“Oʻgʻuzlarni Dashti Qipchoqdan janubga siljitgan asosiy omil – iqlim edi”. Saljuqiy o‘g‘uzlarning Xurosonga kelishi tarixi


Saqlash
12:46 / 25.08.2025 30 0

 

Turkistonning oʻtroq va koʻchmanchi xalqlari migratsiya natijasida oʻzaro integratsiyaga kirishib, assimilyatsiyalashib borgan. Ushbu jarayonni ilmiy asosda tahlil qilishda siyosiy va madaniy omillar keng yoritilgan boʻlsa-da, ekologiya va iqlim oʻzgarishi kabi tabiiy omillarga oid tadqiqotlar hanuzgacha yetarli emas.

 

XXI asrda ilm-fanning yutuqlari tarixiy jarayonlarni tabiiy-geografik va iqlimiy faktorlar bilan bogʻliq holda oʻrganishga katta yordam bermoqda. Iqlim oʻzgarishlarining global tarixga taʼsiri borasidagi ilk nazariy yondashuvlardan biri britaniyalik meteorolog Hubert Horas Lemb tomonidan 1965-yilda ilgari surilgan boʻlib, u “Oʻrta asrlarning issiq davri” (Medieval Warm Period) atamasini ilm-fanga kiritdi. Shundan soʻng iqlimning inson tarixi va geosiyosiy harakatlarga taʼsiri borasida keng qamrovli tadqiqotlar amalga oshirila boshlandi.

 

Oʻrta asrlarning issiq davri (MWP) tushunchasi

 

Iqlimshunos olimlar tomonidan ilgari surilayotgan MWP (Oʻrta asrlarning issiq davri) X-XIII asrlarni oʻz ichiga oladi. Bu nazariyaga koʻra iqlim bu davrda undan oldingi va keyingi davrlarga nisbatan ancha issiq va quruq boʻlgan. Turkiston hududidagi iqlimiy sharoit butun tarix davomida asosan Atlantika va Oʻrta yer dengizi mintaqasidan keladigan havo massalari bilan bogʻliq boʻlgan. Bu yerlarda shakllangan bulutlar havo massalari mintaqaga kirib kelgunga qadar oʻzining asosiy namlik massalarini sarflab boʻladi va deyarli kontinental xarakterlarni shakllantiradi.

 

Markaziy Osiyoning janubi va sharqidagi Hindikush, Pomir, Tangritogʻ (Tyanshan) esa janubi sharqdan Hind okeanida shakllanadigan musson iqlimdan toʻsib turadi. Shu sababdan ham hududdagi iqlimiy sharoit: xususan yogʻinlar miqdori va intensivligi asosan Atlantika okeanida tarix davomida yuz bergan oʻzgarishlarga chambarchas bogʻliq . Aynan Atlantika okeanidagi iqlimning isishi va kontinentallashuvi Turkistonda ham X-XIII asrlarda iqlimning isishi va quruqlashishiga olib kelgan.

 

Markaziy Osiyoning gʻarbiy qismi hisoblangan Orol dengizi havzasida iqlimshunoslar X-XIII asrlar davomida havo haroratining koʻtarilishi va havoning quruqlashib ketganligini bir qancha laboratoriya usullari orqali isbotlashga harakat qilgan. Aynan mazkur davr Turkistonidagi tarixiy jarayonlarga eʼtibor qaratar ekanmiz bu yerdagi migratsiya jarayonlari bilan iqlim oʻzgarishlaridagi parallellikni sezish mumkin. Quyida Turkistonda oʻrta asrlarning issiq davrida yuz bergan siyosiy jarayonlarni koʻrib chiqamiz.

 

Qoraqum va Qizilqum, Ustyurt, Dashti Qipchoq kabi choʻl va dashtlarda azaldan koʻchmanchi qavmlar yashab kelgan boʻlsa, togʻli mintaqalarda lalmi dehqonchilik bilan shugʻullanadigan, Amudaryo va Sirdaryo kabi mintaqaning yirik daryolari, Zarafshon, Murgʻob, Tajan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoradaryo, Norin, Chirchiq kabi kichik daryolarning vohalarida sugʻorma dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oʻtroq aholi yashab kelgan.

 

MWP omili Xorazm vohasiga taʼsir qilganmi? Qilgan. Ajablanarlisi, boshqa mintaqalardan farqli ravishda Xorazm vohasi uchun issiqlik omili dastlabki davrda u qadar dahshatli boʻlmagan, balki aynan MWP omili Xorazm vohasining mintaqadagi boshqa kuchlarga nisbatan kuchliroq boʻlishiga zamin yaratgan. Buning sababi Xorazm vohasi iqtisodiyotining dehqonchilikka, dehqonchilik esa yillik yogʻingarchilikka va namchil havoga emas, Amudaryoga bogʻliqligidir. Butun dunyoda havoning isib borishi abadiy muzliklarning koʻproq erishiga va daryoning suvi koʻproq boʻlishiga sabab boʻlgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki Turkistondagi koʻplab kichik daryolarning suv manbai qishda tushgan qor va bahorgi yogʻingarchilik davomida shakllangan suv massasiga bogʻliq va odatda bu sel daryolari yoz mavsumiga kelib qurib qoladi.

 

Maqdisiy va boshqa sayyoh va tarixchilarga koʻra, Xorazmning bosh shahri Katni X asr arafasida asta-sekin suv bosib boradi va nihoyat yuvib ketadi. Aynan shu davrda Xorazmning yana bir poytaxti Jurjoniya (Gurganch)ni ham suv bosadi. Urganchliklar shaharni daryo yuvib ketmasligi uchun yogʻoch va shoh-shabbalardan foydalanib toʻgʻon qurgan hamda daryo sharqqa qarab oqa boshlagan.

 

Xorazmning ikki poytaxtini ham suv bosishi daryo suvini boshqarish imkonsiz boʻlib qolganidan darak beradi. Ibn Havqal, Maqdisiy, Istaxriy kabilar bergan xabarlarga asoslanib Amudaryoning bir qismi X asrgacha Oʻzboy orqali gʻarbga, Kaspiy tomon oqqan.

 

«Jayhunning asosiy irmogʻi Niso shahrining ortidagi Balxan degan joyga quyilar edi. Balxan amiri Xorazm hukmdori bilan qarindoshlik aloqalarini oʻrnatib u bilan qimor oʻynadi. Xorazm hukmdori qimorda yutdi va kelishuvga koʻra Balxan amiri yengilsa daryo suvini bir kun davomida ular tarafdagi irmoqqa qaratishi kerak edi. U soʻzida turdi va daryoni bir kun davomida ular tarafga oqishiga ruxsat berdi. Daryo burildi va ular tarafga qarab oqa boshladi ammo endi daryoni eski oʻzaniga qaytarishga imkon boʻlmadi. Daryoning suvi bugungacha shu tarafga qarab oqmoqda. Daryo Kat tarafga qarab oqarkan, xorazmliklar kanallar qazib atrofiga shaharlar bunyod qildilar. Balxan suvsizlikdan xarobaga aylandi, deb yozadi Maqdisiy.

 

Bu bir rivoyat boʻlsa-da, undan X asrda Amudaryoning quyi qismida keskin oʻzgarishlar sodir boʻlganligini bilish mumkin. Istahriy 930-933-yillarda Xorazmdagi 13 ta shaharlar nomlarini keltirgan boʻlsa, 985-yilda Xorazmga kelgan Maqdisiy 32 ta shaharlar nomlarini keltirib oʻtgan.

 

MWP omili abadiy muzliklarni eritib, Amudaryoda suvini koʻpaytirar ekan, uning quyi oqimida joylashgan Xorazmda dehqonchilik va chorvadorlik rivojlanadi.

 

Oʻgʻuzlarni koʻchishiga MWPʼning taʼsiri

 

Aynan 950-yillardan boshlab Dashti Qipchoqdagi Oʻgʻuz yabgʻulari konfederatsiyasida koʻchmanchi tarzda yashayotgan oʻgʻuzlarning Quyi Sirdaryo, Quyi Amudaryo va Buxoro vohasi hududlariga koʻchishi kuzatiladi. Bu borada britaniyalik tarixchi Endryu Pekok chorvachilik asosiy turmush tarzi hisoblangan oʻgʻuzlarning koʻchishiga sabab qurgʻoqchilik natijasida zarur boʻlgan oʻtloqlarning kamayib ketganligi deya fikr bildirgan.

 

Bu vaqtda Dashti Qipchoq va Ustyurt dashtlarida issiq, quruq iqlim kuchayadi va chorva uchun yetarli biomassa boʻlmaydi. Natijada katta miqdordagi chorvaga ega boʻlgan oʻgʻuzlar Saljuqiylar xonadoni boshchiligida dastlab Sirdaryoning quyi oqimiga, soʻngra siyosiy nizolar sabab Nur qasabasiga, u yerdan Xorazmshoh Xorun taklifiga koʻra Xorazm vohasiga koʻchadi.

 

MWP shimoliy Yevropada insonlar hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, iqlimi keskin kontinental, havosi issiq va quruq Turkiston mintaqasida aksincha boʻladi. Oʻgʻuzlarning Movarounnahr, Xorazm va Xurosonga shimoldan kirib borishi ham aynan X asrning oʻrtalariga, yaʼni MWP boshlanishiga toʻgʻri keladi. Fikrimcha, Orol dengizi shimoli va uning atrofida VIII asrdan buyon istiqomat qilayotgan oʻgʻuzlarning aynan X asrning oʻrtalaridan boshlab bu yerlarni tashlab ketishiga faqatgina harbiy-siyosiy jarayonlar emas, balki qurgʻoqchilik ham katta taʼsir oʻtkazgan.

 

Xususan, Nishopuriy oʻgʻuzlar Movarounnahrga koʻchishiga ularning oilalari soni ortib ketgani va chorvalari uchun oʻtloqlar kamaygani asosiy sababligini yozgan.

 

X asr oʻrtalaridan va XI asr boshlarigacha oʻgʻuz yabgʻulari orasida sodir boʻlgan urushlar ham dashtdagi resurslar uchun kurash edi. Yaylovlarga yetarli yomgʻir yogʻmagani, havoning issiqligi sabab bu yerlarda koʻchmanchilik qilayotgan xalqlarning hayoti ogʻirlasha boradi. Dashtda chorva uchun yetarli yemish topilmasligi oʻgʻuzlarning yangi imkoniyatlar izlashiga turtki boʻladi.

 

Oʻgʻuzlar va Xorazm ittifoqi 

 

Beruniy qoldirgan maʼlumotlar orqali, X asrda oʻgʻuzlar Amudaryoning quyi oqimiga koʻchib kela boshlaganini bilish mumkin. Oʻgʻuzlarga qarshi kurash X asrda yashagan xorazmliklarning kundalik ishiga aylanib qoladi.

 

Beruniy xorazmliklarning Fagʻbura – “shohning chiqish vaqti” degan bayramini shunday tasvirlaydi: “Bu bayramda (Issiq havo ketib sovuq havo kelishi vaqti) Xorazm podsholari oʻz qarorgohidan chiqib, oʻgʻuz turklarini quvar va mamlakat atrofini ulardan himoya qilardi”.

 

Koʻchmanchilar chorvasini talofotsiz bir joydan ikkinchi joyga koʻchirishi uchun Sirdaryo va Amudaryoning Orolga yetmasdan bir-biriga qarab oqqan Janadaryo va Aqchadaryo oʻzanlari boʻylarini eng munosib joy deb topgan. MWP omili Aqchadaryo va Janadaryo suvini koʻpaytirgan, natijada oʻt-oʻlan oʻsgan.

 

Xorazm hukmdorlari yangi vohalarni tez surʼatlarda oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻlmagach, koʻchmanchi qavmlarning bu yerlarga kirib kelishiga qarshilik koʻrsatmagan. Saljuqiylarning, qolaversa oʻgʻuzlarning janub tomon koʻchishidagi eng asosiy yoʻl — Sirdaryoning Janadaryo irmogʻi-Amudaryoning Aqchadaryo(Baroqtom) vohasi deyish mumkin.

 

Xorazm hukmdorlari koʻchmanchi qabilalar bilan ittifoq tuzib, Gʻaznaviylar taʼsiridan chiqish niyatida boʻlgan. X asrdan boshlab oʻgʻuzlar konfederatsiyasida ichki nizolar, isyonlar boshlanadi. Bu tartibsizliklar natijasida Saljuq ibn Dukak oʻzining qiniq urugʻi qoʻshini bilan Sirdaryo boʻyida joylashgan Jandni egallaydi. Tadqiqotlarga koʻra, Saljuqning bu isyoniga qarshi hech kim javob bera olmaydi.

 

Saljuqiylar davlati asoschisi Saljuq oʻz urugʻdoshlari bilan Jandga oʻrnashgach, islom dinini qabul qilishga qaror qiladi va Xorazmning Zandak shahriga elchi yuboradi.

 

Abul Faraj bu borada Saljuqning quyidagi soʻzlarini keltiradi: “Agarda biz yashamoqchi boʻlgan yurtning dini va urf-odatlarini qabul etmasak, unda bizga bu yerda hech kim iltifot koʻrsatmas”.

 

Shundan soʻng Sajuqning vakili Zandak shahri hokimidan Islom dinining qonun-qoidalarini tushuntirib bera oladigan hamda vaʼz va nasihat etishga uquvli odam yuborishni soʻraydi. Hokim oʻz imomini dinni yangi qabul qiluvchilar uchun koʻp sonli sovgʻalar bilan joʻnatadi.

 

Saljuq ibn Dukak 1025-yili Mahmud Gʻaznaviyga maktub yoʻllab, Amudaryodan janubga oʻtishga izn soʻraydi. Saljuqlarga Obivard va Niso hududlariga oʻrnashishga ruxsat beriladi. Bu orada Saljuq oʻgʻillariga Xorazmshoh Xorun aloqaga chiqib hamkorlik taklif qiladi. Yaʼni, 1017-yili Xorazmdagi Maʼmuniylar sulolasini tugatgan Mahmud Gʻaznaviy oʻzining qoʻmondonlaridan biri Oltintoshni Xorazmga noib qilib tayinlagan edi. Oltintoshning oʻgʻli Horun Mahmud Gʻaznaviy oʻlimidan soʻng taxtga oʻtirgan Masʼudga bosh egishni istamaydi va sulton Masʼudga qarshi Buxoro atrofida joylashgan Saljuqning oʻgʻil va nevaralari Tugʻrul, Chagʻri, Ibrohim Inol boshchiligidagi Saljuqiy turkmanlar bilan ittifoqchilikka kelishib oladi.

 

Abul Fazl Bayhaqiy bu haqda shunday yozadi: «Saljuqiylar koʻp lashkar, chodir, tuya, ot va sonsiz qoʻy-qoʻzilar ila Horunning yordami bilan Xorazm hududiga keldi. Ularga Mosha raboti va Shoʻraxondan yaxshi joylar va oʻtloqlar berildi hamda koʻp hadya va ehsonlar yuborildi. Keyin Horun aytdiki, istirohat qilinglar, chunki men Xurosonga qarab yoʻlga chiqyapman va tayyorgarlik koʻrmoqdaman. Men harakatlanganimda sizlar bu yerda manzilgohlaringizni oʻrnatib, mening oldimda boringlar».

 

Saljuqiylar bu yerga sogʻ-salomat oʻrnashadi. Horun saljuqiylar bilan birgalikda Xuroson sari yurishni boshlaydi. Ammo Horunga qarshi sulton Masʼud tarafdorlari tomonidan 1135-yil may oyida uyushtirilgan suiqasd oqibatida barcha rejalar barham topadi. Xuroson sari yoʻlga chiqqan Xorazm qoʻshinida parokanda boʻladi va ortga qaytadi. Biroq, saljuqiylar yoʻlida davom etib, Xurosonga kirib boradi.

 

Saljuqiylar Xuroson uchun gʻaznaviylar bilan jang qilib, gʻalabaga erishadi. Bu gʻalabadan ilhomlangan saljuqiylar Xorazmni ham, Sirdaryo boʻyidagi shaharlarni ham egallaydi. Shundan soʻng kuchga toʻlgan oʻgʻuz-turkman urugʻlari Eron orqali Kichik Osiyo tomon yurish boshlaydi.

 

Shunday qilib, oʻgʻuzlarning katta qismi Saljuqiylar safida Movarounnahr va Xorazm, undan Xuroson sari harakat qilgan boʻlsa, bir qismi bijanaklar ortidan Sharqiy Yevropaga ketadi. Dashtda qolgan oʻgʻuzlar esa bu yerning yangi xoʻjayini boʻlgan qipchoqlar tarkibiga singib ketadi.

 

Xorazm atrofida ham maʼlum miqdorda oʻgʻuzlarning qolishi kelajakda bu yerdagi etnomadaniy jarayonlarga jiddiy taʼsir oʻtkazadi.

 

Xulosa

 

Oʻrta asrlarning issiq davri (MWP) Turkiston hududida ikki xil holatni paydo qildi: Dashti Qipchoqda keskin qurgʻoqchilik boshlandi, Zarafshon va Amudaryo boʻylarida esa sersuv muhit yaraldi. Dashti Qipchoqdagi qurgʻoqchilik dasht chorvadorlari uchun eng muhim boʻlgan narsa – yaylovlar yetishmovchiligini keltirib chiqardi. Yaylovlar yetishmasligi oʻgʻuzlarni yangi oʻtloqlarni qidirishga majbur qildi.

 

Amudaryo suvining koʻtarilishi Aqchadaryo suvini koʻpayishiga olib kelgan. Bu esa Baroqtom vohasini jonlantirgan. Natijada, Dashti Qipchoqdagi resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan oʻgʻuzlar bu hudud orqali janubga tomon migratsiyani amalga oshirgan.

 

Bekzod Abdirimov

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (Phd)

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//