Oʻtgan asrdagi oʻzbek milliarderi – Mirkomilboy qanday yashagan?


Saqlash
18:13 / 27.08.2025 3035 0

Xalq orasida turli mish-mishlar, shov-shuvlarga sabab boʻlgan, Mirkomilboy nomi bilan mashhur Mirkomilboy Mirmoʻminboyev haqiqatda boy edi. U “Rus-Osiyo” banki muassislaridan biri va yangi zamon oʻzbek sanoatchi boylarining yorqin vakili boʻlgan. Baʼzi manbalarga koʻra, Mirkomilboyning katta bobosi Miryunusboy Buxoroning mangʻit amirlari xonadonidan boʻlib, Doniyolbiyning amakisi boʻlgan. Taxt uchun kurashmi yo boshqa fitnalar boismi Miryunusboy Buxoroni tark etib, oilasi bilan Andijonga koʻchib kelgan. Katta yer sotib olib ziroatchilik bilan shugʻullangan. Keyingi avlodlar ham asosan dehqonchilik va savdo bilan mashgʻul boʻlib, oʻzlarini hamisha siyosatdan uzoq tutishgan. Bunga asosli va ogʻriqli sabablar bor edi, albatta...

 

 

Mazkur sulola vakili boʻlgan Mirkomil 1860-yil andijonlik yirik yer egalaridan Mirmoʻminboy hoji Mirnodirboy hoji oʻgʻli xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Mirmoʻminboy hoji 1899-yil vafot etgan vaqtda Mirkomilboy allaqachon Turkistonning mashhur, davlatmand boylaridan biri sifatida tanilgan edi. Mirmoʻminboy hoji vafoti oldidan Andijon shahri, Oloyliq qismining qozisi, merosxoʻrlari va qoʻni-qoʻshnilaridan bir necha kishini chaqirib, Makka va Madinada ikkita gʻaribxona qurilishi uchun 30 ming soʻm ajratganini vasiyat qiladi. Darhaqiqat, Mirkomilboy XX asr boshlarida Turkistonning eng yirik boylaridan biri boʻlgan. Uning kapitali 5 ta zavod, Andijonda 2 ta, Qoʻqonda 1 ta saroy-rasta, Andijon bozorida 300 ta doʻkon, koʻplab uylar, hammomlar minglab tanob yer, bogʻ va uzumzorlar, jami 10 mln soʻmdan ortiqqa baholangan. Boshqa maʼlumotlarga qaraganda, uning kapitali 1914-yili 17 mln soʻmga yaqin boʻlgan. Mirkomil Mirmoʻminboyev “Aka-uka Shlosberg”, “Knop”, “Aka-uka Steppun”, Moskva hisob banki, Rus-Xitoy banki, Rus-Osiyo banki va boshqa savdo-sotiq firmalari, banklari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. U Berlin, London, Parij va Istanbul shaharlarida boʻlib, Turkiston mahalliy sanoatchilar bilan Yevropa mamlakatlari oʻrtasida savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻydi.

 

1901-yili Mirkomilboy Andijon uyezdi boshligʻiga oʻz hisobidan qurmoqchi boʻlgan yangi madrasa hamda eski madrasani qaytadan tiklash loyihalarini topshirib, shu ishlarni boshlashga ruxsat berilishini soʻraydi. Mirkomilboyning xayrli taklifidan tashvishga tushgan uyezd maʼmurlari uni quyidagi vajlar bilan rad etadi:

 

“...Oxirgi paytlarda baʼzi bir shaharlardagi (Andijon, Qoʻqon va Oʻratepada) musulmonlarning ayrim machit va madrasalariga oʻquvchilarning misli koʻrilmagan darajadagi katta oqimi kela boshladi. Bu davlat manfaatlariga zid holdir. Masalan, shunday madrasalarning birida mullavachchalar soni 160 kishidan birdaniga 600 kishigacha koʻpaygan. Andijon shahrida shundoq ham musulmon maktablari keragidan ortiqroqdir...”. Shu bois madrasa qurilmay qoldi, biroq 1902-yil Andijonda sodir boʻlgan dahshatli zilzilalardan soʻng Mirkomilboy shaharni qayta tiklash ishida ulkan sahovat koʻrsatadi.

 

 

Mirkomilboy 1913-yilning boshlarida ham Andijon uyezdi boshligʻi Brjeziskiy bilan boʻlgan uchrashuvda Andijon shahrida xayriya sifatida baʼzi inshootlar qurmoqchiligini maʼlum qiladi. U arizasida “Oʻz ona shahrim Andijonning Gultepa maydoniga madaniy koʻrinish berish, ham aholi foydalana olsin deb, men Mirkomil Mirmoʻminboyev oʻz hisobimdan turli millat vakillari – erkak va ayollarga moʻljallangan, qirq oʻrinli namunali shifoxona qurmoqchiman. Unda quyidagi boʻlimlar boʻladi: a) jarrohlik; b) tugʻruqxona; v) ich kasalliklari; g) seksion kameralar va oʻliklar saqlash uchun yertoʻla; d) dezinfeksion kamera hamda shifoxona boshliqlari, xodimlari va turli xizmatchilar uchun maxsus bino; ye) shifoxona binosini markaziy isitish boʻlimi hamda suvlarni biologik tozalash xizmati. 30 oʻquvchiga moʻljallangan, internati boʻlgan, madrasa oʻquvchilarini rus tiliga oʻrgatish boʻlimiga hamda zal va yordamchi binolarga ega rus-tuzem maktabi. 100 ta oʻquvchiga moʻljallangan madrasa va xonaqohi boʻlgan namunali maktabxona. Yevropacha nusxadagi, yertoʻla va qorovulxona, uchta hojatxonasi boʻlgan uchta doʻkonlar tizimi. Mana shu doʻkonlardan keladigan foyda yuqorida koʻrsatilgan muassasalarni taʼminlash va taʼmirlash ishlari uchun ishlatiladi. Mahalliy xalq va yevropaliklar uchun alohida boʻlimlarga ega hammom. Shu binolar atrofida yoʻlkalar ochib, xiyobonlar barpo etish, maydon markazida manzarali bogʻ barpo etish. Koʻrsatilgan inshootlarni barini men, Mirkomil Mirmoʻminboyev, nazoratimda tuzilgan va tegishli hokimiyat tomonidan tasdiqlangan loyiha va smeta asosida uch yil davomida qurib bitkazishni oʻz zimmamga olaman… Shu bilan birga yuqorida koʻrsatilgan barcha binolar, inshoot va jihozlarni qurish uchun oʻz shaxsiy mablagʻimdan 500 ming soʻm ajrataman” deb yozadi.

 

1913-yil 18-sentyabrda Brjeziskiyga topshirilgan ariza ancha vaqt javobsiz qoldirildi. Faqat shu yil 10-dekabrga kelib, Andijon uyezd xoʻjalik boshqarmasi majlisida andijonlik 2-gildiya savdogari, M.Mirmoʻminboyevning uyezd boshligʻi nomiga yozgan arizasi koʻrib chiqildi. Aftidan, jiddiy tayyorgarlikdan soʻng shahar deputati Ordines: “M.Moʻminboyevdek mablagʻidan 500 ming soʻm iona ajratuvchi kishi uchun faqatgina Gultepa maydoni va uning atrofidagi yerlarni bu inshootlar qurilishi uchun talab qilib, shaharni bir qadar murakkab majburiyatlar bilan bogʻlamagan taqdirda u qilayotgan iona mening koʻz oʻngimda olihimmat sovgʻa boʻlardi…” deydi. Tibbiy xizmat vakili boʻlgan Kurovskiy esa Andijon shahri aholisi uchun mavjud 30 kasalga moʻljallangan shifoxonaning oʻzi yetarli, deb hisoblaydi. Natijada tutruqsiz bahonalar bilan bu ariza ham rad etildi.

 

 

Mirkomilboyning yana bir orzusi Andijon shahrida tramvay yurgizish edi. Bu esa mustamlakachi maʼmurlarni yanada tashvishga solardi. Oʻzlarini Turkiston egalari hisoblagan mustamlakachi maʼmurlar mahalliy boyning el orasidagi obroʻsining ortib borishiga qarshi yanada jiddiy choralar koʻrishga kirishadi. Masalaga Turkiston oʻlka maxfiy politsiya boʻlimi aralashib, unda “1914-yil 29-aprel… sanasi bilan “Mir Kalish” (Mirkomil Mirmoʻminboyev) juda aqlli, ayyor, uddaburon kishi, eʼtiqodi boʻyicha panislomchi va ruslarga qarshi juda yomon munosabatda, Andijon shahri tijoratchilar partiyasi boshligʻi” degan axborot paydo boʻldi.

 

1915-yil noyabr oyiga kelib, Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarida “Mirkomilboy qamalganmish” degan gap tarqatiladi. Kimlardir Mirkomilboy Turkiyaga borib, Anvar posho bilan uchrashganmish, Rossiya bilan urush holatida boʻlgan Turkiya armiyasi uchun katta miqdorda pul bergan emish, mana shundan xabar topgan Rossiya hukumati uni qamoqqa olgan emish desa, boshqalar Mirkomilboy tijoratdagi nohalol ishlari uchun qamalganmish, der edilar. Tarqalgan gap-soʻzlardan hech qancha oʻtmay Mirkomilboy rostdan ham soʻroqqa tortiladi. Uning turk sultoniga bitgan murojaati ham “kashf etiladi”. Murojaatda “Salom, Hazrati oliylari Sulton Rashidxonga, zoti oliylari general Anvar poshoga, merosxoʻr Izzatdin Afandiga, general Sendersga jabr-zulm koʻrayotgan rus fuqarolaridan (?) va Andijonda istiqomat qiluvchi Mirkomilboy Mirmoʻminboyevdan duoi salom. Siz zoti oliylari bilan uchrashishga muyassar boʻlganimda imkoniyat boʻlsa, bizning shaharlarimizni bir aylanib ketsangiz, deb taklif kiritgan edim, afsus meni qaytib ketishim bilan urush boshlanib qoldi. Biz Xudodan xotirjamlik va qudrat tilab yashayapmiz. Biz tarafga yorib kirishning iloji bormi? Ruslar bizni juda xoʻrlayaptilar. Meni bir oʻzim 100 ming soʻmga yaqin pul toʻladim. Ulardan qutulib boʻlmayapti. Siz yuborgan xat va suratlarni oldim. Shaxsan oʻzim ruslardan qoʻrqmayman, lekin boshqa musulmonlar ruslardan juda qoʻrqishadi. Sizga Afgʻoniston orqali 200 ming soʻm yubordim. Pulni olgandan soʻng mening iltimosimni Sulton hazrati oliylariga yetkazsangiz. Pochta xat olmayotganligi uchun ushbu xatni Abdul Hakimdan berib yuboryapman. Roʻznomalarda bosmasligingizni soʻrayman. Oʻz imzoimni qoʻyib: Mirkomil Mirmoʻminboyev”.

 

 

M. Moʻminboyev tergovda goʻyoki 1913-yilda yozilgan mazkur xatdagi faqat imzogina oʻziniki ekanini tan oladi. 1913-yil yoz oyida bir yarim oycha chet elda boʻlgani, lekin Turkiyaga bormaganini aytadi. 1914-yil 21-iyun kuni esa “Andijondan yoʻlga chiqib, iyulning birinchi yarmida Moskva, Kiyev va Odessa orqali Istanbulga kelgani, u yerda 4 kun turib, shaharni tomosha qilganidan soʻng koʻzini davolatish uchun Karlsbadga joʻnab ketganini, biroq Bulgʻoriyaga kelganida Rossiya konsulidan urush boshlanganini eshitib, soʻng Ruminiya orqali avgust oyining birinchi yarmida Andijonga qaytib kelganini” maʼlum qiladi.

 

Shundan soʻng faqat Andijondagina emas, butun Turkiston oʻlkasida katta obroʻga ega boʻlgan Mirkomilning boʻhton bilan qamalishidan xavotirga tushgan Fargʻona viloyati harbiy gubernatori endi vaziyatdan chiqish yoʻllarini izlashdan boshqa chorasi qolmaydi.

 

 

Mirkomilboy 1916-yil 10-fevral kuni qamoqdan ozod qilinib, Toshkentga qaytib keladi. Bu yerda bir muddat doʻsti Orifxoʻja boyning uyida qolib, 10-may kuni Andijonga qaytib ketadi. M.Mirmoʻminboyev “Mardikorlikka qarshi” xalq qoʻzgʻolonlari vaqtida, tabiiyki, xalq tomonida boʻladi. Qoʻqon va Margʻilon shaharlari mingboshilarga xat yoʻllab: “Shahringizdagi aholi va boylarga mardikorlikka qarshi chiqishlarini ayting. Rusiyoning ahvoli juda tang. Shuning uchun hech narsadan qoʻrqmanglar. Hammangiz bir yoqadan bosh chiqarib ish yuritsangizlar, mardikor olinishiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilishi oson. Hozirgi vaziyatda hukumat amaldorlariga pul boʻlsa bas, hamma ishni bitiradilar. Shu boisdan sizlar ham havotirlanmay harakat qilaveringlar”, deb yozadi. Iyul oyida esa Andijon aholisi nomidan Vadim Chaykin va huquqshunos Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayevlarni Petrogradga vakil qilib joʻnatadi. Ular Rossiya Davlat dumasiga mardikorlikka safarbarlik ishini tekshirish uchun Turkistonga komissiya yuborish masalasida ariza topshiradi. Shuningdek, Davlat Dumasi aʼzolarini Andijonga taklif etishadi. 1916-yil 23-avgustda Davlat Dumasi aʼzolari A.F.Kerenskiy va Q.B.Tevkelev Turkistonga, shu jumladan, Andijonga ham keladilar. Q.B.Tevkelev Andijon shahri aholisi bilan uchrashib, yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish boʻyicha bir qator tadbirlarni amalga oshiradi. Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev Samarqandda oʻtkazilayotgan Jizzax qoʻzgʻaloni ishtirokchilari sudiga Mirkomilboyning hisobidan Petrograddagi mashhur advokatlar – aka-uka Atxamovlarni jalb qiladi. Ular esa Chor harbiylarining Turkistonda amalga oshirgan vahshiyliklarini dunyoga maʼlum qildi.

 

 

Oradan koʻp oʻtmay Rossiyada fevral burjua revolyutsiyasi amalga oshirildi. Shundan soʻng Turkiston general-gubernatorligi oʻrniga Vaqtli hukumat Turkiston komissariatini tashkil etdi. Mirkomilboy esa 1917-yil “Shuroi islom” tashkilotining Andijon boʻlimiga rahbarlik qilib, jadid taraqqiyparvarlarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Biroq, Skobelev okrug sudining prokurori M.Mirmoʻminboyevni sudxoʻrlikda ayblab, jinoiy ish qoʻzgʻatadi. 1917-yil 17-may kuni Toshkentda soldat va ishchi deputatlari Turkiston oʻlka soveti majlisida M.Mirmoʻminboyevni Andijondagi “Shoʻroi Islomiya” tashkilotida noqonuniy guruh tashkil etish, bir necha qozilarni ishdan olib, ularning oʻrniga oʻziga tegishli odamlarni qoʻyishda ayblab, qamoqqa olish uchun Turkiston Qoʻmitasi ixtiyoriga topshirishadi. Mirkomilboy Mirmoʻminboyevga masala hal boʻlguniga qadar Toshkentda, oʻzi tanlagan uyda hibsda turish buyuriladi. Keyinroq Andijon soldat va ishchi deputatlari kengashi M.Mirmoʻminboyevni Turkiston oʻlkasidan badargʻa qilish haqida qaror qabul qiladi. 1917-yilning sentyabr boshlarida boʻlgan Andijon musulmonlari uyezd-shahar ijtimoiy tashkilotlari qurultoyi qarori bilan M.Mirmoʻminboyev Andijonga qaytib keladi. 1917-yil Oktyabr inqilobidan soʻng u yana hibsga olinadi. 1918-yil 22-fevral kuni bolsheviklar egalik qilayotgan Skobelev okrug sudida boyning “ishi” koʻrilishi kerak edi. Lekin uni sudga olib kelmaydilar. Chunki u yoʻldayoq otib tashlangan edi. Arxiv hujjatlarida u “yovuz niyatli kishilar tomonidan oʻldirildi” yoki “toʻsatdan oʻldi” degan maʼlumotlarni uchratish mumkin. Komil Yashin esa “Yodnoma” nomli esdaliklarida Mirkomilboyni revolyutsion tribunal otishga hukm qildi, deb yozadi. Uning oʻlimidan keyin mol-mulki, boyliklari, yer-suvlari Andijon shahar soldat, ishchi va musulmonlar deputatlari kengashi qoshidagi “Mirkomil komissiyasi” tomonidan musodara qilinadi...

 

 

***

 

Sovetlar Mirkomilboydan qoʻrqishganicha bor edi. U Turkistonda jadid taraqqiyparvarlari orzu qilgan istiqlol uchun siyosiy, harbiy kuch qidirishga kirishgan edi. Mahalliy yigitlarga homiylik qilib, ulardan jahon savdo sanoat bozorida oʻz soʻzini ayta oladigan yetuk mutaxassislarni tarbiyalashga zimdan harakat qilardi. Shu maʼnoda boy Germaniyaga faqat avtomobil olib kelish uchun bormagandi. U hatto Makkai munavvarada ulkan qurilish boshlab, turk mujohidlarini qoʻllab-quvvatlashga ham kattagina mablagʻ yoʻllagan. Baʼzi xotiralarda eslanishicha, Muhammad Aminbek (Madaminbek qoʻrboshi) haqida eshitgan Mirkomilboy unga oʻzi yigʻgan qurollari joyini aytgan va maʼlum miqdorda pul ham bergan. Xususan, andijonlik taraqqiyparvar Burhon Mashrabiyning 1923-yil 27-oktyabr kuni soʻroqdagi guvohligi ham yuqoridagi fikrlarimizni asoslaydi:

 

 

“1918-yil Turkiston Muxtoriyati noziri Obid Chatoq Husayn ismli turk ofitseri va 60 nafar mahalliy yoshni Mirkomilboyning bir uyiga joylashtirgan edi. Subay Husayn Jigit yoshlarga harbiy taʼlimdan dars bera boshlaydi. Ularning orasida keyinroq Germaniyaga oʻqishga ketgan Temurbek Qazbekov ham boʻlgan. Yigitlar Qoʻqonga yoʻlga chiqish oldidan Turkiston Muxtoriyati agʻdarilgani va shahar butunlay olov ichida qolgani haqidagi xabar yetib keladi. Husayn Subay yigitlarni olib toʻgʻri istiqlolchilar harakatiga qoʻshiladi. Aynan shu yigitlar 1923-yilgacha Fargʻona vodiysida qizil armiyaga qarshi kurashning oʻzagi boʻladi. Subay Husayn Jigit Mahkamhojining yigitlari orasida ham yurib, ularni harbiy oʻquvga tayyorlaydi. Ularni moddiy tomondan Obid chatoq, mafkuraviy jihatdan esa Hasanxon va Husaynxon Niyoziylar qoʻllab turardi. Yashirin yigʻinlar tashkil etilib, mahalliy boylar tomonidan qoʻllab-quvvatlashga harakat qilinardi”.

 

Xulosa sifatida ishonch bilan aytish mumkinki, Mirkomilboy Mirmoʻminboyev Chor imperiyasi davrida Turkiston mintaqasidan yetishib chiqqan ilk sanoatchi boylardan biri va ayni paytda milliy shuuri yuksak, millatparvar inson boʻlgan. Biroq, mustamlakachi tuzum davrida oʻta murakkab sharoitda faoliyat olib bordi. 1902-yildan boshlab hali Fargʻona (Skobelov), hali Margʻilon, hali Toshkent shaharlarida uning savdo faoliyatiga qarshi oʻnlab sud ishlarida gʻalaba qozondi. Bu omadli, uddaburon oʻzbek boyini Petrograd, Moskva shaharlarida imperiyaning juda qudratli kishilari oʻzlarining raqibi deb bildi. Turkiston oʻlka maxfiy politsiyasi, mahalliy Chor maʼmurlari uning har qadamini kuzatuvga oldi. Ayni paytda ularga yollangan turli kasbdagi maxsus xufyalar bilan birga oramizdan chiqqan xoinlar ham Mirkomilboyning xalq orasidagi obroʻsini yoʻqotish uchun javlon urib xizmat qildilar. Qolaversa, Andijondagi savdo hamkorlari bilan nizo va mish-mishlar yana avj oldirildi. U harchand harakat qilmasin, vaziyatni yaxshilay olmadi. Ketma-ket bir necha marta hibs va tergovlar boyning asabini tamom qildi. Hokimiyatga kuch bilan kelgan bolsheviklar nihoyat Mirkomilboyni sudsiz, soʻroqsiz otib tashlab, butun mol-mulkini noqonuniy tarzda talon-taroj qildi. Uning hayotini, faoliyatini, maslagini oʻrganarkanmiz, tarixiy adolatni qaror toptirish uchun bugun oldimizda qanday vazifa turibdi, degan haqli savol paydo boʻladi. Avvalo, aytish kerakki, millat ravnaqi uchun bir qadam tashlagan insonning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish kerak. Aytaylik, Mirkomilboy kommunistlar oʻylab topgan tuhmatlarda aytilganidek, xasis boʻlganida ham uning sovet oʻgʻrilari tomonidan tortib olingan mulklarining qonuniy huquqini tiklab qoʻyish davlatning tarix oldidagi burchidir.

 

 

Bugun Mirkomilboy Mirmoʻminboy oʻgʻli va u kabi boshqa mahalliy boylarimizning qismatini tarixchilar tomonidan maxsus oʻrganish, ham huquqiy jihatdan xolis bahosini berish lozim(Ayni paytda ularning turli mamlakatlaridagi mulklari va dunyo banklaridagi milliy boyliklarimizga nisbatan ham maʼlum daʼvo huquqi yuzaga keladi). Shundagina oʻtgan asrda yuz bergan dahshatlarning haqiqiy koʻlami, qiyofasi, mintaqani tark etgan millionlab muhojirlarning mudhish kechmishi yanada yorqinroq namoyon boʻladi. Aks holda, hali koʻp yillar Chor imperiyasi bizga madaniyat, temir yoʻl olib keldi, sovetlar ijtimoiy adolat oʻrnatdi, tekin taʼlimni joriy etib, xalqni yuz foiz savodli qildi, kabi qip-qizil yolgʻonlar bilan yuraverishimiz mumkin.

 

Bahrom IRZAYEV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 18.02.2026 0 98
To‘g‘ri yo‘l imomi

Adabiyot

17:02 / 17.02.2026 0 466
Usmon Azim iqrorlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//