1996-yilning 18-oktyabrida Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Toshkent markazi – buyuk sarkarda nomi bilan ataluvchi xiyobonda “Temuriylar tarixi muzeyi” barpo etilgan. Oradan 30 yil oʻtib, sohibqironning 690 yilligi arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan muzey rekonstruksiya qilinib, xorijdan xarid qilingan eksponatlar bilan boyitildi va zamonaviy texnologiyalar bilan yangicha qiyofa aks etdi.
Amir Temur qabri ochilganida muzey uchun berilgan eksponat va Temuriylar davridagi gender masalalarining muzeydagi aksi — Oyina.uz Temuriylar tarixi muzeyidagi asosiy oʻzgarishlar haqida hikoya qiladi.
XIV-XVI asrda hukmronlik qilgan ulugʻ sulola tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi ushbu muzey Oʻzbekiston davlat noyob ilmiy obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. U oʻzida saqlagan tarixiy eksponatlardan tashqari, binosining klassik, sharqona va zamonaviy meʼmorchilik uslubi bilan ham alohida sanʼat asari sifatida koʻriladi va Toshkentning asosiy diqqatga sazovor manzillaridan sanaladi.
Yashil gumbaz ostida mehmonlarni Amir Temurning tugʻilganidan to vafotiga qadar bosib oʻtgan hayot yoʻli, davlat boshqaruvi va bunyodkorlik ishlari aks etgan “Buyuk sohibqiron Ikkinchi renessans asoschisi” nomli katta panno-miniatyura qarshi oladi. Panno mamlakatning mashhur miniatyurachi rassomlari tomonidan muzeyning markaziy zali devori boʻylab tasvirlanib, uning har bir boʻlimida alohida tarix ifodalanadi. Avval bu panno 3 qismdan iborat boʻlgan, rekonstruksiya ishlari doirasida ular 12 taga yetkazilib, 3 boʻlimda Amir Temur, davomida esa uning avlodlari hukmronligi va Temuriy malikalar tasvirini koʻrishingiz.
Uch qavatli muzey ekspozitsiyalariga yorqin tus berib turadigan “Zumrad” qandil esa muzeyning deyarli ramziga aylangan: tashrif buyuruvchilarning aksariyati, ayniqsa, xorijlik mehmonlar aynan shu qandil va 12 boʻlimli panno oldida turib, suratga tushishadi. 500 ta yoritgichni jamlagan billur qandilning ogʻirligi ikki tonnadan oshiqligining oʻzi uning naqadar muhtashamligini bildiradi.
Tarixni ulugʻvor hashamat va zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirgan mazkur muzey mehmonlarining aksariyatini yoshlar tashkil etadi. 9-aprel kuni muzey rekonstruksiyadan keyin qayta ochilgach, 3 kun ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi. Shu kunlarning oʻzidayoq mehmonlar soni 10 mingga yetgan va ularning aksar qismini yoshlar hamda xorijliklar tashkil qilgan.
“Muzey rekonstruksiyasida koʻproq raqamlashtirishga eʼtibor qaratildi. Xususan, 3D eksponatlar, sunʼiy intellekt, monitor, interaktiv-kiosk, led-ekran, proyeksiya va innersiv shou kabi innovatsion texnologiyalarning joriy qilinishi keladigan yoshlar oqimini koʻpaytirdi”, – deydi muzeyning ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Shahnoza Miraliyeva.
Aslida, muzeyning markaziy joylashuvi va taʼlim maskanlariga yaqinligi ham yoshlarning uzluksiz tashrifini taʼminlashi tabiiy. Bundan tashqari, qonunchilikka koʻra, 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun davlat muzeylariga bepul kirish tartibi belgilangan. Yana baʼzi taʼlim muassasalarida yoshlarga madaniyat va tarixni targʻib qilish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida davlat muzeylari, tarixiy obidalar va teatrlarga rejali va tizimli tashriflar jadvali joriy etilgan.
Biroq ularning ayni damdagi tashrifi bu rejalar bilan bogʻliq emas.
“Ish grafigiga koʻra, muzey soat 18:00 da yopiladi. Lekin bu vaqtdan oʻtib ham yoshlar eshik oldida “kiritib yuboring, ochib bering” deb soʻrashadi. Agar majburiy boʻlganida ish vaqti tugaganini bilib, bajonidil ortga qaytardilar. Bundan tashqari, bizga hali-hanuz doimiy qoʻngʻiroqlar boʻlib, muzey rekonstruksiyadan keyin ochilgan yoki yoʻqligini soʻrashyapti”, – deydi muzey mutaxassisi.
Bunga qadar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar orasida yoshlar ozchilikni tashkil qilgan. 2025-yilda muzeyga qariyb 200 ming nafar mehmon tashrif buyurgan boʻlsa, ularning aksariyati sayyohlar boʻlgan.
Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. 200 nafardan ortiq ishtirokchi tadbirning davomi sifatida yangilangan muzeyga ekspert sifatida baho va xulosa berish uchun tashrif buyurdi. Shu tariqa, muzey qayta ochilganidan keyin eng koʻp mehmonlarni 9-aprel sanasida qarshi oldi.
Shahnoza Miraliyevaning taʼkidlashicha, muzey fondida 7000 dan ortiq eksponat saqlanadi. Lekin ularning barchasini ekspozitsiyalarga joylash imkoni yoʻq, faqat mingdan ortigʻigina koʻrgazma uchun namoyish etiladi.
Muzey mehmonlari orasida eng koʻp Amir Temurning shaxsan oʻziga tegishli eksponat haqida soʻraladi. Bunday eksponat ayni damda uning qosh tolalari sanaladi.