Otingiz nima?


Saqlash
15:17 / 20.08.2021 1558 0

Mening otim Ulug‘bek, hujjatdagi to‘liq ismim esa – Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich.

Shu ismda elim bosib o‘tgan tarix mujassam: ham arab ta’siri – Abduvahob, ham fors ta’siri – Hamdam. Shu bilan birga, turkiy ekanligim otimdan ma’lum – Ulug‘bek. “Ov” va “vich” qo‘shimchalarida esa rusning izi.

Yo‘q, boshqa ellarga oid ismlardan voz kechish kerak demoqchi emasman, aslo! Jamiyatda inqilobiy o‘zgarishlar, radikalizm yo‘llarini yoqlamayman. Ular ham qo‘yilsin, lekin shu bilan birga, biz aslida kim ekanligimizni bildirib turadigan otlarni – turkona otlarni o‘g‘il-qizlarimizga ko‘proq qo‘yaylik. Toki, muvozanat hosil bo‘lsin! Ismimiz to‘liq aytilganda, xorijlik suhbatdoshimiz “arabmisiz?”, “forsmisiz?” deya so‘roqqa tutmasin. Yoki sizda bo‘lmaganmi bunday hol?!..

O‘risning ta’siri 130 yil bo‘ldi. Hanuz bor, albatta. Shuning uchun uning ta’sirida Marks, Melis, Artur... (garchi, Marks, Artur degan ismlar ruscha bo‘lmasa-da, rus ta’sirida bizga kirib kelgan. Melis degani esa, Marks, Engels, Lenin, Stalin degan otlarning qisqartmasi) sanoqli otlargina o‘zbekistonlik Sharq farzandlariga qo‘yilgan. Agar ta’sir arabniki kabi uzoqroq davom etganda, hech shubha yo‘qki, Ivan, Natasha degan ismlar bilan qorako‘z bolalar atrofimizda chopib yurardi.

Qator o‘tirgan talabalarga murojaat qilaman:

  O‘zingizni tanishtiring!

  Sarvar, Bilol, Sunnat, Dildora, Nargiza, Sumayro, Imron, Sherzod, Muxlisa, Muslima va nihoyat, O‘g‘iloy...

Ontadan keyin bitta turkona ot.

“O‘g‘iloy” ismini oilada o‘g‘il ham tug‘ilsin degan niyat bilan qo‘yishadi, odatda. Biz ham ota-bobolarimizning niyatiga ergashib, ko‘proq shunday otlar qo‘yaylikki, natijada o‘g‘il-qizlarimiz turkona otlari bilan ham tug‘ilsin, ko‘cha-ko‘yga, chet ellarga chiqqanda, ularning ismlaridan turkiylar ekani bilinib tursin!

Shu ma’noda, ikki bolangiz bo‘lsa, biriga turkiycha ot qo‘yib, boshqasiga o‘zingiz yoqtirgan boshqacha ism beravering, degim keladi. Mayli, u ism arabcha bo‘lsin, forscha yoki juhudcha, lekin avvalo, millat sifatidagi o‘zakni saqlab qolishni unutmaylik. Bu esa, farzandlarimizga berayotgan otlarimizga ham bog‘liq.

Agar sizning millatingiz qirg‘iz, tojik, tatar yo qozoq bo‘lsa, xuddi shuni o‘z elingiz manfaatidan kelib chiqib amalga oshiring. Maqsad – o‘zlik va rang-baranglikni saqlab qolish. Zero, Alloh o‘z bandalariga turli irq, millat, til va urf-odatlarga mansublikni berdi. Har bir inson alohida bir olam ekanligini uqtirish uchun bo‘lsa kerak, uning tili va barmoqlarining uchiga alohidalik muhrini bosdi. Shundan mening barmog‘im izi siznikiga, sizniki unikiga, uniki esa menikiga o‘xshamaydi. Bas, shunday ekan, ana shu alohidalar uyg‘unligidan go‘zal bir dunyo yaraladi. Ko‘kdagi kamalak ham turli ranglar gammasidan iborat-ku! Ha, Yaratgan Egamiz tabiatning o‘zida bizga o‘rnak-namunalar ko‘rsatib qo‘ygan, faqat ularni topib o‘qib, so‘ng uqib hayotimizga tadbiq eta olish-olmaslik ko‘proq bizning o‘zimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda...

(Shunday deyman-u, hozirgi globalizm davriga, unda millatlar, urf-odatlar, tillar, hamma-hammasi bir-biriga ta’sir qilib, aralashib ketayotganini ko‘rib, mulohaza qilib, balki men dunyodan orqada qolib ketayotgandirman, taraqqiyotga, o‘zim tushunib-tushunmay olamshumul o‘zgarishlarga qarshi turib qolayotgandirman, yaxshisi, yo‘ldan chekila-yu jim bo‘lay, deb ham o‘ylayman. Chunki dunyoda bir til, bir din va bir xil madaniyat hukmronlik qilsa, balki o‘zaro til topishish oson kechar hamda urushlar kamroq bo‘lib, insoniyat baxtliroq yashar, – mulohaza yuritaman yana ichimda. Kim bilsin! Balki siz bilarsiz, zamondosh?..)

Boshqa tomondan esa, “o‘zi turkona otlar qancha qolgan?” deya o‘zimga o‘zim savol beraman. Juda oz. Judayam. O‘tmishimiz naqadar achchiq bizning, naqadar achchiq!.. Balki shuning uchun kuy va qo‘shiqlarimiz ham shunchalar hazindir... Chunki “Ota” degan romanni yozganimda qani, barcha ismlar turkona bo‘lsin-chi, deb bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Menga ma’qul keladigan otlar juda oz ekan. Arang topdim, deng. Balki men eslay olmagandirman. Balki birgalashib turkona otlarni eslarmiz. Keyin birgalashib kitobcha ham qilarmiz (Bir kitobcha bo‘lgulik ot qolganmi o‘zi, deng!). Bu ham bir ojizona taklif-da. Qani, ketdik bo‘lmasa, men yo‘lakay esimga kelganini aytaman, qolganini siz eslating:

1. O‘tkir;

2. O‘lmas;

3. To‘lqin;

4. Erkin;

5. Yog‘du;

6. Yorqin;

7. Sevinch;

8. Quvonch;

9. Quvondiq;

10. Otabek;

11. Oybek;

12. Ulug‘bek;

13.  Temir;

14.  Tilak;

15. Jo‘ra;

16. Elbek;

17. Tursun;

18. Turg‘un;

19. Tursunoy;

20. Turg‘unoy;

21. O‘g‘iloy;

22. Oydin;

23. Botir;

24. Tesha;

25. Bolta;

26. O‘roq;

27. Bo‘ri;

28. Qo‘chqor;

29. Tolmas;

30. Qo‘rqmas;

31. Chaqqon;

32. Dengiz;

33. Ochil;

34.To‘lan;

35. To‘liboy;

36. Qamchibek;

37. Kenjabek;

38. Bobo;

39. Yo‘lchi;

40. O‘rinboy;

41. Bilgamish;

42. Alpomish;

43. …

Ulugbek HAMDAM,

filologiya fanlari nomzodi, professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 158
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 623
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22108
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//