’ul etib belgilangan Olimjon Idrisiyning hisobotlarida ham, Abduvohid Munzimning xotiralarida ham Aziz Xo‘jayev buxorolik talabalarning eng tirishqoq va eng iqtidorlilaridan biri sifatida tilga olinadi. Aziz Xo‘jayev qisqa muddatli til kursidan so‘ng olmon tilini o‘rganib, Berlin universitetining iqtisod fakultetiga o‘qishga kiradi. 1926-yilning so‘nggida oliy ma’lumot haqidagi diplomni qo‘lga kiritgan Aziz Xo‘jayev Vatanga qaytadi. Afsuski, uning uchun Samarqandda ishga joylashishning imkoni topilmadi. Azizxo‘ja ustozi Bakir Cho‘ponzoda, Ismoil Hikmatbeylar taklifi bilan Bokuga yo‘l olib, Ozarboyjon davlat universitetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kiradi. Albatta, olmon, ingliz, arab, fors, urdu, turk, rus tillarini mukammal egallagan Azizxo‘ja har qanday ta’lim dargohi uchun kerakli mutaxassis edi. U aspiranturaga kirib tadqiqotni boshlab yuboradi. Ittifoqning yirik nashrlarida, Boku, Toshkent shaharlaridagi iqtisodiy axborotnomalarida, matbuot sahifalarida Aziz Xo‘jayevning qator tahliliy maqolalari chop etildi. Uning izidan tushgan OGPU josuslari Azizxo‘jani Bokuni tark etishga majbur qiladilar. 1928-yilning so‘nggida Toshkentga kelgan Aziz Xo‘jayev O‘zbekiston Maorif nozirligiga ishga joylashib, ayni paytda Sharqshunoslik fakultetida fors-urdu tillaridan, O‘rta Osiyo davlat universitetida iqtisodiyot fanidan talabalarga ta’lim berishga kirishadi. “Pravda Vostoka” gazetasida tarjimonlik ham qiladi.
Aziz Xo‘jayev bir vaqtlar Turkiyada tahsil olib qaytgan Shahid Eson Musayev, Ismoil Sadriy, Mirzoamin Muhiddinovlar bilan ilmiy munozaralar olib boradi. Ayniqsa, 1929-yil Toshkentdagi Vostochnaya ko‘chasidan 10-uyni sotib olgach, uning xonadoni Qiyomiddin Kiromiddin, Atoullo Sayfulmulk, Omonullo Nusratullo kabi Germaniyada tahsil olib qaytgan sobiq do‘stlari, shoir Bahrom Haydariy, yosh opera xonandasi Nazira Ahmedova, yozuvchi Kibalchich, Mansurbek Xudoyorxonov kabi yaqinlarining doimiy suhbatlari markaziga aylanadi. Bu esa insonlarning har bir harakatini kuzatib turuvchi OGPU ayg‘oqchilarining nazaridan chetda qolmadi. Uni tuzoqqa tushinirish maqsadida 1929-yil 5-dekabrda OGPU 4-bo‘limiga avval tarjimon sifatida qabul qiladi, keyinroq esa “Gans” laqabini berib maxsus agent sifatida yollaydi. Aziz Xo‘jayevni Toshkentdagi afg‘on konsulining tarjimoni Sulaymon Askarov, fors konsulligidan Mexdixon Hakimiy, Xitoy konsulining tarjimoni qoshg‘arlik Isabekov, xitoylik Van Syun Bo, Shi Ven Yu kabi odamlar bilan tanishtirib, Afg‘oniston, Eron va Xitoy davlatlarining tashqi aloqalariga oid xabarlarni topishni talab qilishadi. Biroq Azizxo‘janing bu ishga hech bir rag‘batini ko‘rmagach, OGPU uning o‘zini qamoqqa tiqish choralarini izlay boshlaydi. Bunga Fitrat afg‘on elchiligi orqali Aziz Xo‘jayevni xat bilan Turkiyaga – Usmon Xo‘jayevga yubormoqchi, degan xabar bahona bo‘ladi. Ishni zudlik bilan amalga oshirish maqsadida uning xonadoniga Anna Doroshenko, Mira Martinovskaya, Vera Aleksandrova, Katya, Antonina, Olya, Shura kabi GPU ayg‘oqchilarini tashlaydi. Bir necha kun uning uyida yashagan “mehmonlar” hamma voqeliklarni kerakli joyga muntazam yetkazib turadilar.
Vanihoyat, 1932-yil 13-may kuni O‘rta Osiyo OGPU 4-bo‘limi xodimi Bulato Aziz Xo‘jayevni aksilinqilobchi, chet el josusi deb O‘zSSR JKning 59-, 70-moddalari bilan ayblab qamoqqa olishga qaror qiladi. 1932-yil 14-may tunida uning xonadoniga noma’lum kimsalar tashrif buyuradi. Sodda, samimiy Azizxo‘ja xonumonidan ayrilayotgan holda ham o‘zining ajali sababchilari bo‘layotgan makkora “mehmon”larini qutqarishga harakat qiladi.
1932-yil 15–28-may kunlari muntazam so‘roqlar davomida angladiki “mehmon”lar uning so‘nggi kunlaridagi barcha harakatlarini oqizmay-tomizmay yozib borishgan ekanlar.
1932-yil 8-iyun kuni yuzlashtirishda u hamkasbim deb bilgan Anna Doroshenko o‘zining Toshkentga 1932-yil 14-yanvarda maxsus topshiriq bilan kelganini, Azizxo‘janing yonidagi barcha do‘stlari, ularning kasb-kori, “adres”lari bilan so‘zlab beradi. Shuningdek, uning aksilsovet ruhda “...bechora xalqim ruslarning qo‘lida ingliz mustamlakalari xalqlaridan ko‘ra ming bora xor bo‘ldi. Bizda iqtidorlar ko‘p, hokimiyat bizda bo‘lishi kerak. Men GPUdan qo‘rqmayman. Kommunistlar o‘z kelajagini ko‘ra olmaydi, gazetalarning hammasi yolg‘on yozadi. Albatta, biz ruslarni quvib hokimiyatni o‘zimiz olamiz...” deganini aytadi.
1932-yil iyul-avgust oylarida muntazam jismoniy tazyiq va tahqirlar ostida Aziz Xo‘jayevdan Toshkentdagi, Afg‘onistondagi barcha tanishlari haqida so‘rab-surishtiradilar. Biroq Azizxo‘jadan birorta arzirli ma’lumot olaolmadi. Aksincha, o‘zining hech qachon vatanni sotmasligi, unga zulm faqat boshqalarga tuhmat etmagani, yolg‘on ko‘rsatma bermayotgani uchun bo‘layotganini aytib, “Insonlarga bo‘hton qilib zulm etmayotganim uchun meni yo‘q qilmoqqa kirishdinglar. Men aslida SSSRga kelmadim, onam va singlim uchun O‘zbekistonga keldim. Senlarga aslida davlat kerak emas, o‘zlaringning unvonlaringni ko‘tarish uchun hech narsadan qaytmaysanlar”, deydi.
1932-yilda 22-avgustda ayblov bayonnomasi imzolanib, unda Aziz Xo‘jayev Buxoro amiri mulozimi oilasidan chiqqan, otasi sovetlarga qarshi kurashda halok bo‘lgan, ashaddiy aksilinqilobchi kabi ayblar qo‘yildi. Aziz Xo‘jayev ishi 1932-yil 10-sentyabrda Moskvaga yuboriladi va 1932-yil 20-oktyabrda OGPU qoshidagi “uchlik” tomonidan 5 yil konslagerga hukm qilinadi. U avval Sazlagda bo‘ldi, 1933-yil 29-iyundan dahshatli Solovka lageriga etap qilinadi. Azizxo‘ja 1935-yil 15-sentyabrda SSSR bosh Prokurori Vishinskiyga ariza yo‘llab, o‘zining 1932-yil 14-mayda bo‘hton asosida qamoqqa olingani, tintuv vaqtida yo‘l qo‘yilgan haqsizliklar, hatto uning tilla soatini o‘g‘irlab ro‘yxatga olishmaganini yozadi. “...Lagerda hayot qiynoq va azoblash ustiga qurilgan, ko‘pchilik obro‘ orttirish uchun vijdonli insonlar ustidan tuhmat qiladi yoxud karyera uchun insonlarni antisovet deb ayblashadi. To‘rt yarim yillik jazoni o‘tashim bilan “ochlik e’lon qilgani uchun” deb bir oyga yolg‘iz kameraga yo‘llashdi. Xotinimni abadiy yo‘qotdim. Haqiqat uchun betinim kurashdim, ammo bu biror kishini qiziqtirmadi. Lager rahbariyatiga yuzlab xat yozdim, birortasiga e’tibor bo‘lmadi. Aksincha, boshimga tashvish soldilar. Mana yaqinda 5 yillik muddat ham tugaydi. Haqiqatga ishonchim so‘ngan. Hech kimga hech narsa yozishdan foyda yo‘qligini bilaman, ammo ilinj bor. 75 yoshli onam, kasalmand qizim meni kutmoqda” deb yordam so‘raydi u. Darhaqiqat, bu arizadan so‘ng uning ahvoli yanada yomonlashdi. Uning yoniga turli kishilar kiritilib, har bir harakatini kuzatadilar. Lagerning mas’ul xodimlari Panamaryev, Akimov, Movshevich kabi kimsalar Aziz Xo‘jayevni ish qobiliyati 2-guruh, mehnatga munosabati yomon, tegishli normani bajarmagan, mayda millatlar va troskiychilar bilan aloqada, o‘zining huquqini talab qilib, ochlik e’lon qiladi deb salbiy tavsiflaydilar. 1936-yil 7-aprelda qurilish qoidasini buzgan deb 15 kunga, 1936-yil 26-oktyabrda tonggi yig‘inga kelmagan degan bahona bilan yana 5 kunga qamoqqa buyuradilar. Aziz Xo‘jayev haqsizlik va zulmni aslo tan olmadi. Jazo muddati tugagani uchun boshqa saqlab tura olmasligiga ishongan qamoqxona ma’muriyati uni “Uchlik” yig‘iniga taqdim etadi. Mash’um “uchlik” 1937-yil 25-noyabrda Aziz Xo‘jayevning biror aybini asoslay olmasa-da oliy jazoga hukm qildi va 1937-yil 7-dekabrda ijro etildi. Yana bir o‘zbek o‘g‘loni dushman o‘qidan jon beradi...
1956-yil 29-iyulda Stalinobod shahridan Oyisha Azizxodjayeva SSSR Bosh Prokuroriga ariza yo‘llab, o‘zining 7 yoshligida – 1932-yil qamoqqa olingan otasi, SAGU o‘qituvchisi Aziz Xo‘jayevning so‘nggi taqdiri haqida xabar berishlarini so‘raydi. Oyisha otasining 1937-yil 23-sentyabrda Soloves orolidagi Belomor-Baltika MTLning 8-bo‘limidan yozgan so‘nggi xatida yaqinda qaytishini, biroq uning ortida yana kimlardir uni yubormaslik uchun turli bahonalar qidirib qayta qamoqqa tiqmoqchi ekanini xavotir bilan yozgan edi, deydi. Shundan so‘ng Aziz Xo‘jayev ishi qayta ko‘rishga topshirildi. Qayta so‘roqlarda uning uchun yig‘ilgan memorandumlarning barchasi maxsus qaror asosida yo‘q qilingani ma’lum bo‘ldi. Guvohlik bergan qizlarning birortasi topilmadi. Uning mutloq aybsiz hibsga olinib mahv etilgani ma’lum bo‘ldi.
Aziz Xo‘jayev 1958-yil 28-aprelda oqlandi. 1958-yil 4-may kuni bu xushxabar qizi Oyisha Azizxodjayevaga yetkazildi. Uning vayron bo‘lgan bolaligi, otasining uvol ketgan hayoti uchun sovet davlati ikki oylik maosh miqdoridagi jarima puli to‘lab o‘z gunohini yuvgan bo‘ldi...
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q