
Boychechakni tutdilar,
Tut yogʻochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Xalq qoʻshigʻidagi boychechakning oʻrniga avval Buxoroni, keyin Varaxshani qoʻyib oʻqidim. Birda mungli, birda oʻlmas va hashamdor tarix gavdalandi koʻz oldimda... Ularning iztirobi, koʻrgan-kechirganlari bir boʻlib koʻrindi...
Moziy qaʼridan hayqirdim – Buxoro...
Bu nuroniy maskan VI-VIII asrlarda Buxorxudotlarga boshkent boʻldi. Soʻngra Arab xalifaligiga, usmoniylarga, qoraxoniylarga tobe boʻldi, qonli janglarda yanchilib, moʻgʻullar izmiga oʻtdi. Vaqt oʻtib, Temuriylar bayrogʻi ostida gurkiradi, XVI asr boshlarida Shayboniylar tasarrufida yashadi. Buxoro xonlik (amirlik)ka qaradi, soʻng shoʻrolar tomonidan bosib olindi. Buxoro chindan boychechak kunini koʻrdi. Bugun esa u zambaraklar toʻpidan, yongʻinu buzgʻunlardan horib tin olayotgan goʻsha... Xullas, Muqimiy domlaga yoʻlida – “Buxoroga qildim yurush...”
Qoʻnimsiz Varaxsha
Ilk borar manzilimiz yoʻllariga entikib koʻz tikdik. Tong sahardan taniqli adib va jurnalist, ustoz Jahongir Ismoilov hamrohligida shahardan 40 chaqirim olisdagi Buxorodan-da moʻysafidroq Varaxsha xarobalari sari otlandik. Yoʻl-yoʻl gurunglarimiz, ziyoratu qoʻnoqlarimiz bir-biriga ulandi.
“Varaxshaning yoʻli yomon, ancha choʻllashib qolasiz” deyishlariga qaramadik. Ulovda boshda ravon, soʻngra yoʻl terib yurdik. Bora-bora yerning borligiga shukr ham qildik. Telefon xaritasidan Varaxshaning qoʻnimi (lokatsiya)ni izlayman. Har holda koʻz tikkan manzil chiqmadi. Mashina oynasidan ahyon-ahyonda uchragan kishidan yoʻl soʻraymiz. Nom-nishonsiz manzilni qanday tushuntirish mumkin: shu yoʻldan ketaverasizlar, ketaverasizlar. Uyogʻini yana soʻraysizlar-da. Oʻzi oynadek yoʻlda bu masofa “gʻuv” etib bosib oʻtgulik. Ammo quyosh tigʻidagi 40 chaqirimli Varaxsha yoʻli...
Ketaverdik, ketaverdik. Atrof tap-taqir choʻl, issiq hovur yantoqlar gʻaramini yumalatib-yumalatib oʻynaydi. Borgan sari yovvoyi qushlar, quloqqa notanish sayroqlarga yaqin boʻldik. Yurakka ogʻir botgani shu boʻldi: Varaxsha shahar chetidagina emas, maʼnaviy dunyomiz, oʻzligimizdan-da panaroqda – qarovsiz va tashlandiq holda qolibdi.
Mashinani toʻxtatdik. Soʻngsiz yoʻl adogʻi, oʻnqir-choʻnqirliklar ulovimizni toʻlqindagi kemaday chayqatgani-chayqatgan. Ustoz jilmayib soʻz qotdi: “Sayr ham sayr, sargardonlik ham sayr”. Kayfiyatni koʻtaring, Bobur aka (“Aka” deyish ustozning ehtiromi edi). Oʻzimga oʻzim savol beraman. Nega afsonaviy Varaxsha shu ahvolga kelib qoldi? Manbalarda miloddan avvalgi III asr va milodiy I-II asrlarda bu shahar gullab-yashnagani aytiladi. Ulugʻvor qoʻrgʻon bir-biriga tutashgan istehkomli qishloqlar tarzida qad koʻtargan. III-IV asrlarda esa tanazzulga uchray boshlagan. V asrda Varaxsha yana tiklanib, Buxoroning qadimgi hukmdorlari – buxorxudotlarning qarorgohiga aylangan.
Demak, vayron boʻlgan shahar bir necha marta qayta tiklangan. Hukmdorlar uni mustahkam va qalin devor bilan oʻratgan. Narshaxiyning yozishicha, yil oxirida Varaxshada olomon bilan gavjum bozor yigirma kun qaynagan. Uni dehqonlarning Navroʻzi, Yangi yil deb atashgan. Yil hisobi shu kundan boshlangan.
***
Varaxsha haqida avval Narshaxiyning “Buxoro tarixi”dan oʻqidim. “Varaxsha katta qishloqlar jumlasidan boʻlib, Buxoro singari edi. Ayrim manbalarda Rajfandun deb yozganlar. U Buxoro shahridan qadimiyroqdir, u podshohlar turadigan joy boʻlib, mustahkam hisorga ega boʻlgan, chunki podshohlar uni bir necha marta mustahkamlaganlar. Uning Buxoro shahrining devori singari devori ham boʻlgan. Rajfandun yoki Varaxshaning oʻn ikkita arigʻi bor. Bu qishloq Buxoro devorining ichkarisida joylashgan. Unda obod bir qasr boʻlgan, shundayki, goʻzallikda uni namuna qilib koʻrsatar edilar. Uni Buxorxudot bino qilgan boʻlib, qurilganiga ming yildan ortiqroq vaqt oʻtgan. Bu qasr koʻp yillardan beri vayron va qarovsiz qolib ketgan edi. Xunukxudot uni qaytadan tuzatdi: yana vayron boʻlgan edi Bunyot ibn Tagʻshoda ibn Buxorxudot islomiyat davrida yangidan qurib, oʻzi uchun turarjoy qilib oldi va nihoyat, u shu joyda oʻldirildi...”
Keyin V.A. Shishkinga duch keldim. U 1938–1939-yillarda Varaxshadada arxeologik tadqiqotlar olib borib, 3 qismdan iborat “Varaxsha”ni yozgan. Harchand qidirmay, kitobning oʻzbekcha oʻgirmasini topolmadim. Ehtimol yoʻqdir. Uning tarjimayi holiga boqdim. “Buxoro vohasining qadimiy madaniyati masalasi”da nomzodlik, “Varaxsha. Tarixiy-arxeologik oʻrganish tajribasi” mavzusida doktorlikni yoqlagan ekan. Zarafshon, Termiz, Poykand, Afrosiyob meʼmoriy yodgorliklarida ham uning muhim ishtiroki bor. Amir Temur maqbarasini ochishda, Jarqoʻrgʻon minorasini tekshirishda ham jonbozlik koʻrsatgan. Ulugʻbek rasadxonasi qazilmalarida, hatto “Toshkent mahallalari”da ham u bor.
Oʻqib bildimki, bir paytlar bu shaharni namuna qilib koʻrsatishar ekan. Bugun esa Gulxaniyning “Zarbulmasal”idagi boyqush yashaydigan xaroba qadar. Paxsa devorlar ustida uzoq turib qoldim. 100 gektar chamasi choʻzilgan maydondagi ulkan shaharni xayolan tiklamoqchi boʻlaman. Beixtiyor chor atrofdagi 20 chogʻli gʻisht zavodi goʻyo saltanatga bostirib kelayotgan Chingiz lashkarlariday yopirilishga taraddudlanadi. Devor yonboshidagi traktor balloni izlaridan ayonki, bu yerga ogʻir texnikalarning qadami yetgan. Koʻngil maʼyus tortdi. Shaharsozlikning bebaho namunasi bora-bora qay bir tadbirkorning gʻisht qozonida qaynamasa goʻrga edi. Chunki sal naridagi tepaliklar allaqachon kovlangan, telejka-telejka tuproq zavod tegirmonini yurgizib turibdi. Shu kezda xayolimdan gʻalati oʻylar oʻtganini hozir ham eslayman. Oʻshanda negadir Varaxshani bunyod etgan Buxorxudotlar haqida emas, bu kultepalikka qayta hayot ato eta oladigan zamondoshlar haqida oʻyladim. Shahar ichida qurib bitgan 12 kanal haqida emas, bir ariq suv boshlab kela oladigan farhodlarni xayol qildim.
Xaroba devorlar uzra tepamda sor burgut quloch yozib uchadi. Bu kengliklarda xohlagancha “siti” qursa, bogʻ-rogʻ yaratsa boʻladi. Biror tezyurar transport qatnovini yoʻlga qoʻyish ham mumkindir. Tunda Varaxsha osmoni yulduzlarga toʻladi. Shu osmon ostida yastanib yotgan xazinani koʻrish uchun ham dunyodan sayyohlar yogʻiladi... Mingyillik devor osha hayqirgim keladi: shu joyni obod qiladigan mard bormi? Aslida bu koʻhna xitob somoniylar davrida ham yangragan. Vayron boʻlgan Varaxshaga kelgan Ismoil Somoniy qishloq aholisini toʻplab, shunday degan ekan:
“Men yigirma ming dirham (pul) va yogʻoch beraman, tuzating! Xarajatini oʻz ustimga olaman, uning baʼzi qismlari hali oʻz joyida, sizlar bu qasrni masjidi jome qilib olinglar!”
Afsuski, tabiat va ruhlarga sigʻinuvchi xalq “masjidi jome bizning qishloqqa toʻgʻri kelmaydi, joiz emas”, dedilar.
Varaxsha devoridagi rasmlar
Hozirda oʻtmishi hashamdor bu qalʼa devorlarida birorta ham tasviriy sanʼat namunalari qolmagan. Tomi ravoqsimon gumbaz shaklidagi xonalardan nurab borayotgan paxsa devorlar meros. Narshaxiy yozgan navkarxona va darvozaxona ham yoʻq. Varaxsha hukmdorining saroyi allaqachon kimsasiz qumtepaga aylangan. Buxorxudotlarning “Sharqiy zal”, “Qizil zal” deb nomlangan xonalaridagi mahobatli devoriy suratlar, fillar ustidagi suvoriylarning afsonaviy yirtqichlar bilan kurashishi manzarasini endi faqat tarixiy manbalardan oʻqiymiz, muzeydagi devoriy suratlarda koʻramiz.
Varaxsha devorlarida fil ustidagi shahzoda, chokarlarning qoplonlar bilan olishuvi, ot mingancha orqasiga qayrilib, kamondan oʻq uzayotgan chavandoz tasvirlari bor. Yana bir suratda chavandoz chap yelkasini yuqori koʻtargancha ortiga tisarilib oʻq uzyapti. V. Shishkin nazarida bu ov tasviri. Bizning olimlar esa buni Siyovushning tangani nishonga olishiga oʻxshatadi. Xuddi Alpomishning ming chaqirimdan tanga pulni urgani kabi.
Darvoqe, chopayotgan ot ustidan orqasiga oʻgirilib, kamondan oʻq uzayotgan jangchi haqida ikki ogʻiz soʻz. Bilasiz, Buxoro arablarning fathida edi. Aynan shu suratga monand oʻsha davrning tirik guvohi, arab olimi Abu Usmon Amr ibn Bahr Johizning “Fazoil al-atrok” (“Turkiy xalqlarning fazilatlari”) asariga yuzlashamiz:
“Turonlikning orqaga chekinishi oʻldurguchi zahar kabidir, chunki oldinga qanday aniq mahorat bilan oʻq otsa, orqaga ham xuddi shunday oʻq ota oladi”.
Arablar orasida turonlikning toʻrtta koʻzi bor, ikkisi boshining oldida, qolgan ikkitasi esa boʻynining orqasida, degan iboralarida ham ayni haqiqat bor.
Jang tasvirlarining boʻrttiribroq chizilgani ham goʻyo mantiqli. Johiz tili bilan aytganda: “Xorijiy bir oʻqni otguncha, turonlik oʻnta oʻqni nishoniga uradi...”
Buxoro ana shunday mohir kamonchilarga ega edi. Tarixchi Tabariy ham mohir ikki ming kamonchi haqida yozadi:
“Muhammad ibn Hafs menga shularni soʻzlab berdi: “Men Ubaydulloh ibn Zayddan koʻra jasurroq kishini uchratmaganman. Xurosonda bizni turk lashkari kutib oldi va uning qanday jang qilishini oʻz koʻzim bilan koʻrib turdim. Ubaydulloh ularga hujum qilar, saflarni yorib oʻtar, keyin koʻzdan yoʻqolib, birdan yana qon tomib turgan bayrogʻini koʻtarib chiqar edi. Ubaydulloh ibn Ziyod Basraga boshlab kelgan buxoriy kamonchilar ikki mingdan ortiq edi, ular yogʻoch kamonlar bilan qurollangan eng aʼlo oʻqchilar edi...”
Narshaxiy va Shishkin tasvirlarini oʻzimcha umumlashtiraman. Varaxsha atrofi tashqi dushmandan himoya uchun xandaqlar bilan oʻralib, suvga toʻldirilgan 20 metrcha balandlikdagi ark. Shahriston devorlari esa 10 metrdan oshadi. Hozirda Varaxsha saroyidagi devoriy rasmlarning ayrimlari oʻzimizda, ilohlar va yirtqich hayvonlar oʻrtasidagi jang tasvirlari tushirilgan devoriy asarlar Sankt-Peterburgdagi davlat Ermitaj muzeyida saqlanadi. Balki bilmassiz, 1981-yil qurib bitkazilgan “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi ham arxitektor Yevgeniy Rozanov loyihasi asosida Kampir-qalʼa va Varaxsha uslubida qurgan.
***
Tuya – buxoroliklar uchun naqd xazina edi. Men Ark darvozasi yonida bogʻlab qoʻyilgan 3 yoshli ikki oʻrkachli tuyada atrofni kezaman. Tuya tasviri Varaxsha devorlarida ham bor. 1979-yilda Buxoro shahridagi arxeologik tekshirishlar jarayonida sopoldan yasalgan tuya haykalchasi topilgan. Varaxsha hududidan xum, kuvshin, koʻzacha, piyola, likopcha koʻrinishidagi koʻplab buyumlar va bir qancha xitoy tangalarining ham topilgani xalqaro savdo aloqalari rivojidan, bu yerdan sayyoh va savdogarlarning qadami uzilmaganini anglatadi.
Varaxsha devorlari uzra torgina xonalarga kiraman. Biror oʻtkinchi yoki choʻpon olov yoqqan chogʻi – yerda kul qoldiqlari sochilib yotibdi. Bu yerda ulkan otashxonalar boʻlgani tarixiy manbalarda keltirilgan. Devoriy suratlarda, hatto Buxorxudotlarning tangalarda ham muqaddas olov atrofida oʻtirgan asilzodalar tasviri bor.
Varaxshani kim vayron qilgan?
Varaxshaning bu holga kelishiga harbiy bosqinlar, urushlar sabab degan fikr haqiqatdan ancha yiroq. Asosiy faraz Varaxsha va uning ichidan oʻtuvchi kanallarning qurib qolgani, qurgʻoqchilik, ekin va dov-daraxtlarning qaqrab bitishi – bir soʻz bilan aytganda choʻllashuv shahar aholisini boshqa yerga koʻchib ketishiga majbur qilgan. Varaxsha devorlarida yuzlab teshiklarni koʻrdim. Garchi hozir ular turli jonzotlarning makoniga aylangan boʻlsa-da, bir vaqtlar ؘ– yuksak maqomdagi saroy xonalarida ham bunday tuynuklar boʻlgan. Hamidulla Karomatovning “Oʻzbekistonda moziy eʼtiqodlar tarixi” kitobida tuynuklarning vazifalari haqida talay sabablarni bilishimiz mumkin. Masalan, quyosh yorugʻligining tushishi, havo aylanishi, kamonchilar uchun oʻq otish tirqishi (pastki tirqishdan dushmanning oyogʻi moʻljalga olingan) va yana boshqalar. Hatto oʻsha davr inshootlarida ruhlarning kirib chiqishi uchun kichik teshik qoldirilishi anʼanasi ham boʻlgan ekan. Qarashlarning barchasi goʻyoki Varaxshaga mosdek...
Bu maskan tabiatiga doir manbalarni oʻqir ekanman, Zoʻri zamin nomli oʻsimlikka duch keldim. Ushbu serpusht giyoh, buni qarangki, faqat Varaxsha hududida oʻsar ekan. Yurak xastaliklariga davo boʻluvchi giyohga tabiblar “yoshartiruvchi eliksir” sifatida qaragan. Shundanmi, dunyo shifokorlari bu noyob oʻsimlikni oltin bahosida narxlar ekan.
***
Ha, oʻshanda shaharning mustahkam devorlari, muqaddas sagʻanalari bor edi. Varaxsha jangchilari qaysar va boʻysunmas, shahar tugul mozorini ham sajdagoh sanar edi. Bu bor gap. Gerodot oʻzining “Tarix” kitobida yolgʻon yozmagan. Emishki, yurtimizga bostirib kirgan shoh Doro qabilalarimizni qoʻrqoqlikda ayblaganida, shunday javob olgan ekan:
“Jangni jon-jahdingiz bilan tezlashtirishga intilsangiz, marhamat: bizda ajdodlarimizning maqbaralari bor, ularni topib, vayron etishga urinib koʻring. Ana shundan keyin biz sizlar bilan shu maqbaralar uchun qanday jang qilishimizni koʻrib qoʻyasiz”.
Bu bir koʻhna rivoyat boʻlsa-da, bugun ham uygʻoq. Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”ida Aqrab qoʻrboshining Chanishevga aytgan gaplarida ham shu maqsad-muddao bor:
“Chanishev! Sen meni Oʻrusiyaga olib borasan-da – paqillatib otib tashlaysan. Qaysi bir oʻraga kafansiz koʻmib tashlaysan. Vatan gadosi – kafan gadosi boʻlib oʻlaman. Kafansiz oʻligimni kim el-yurtimga olib kelib koʻmadi? Kafansiz oʻligim it oʻlikdayin Oʻrusiyada qolib ketadi! Ana undan keyin, bola-baqram meni qayerlardan yoʻqlab yigʻlaydi? Bola-baqram qayerlarga borib otamlab yigʻlaydi? Bola-baqram qaysi mozorim boshiga borib yigʻlaydi? Shunday ekan, otarman boʻlsang, mana, koʻkrak – ot! Lekin – oʻz el-yurtimda ot! Shahid boʻlsam – oʻz el-yurtimda shahid boʻlayin! Shahidimni oʻz el-yurtim koʻmsin!”
***
Varaxsha bilan shunchaki xayrlashib boʻlmadi. Atrofi omonatgina toʻsiq bilan oʻralgan bu vayronqalb obidaning kelajagi haqida joʻyali soʻz aytolmadim. Balki uni oʻzgartirishga vaʼda berganlarning mingdan biri boʻlib chiqarman. Nima boʻlganda ham u bizni qadimiy va ulugʻvor nigohlari bilan kuzatib qoldi. Ortga qaytish uchun qulayroq yoʻl axtargan boʻldik. Uzoqdan mashina qorasi koʻrindi. Yoʻl soʻradik. Uch-toʻrt chogʻli yigitlar Xorazmga ketishayotgan ekan. Ha, aynan Xorazmga ketishyapti. Istaxriy va Ibn Havqal Buxoro va Xorazm oraligʻidagi karvon yoʻli Varaxshadan oʻtganini aniq-tiniq yozgan. Yashavor, haliyam oʻsha qadimiy karvon yoʻli bor ekan-da, deb ajablandim. Ulovimiz eski karvon yoʻli boʻylab odimladi. Varaxshadan uzoqlashib borar ekanman, Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning “Inson” qasidasidagi bir satr tinmay aylanaverdi:
“Koshonadur, vayronadur...”
Bobur ELMURODOV,
Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
Toshkent – Buxoro – Toshkent
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q