Sultonmurodova Maryam Jumaniyozovna 1905-yil 13-fevralda Xiva shahrida tug‘ilgan. Chandirqiyot qishlog‘ida o‘zining 2 tanob yerida dehqonchilik bilan shug‘ullangan otasi Jumaniyoz Sultonmurodov Urganchga borib Chernikov degan boyning paxta tozalash zavodida dastlab tarozibon, so‘ng paxta oluvchi bo‘lib ishlagan. Mulla Jumaniyoz haqgo‘y va taraqqiyparvar inson edi, u qishloqqa ilk velosiped keltirib ko‘pchilikning tiliga tushgandi. 1916-yil zulmga qarshi xalq qo‘zg‘alonida ishtirok etib, Xiva xonining ta’qibiga uchraydi. Said Abdullaxon farmoni bilan uning 4 aka-ukasi (Bolta, Qurbonboy, Ro‘zmat, Nazar) qatl etiladi. 1917-yil u oilasi bilan xonlikni tark etib, 1919-yilgacha To‘rtko‘lda yashashga majbur bo‘ladi. Inqilob natijasida Xiva xonligi hududiga qaytib kelgan Jumaniyoz Sultonmurodov bolsheviklar yordamida Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishlaydi.
Jumaniyoz Sultonmurodov taraqqiyparvar inson sifatida qizi Maryamni 1911-yil Urganchdagi besh yillik no‘g‘oy (tatar) maktabiga beradi. Oilasi To‘rtko‘lga ko‘chib o‘tgach, Maryam bu yerdagi jadid maktabida ta’limni davom ettiradi. Maryam Sultonmurodova 1919-yildan Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasida o‘qiydi. Shundan so‘ng oliy ma’lumot olish maqsadida 1920-1921-yillarda Orenburg tatar pedagogika institutida o‘qiydi. 1921-yil yozgi ta’tilda Xorazmga kelgan Maryam Xorazm kompartiyasi Markaziy Kengashida avval adabiy bo‘limga, so‘ng ayollar bo‘limiga rahbarlikka tayinlanadi. Maryam bu vazifalarga jiddiy kirishadi. Biroq, og‘ir tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga ko‘nglidagidek ishlash imkonini bermadi. Natijada, 1922-yil iyulda Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo davlat universitetining Ishchi fakultetiga hujjat topshiradi.
1922-yil oktabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga o‘qish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. Xorazm Xalq Respublikasining Moskvadagi muxtor vakilligi xodimi Karim Safayev yordamida Maryam xorij uchun pasport olib, Leningradga boradi. Leningrad portidan Xayrinisa Majidxonova, To‘lagan Mo‘minovlar bo‘lgan guruh bilan paroxodda Germaniyaning Shtesin shahriga yetib boradilar. Hech qachon ochiq dengizni ko‘rmagan sahro qizi paraxodga tushishi bilan manzilga yetib borguncha kasal bo‘ladi.
Maryam Sultonmurodova 1922-1923-yillarda Berlin universiteti qoshidagi olti oylik tayyorlov kursida o‘qiydi. 1924-yil Darmshtadt shahridagi “Viktoriya” o‘qituvchilar seminariyasiga imtihon topshiradi. Darhaqiqat, xorij ta’limi Maryamxonga oson kechmadi. Germaniyada tahsil olgan Sattor Jabborning Ertoy nomi bilan “Turkiston” gazetasining 1924-yil 2-sentabr sonida e’lon qilingan maqolasida bu to‘g‘rida shunday yoziladi: “...Xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmagani uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliklar ko‘radir. Chindan hayot xotini bo‘lmoq va Turkistonda qolg‘on opa-singillarimizning istiqboli uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonlik qilib kelgan qimmatlik qizimizga Xorazm jumhuriyatimizning shunday sovuqqonlik bilan qarashig‘a Turkiston yoshlari taassuf etolmay turolmaydurlar”.
Maryam 1924–1926-yillar Darmshtadt oliy seminariyasida ta’lim oladi. 1926-1927-yillarda esa Berlin yaqinida Potsdamdagi “Fraunshulle” maktabida amaliyot o‘taydi.
1927-yil yozgi ta’til vaqtida Xayriniso Majidxonova bilan birga 29-iyuldan 18-avgustgacha Parij shahrida bo‘ladilar. Ularning Parij opera teatri oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Cho‘qaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik qatag‘on etilishi uchun asosiy bahona bo‘lgan edi. 1927-yil kuzidan Mariyam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini o‘qib bitiradi va 1928-yil SSSRga qaytadi.
Maryam Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan so‘roq-ta’qiblar boshlanib ketdi. Avvaliga hech joydan ish berishmaydi. Faqat 1929-yil fevral oyida yana bir Germaniyada ta’lim olgan Badri Sayfulmulk yordamida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira bo‘lib ishga kiradi. Maryam 1929-yilning oxirlarida Asqar Axmadbekov bilan oila qurib, 1933-yilgacha Kattaqo‘rg‘onda yashaydi. Eri qamoqqa olingach, 1933-yil Toshkentga keldi va O‘rta Osiyo davlat universitetiga ishga kiradi. Biroq, 1934-yil yana ishsiz qoladi. So‘ng “Guliston” jurnaliga, 1936-yildan ayollarning “Yorqin turmush” jurnaliga adabiy xodim bo‘lib ishga olinadi. Maryam o‘zbek matbuotida o‘zining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning o‘tkir ijtimoiy muammolariga bag‘ishlangan maqolalari bilan elga tanila boshlaydi. Yosh jurnalist Davron Madaminga turmushga chiqib, baxtli hayot ostonasida turgan paytida haqiqiy ayanchli kunlar boshlanadi...
1937-yil 13-sentabr kuni Maryam Sultonmurodova 1922–1928-yillarda Germaniyada o‘qigan, “Turkiston” josuslik tashkiloti a’zosi deb, O‘zSSR JKning 60 (aksilinqilobiy tashviqot), 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik)- moddalari bilan ayblanib qamoqqa olindi. Tintuv jarayonida uning pasporti, diplomlari, mehnat daftarchasi, xatlari, kitoblari, 35 ta shaxsiy suratlari xatlanib, hammasi tortib olindi. Ortidan onaizori Durdijon aya, murg‘ak o‘g‘li Po‘latjonlar zor yig‘lab qoldilar. Maryam olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor etildi.
Maryam Sultonmurodova 1938-yil 4-oktabr kuni, so‘nggi bor so‘roqda ham Germaniyada “Ozod Turkiston” degan tashkilot hech qachon bo‘lmagan va bu haqida men shu yerda eshitdim. Boshqa hech narsa qo‘shimcha qila olmayman. Mening hech qanday aybim yo‘q, deydi.
Uzoq vaqt davom etgan azobli tergov davomida unga qo‘yilgan birorta ayb o‘z isbotini topmadi. Biroq, Maryam O‘zSSR JKning 57-moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 58 (qurolli qo‘zg‘olonga harakat), 64 (Sovet davlatiga qarshi terakt), 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan aybli deb topildi. 1938-yil 9-oktabrda bo‘lgan “Uchlik” sudi soat 11:35 dan 11:55 gacha davom etdi. Maryam Sultonmurodova 10 yil muddatga qamoqqa hukm etildi. U jazoni dastlab Toshkent, so‘ng Qozon, Suzdal turmalarida o‘tadi. Keyin uzoq Kolima oblastiga yuborilib, Magadandagi “Dalstroy” qurilishida 1947-yil 13-sentabrgacha azob-uqubat chekdi. Farzanlari va qardoshlari sog‘inchi unga o‘limni yo‘latmadi. Jazo muddati tugagach vatanga qaytib, Urganch tumani Yangibozor fuqarolar yig‘inida hamshira bo‘lib ish boshladi. Biroq, uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949-yil 30-martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun O‘zSSR JKning 57-moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari qo‘llanib uzoq Krasnoyar o‘lkasiga surgun qilindi.
Yurak xastaligiga, pnevmosklerozga yo‘liqqan sho‘rlik Maryamxon shu tariqa yana besh yil vatani va bolalari diydoriga to‘ymay, mahkumlik azobini boshidan o‘tkazadi. 1954-yil 1-sentabrda uyiga undan shunday xat keladi: “Azizlarim! Bizlar bugun surgundan bo‘shadik. Uy va mollarni o‘z bahosiga sota bilsak, oktabr oyoqlarina ketamiz. Sota bilmasak, bu yerda qishlaymiz. Rahmat, albatta, parsport olishi bilan ketadi. U sizlarning yoningizda bo‘lsa, birmuncha jonim tinch bo‘lajak. Sog‘ bo‘ling. Sog‘liqda ko‘rishaylik. Xat yozinglar, hammangizga salom bilan Maryam”.
Maryam Sultonmurodovaning 1956-yil 10-mayda bosh prokurorga yo‘llagan xatida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni asossiz hisoblab, ularni rad qiladi: “Meni ayblashlaricha, go‘yo men Berlinda bo‘lgan vaqtimda “Ozod Turkiston” aksil-inqilobiy josuslik tashkiloti a’zosi bo‘lib, shu tashkilotning topshirig‘i bilan Germaniya foydasiga josuslik ishlari olib borgan emishman. Men hech qachon birorta aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lgan emasman! “Ozod Turkiston” degan tashkilotning borligini men birinchi bor tergov vaqtidagina eshitdim. Mening bilishimcha, 1922-yil Buxoro va Turkiston Jumhuriyatlaridan oltmishga yaqin kishi Germaniyaga o‘qishga yuborilgan edi. O‘sha yilning kuzida Xorazm rahbarlari qarori bilan men ham shu safga qo‘shildim. Menga endi bizning oldimizda Yevropa fan-texnikasini quvib yetish va o‘zib ketish vazifasi turganligini aytishganlaridan keyin men u yerda o‘qishga rozilik bergan edim. 1922-yildan to 1924-yil boshlarigacha Berlinda bo‘ldim, keyin Darmshtadtga o‘qishga ketdim. Shuning uchun men o‘zimning talabalarimiz bilan kam munosabatda bo‘lar va ko‘plari bilan shaxsan tanish ham emas edim. O‘sha vaqtlarda mazkur talabalarni “Turkiston talabalari jamiyati” nomli hamyurtlar jamiyati birlashtirib turishini bilardim. Bu yurtdoshlik mazmunidagi ochiq tashkilot bo‘lib, uning faoliyati davlatimizning vositachiligi bilan bog‘langan edi. Keyinchalik bu uyushmani Germaniyadagi butun Sovetlar Ittifoqi talabalari uyushmasi bilan birlashtirdilar. Bundan boshqa yana qanday talabalar uyushmasi bo‘lganligi menga sira ma’lum emas. Meni Toshkentga kelgan vaqtimda allaqanday Eyngland nomli professor orqali josuslik ishlarini olib borganlikda aybladilar. Bu tuhmat! Men hech qachon bunday odam bilan tanish bo‘lmaganman. Shunday odamning borligini ham birinchi bor tergovchidan eshitdim. Men dushmanga qanday ma’lumot berdim va u qanday amalga oshirildi? Bunday aybning tasdig‘i uchun birorta faktik dalil va guvohlar ko‘rsatilmadi. Menga nisbatan soxta guvohlik bergan odam bilan esa yuzma-yuz qilishni rad etishdi. Shuning o‘zi menga qo‘yilgan aybning yolg‘on va soxtaligini ko‘rsatib turibdi...” deb yozgan arizasi asosida uning ishi qayta ko‘rib chiqishga topshirildi.
1956-yil 13-sentabr kuni o‘tkazilgan so‘roq davomida u boshidan kechirgan barcha ko‘rgiliklarni birma-bir hikoya qiladi. Jumladan: “... 1949–1954-yillar Krasnoyar o‘lkasida surgunda bo‘lib qaytdim, hozirda Qaraman qishlog‘ida hamshira bo‘lib ishlayman. Berlinda “Turkiston talabalar uyushmasi” degan tashkilot bo‘lgan. Ammo, uning tadbirlarida faqat ilmiy munozaralar bo‘lar, talabalarning ta’lim jarayonidagi muammolari va iqtisodiy masalalarini muhokama qilar edik...”. Tashkilot rahbarlaridan To‘lagan Mo‘minovni juda bilimdon, Sulton Matqul nihoyat bosiq, mulohazali, Temur Kazbekovni sho‘x, hazilkash, Sattor Jabborni esa yetuk olim va adabiyotga oshno inson sifatida umrbod xotirasida qolganini eslaydi.
Maryam Sultonmurodova 1957-yil 2-avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Biroq, u to‘liq oqlanganidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Ta’qibni to‘xtatmadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, uning matbuot sahifalarini o‘qishiga ham to‘sqinlik ko‘rsatildi. Maryam qorong‘u kechalarda o‘zining erksiz, baxtsiz hayotini quyidagicha qog‘ozga tushiradi: “...Jonim azobda qoldi. Yuragimni ochib so‘zlaydigan kimsam yo‘q. Qalbimni qog‘ozga to‘kib solmoqchiman. Shu niyatda qo‘limga qalam oldim. Menim vijdonim pok edi. Men berilib, vijdon bilan mehnat qilardim. Ammo, hech qachon jinoyat qilmagan esamda, meni yana qamoqxonaga tashladilar. O, qanchalar azobda qolganimni bilsalar edi... 1954-yilda yana yurtimga qaytib keldim va Urganchning Qoramon qishlog‘ida ishlay boshladim. Bu yerda ham atrofimni o‘shanday johil odamlar qurshadi va menga avvalgiday azob berib, mazax qila boshlashdi. Ularning ba’zilari mening taqdirim ularning qo‘lida ekanini anglatib qo‘yishga urinsa, boshqalari men bilan yaqinlashishga, do‘stlashishga harakat qilishardi. O‘zlarini yaqin ko‘rsatish uchun har xil gaplar qilishardi. Masalan, bir kishi mening siyosat bilan qiziqish-qiziqmasligim, gazeta o‘qish-o‘qimasligimni surishtirganlarini so‘zladi. Surishtirsa surishtiraverishsin, mening hech qanday yomon odamlar bilan oshnachiligim yo‘q. Hokimiyatga qarshi biror yomonlik qilish xayolimga ham kelmaydi. Men bilan qiziqishsa qiziqaverishsin. Bu ularning ishi. Ammo, baribir, alam qilarkan kishiga. Odamlardan uyalarkansan. Bu alpozda yashamoq qanchalar og‘ir! Menga bolalikdan, vijdonli inson xalqi va davlati dardiga malham bo‘lmog‘i kerak, deb o‘rgatishardi. U o‘z vatanining ijtimoiy hayoti bilan qiziqmog‘i, hukumatning maqsadi va vazifalari nimadan iboratligini bilmog‘i kerak, deyishardi. Aks holda, u yurtining haqiqiy fuqarosi bo‘lolmaydi. Matbuot – ijtimoiy hayot maktabidir! Matbuot – kishilarni olg‘a undovchi bayroq! Shunday ekan, mening nega gazeta o‘qishim mumkin emasligini tushuna olmayman. Ona yurtida nima bo‘layotganidan bexabar kishi unga qanday xizmat qila oladi, o‘z xalqiga qanday foyda keltira oladi? Lekin shunday deb surishtirayotgan bo‘lishsa, demak, haqiqatdan gazeta o‘qimasligim kerakdur, dedim-da, uch yil mobaynida qo‘limga gazeta va jurnal ushlamadim. Lekin bundan so‘ng ham menga o‘sha-o‘sha munosabatda bo‘lishgach, xato qilayotganimni, meni baribir o‘z holimga qo‘ymasliklarini angladim, bo‘lganicha bo‘lar, deb qo‘l siltadim. Kelasi, 1960-yil uchun ko‘pgina gazeta va jurnallarga obuna bo‘ldim.
1957-yilda meni oqlashgan. Mendan baxtli odam yo‘q edi. Axiyri orzuim ushaldi! O, mening xursand bo‘lganlarim... Lekin afsus, ko‘p o‘tmay ixlosim qaytdi. Men hamon nazorat ostida ekanligimni, sharmisorlik tamg‘asining yuki hamon bosib yotganligini angladim. O‘zligingni pastga urishlarini his etishdan ortiq alam yo‘q olamda. O, bu qanchalar og‘ir! Agarda menga yuqoridan, masxaromuz qarayotgan mana shu kimsalar mendan yaxshiroq va mendan pokroq bo‘lishganda-ku, balki bu holga chidardim. Lekin aslo unday emas edi. Aksincha, ularning biri chayqovchilik, ichkilikbozlik, buzuqlik qilardi. Ikkinchisi birovning erini tortib olgan, farzandini otasiz qoldirgan edi. O‘z yurti qonunlarini hurmat qilmagan kimsani vijdonli kishi deb bo‘ladimi, unga ishonib bo‘ladimi? Vijdon qonunini pisand qilmagan, boshqalarning ko‘z yoshlarini oqizgan kimsani inson deb bo‘ladimi? Haqiqiy inson hamma yerda: hayotda ham, ishda ham sof vijdonli bo‘lmog‘i darkor. O‘zlari aslida chirkin tabiatli, pastkash odamlar meni qo‘rqitishar, osuda hayotimni zaharlashga urinishardi. Bir kuni o‘sha ayol go‘yo menga achingan bo‘lib, o‘g‘limni ishonchliroq joyga joylashtirishni maslahat berdi, “Kim biladi, hali boshingizga ne savdolar tushadi”, dedi. Men unga o‘g‘lim hali yosh bola, menga biror kori hol bo‘lishiga aqlim bovar qilmaydi, dedim-da, xotirjam ishlay boshladim. Shunda u istehzoli tirjayib: “Juda irodangiz kuchli ekan”, dedi. Hech bo‘lmasa mana shu kimsalar meni tinch qo‘yishsa edi, ko‘nglimga g‘ulu solishmasa edi. Yo‘q, ular menga sira tinchlik berishmas, olovga moy quyishardi. Menga o‘zlarini yaqin ko‘rsatib, har nimalarni ochiq gapirgan bo‘lib, qanday maqsadni ko‘zlashayapti ekan? Mendan birga ishlagan hamkasblarim haqida surishtirganida bir ayolning nomini tilga olgandim. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach u menga: “Afsus, ular sizni tinch qo‘ymaydigan ko‘rinadi”, dedi. Yaqinda esa, oramiz buzilib qolganda: “Shuni bilib qo‘yingki, taqdiringiz menga judayam bog‘liq!” dedi zarda bilan. Har kimsa kayfiyatiga qarab men bilan xohlaganicha gaplashishi mumkin ekan-u, men tilimni tiyib, indamasligim kerak...
Hamma vaqt shunday. Hatto hamshiralik maktabida ham bir kishi bo‘lguvchi edi. Qayerga borsam ro‘paramdan chiqaverardi. Nahotki men shunchalar xavfli jinoyatchi bo‘lsam, nainki meni nazorat qilish uchun butun boshli shtat belgilansa? Nahotki shunday qilishga ular haqli bo‘lsalar? Davlat manfaati meni nazorat ostida tutishni talab qildi deylik, nega ular buni namoyish qiladilar? Nega endi men buni bilib turishim kerak? Yoki meni qo‘rqitishmoqchimi? Nega? Agar mening pokligimga zarracha bo‘lsa-da ishonchsizlik bo‘lsa, meni oqlamasliklari mumkin edi-ku?! Mana shunday xayollar meni qiynaydi. Jonim azobda qoldi. Men butun umr vijdon bilan yashadim va mehnat qildim. Hayotimda bir bor beixtiyor qoqilgan bo‘lsam, nahotki qayta-qayta yiqitish, qaytib qad rostlay olmaydigan qilib tashlash kerak? Nahotki menga qo‘l cho‘zib to‘g‘ri yo‘lga boshlash mumkin emas? Nahotki meni ham xalqimizga xizmat qilish uchun barcha qatori to‘g‘ri yo‘lga boshlash mumkin emas? Nega endi menim dildiragan qalbimni iliq so‘z bilan, do‘stona e’tibor bilan isitish mumkin emas?..”.
Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi, o‘zini bir lahza bo‘lsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yo‘qotmadi. Bu bilan sho‘rolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub ko‘plab maqola va ocherklar, “Mehr ko‘zda”, “Kutilmagan baxt”, “Qalbim nidosi”, “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Karvonlar kelganda”, “Betamiz yigit” sarlavhali hikoyalar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi. Maryam Sultonmurodova ilm-ma’rifat fidoiysi, bardoshli jurnalist, mehrli hamshira sifatida yurtdoshlari qalbida mangu qoldi.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q