“Hech qachon vatanimga xoinlik qilmaganman” – taraqqiyparvarlar homiysi Nasriddin Sherahmedov


Saqlash
17:03 / 10.10.2022 1257 0

Nasriddin Sherahmedov 1908-yili Toshkentning “Qoryog‘di” mahallasida, taniqli savdogar Hojiahmadboy Sherahmadboy o‘g‘li xonadonida dunyoga kelgan. Avval jadid, rus-tuzem maktablarida, so‘ng Munavvarqori Abdurashidxonovning “Namuna”, Said Ahroriyning “Vatan” maktablarida o‘qiydi. 1922-yilning kuzida Nasriddin Sherahmedov qardoshlari Saida va Fuzayllar bilan “Ko‘mak” tashkiloti tomonidan Germaniyada tahsil olishga jo‘natiladi. Berlinda tezkor nemis tili kursini o‘qib tugatishi bilan Saida Darmshtadtga, Fuzayl Shtreylisga o‘qishga ketadi.

 

Nasriddin Sherahmedov 1924-1925-yillari Berlindagi oliy savdo maktabida o‘qiydi. 1925-yili Geydelberg universitetiga o‘qishga qabul qilinadi. Biroq 1926-yil yanvarda Toshkentga kelganida uning pasporti olib qo‘yilib, o‘qishga qaytishiga ruxsat berilmaydi. Nasriddin bunga chiday olmay o‘zini otib qo‘yadi. Faqat baxtli tasodif bilangina tirik qolgan Nasriddin 1927-yili Batumi orqali Germaniyaga chiqib ketmoqchi bo‘ladi, chegarada qo‘lga olinadi. 7 oy hibsda saqlanadi. Uni GPU o‘ziga “yollab”, keyingina ozodlikka chiqaradi.

 

Nasriddin Sherahmedov 1928–1930-yillari O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning iqtisodiyot fakultetida tahsil oladi. U 1930–1936-yillari Samarqand va Toshkent shaharlarida moliya sohasida ish olib boradi. 1933-yili ikkinchi marotaba Kerki orqali qochishga harakat qilgan, degan ayblov bilan yana qamoqqa olinadi. Bir muddat hibsda bo‘lgach, dalillar yetmaganligi tufayli qamoqdan qutiladi. Biroq davlat idoralariga ishga kira olmaydi. Shundan so‘ng tibbiyot bilim yurtiga kirib, tish shifokori yo‘nalishida o‘qiy boshlaydi.

 

Nasriddin Sherahmedov 1937-yil 2-yanvar kuni Toshkent shahri 1-May ko‘chasi 80-uydan qamoqqa olinadi. 3-yanvarda uning uyida o‘tkazilgan tintuvda pasporti, harbiy bileti, 30 nomdagi nemis tilidagi kitoblari, otkritkalar, 5 ta nemischa jurnal va 29 nomdagi gazeta xatlanib, o‘zi bilan olib ketiladi. Uning ortida 72 yoshli otasi Hojiahmad Sherahmedov, 56 yoshli onasi Hamidabonu, 29 yoshli turmush o‘rtog‘i Mahfuza Orifxo‘ja qizi, qizlari 10 yoshli Adibaxon hamda 6 yoshli Alfiyalar qon yig‘lab qoladilar.

 

1937-yil 4-yanvar kuni ilk so‘roqda tintuvda tortib olingan kitoblari haqida surishtirishadi. 5-yanvar kungi so‘roq Berlindagi “Turkistonlik talabalar uyushmasi” faoliyati haqida bo‘ladi. Nasriddin talabalar asosiy vaqtini ilm olishga sarflagani va hech qanday siyosiy yoki josuslik faoliyati bilan shug‘ullanishmaganini ta’kidlaydi. Biroq, so‘roqlarda kun sayin jismoniy qiynoq va tahqirlar orttirib boriladi.

 

1937-yil 17-yanvarda “Siz o‘zingizni aybdor deb bilasizmi?” degan savolga Nasriddin 1928-yil fevral oyida GPUga yollanganman, do‘stlarimning yo‘q qilinishidan qo‘rqib, birorta axborot bermagan bo‘lsam-da, hech qachon vatanimga xoinlik qilmaganman, deydi. 1937-yil 2-fevral kungi so‘roqda u 1936-yil sentabrdagi Sattor Jabbor bilan qilgan suhbatida “O‘zbeklar eski shaharga tiqilib qolgan. Toshkent ruslarning shahriga aylanib boryapti, o‘zbeklar uchun yangi shahardan uy berishmayapti” kabi so‘zlarni aytganiga javob beradi. Shundan so‘ng ishga 1934-yil 3-oktabrdagi Asqarxon Polvonovning “Andho‘y viloyatida toshkentlik Shokirqori va Sharof qorilar yashaydi, ular olmos savdosi bilan shug‘ullanadi. Nasriddin Toshkentdan ularning mol olib sotishida vositachilik qiladi. O‘zim Toshkentda eski Qur’onlarni sotib olganimda, Nasriddin ulardan birini 500 so‘mga mendan sotib olgan edi” degan ko‘rsatmasi, 1937-yil 26-yanvardagi Mirza Bobomuhammedovning Nasriddin Sherahmedovga qarshi ko‘rsatmalari tikiladi.

 

Nasriddin Sherahmedov tergovni tezlashtirishni talab etib ochlik e’lon qilgach, siquvni yanada kuchaytiradilar. 1938-yil 26-sentabr kuni boshqa hech narsani qo‘shimcha qila olmasligini aytib, ortiq so‘roq berishni qat’iyan rad etadi. 1938-yil 30-sentabrda To‘lagan Mo‘min bilan yuzlashtiriladi va Nasriddin tomonidan aytilgan gaplar o‘qilganida To‘lagan o‘ziga qo‘yilgan barcha tuhmatlarni qat’iyan rad etadi va “men hech qachon, hech qanday aksilsovet tashkilotini ko‘rgan ham, eshitgan ham emasman” deydi. Shundan so‘ng yuzlashtirishlar to‘xtatiladi.

 

Gaynitdinov, Akjigitov va Lisitsinlar tomonidan tayyorlangan ayblov bayonnomasida Nasriddin Sherahmedov troskiychi, 1924-yildan Tohir Shokir tomonidan josuslikka yollangan, 1922–1926-yillar davomida Berlinda Mustafo Cho‘qay bilan hamkorlikda aksilsovet tadbirlar o‘tkazgan deb O‘zSSR JKning 62, 64, 67-moddalari bilan ayblanadi. 1938-yil 9-oktabr kuni mash’um “uchlik” yig‘ini soat 10:00 dan 10:20 gacha davom etib, Nasriddin Sherahmedovni otuvga hukm etdi va hukm o‘sha kuniyoq ijro etildi.

 

Shu o‘rinda Nasriddinning turmush o‘rtog‘i Mahfuza Sherahmedova haqida ham eslab o‘tsak. Mahfuza 1905-yili Toshkent shahrida davlatmand savdogar Orifxo‘jaboy xonadonida dunyoga kelgan. U bolaligidan yaxshi ta’lim-tarbiya olib ulg‘ayadi. Orifxo‘jaboy xonadoni Turkiston taraqqiyparvarlari jamlanadigan o‘choqlardan biri edi.

 

Juda yosh bo‘lishiga qaramay otasi Mahfuzani Toshkentga kelgan turk harbiy asir zobitlaridan (subay) Haydar Shavqiybeyga nikohlab beradi. Haydar Shavqiy o‘sha vaqtda ko‘pchilik taraqqiyparvar yoshlarning eng sevimli ustoziga aylangan edi – yoshlarga ilm berardi. Go‘zal Mahfuzaning 1920–1922-yillari Haydar Shavqiybey bilan kechgan hayoti uning eng baxt-saodatga ko‘milgan davri edi. Haydar Shavqiybey 1922-yili to‘satdan GPU tomonidan hibsga olinadi. Mahfuza turmush o‘rtog‘ining qamoqqa olinishi sabablarini so‘rab, uning ortidan bir necha marta  mahramlari bilan GPU idoralariga qatnaydi. Biroq, ularni uchrashtirishga yo‘l qo‘yishmaydi. Aksincha, uning Turkiyaga chiqarib yuborilishi haqida xabar berishadi. Shundan so‘ng Haydar Shavqiybey haqida na bir xabar, na bir so‘z bo‘ldi.

 

Mahfuza ayollar tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Taqdir taqozosi bilan u Toshkentning taniqli xonadonlaridan birining farzandi Najmiddin Sherahmedovning nazariga tushadi. Munavvarqori Abdurashidxonov majlislarining doimiy ishtirokchisi Najmiddin Sherahmedov ayni vaqtda elning nazariga tushgan, sahiy tadbirkor yigitlardan edi. Saidnosir Mirjalilov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Turkiston” o‘rtoqlik jamiyatida faoliyat boshlagan Najmiddin Germaniyada tahsil olayotgan singlisi Saodat, ukalari Nasriddin va Fuzaylning Moskva, Peterburg hamda Boku shaharlarida o‘qiyotgan yuzlab o‘zbek yoshlarining yotoq va iqtisodiy muammolarini hal etar, ularning yemak va kiyinishlariga ko‘maklashardi. Ota kasbi savdogarlik yuzasidan Moskva va Rossiyaning ko‘plab ichki shaharlari bilan savdo aloqalariga ega edi.

 

Najmiddin va Mahfuzalar oilasida 1925-yili qizi Adiba tug‘iladi. 1926-yildan taraqqiyparvarlarning homiysi sifatida Najmiddin ham ta’qib va tazyiqlarga uchray boshlaydi. “Turkiston” o‘rtoqlik jamiyati faoliyatiga chek qo‘yiladi – do‘konlari, omborlari mollari bilan musodara etilib, barcha a’zolari ishsiz qoldiriladi.

 

Najmiddin Sherahmedov 1929-yilning noyabrida Munavvarqori Abdurashidxonov ishi yoki “Milliy ittihod” degan bo‘hton asosida hibsga olinadi. Shunday tashvishli onlarda – 1930-yili ikkinchi qizi Alfiya tug‘ilib, Mahfuza biroz chalg‘iydi. Ko‘p o‘tmay el orasida Najmiddin Sherahmedovning oliy jazoga hukm etilgani to‘g‘risida xabar tarqaladi. Taqdirga tan bergan Mahfuza Toshkentdagi 2-aptekada sotuvchi bo‘lib ishlay boshlaydi.

 

1934-yili Nasriddin otasi Sherahmadboyning maslahati bilan akasining bevasi Mahfuzaga uylanib, uning farzandlariga otalik qiladi. Mahfuzaning tavsiyasi bilan tish shifokorligi bilim yurtiga o‘qishga kirib, shu yo‘nalishda faoliyatga kirishadi. Biroq, 1937-yil 5-yanvarda Nasriddin Sherahmedov, 1937-yil 29-sentabr kuni Mahfuza Sherahmedova qamoqqa olinadi. Uning ikki go‘dagi – 12 yoshli Adiba va endigina 7 yoshga kirgan Alfiya to‘g‘ri bolalar uyiga yo‘llanadi. Uzoq vaqt Mahfuza bilan gaplashishga hech kimni qo‘yishmaydi. U nimaga hibsda tutib turilganini ham bilmas edi. Yagona so‘roqda otasi Toshkentning 4-mavzesida 20 dan ortiq uy va mulklarga ega 1-Gildiya savdogari bo‘lgani, o‘zining mash’um qismati haqida hikoya qiladi. So‘ng uchinchi eri bo‘lgan Nasriddinning aksilinqilobiy faoliyati haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini ta’kidlaydi. Haqiqatan, aslida Nasriddinning ham hech qanday aybi yo‘q edi. Mahfuzaning qamoqxonada saqlanishi Nasriddin uchun garov edi, xolos. Manfur tuzum yaratgan mal’un nusxalar har qaysi insonni mahv etish uchun o‘zlarining jirkanch maqsadlari yo‘lida noinsoniy qiynoqlarni qo‘llashga, har qanday tubanliklarga borishga tayyor edilar.

 

Nasriddin Sherahmedov 1938-yil 9-oktabr kuni otib tashlangach, garovda bo‘lgan Mahfuzaga nisbatan ayblov e’lon qilindi. 1938-yil 21-dekabr kuni unga O‘zSSR JKning 68-moddasini qo‘llab, erining “Turkiston” aksilinqilobiy jamiyati a’zosi ekanligini bilgan holda, uning jinoyatlarini yashirgan, degan ayb qo‘yiladi. Ish 1939-yil 3-yanvar kuni ko‘rib chiqiladi va jinoyat tarkibi mavjud emas, deb topiladi. 1939-yil 25-yanvar kuni Mahfuzaga ozodlikka chiqishi to‘g‘risida ma’lum qilinadi va turmada kechgan so‘roqlar, qiynoq usullari haqida hech qachon, hech kimga miq etmaslik haqida yozma ko‘rsatma olinib, imzolatiladi. Mahfuzani ozodlikka chiqarishga shundan so‘ng ham shoshilishmadi. 1939-yil 3-fevralga kelib sog‘lig‘i, go‘zalligi va insoniy qadr-qimmati toptalgan Mahfuza sho‘ro do‘zaxi hisoblangan turmadan qutilib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

 

Nasriddin Sherahmedov ishi qayta ko‘rilganida ishda jinoiy asos sifatida ko‘rsatilgan holatlarning birortasi tasdiqlanmadi. Jumladan, Bobomuhammedov, “savdogar” Solih Mirzayev, Isoq Alimov, Polvonov nomli kimsalarning birortasi topilmadi. Nasriddinning 1933-yili Kerkiga borib chegaradan qochmoqchi bo‘lgani voqealarini tekshirish maqsadida 1956-yil 13-noyabr kuni Toshkent shahridagi kabel zavodi ishchisi Abduqodir Muhammedov qayta so‘roq qilinadi. U so‘roqda o‘zining hech qachon Kerkiga bormagani va Nasriddin Sherahmedovni umuman tanimasligini aytadi.

 

Nasriddin Sherahmedov 1957-yil 3-oktabrda SSSR Oliy sudi tomonidan oqlandi. Xushxabar 1957-yilning 14-oktabrida Toshkent shahri, Gogol ko‘chasi, 3-uy, 24-xonadonda yashovchi uning turmush o‘rtog‘i Mahfuza Sherahmedovaga yetkaziladi. 1957-yil 27-noyabrda Mahfuza ayaga yana bir qog‘ozga imzo chektirishadi. Unda Mahfuzaning sovet davlatiga hech qanday mulkiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi yozilgan edi...

 

 

Chap tarafda Ubaydulla Xo‘jayev, o‘ngda Olimjon Idrisiy, o‘rtada Sherahmadboy uyida xizmatda bo‘lgan tatar qizlar, oldinda o‘tirganlar Nasriddin, Saodatxonim va Fuzayl Sherahmedovlar.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22515
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//