Har bir inson jamiyat eshigiga o‘z ismi bilan kirib keladi. Umri davomida unga mana shu ism hamrohlik qiladi. Ham diniy, ham dunyoviy qonuniyatga ko‘ra shaxsga ism qo‘yish muhim jarayondir. Oyina.uz o‘zbek ismlarinining asosini tashkil etuvchi o‘ntalik ro‘yxat bilan sizlarni tanishtiradi. Ro‘yxatni shakllantirishda tarixiy an’analar va zamon bilan bog‘liq vaziyatlar ham inobatga olindi.
1. Insonning ijobiy sifatlarini ifodalovchi an’anaviy ismlar
Odamlarimiz asosan o‘zbek, arab, fors va turk tillaridagi ismlarga murojaat qiladi. Aksariyat oilalarda ism tanlashda ma’no va jarangdorlikka e’tibor qaratiladi.
An’anaviy ismlar mohiyatan insonning ichki va tashqi go‘zalligi hamda ijobiy sifatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ismlar orqali chaqaloqning ehtimoliy fazilatlaridan umid qilinadi.
Quvonarlisi, bugungi kunda ko‘plab oilalar bu boradagi madaniyatga begona emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda tug‘ilayotgan chaqaloqlarga Muhammad, Muhammad ali, Abdulloh, Muslima, Xadicha, Soliha kabi ismlar nisbatan ko‘proq qo‘yilayapti.
Muhammadali Navro‘zov, aktyor
Hadicha, xonanda
2. Ma’lum maqsadni ifoda etuvchi ismlar
Bu turdagi ismlarni xalq tilida “irim ismlar” deyishadi. Masalan, ota-onaning o‘g‘il tilash istagini ifoda etuvchi ismlar – Ulbo‘lsin, Uldona, Uljon, O‘g‘iloy, O‘g‘iljon, Qizlarxon; farzandlarining ketma-ket o‘limini to‘xtatish istagida qo‘yiladigan ismlar – Tursun, Turdivoy, Turdiali, To‘xtasin, To‘xtavoy, Tursunoy, To‘xtaxon, Umrinisa, O‘rinboy, O‘rinoy, O‘rinbibi va hokazo.
Ma’lum bo‘ladiki, ota-bobolarimizda ismlar inson taqdiriga ta’sir eta oladi, degan ishonch mavjud bo‘lgan. Shu asosda, ismlarga “ilinj” sifatida qaralgan.
Tursunboy Adashboyev, shoir
Tursunoy Sodiqova, shoira
3. Tug‘ilish holati bilan bog‘liq ismlar
Ba’zida chaqaloqning tug‘ilguncha va tug‘ilgandan keyingi holati uning ismini tanlash uchun muhim asos bo‘lgan. Masalan, ona qornida ovoz chiqargan chaqaloqlarga Mashrab, Mashrabxon deb, tishi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga Bo‘riboy, Bo‘ritosh, Bo‘rixol, Bo‘riniso deb, qizil dog‘i bilan tug‘ilgan bolalarga Anor, Anora, Anorxon, Anorboy, Norxo‘ja deb, sezilarli xoli bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga Xolida, Xolniso, Xolboy, Xolxo‘ja deb, xatna qilingan holida tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga Sunnat, Sunnatillo, Musulmon, Muslim deb, ortiqcha tana a’zosi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga Ortiq, Ortiqali, Ortiqboy, Ziyod, Ziyoda deb ism qo‘yishgan.
Shuningdek, xalq orasida yo‘lda yoki safarda tug‘ilganlarga Yo‘lchi, Yo‘ldosh ismlarini, ma’lum islomiy oyda tug‘ilganlarga Safar, Rajab, Ramazon, Muharram ismlarini, bayram kunlari tug‘ilganlarga Bayram, Hayit, Navro‘z ismlarini yoki hafta kunlariga mos ravishda Jumavoy, Jumagul, Jumamurod, Chorshanba ismlarini qo‘yish odatlari ham mavjud.
An’anaga ko‘ra, egizak chaqaloqlarga Hasan, Husan, Fotima, Zuhra deb ism qo‘yilgan. Lekin bugungi kunda o‘z egizaklariga ixtiyoriy ism qo‘yayotgan ota-onalar ham ko‘payib bormoqda.
Rajab Adashev, aktyor
Ortiq Sultonov, so‘z ustasi
4. Tabiat va uning ne’matlariga taqlidan qo‘yilgan ismlar
Bu turda asosan jonzotlarga, o‘simliklarga va tabiat hodisalariga taqlidan qo‘yilgan ismlar nazarda tutilmoqda.
Totemistik qarashlar ta’siriga ko‘ra insonlar orasida uzoq yillar jonzotlarga taqlidan ismlar qo‘yish urfda bo‘lgan. Arslon, Lochin, Bo‘ri, Burgut, Qo‘chqor, Olmaxon, Jayron, Qunduz, Xo‘roz, Savri (buqa) kabi ismlar ana shu qarashlar mahsulidir.
Xuddi shunday, o‘simliklar yoki gullarga taqlidan qo‘yilgan ismlarni ham ko‘p eshitgansiz: Lola, Rayhon, Atirgul, Binafsha, Nilufar, Nargiz…
Shuningdek, quyosh, oymomo, yulduz, sayyora, daryo, dengiz kabi tabiat ne’matlari, uchqun, yashin, dovul, chaqmoq, to‘fon, toshqin kabi tabiat hodisalari ham atoqli otga aylangan va o‘zbek ismlari tarkibiga kirgan.
Manbalarda keltirilishicha, tabiat hodisalari bilan bog‘liq ismlar totemistik qarashlardan tashqari aynan chaqaloqning tug‘ilish vaqtidagi tabiiy vaziyat bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, odamlar qachonlardir qor yog‘ayotgan vaqtda tug‘ilgan chaqalog‘iga Qoryog‘di deb ism berishgan.
Rayhon, xonanda
Uchqun Tillayev, aktyor
5. Buyumlar va jonsiz predmetlarga taqlidan qo‘yilgan ismlar
Albatta, ismlarning tarixiy asosida fetishizm (buyumlarga sig‘inish) alomatlari ham mavjud. Bu alomatlarni Bolta, Tesha, O‘roq, Qilich, Xanjar, Ketmon kabi buyum va aslahalarga taqlidan qo‘yilgan ismlar misolida anglash mumkin. Ayrim manbalarga ko‘ra Markaziy Osiyo xalqlarida chaqaloq tug‘ilishi bilan ota yoki onasi birinchi ko‘zi tushgan buyumni farzandiga ism sifatida tanlaydigan qadriyat ham bo‘lgan.
Bugungi kunda bolalarga bu turdagi ismlarni qo‘yish holatlari yo‘qolib bormoqda.
Shuningdek, odamlar jonsiz predmetlarning xususiyatlariga ramziy yondashgan holda Oltin, Tilla, Kumush, Zumrad, Gavhar, Olmos, Feruza, Temir, Po‘lat, Tosh kabi ismlardan ham foydalanib turishadi.
Tesha Mo‘minov, aktyor
Qilichbek Madaliyev, xonanda
6. Film va serial qahramonlariga taqlidan qo‘yilgan ismlar
Tan olish kerak, ko‘plab tomoshabinlar uchun film va seriallarning ta’sir darajasi yuqori. Odamlar rang-barang sujetlardan o‘z hayotini qidiradi, kinoqahramonlarga ergashadi, mehr qo‘yadi va hatto hamdard bo‘ladi. Dunyo miqyosida mashhur film qahramonlarining ismlarini farzandlariga qo‘yadigan ota-onalar ko‘p uchraydi. Jumladan, o‘zbeklar ham bu tendensiyadan xoli emas.
Avvalroq hind filmlariga muxlislik qilgan ota-onalar farzandlariga Bobbi, Radxa, Raj, Zita, Arjun kabi ismlar qo‘yishgan. Lekin bundan ko‘pchilik bexabar bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangandan keyin ajabtovur ismdagi vatandoshlarimiz ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘layapmiz: Chingachkuk, Spartak, Sabrina, Esmeralda, Jumong, Ishani... Lekin keyinchalik bunday ism egalari qiziquvchan odamlarning savollari ostida qolib ketadilar. Bundan bir necha yillar oldin odamlar tiliga tushgan Jumong ismli bolakay, internet manbalariga ko‘ra hozir o‘z ismini o‘zgartirgan, bunga atrofdagilarning turli mazaxlari sabab bo‘lgan.
Agar havas qilingan qahramonning ism-sharifi o‘zbek ismlari “baza”siga begona bo‘lmasa, e’tirozsiz undan foydalanish mumkin. Masalan, turk seriallaridagi Bahor, Kumush, Daryo, Osiyo kabi ismlarga hozir ham murojaat qiluvchilar topiladi va bu holat jamoatchilikning ortiqcha muhokamasiga sabab bo‘lmaydi.
7. Tarixiy shaxslar va mashhurlarga havas qilish asosida qo‘yilgan ismlar
Odamlarimiz orasida payg‘ambarlar, ulamolar va avliyolarning ismlariga e’tibor qaratadiganlar ko‘p. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino, Jomiy, Temur Malik, Amir Temur, Uvaysiy ismlaridan foydalanganlar ham yo‘q emas. Bugungi kun mashhurlariga havas qilib qo‘yilgan ismlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘ladigan vaziyat – odamlarimiz xorijlik mashhur shaxslarning ismlariga ham tez-tez murojaat qiladilar. Bugun yurtimizda Ronaldo, Messi, Neymar, Muhammad Saloh, Bruse Lee, Jessika, Madonna kabi ismlardagi vatandoshlarimiz bor.
Temurmalik Yunusov, aktyor
Beruniy Alimov, jurnalist
8. Ma’noviy jihatdan qo‘yilishi tavsiya etilmaydigan ismlar
Ro‘yxatning navbatdagi pog‘onasiga ham befarq qarab tura olmaymiz. Bugun odamlarimiz ma’noviy jihatdan qo‘yilishi tavsiya etilmaydigan ismlardan ham foydalanishadi. Masalan, “but” ma’nosidagi Sanam, Shohsanam, Gulsanam ismlari, ma’nosi biroz salbiyroq xarakterda bo‘lgan Laylo (Layli, “qora tun”), Furqat (“ayriliq”), Mahzuna (“g‘amgin”), Abbos (“qovog‘i solingan”, “xo‘mraygan”) , Qoravoy ismlari va hokazo. Ma’no jihatidan biroz noto‘g‘riroq mazmunni aks etadigan ismlar ham bor. Masalan, Abdurasul ismi “payg‘ambarning bandasi” degan ma’noni anglatadi. Ma’lum bo‘ladiki, bu ismdan foydalanish mumkin emas. Bir necha yil oldin bir oiladagi o‘g‘il farzandga Muhammad Sallah deb ism qo‘yilibdi. Bu yerda “sallah” so‘zi arab tilidan “qassob” deb tarjima qilinadi. Demak, hamisha ham jarangdorlik muhim hisoblanmas ekan. Ba’zi oilalarda birinchi farzandning o‘ziga Robiya deb ism qo‘yuvchilarni eshitamiz. Vaholangki, bu ism “to‘rtinchi farzand” degan ma’noni anglatadi.
Shuningdek, islomiy manbalarga ko‘ra, Allohning aynan ismlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi. Ism oldidan “abdu” qo‘shimchasini qo‘shgan holda Abdurahmon, Abdurahim, Abdulaziz deb ism qo‘yish mumkin.
Furqat Zokirov, jurnalist
Gulsanam Mamazoitova, xonanda
9. Siyosiy ismlar
Kamroq sonda bo‘lsa ham davr siyosatiga yoki siyosiy shaxslariga mos ismlar alohida pog‘onani band etdi. Sobiq ittifoq davrida Marks, Engels, Lenin, Stalin ismlari yoki ushbu ismlarning bosh harflaridan hosil qilingan Mels ismi anchayin urfda bo‘lgan.
Bugungi kunda ham davlatimiz rahbari yoki uning oila a’zolari ism-sharifidan foydalanuvchi yurtdoshlarimiz topiladi. Aniqki, kimdir bu ismlardan shunchaki havas sabab, kimdir esa ma’lum ijtimoiy maqsadda foydalanadi.
Bundan biroz oldin navoiylik ota o‘z qiziga Yagona O‘zbekiston deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, lekin FHDY organlari tomonidan bu ismga qarshilik bildirilgan. Bu tanlovdan maqsad nima ekanligi bizga qorong‘u – har holda, ota bu ism uchun uzoq kurashdi. Hozirda qizaloqqa qanday ism qo‘yilgani ma’lum emas.
Mels Abzalov, kinorejissor
Farzandiga Yagona O‘zbekiston deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgan ota
10. Imlo va talaffuzi o‘zgarib ketgan ismlar
Nihoyat o‘ninchi pog‘onaga biz millat va madaniyatlar aralashuvi natijasida imlo hamda talaffuzi o‘zgargan ismlarni joyladik. Asosan rusiyzabon o‘zbeklar va “yevropacha” muhitdagi oilalarda o‘sgan yurtdoshlarimizning ayrimlari ismlaridagi nechtadir harflarni o‘zgartirib olishadi ya’ni, o‘zbek ismlarini sun’iy ravishda ruslashtiradi: Yakub, Leyla, Gafur, Taxir, Kamilla, Alimdjan, Dildar, Niyaz, Talip, Kabul, Kadir, Sagdiana va hokazo. Katta ehtimol bilan, harflardagi jiddiy o‘zgarishlar ma’noni ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.
O‘zbek ismlari yoppasiga qisqartirish davrini ham boshdan o‘tkazgan. Ayniqsa, asosida Muhammad ismi bo‘lgan Toshmat, Eshmat, Bekmamat, Shermamat, Madamin, Mamarizo, Mamayusuf kabi ismlarni hozir ham ko‘pchilikning pasportida ko‘ramiz. Aslini olganda, yuqoridagi ikki holat ham tavsiya etilmaydi.
Sagdiana, xonanda
Gafur, xonanda
Ro‘yxatni balki yana davom ettirish mumkindir. Lekin biz o‘ntalik bilan cheklanamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, ism – insonning yuzi. Qachondir va qaysidir davrada ismimimizdagi qusur yoki xatolik bizni uyaltirib qo‘yishi mumkin. Shu o‘rinda, mashhur hadisni ham eslatish joiz deb topdik. Abu Dardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Albatta sizlar Qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar. Bas (shunday ekan), ismlaringizni chiroyli qilinglar!”
Ma’lumot o‘rnida aytishimiz mumkinki, qonunchilik asosida ism-sharifni o‘zgartirish murakkab jarayon emas. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 228-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lib, manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda ushbu dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslarning tug‘ilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga o‘zgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshiriladi.
Mulohazani o‘zingizga qoldiramiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Mavzuga doir maqolalar:
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q