“Ular Germaniyada o‘qigan edilar” – 31 yoshida professor unvonini olgan o‘zbek kimyogar olimi Sattor Jabbor


Saqlash
13:54 / 18.05.2022 2487 0

 

20-yillarning boshlarida Turkiston va Buxoro respublikalari rahbarlari tashabbusi bilan Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar orasida Buxorodan Ahmad Naim, Samarqanddan Rauf Rasuliy, Xo‘janddan Sulton Matqul, Farg‘onadan Temirbek G‘ozibekov, Xorazmdan Maryam Sultonmurodova, Toshkentdan Xayrinisa Sultonmurodova, Saidalixo‘ja, Ibrohim Orifxon, Ahmadjon Ibrohimov, Sattor Jabbor kabilar bor edi.

 

Bo‘lg‘usi o‘zbek kimyogar olimlaridan biri Sattor Jabbor 1905-yili Toshkentda tug‘ilib, avval eski maktabda, so‘ng rus-tuzem maktabida, 1918–1921-yillarda esa “Namuna” maktabida o‘qidi. Bu maktab Toshkentda birinchi zamonaviy maktab hisoblanib, unda Sattor Jabbor bilan birga bo‘lg‘usi olim va yozuvchilar: Oybek, Mirkarim Osim, Homil Yoqubov, Subutoy Dolimov va boshqalar ham o‘qigan. Ularga o‘sha davrning yetakchi pedagoglaridan Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Eson afandi Musayev, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazonlar dars berganlar. Sattor Jabbor 1921-yili shu maktabni muvaffaqiyatli bitirib, o‘z safdoshlari bilan Navoiy nomli bilim yurtiga o‘qishga o‘tgan, keyinchalik bir guruh yoshlar bilan birga Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan Berlinga o‘qishga yuborilgan.

 

Sattor Jabbor Berlinda avval xususiy yo‘l bilan o‘qib, nemis tilidan imtihon topshirgach, 1925-yilda Haydelberg shahriga borib, u yerda ober-imtihondan o‘tib, dorilfununning kimyo fakultetiga kirgan (Bu haqda qarang: Olimjon Idris. Germaniyadagi O‘zbekiston shogirdlari, “Fargona” gazetasi. 1926-yil 22-mart). U Ertoy taxallusi bilan yozgan maqolasida Germaniyaga borganlaridan keyin ularni chorizm davrida mustamlakachilik g‘oyalari bilan zaharlangan xorijdagi ba’zi bir rus monarxistlarining masxaraomuz, istehzoli munosabatlariga qarshi o‘laroq nemislarning yaxshi kutib olganliklari, u yerdagi ta’lim-tarbiya tizimidagi mukammalliklar, buning kelgusidagi Turkiston talabalarining istiqboli uchun muhim ahamiyati haqida bunday yozgan edi:

 

“Biz 22-nchi yilning so‘nggi oylarida Germaniyaga kelgach, Buyuk Turkistonni talab, yondirib, ezib kelgan rus monarxistlari (shu jumladan) Petrovskiy Ovro‘poga yuborish uchun rus yoshlarini topa olmagan vaqtlarini eslariga olmasdan, “Sartlar Ovro‘poda nima qiladi?” degan istehzolar bilan matbuotlarida (Berlinda chiqadurgan “Rur” gazetasida) qichqirishib o‘tgan edilar. Ul qorni katta janoblar bizni Ovro‘po madaniyatiga munosib ko‘rmagan edilar!

 

Rus millatchilarining bu sovuq va qo‘pol qarashlariga qarshi germanlar tomonidan yaxshi kutib olindik. Matbuot: “Turkiston uyg‘ondi, uyg‘onsin!” kabi undovlar bilan qizg‘in maqolalar yozib o‘tdi. Germaniyaga yangi kelganimizda ko‘p muxbirlar biz bilan ko‘rishib ham ketdilar. Har qanday nemis bizni oilasiga qo‘shib olish uchun eshiklarini ochib qo‘ydi. Oddiy muallimdan boshlab do‘xturi, professori til o‘rganishimiz uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi.

 

Germanlar dunyoni sevganlari kabi, Turkistonga ham juda qiziqqanlardan ekanlar. Ular mamlakatimizni, tariximizni, istiqbolimizni bir turkistonlikdan ortiq biladurlar, taniydurlar. Yurtimiz to‘g‘risida biz uchun eng muhim bo‘lgan kitoblar yozib, boshqa tillardan ham tarjima qilganlar. Dorilfunun professorlari turkistonlik studentlardan xursanddirlar.

 

O‘z ulug‘ kishilariga chanqagan Turkiston 1925-1926-yillardan boshlab, Ovro‘poda yetishadurgan o‘z milliy agronom, mutaxassis kimyogar va do‘xturlariga ega bo‘lg‘usidir.

 

 ...Har bir millat madaniyatining tub bulog‘i bo‘lgan oddiy maktablar Germaniyada mukammal yo‘sunli rejaga olinishi barobarida o‘zicha bir dunyodir. Bu xayrlik dunyoda kelgusiga tayyorlanib turgan german yoshlari orasida bizning o‘quvchilarimiz ham yetishib kelurlar... Yana biz uchun unutilmas bir yaxshilik qildilarki, turkchamizni Ovro‘po tillari qatoriga qo‘ydilar. O‘rta maktab imtihonlarida fransuz yoki inglizcha o‘rnida o‘z ona tilimizda sinash beramiz” (Ertoy. Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining ikki yili. “Turkiston” gazetasi, 1924-yil 2-sentabr).

 

Sattor Jabbor dastlab Berlindagi o‘rta bilim yurtida nemis tilini puxta o‘rganadi va 1925-yildan 1927-yilgacha Haydelberg dorilfununida, 19281931-yillarda esa Berlin dorilfununining kimyo institutida o‘qiydi. 1931-yili sovet davlati stipendiya berishni to‘xtatib qo‘ygach, o‘qishning oxirgi yillarida moddiy yordam so‘rab universitet professorlari Shleyn va Buinshteynlarga murojaat qiladi. Ular turkistonlik talabaning o‘qishdagi yutuqlari va qobiliyatini hisobga olib, dorilfununni muvaffaqiyatli tugatishiga yordam beradilar. U Aleksandr Gumboldt nomidagi fond mablag‘i hisobiga o‘qishni davom ettiradi.

 

Sattor Jabbor muvaffaqiyatli o‘qish bilan birga shu yillarda Germaniyada tahsil olayotgan boshqa turkistonlik va buxorolik yurtdoshlari bilan birga barcha madaniy-ma’rifiy ishlarda qatnashadi. Ustozi Fitratning “Hind ixtilolchilari” asarining Berlin nashrini tashkil etuvchilaridan biri bo‘ladi, o‘zbek va nemis matbuotida she’r va maqolalari bilan faol qatnasha boshlaydi. Jumladan, u 1923-yili Berlinda nashr etilgan “Ko‘mak” jurnalida “Tilak” degan she’rini e’lon qiladi. Unda Sattor Jabbor muhabbat iztiroblarini, ma’shuqaga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini romantik tasvir vositalari orqali ifodalashga urinadi. Mazkur she’rda, bir tomondan, sevikli qiziga yetay degan oshiqning uni ko‘kdagi yulduzlar yoniga ketib, qo‘li yetmas darajada uzoqlashganidan zorlanishini ifodalagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Sattor Jabbor bu she’rdagi ma’shuqa obrazi orqali tobora uzoqlashib borayotgan istiqlol yulduzini tasvirlayotgandek bo‘ladi:

 

Qora kiygan qalam qoshli, qorako‘z,

Uzun sochli, o‘rta bo‘yli bir qizcha

O‘ynay, o‘ynay, ucha-ucha sayragan,

Bulbul kabi kelib qo‘ndi bog‘imga.

 

Yovuz qishning to‘ndirguvchi yelindan

Qotib qolgan yigitlarni o‘zining

Suchuk, suchuk so‘zi bilan turgizdi.

Hammasini o‘z izindan yurgizdi.

 

Men ko‘pdan-da uvshib qolgan qo‘limni

Tebratib etagini tutay dedim,

Biroq u ko‘kka uchdi,

Yulduzlarga qo‘shuldi.

Men esa qanoti yo‘q qushlardek

Uning nurli yuziga qarab qoldim termulib

(Sattor. Tilak. “Ko‘mak” (Berlin), 1923. 1-son. 21-bet).

 

Sattor Jabbor shu yillarda Berlinda yashagan Turkistondagi milliy istiqlolchilik harakatining faollaridan biri, taniqli tarixchi olim Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on bilan yaqin aloqada bo‘ladi, uning Turkiston tarixi hamda milliy istiqlolchilik harakatiga doir asarlarini qiziqib o‘qiydi, ularning ba’zilarini nemis tiliga tarjima etib, Germaniyada nashr etilishiga ko‘mak beradi.

 

Zaki Validiy keyinchalik turkistonlik talaba bilan uchrashuvlarini xotirlab, bunday yozgan edi: “Fayzulla Xo‘jayev hukumati Turkistondan Berlinga 70 talaba yuborgan edi. Shular ichida qozoqlardan Azimbek Berimjonov bilan Biyyilov, o‘zbeklardan Abdusattor bor edi. Har doim birga bo‘ldik, ularga qarab istiqlol uchun kurash istiqbolidan umidlanib turardim... O‘zbek talabalarining ko‘pchiligi tibbiyot, savdo, texnika ilmlarini o‘rgandi. Abdusattor esa adabiyot bilan ham shug‘ullandi. Nemischani juda puxta o‘rgandi, forschani yaxshi bilardi... Ayniqsa, forscha va chig‘atoycha g‘azallarni yoqtirardi... Juda samimiy do‘st edik. Mening Turkiston kurashi to‘g‘risidagi maqolamni nemischaga tarjima qilib, “Немецкое обозрение” jurnalida e’lon qildirdi, o‘zbek adabiyoti tarixiga doir o‘z maqolalarini ham o‘sha jurnalda chop ettirdi. O‘qishini bitirgach, Turkiyaga olib kelishga urindim, faqat viza ololmadik, mamlakatga qaytgach, uni yo‘q qilib yuborishdi. Turkiston tarixiga, ayniqsa, ozodlik kurashiga bag‘ishlangan hamma asarlarini o‘qib chiqib, mening qo‘limdagi ma’lumotlar bilan ham tanishgan edi” (Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on. Bo‘linganni bo‘ri yer. Toshkent. “Adolat”, 1997, 254-255-betlar).

 

Sattor Jabbor 1927-yili Germaniyada tahsil olayotgan bir guruh yurtdoshlari Solih Muhammad, To‘lagan Mo‘min va boshqalar bilan birga Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilari qurultoyida ishtirok etadi. Respublika ziyolilari orasidagi mafkuraviy bahs va munozaralarga, ayniqsa, Munavvar qori, Cho‘lpon, Vadud Mahmud singari pokdomon insonlarning tahqir qilinishlariga shaxsan guvoh bo‘lib, “eski” ziyolilarga qarshi keskin kurash boshlanganini ko‘radi. Va Germaniyaga qaytgach, sovetlarning O‘zbekistonda o‘tkazayotgan mustamlakachilik siyosatini qoralagan, Turkistondagi istiqlolchilik adabiyoti namoyandalariga hurmat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, shuningdek, xotin-qizlar mavzuiga bag‘ishlangan maqolalar yozadi. Chunonchi, Berlinda chiqayotgan “Ost-Yevropa” jurnalida uning “Turkiston she’riyati va shoirlari”, “Дойче Альгемейне Цайтунг” gazetasida esa “Turkiston ayollari” degan maqolalarini e’lon qiladi. “Buenos Ayres” degan nemis gazetasida qayta bosilgan so‘nggi maqolasida O‘zbekistonda ayollar ozodligi va huquqi masalalariga to‘xtalib: “Ularni haqiqiy ozodlikka sovetlar emas, kelgusi mustaqil Turkiston chiqarajak”, deb yozadi.

 

Bundan tashqari, u “Respublikada paxta uchun kurash”, “Bugungi Turkiston” kabi bir qancha maqolalarni e’lon qiladi, nemis tarixchilarining Turkiston tarixiga oid ayrim muhim asarlariga sharhlar yozadi. Germaniyadagi fan va texnika yangiliklari, o‘zbek yozuvining yangi, lotin alifbosiga ko‘chishining ahamiyati, qo‘shni turkiy respublikalarning bu boradagi tajribalarini o‘rganishning foydali tomonlari haqida O‘zbekistonda nashr etilgan gazetalarga maqolalar yozib yuboradi. Jumladan, u shu yillarda yozgan “Suyuq ko‘mir va sun’iy neft” nomli maqolasida ushbu masalaning yechimi jahon iqtisodiyoti va texnikasi rivojida katta ahamiyat kasb etishi va bu borada o‘sha yillarda Yevropa olimlari tomonidan olib borilayotgan muhim izlanishlar haqida ma’lumot berib, bunday yozadi:

 

“Hozirda ko‘p olimlarning boshini aylantirib turgan masala suyuqlashtirishdir. Tosh ham tuprok ko‘mir kabi yoqilg‘ilardan ko‘mirlarni kimyo vositasi bilan butun hosilmonlarini (benzin, gaz, isitish moylarini ham girit moylarini) sekin qizdirish yo‘li bilan chiqara olmoqchilar.

 

Yerimizning hozirgi neft buloqlari oz bir zamonda qurub qolish qo‘rqunchida bo‘lgani va unga dunyo bordi-keldisining ehtiyoji sun’iy neft hosilotlarini chiqarish uchun yangi yo‘llar, usullar qidirishga majbur etadir.

 

Avtomobillar, motorli tramvaylar, uchquchlar (samolyotlar muh.), motorli kemalar benzinni, dizel va gaz mashinalari gaz moyini va bug‘ hamda urush kemalari isitish moyini ko‘p talab qiladilar. Neft sanoati yaqin o‘n yil ichida o‘z hosilotini uch topqir oshirgan bo‘lsa ham, suyuq o‘tinga bo‘lgan ehtiyojimizni qoplay olmaydi...

 

Benzin ham boshqa neft hosilotlarini yot ellardan keltirishga o‘rganib qolgan mamlakatlar uchun ko‘mirni suyuqlashtirish juda muhim masalalardandir. Masalan, Germaniya Amerikaga har yil yuz millionlab oltin marka to‘laydi. 1924-yilda 200 million marka to‘lagan bo‘lsa, hozirda yana ortib ketdi. Mana shuning uchun o‘n yildan beri Germaniya ilmiy texnikasi tabiiy neftdan boshqa sun’iy neft o‘choqlari topish masalasi ustida ishlaydi. Buning uchun Germaniyaning eng boy ko‘mir koni olinib tajribalar yasalmoqda... Gaz xonalarga qamalgan ko‘mirni 1000 daraja qizdirganda har turli bug‘ ham gaz chiqaradi. Shulardan siqish orqasida to‘plangan quyuq suvni qatron (par) butun ayronlangan ko‘mirning 5 foizini ham bermas edi.

 

Kimyo ilmi ko‘mir bilan neft orasidagi bog‘lanishni topgandan so‘ngra suyuq o‘tun uchun ko‘mir sharafini oshirgan bir yo‘l ochdi. Xulosa. Ko‘mirdan neft chiqarish problemasi (hal qilinmagan fanniy masala) ilm tomonidan yechilgan” (Sattor. Suyuk ko‘mir va suniy neft, “Maorif va o‘qituvchi” jurnali. 1928-yil. 10-son. 51-bet).

 

XX asrning dastlabki choragida Germaniyaga borgan talabalarimiz o‘z sohalari bo‘yicha bilim olish bilan kifoyalanib qolmay, shu davrda nemis ilmiy jamoatchiligini qiziqtirgan va hatto tashvishlantirgan masalalarning mohiyatiga ham kirishga intilganlar. Yuqorida bir parchasi keltirilgan maqolani o‘qir ekanmiz, Sattor Jabbor uni neft muammosi kelajakda O‘zbekistonga ham yetib borishi mumkinligini o‘ylab yozgan bo‘lsa kerak, degan fikr uyg‘onadi.

 

Ushbu maqoladan sal keyinroq yozilgan “Yangi alifbo” nomli boshqa bir maqolasida esa u 20-yillar oxirida O‘zbekistonda boshlangan arab alifbosidan yangi lotin alifbosiga o‘tishning turli iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan respublikamiz hayotidagi ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritadi, bu borada Ozarbayjon, Turkiya kabi qo‘shni mamlakatlarda to‘plangan tajribalarni o‘rganish lozimligini qayd etadi.

 

“Bir zamonlar, deb yozadi muallif, chor Rossiyasining mustamlakasi bo‘lgan O‘rta Osiyo hozir yangi turmush, yangi madaniyat qurish yo‘liga kirib ketdi. Shul ijtimoiy yangi turmushga ega bo‘lish uchun fan-hunarga, ya’ni asriy madaniyatga ega bo‘lishimiz lozimdir. Biz fanniy madaniyatga kechish uchun umuman iqtisodiy-madaniy sohada bir talay yutuqlarimiz bo‘lsa ham bunda hali bir ko‘p kamchiliklarimiz bordir. Shu kamchiliklarimizdan biri bo‘lgan til-imlo masalasidir. Biz madaniyatimizga ilmiy tus bera olish uchun, milliy musiqamizni, milliy sahnamizni, milliy san’atimizni, milliy tarix va adabiyotimizni va butun apparatlarimizni va shul madaniyat samaralarini bir-birimizga va boshqalarga o‘rgataturgan tilimizni va uning yozuvini tuzatishimiz kerakdir.

 

Endi biz nima uchun lotin asosiga qurilgan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tamiz?

 

Masalan, bu kungi yangi alifbomizning otasi ozarbayjonli Mirza Fathali 1857-yilda arab alifbosini butun ildizi bilan o‘zgartirish haqida kitoblar yozgandir. Mirza Fathali yozgan kitoblarni Turkiya va Eronga yuborgan bo‘lsa ham, ul hukumatlardan hech qanday yordam yoxud do‘stlar topa olmagan edi. Uning zamonasida hukm surgan dahshatli imperialist rus davlati, rus chorligi, albatta, turk qavmlarining madaniyatga tezroq borishini istamas edi. Mirza Fathalining harakatlari shul sababdan bir ko‘p o‘n yillarcha o‘ksuz qoldi. Ishga yetishda o‘ksuz qolgan bo‘lsa ham butun turk dunyosiga ta’sirini qoldirdi. Ul Qofqoziya, Turkiya va Turkiston turklarida o‘zi uchun yaxshigina chuqur o‘run tutgan edi.

 

Mirza Fathalini yetishtirgan Ozarbayjon butun dunyodagi turk jumhuriyatlari ichida lotin asosida tuzulgan yangi turk alifbosini birinchi topqir qabul etgan jumhuriyatdir. Ozarbayjonda 20-yilda shul yangi alifbo bilan gazeta-jurnal chiqa boshladi. Hukumatning davlat alifbosi bo‘lib tanildi. Biz bu kun O‘zbekistonda ham yangi alifboning katta muvaffaqiyatlar bilan olg‘a qadam tashlashini ko‘rib turib, uning jonli shohidi bo‘lish sharafiga noil bo‘lganmiz. Bu sohada faol qadam tashlash va qahramonlarcha kurashish, ayniqsa, o‘quvchilar o‘rdusining muqaddas vazifasidir” (Kimyogar: S.J. Yangi alifbo, “Maorif va o‘qituvchi” jurnali, 1929-yil, 12-son, 29-30-betlar).

 

Mazkur maqola Sattor Jabborning Germaniyadagi o‘zbek talabalari davrasida o‘qigan maruzasining qisqartirilgan nusxasidir. Yosh kimyogarning bu va boshqa maqolalarini o‘qigan kishi uning ham Germaniya, ham vatani O‘zbekiston hayotida ro‘y berayotgan barcha muhim voqealarni faol kuzatib borgani va ularga munosabat bildirganini ko‘rib, hayratga tushadi.

 

Sattor Jabbor 1931-yilda O‘zbekistonga qaytib, O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining biokimyo (19321934), keyinchalik noorganik kimyo kafedralari (1935–11937) mudiri, Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi kollegiyasi a’zosi, Maorif xalq komissarligi huzuridagi Ilmiy kengash a’zosi vazifalarida ishlaydi. Toshkent Davlat Meditsina instituti noorganik kimyo kafedrasi mudiri Ma’fuaxon Alaviyaning guvohlik berishicha, Sattor Jabborga o‘sha yillari ko‘p yillik ilmiy ishlari majmuasi uchun kimyo fanlari nomzodi ilmiy unvoni berilgan. Uning asosiy ilmiy yo‘nalishi xilma-xil kimyoviy xossalarning tashkil topish kinetikasini tadqiq qilish bo‘lgan. Olimning 20 dan ortiq ilmiy ishi mavjud bo‘lib, ular orasida nemis tilidagi kimyo darsliklarining o‘zbek tiliga tarjimalari, shuningdek, ruscha-o‘zbekcha va nemischa-ruscha-o‘zbekcha kimyo terminlari kitoblari ham bo‘lgan (Qarang: Альманах. Ташкентский Медицинский институт (192(М980), Ташкент: “Медицина”, 1980, стр. 54). Uning, ayniqsa, o‘sha davrda kinetika sohasida olib borgan izlanishlari ahamiyatli bo‘lib, ular Sattor Jabborning shogirdlari tomonidan davom ettirilgan va yaxshi natijalarga erishilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Husniddin Rustamovning aytishicha, kimyogarlik fanining bu yo‘nalishi hozir jahonda katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, kinetikaning ilmiy masalalarini hal qilmasdan turib, bugungi kunda taraqqiy qilgan kimyo sanoati (kimyo va neftni qayta ishlash zavodlari), biokimyo, farmasevtika, meditsina (tibbiyot), qishloq xo‘jaligida biror yutuqqa erishib bo‘lmaydi.

 

Bundan tashqari, Sattor Jabbor respublikamizda mukammal kimyo darsliklarini yaratish, kimyo terminlarini tartibga solish, rus tilidan tarjima qilingan adabiyotlardagi terminologik chalkashliklar haqida ham maqolalar yozgan. Hozirda Jahon diplomatiyasi va iqtisodiyoti universiteti nemis tili kafedrasining katta o‘qituvchisi, olimning nevarasi Muxbira Jabbor yozganidek, Sattor Jabborning 30-yillarning boshlarida Germaniyada fashizm hokimiyat tepasiga chiqib, ko‘plab ilmiy kitoblar yondirilayotgan bir vaqtda “Tabiat dialektikasi” kitobini nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishi muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan (Bu haqda qarang: Jabbor M. Sattor Jabbor. “Tabiat dialektikasi”ning tarjimoni. Kitobda: “Tarjima nazariyasi masalalari”, Toshkent. 1979, 87-bet).

 

Sattor Jabborning shogirdi akademik Yolqin To‘raqulovning xotirlashiga ko‘ra, O‘zbekistonning bir qator shifokor va kimyogar olimlari Ergash Otaxonov, Sobir Shamsiyev va shaxsan o‘zi 1930-yilning boshlarida O‘rta Osiyo Davlat Meditsina institutiga o‘qishga kirganlarida birinchi kursning birinchi semestrida noorganik kimyo fani bo‘yicha ma’ruzalarni ilk bor o‘zbek tilida Sattor Jabbordan eshitganlar.

 

“O‘sha vaqtda, degan edi biz bilan suhbatda Yolqin To‘raqulov, noorganik kimyo kafedrasining mudiri Germaniyadan taklif qilingan professor Englyand bo‘lib, u o‘sha yillarda Sattor Jabbor bilan Germaniyadagi “Merk” firmasidan ko‘plab zamonaviy kimyo laboratoriyasi apparatlari va reaktivlarni olib kelgan edi. Kimyo va meditsina bo‘yicha mahalliy kadrlarga ehtiyoj kuchli bo‘lgani sababli ular umidli yoshlarni kafedraga yaqinlashtirishga intilganlar. Ayniqsa, Sattor Jabbor meni vidvijenes, subospirant tayyorlash maqsadida kafedrasiga yaqinlashtirib, kimyoviy tajribalar o‘tkazishda bevosita qatnashtirardi. Men shu asnoda ba’zan Sattor Jabborning nemischadan o‘zbekchaga qilgan kimyoviy kitoblardan tarjimalarini, maqolalarini ko‘chirib berar, o‘zbekcha leksiyalarni esa ruschaga tarjima qilib berardim. Keyinchalik ayrim dars leksiyalarini ham o‘qishga bera boshladi. Asta-sekin men ularning oilaviy shogirdiga aylana boshladim. U Yevropaning ilg‘or ta’limini ko‘rgan yuqori malakali va madaniyatli haqiqiy pedagog olim edi. Darslarni o‘zbek tilida nihoyatda chiroyli, ravon o‘qirdi. U o‘sha davrning yetakchi olimlari va yozuvchilari Otaxon Hoshimov, Sanjar Siddiqov, Oybek va boshqalar bilan yaqin do‘st edi. Oybekning rafiqasi kimyogar olima Zarifa Saidnosirova, Abdurahim Shamsiyev, Mahmud Hakimov, Alimov va boshqalar ham o‘sha davrda Sattor Jabbor kafedrasida ishlardi. Oybek oilasi bilan ToshMI o‘qituvchilari uyida Sattor Jabbor bilan yonma-yon qo‘shni edilar. Meni Sattor aka ba’zan o‘zlari bilan o‘zbek operalariga ham olib borardilar.

 

Bir kuni meni Toshkentdagi sobiq Karl Marks ko‘chasi (hozirgi Sayilgoh) bilan Oxunboboyev ko‘chalari chorrahasida joylashgan chet elliklar bilan savdo magaziniga boshlab borib, kostyum ham olib bergan edilar. O‘shanda kursdoshlarim meni institutda yangi kostyumda ko‘rib, devoriy gazetada: “Yolqin To‘raqulovning tushiga kiradigan asosiy narsalar: nemis tili, fransuz romanlari va ingliz kostyumi”, deb hazil yozganlari hali ham bugungiday yodimda.

 

Umuman olganda, Sattor Jabbor o‘sha davrda Mahmud Hakimov, Abdurahim Shamsiyev va boshqa ayrim kimyogar o‘zbek olimlarining dastlabki sardorlari bo‘lib, biz, yoshlarning qalbimizga ilk bor kimyo ilmining yorqin chirog‘ini yoqqan ilm mash’allaridan edilar”.

 

Taniqli faylasuf olim, professor Omonulla Fayzullayevning xotirlashiga ko‘ra, 1936-yilda O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash Sattor Jabborga professorlik unvonini bergan. “Men uning 2-kurs talabalari uchun kimyodan o‘zbek tilida o‘qigan maroqli ma’ruzasini ham eshitgan edim”, degan edi Omonulla aka.

 

Germaniyalik professor Englyand 1936-yilda nemis josusi sifatida shubha ostiga olindi va u o‘sha yiliyoq Germaniyaga qaytib ketishga majbur bo‘ldi, uning kasbdoshi Germaniyada ta’lim olgan, dastlabki o‘zbek kimyogar olimlaridan biri Sattor Jabbor esa 1937-yil 8-yanvarda josuslikda ayblanib, qamoqqa olindi. Uning qamoqqa olingan kuni to‘ldirilgan mahbuslik anketasida qayd qilinishicha, o‘sha vaqtda Sattor Jabbor Karl Marks ko‘chasidagi Toshkeng Davlat meditsina instituti olimlari uyida yashagan. Qaramog‘ida rafiqasi Toshkent tekstil instituti talabasi Mahbuba Muhamedova 26 yoshda, onasi (uy bekasi) Kamolaxon Jabborova 57 yoshda, o‘quvchi o‘g‘illari G‘affor 14 yoshda, Elxon 8 yoshda, go‘daklari Dilbar 4 yoshda, Urxon 3 yoshda, O‘zxon esa bir yoshda bo‘lishgan.

 

Qonli 1937-yilning kelishini intizorlik bilan kutib turgan NKVD tergovchilari ishni sovutmaslik uchun Sattor Jabbor hibsga olingan kunning ertasigayoq tergov ishlarini boshlab yuboradilar. Unga asosli ayb qo‘yish uchun uning Germaniyaga kimlarning yordamida borganligi, nemis matbuoti sahifalarida va turkistonlik talabalar orasida qanday g‘oyalarni tarqatganligi, O‘zbekistondagi do‘stlariga yozgan maktublarida Germaniyadagi hayotni maqtab nimalarni yozganligi hammasini surishtira boshlaydilar. So‘ngra uyi tintuv qilingan paytda qo‘lga olingan hujjatlarga tushuntirish berishni talab qiladilar. Sattor Jabbor tergovchilarning barcha savollariga batafsil javob beradi. Jumladan, 1937-yil 10-yanvarda bo‘lib o‘tgan tergovda u uyidan topilgan suratlar, xatlar, adreslar, yon daftaridagi yozuvlar va boshqalar xususidagi savollarga bunday javob beradi:

 

“1. Moskva, Gospitalniy berk ko‘chasi, 4-uy, VXA (Harbiy kimyo akademiyasi)ning 4-yotoqxona, 138-xonasi. Aliyev Yoqub. Bu kishi Harbiy kimyo akademiyasida o‘qigan. U bilan 1934-yilda Moskvada tanishganman.

 

2. Berkingeym 2-Moskva kimyo instituti professori. U kishi bilan 1934-yili Moskvada bir marta uchrashganman. Undan kimyo (fanini muh.) o‘qitish bo‘yicha dastur olganman.

 

3. Gugladze u kishi bilan 1934-yili Leningradda Mendeleyev syezdida uchrashganman. U bilan Olimlar uyida birga bo‘lganman.

 

4. Rauf Rasuliy u Germaniyada o‘qigan. SSSRga 1927-yilda qaytgan, samarqandlik, u mening eski tanishim”.

 

1937-yil 17-yanvarda davlat xavfsizligi leytenanti G‘aynutdinov yana o‘sha hujjatlardan qolganlariga ham izoh berishni talab qiladi. Sattor Jabbor javobida yon daftaridagi adreslar bo‘yicha bunday deydi:

 

“Sayfulmulyukov ilmiy xodim, agronom. U 1932-yili O‘zbekiston Davlat nashriyotida ishlagan. 1935-1936-yillarda u vaqtincha Fan komiteti qoshidagi “Sotsialistik fan va texnika” jurnaliga muharrir bo‘lib turgan. Men uni mazkur jurnal xodimi sifatida taniyman.

 

Grinberg A. SSSR Fanlar akademiyasi Kimyo instituti professori. Men u kishi bilan 1934-yili Moskvada o‘z ilmiy ishim bo‘yicha uchrashganman.

 

Abramov u 1937-yilda chaqirilgan Mendeleyev syezdining rahbari, professor.

 

Sherahmad Berlin, Kayzerale, 69. Ushbu adresda Nasriddin Sherahmedovning singlisi Saida Sherahmedova yashagan. Mazkur adresni men Myunxendagi nemis firmasi xodimi Dauten Shlegerga jo‘natganman. Men mazkur firma bilan kimyo bo‘yicha Germaniyadan ilmiy kitoblar olish masalasida yozishmalar olib borganman.

 

1932-yil. R.Englyand taqdim etgan otkritka. U 1932-yili O‘rta Osiyo Davlat Meditsina institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. U Germaniya fuqarosi bo‘lib, yoshi 50 larda. 1932-yili vatani Germaniyaga ketgan. Men u bilan 1931-yilda tanishdim. O‘zining aytishiga qaraganda, Englyand Germaniyada 1918-1919-yillarda Germaniya kommunistlar partiyasining a’zosi bo‘lgan”.

 

Tergovchilar 1937-yil 23-yanvarda biror dalil-ashyolari bo‘lmaganiga qaramay, Sattor Jabborga 19221931-yillarda Germaniyada o‘qigan vaqtida u yerdagi O‘zbekistonda mustaqil milliy burjua davlatini qurishni maqsad qilgan “Turkiston” aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti rahbarlari bilan aloqada bo‘lganlikda, SSSRga qaytgach, sovetlarga qarshi bo‘lgan chet el fuqarolari bilan aloqa o‘rnatganlikda va Toshkentdagi pedagogik faoliyati davomida o‘qituvchi ham talabalar o‘rtasida aksilinqilobiy-millatchilik ruhidagi gaplarni aytganlikda ayblaganlar. Sattor Jabbor shu kuni mazkur aybnoma tagiga uni eshitganligi haqida lotin alifbosidagi o‘zbek tilida: “Ushbu qaror menga bugun 23/1-37 da o‘qib berildi, o‘zimni aybdor, deb bilmayman”, deb imzo ham chekkan. Va shu kuni tergovchining: “Siz O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi 66- va 67- moddalarining 1-qismi bo‘yicha qo‘yilgan ayblov yuzasidan o‘z aybingizga iqror bo‘lasizmi?” degan savoliga javob berar ekan, mazkur moddalarga birma-bir to‘xtab, bunday deydi: “19221931-yillarda Germaniyada o‘qigan yillarimda hech qanday aksilinqilobiy-millatchi muhojirlar bilan aloqada bo‘lmaganman. Germaniyada ham, SSSRda ham hech qayerda aksilinqilobiy-millatchilik ruhidagi gaplarni aytgan emasman. Men o‘zimni qech bir masalada aybdor deb bilmayman. Agar men professor Englyand bilan tanish bo‘lgan bo‘lsam, bu tanishlik faqat xizmat yuzasidan bo‘lgan. Men Englyand bilan faqat O‘rta Osiyo Davlat meditsina instituti ilmiy xodimi sifatidagina tanish edim, xolos”.

 

Shundan keyin uni yana bir necha oy tergov qiynoqlari osgida ushlab, bo‘yniga qo‘yilgan “ayblar”ni tan olishga majbur qiladilar. O‘zining haqligini isbotlovchi har qanday javoblariga qaramay, Sattor Jabbordan qisman aybdor ekanligi haqidagi e’tirofnomani tasdiqlatib oladilar. Shunday qilib, Sattor Jabbor NKVDning chiqib bo‘lmas domiga ilinib qoladi, uning onasi, xotini va norasidalari esa “xalq dushmani” oilasining a’zolari sifatida uzoq yillar mobaynida azob-uqubat chekadilar.

 

Sattor Jabborning xotini Mahbuba Muhamedovanining xotirlashiga ko‘ra, 1937-yil yanvarida tunda uylariga uch kishi kelib, Sattor Jabborni tintuv va so‘roqlar qila boshlagan. So‘ng uni olib ketib, xat yozish huquqidan mahrum qilishgan. Yolg‘ondan uni 10 yilga qamoqqa hukm etildi, deb gap tarqatishgan. Toshkent To‘qimachilik institutining so‘nggi kursida o‘qiyotgan Mahbubaxon esa ikki o‘g‘li Urxon (1933-yil) va O‘zxon (1935-yil) bilan qolib, sal o‘tmay, bolalari bilan yashab turgan uyidan ham, o‘qib turgan institutidan ham haydalgan. Taxtapulda qishloq o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan otasi Dadamat Nurmuhamedov uning joniga oro kirib, ko‘chada qolgan qizini ikki bolasi bilan o‘z panohiga olgan. Mahbubaxon faqat markazqo‘m kotibi Ivanovning shaxsan aralashuvi bilangina o‘qishga qayta tiklangan va keyinchalik o‘qishni bitirib, Tekstil kombinatida ishlay boshlagan va kvartira olishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Faqat Stalin vafot etganidan keyin, 50-yillarning oxiriga kelibgina shaxsga sig‘inish oqibatlari qoralanishi bilan 1937-1938-yillardagi bedodliklar qayta ko‘rila boshladi. Bundan rag‘batlangan Sattor Jabborning onasi Kamolaxon aya Mavlonxo‘jayeva va xotini Mahbuba Muhamedova 1956-yil aprel oyining oxirlarida o‘sha vaqtda O‘zbekiston markazqo‘mining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan N.A.Muhiddinovga Sattor Jabborni oqlab berishni iltimos qilib ariza berdilar. Shunday arizalardan birida Kamolaxon aya bunday yozgan edi:

 

“O‘g‘lim Sattor Jabbor 1937-yil 8-yanvarda NKVD organlari tomonidan asossiz repressiya qilingan edi. Uning beshta bolasi qolgan. Kattasi o‘n yoshlarda bo‘lib, o‘sha kunlari vafot qilib ketgan. Qolgan to‘rtta bolasining eng kattasi ishlaydi. Uni o‘qitish uchun imkoniyat bo‘lmadi.

 

Xotini tinim bilmay ishlaydi, kisalmand. Biz hammamiz uning boqimandasi bo‘lib qolganmiz. Men hozir 80 yoshga kirdim. 20 yildan buyon tun-u kun o‘g‘limni kutib yig‘lab, ko‘zim ko‘r bo‘lib qoldi.

 

Bizning hammamizning iltijoimiz shuki, uning ishini qayta ko‘rib, begunoh jabrlangan kishi sifatida qamoqdan bo‘shatishga yordam berishingizni so‘raymiz.

 

20 yildan buyon uning qaytishini umid bilan kutmoqdamiz.

 

Arizamni e’tiborsiz qoldirmasligingizni o‘tinib so‘rayman.

 

Mening turar joyim: Toshkent shahar, Jar ko‘cha, 9-tor ko‘cha, 70-uy. Mavlonxo‘jayeva Kamola.

 

1956-yil, 24-aprel’”.

 

Mazkur arizadan keyin xiyla vaqt o‘tgach, N.A.Muhiddinov bu ishni paysalga solmay, respublikaning o‘sha vaqtdagi adliya ministri Xadicha Sulaymonova, Davlat xavfsizlik komiteti boshlig‘i A.M.Bizov, O‘zSSR prokurori Murod Sheraliyevlarni chaqirib, mazkur masalani o‘rganib chiqishni topshiradi. O‘sha yilning dekabr oyi oxirlarida 1922-yili F.Xo‘jayev va T.Risqulovlarning Sattor Jabborni Germaniyaga o‘qishga yuborganligi, uning sovetlarga qarshi unsur bo‘lmasdan, yaxshi o‘qib, ishlaganligi haqida ma’lumot to‘planadi. 1958-yilning boshlarida, SSSR Oliy sudining o‘sha yillardagi raisi Gorkinning aniqlashicha, Sattor Jabborning Germaniyada o‘zini yaxshi tutgani uning tamomila oqlanishiga asos bo‘ladi. Nihoyat, 1959-yil 13-aprelda u tamomila oqlanadi. Bu haqda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1959-yil 13-aprel N-4-N-13699/57 raqamli ma’lumotnomasida bunday deyilgan:

 

“Дело по обвинению Джаббара Саттара пересмотрена Пленумом Верховного суда СССР от 26 марта 1959 года.

 

Приговор Военной коллегии от 9 октября 1938 года и постановление Пленулш Верховного суда СССР от 21 мая 1958 г. в отношении Джаббара Саттара отменены и дело прекращено из-за отсутствия состава престуления.

 

Джаббор Саттар реаблитирован посмертно.

 

Зам. председателя Военной коллегии Верховного суда СССР генерал майор юстиции П.Лихачев.

 

Г. Москва, ул. Воровского, дом 15”.

 

Haqiqat, nihoyat, g‘alaba qozoqdi. U egildi, lekin sinmadi. Biroq shunga qaramasdan, Germaniyada o‘qib kelgan dastlabki o‘zbek kimyogar olimi Sattor Jabbor kabilarning boshlagan xayrli ishlari, yozgan maqolalari, kitoblari va tarjimalari taqdiri nima bo‘ladi? Ularning oila a’zolari kechirgan azob-uqubatlar, xo‘rliklar uchun kim javob beradi? Buni qanday xun bilan to‘lash mumkin? Begunoh mahbuslarni qiynab tahqirlagan, otib tashlagan, qamoqxonalarda chiritgan, ularning uylarini, mol-mulklarini tortib olib, bolalarini bevatan qilgan NKVD xodimlari-chi? Ular hech narsa ko‘rmagandek, mo‘maygina nafaqa pulini olib yoki hali ham tevarak-atroflaridagilarga g‘azab va nafrat olovini sochib yashay beradilarmi?!.

 

Ammo inson zoti qanchalar azob-uqubat ko‘rsa ham, shukr qilib yashaydi. Kamola aya o‘g‘lining, Mahbuba opa esa erining oqlanganini eshitib, Allohga shukronalar aytdi. Tirik qolgan farzandlarini otasiga o‘xshab el-yurt manfaati yo‘lida halol ishlovchi kishilar qilib o‘stirdi. Urxon Jabbor O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika institutining katta ilmiy xodimi sifatida ko‘p yillar ishlab, hozir mehnat nafaqasida yashamoqda. Kichik o‘g‘li Toshkent Arxitektura-qurilish institutining professori O‘zxon Jabbor ham mehnat nafaqasiga chiqqan. Kelini, O‘rxon Jabborning rafiqasi Muhbira Jabbor Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining chet tillar kafedrasida nemis tili bo‘yicha katta o‘qituvchi, nabiralari Sattor O‘rxon o‘g‘li Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida xizmat qiladi, Sohila O‘rxon qizi esa nemis tili mutaxassisi. U hozir Germaniyada yashaydi. Yaqinda O‘rxon Jabbor rafiqasi bilan Germaniyada bo‘lib, otasi o‘qigan va yashagan yerlarni ziyorat qilib qaytdi.

 

Sherali TURDIYEV,

“Ular Germaniyada o‘qigan edilar” kitobi, 66–81-betlar

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//