Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-ma’naviy masalalari muhokama qilindi


Saqlash
16:48 / 03.06.2026 44 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-ma’naviy masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

 

Konferensiyada olimlar va taniqli ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha mas’ullari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

 

 

Bugungi globallashuv va shiddatli axborot xurujlari davrida milliy o‘zlikni saqlab qolish va jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dunyoda mafkuraviy kurashlar keskinlashayotgan bir sharoitda, yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilish, oila va mahalla institutini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarni zamonaviy rivojlanish tamoyillari bilan uyg‘unlashtirish – davlat va jamiyat oldidagi strategik vazifadir.

 

 

Mazkur anjuman aynan mana shunday dolzarb tahdidlarga qarshi ilmiy asoslangan ma’naviy qalqon yaratish va umummilliy yuksalishning yangi konseptual yondashuvlarini ishlab chiqishga qaratilgani bilan g‘oyat qadrlidir.

 

Ushbu anjuman yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada takomillashtirish, milliy qadriyatlar va zamonaviy rivojlanish tamoyillarini uyg‘unlashtirishda ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

 

Konferensiya muhokamalar, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

 

 

Farhod Tolipov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent:

 

– Akademik erkinlik masalasi nafaqat xalqaro darajada, xorijiy universitetlar uchun, balki O‘zbekiston uchun ham dolzarb sanaladi. 30 yillik ish tajribamdan kelib chiqqan holda aytaman, yurtimizda ta’lim sohasida inqilobiy o‘sish kuzatilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarini son jihatidan ko‘payib borayotgani quvonarli. Ammo haqli savol tug‘iladi, oliy ta’limdagi sifat masalasi qanday va akademik erkinlik masalasi qay darajada?

 

Kezi kelganda taniqli siyosiy arbob, amerikalik olim o‘z intervyularida quydagi iborani ko‘p bor qo‘llaydi: Butun dunyoda siyosiy uygonish kuzatilyapti. XXI asr – texnika asri deb sanalarkan hattoki eng qoloq davlatlar-u, elatlar, qabilalarda ham siyosiy uyg‘onish sodir bo‘lyapti. Dunyoda voqealardan ular ham boxabar. Demak ma’lumot almashish sodir bo‘layotgan ekan, yaxshiroq hayot tarziga ega davlatlarni kuzata turib o‘zining mamlakati va hukumatiga talablari ko‘payadi. Mana, haqiqiy dunyo bor ekan, degan xabardorlik sodir bo‘ladi.

 

Siyosiy uyg‘onish davrida yoshlarda, talabalarda har qanday cheklovlar foyda emas, ziyon keltirishi mumkin. Chunki ular ma’lumotlarni, bilimlarni, kerak bo‘lsa tafakkuri va fikrlash uslublarini universitetsiz ham, domlalarsiz ham topishi mumkinligi isbotlanmoqda. Ana shunday sharoitda ular siyosiy uyg‘ongan ekan, cheklash emas, siyosiy uyg‘onish jarayononi boyitgan holda to‘g‘ri yo‘naltirish muhim vazifaga aylanyapti.

 

Akademik erkinlik juda murakkab tushuncha. Bu erkinlik muammosini o‘rganganim sari universitetlardagi umumiy infrastrukturaviy holat, mavzu tanlash, ChatGPT, sun’iy intellekt kabi mexanizmlar turli muammolarni kelib chiqarayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

 

 

Saidkomil Muhammad Karim, tadqiqotchi:

 

Bugun biz bir qolipda yashayapmiz. Ya’ni bizga millatning qanday bo‘lishini bundan ikki-uch asr avval g‘arb institutlari, g‘arb madaniyati, g‘arb sivilizatsiyasi tomonidan chizib berilgan qolip asosida biz millatni qurishga harakat qilyapmiz. Bunda turli to‘siqlar, haqli savollarga duchor bo‘lyapmiz. Bu qanday millat? Ma’rifatparvarlik davri, XVII-XVIII asrlarda Yevropada etnik millat tushunchasi paydo bo‘ldi. Yevropa etnik millat masalasini 200 yillik bo‘xronlar, urushlar va boshqa boshqa ko‘chishlar natijasida o‘z masalasini xal qilib oldi.

 

Biz o‘zimizning asl manbalarga qaraydigan bo‘lsak, Forobiyning Fozil odamlar shahri konsepsiyasida, Boburning qarashlarida bugungi kunda millat konsepsiyasidan olishimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p foydali ma’lumotlar bor.

 

Forobiy nazdida millat bir g‘oya atrofida birlashgan ilm, madaniyati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar bir g‘oya atrofida, bir maqsad sari birlashgan har qanday jamiyat, millatni ko‘radi. Biz bugun buni o‘zbekistonlik degan tushunchada korishimiz mumkin.

 

Fоrobiy millatga ta’rif berganda Millat – uning bosh rahnomosi tomonidan belgilab berilgan maqsadlar, g‘oyalar, mafkuralar va faoliyatlar harakatlaridan iboratdir, ya’ni biror bir g‘oya atrofida birlashgan va u g‘oya atrofida bir xil harakatlarni amalga oshiradigan va uning asoschisi bolgan har qanday jamiyatni millat deb ataydi.

 

Biz ozbek degan millatni shakllantiradigan bolsak individual qadriyatlar emas, balki birinchi navbatda o‘zbekka xos bo‘lgan qadriyatlarni, ta’limdan boshlab madaniyatgacha hamma sohani bir xil yondashuv bilan targ‘ib etishimiz va ijtimoiy mas’uliyat hissini oshirishimiz kerak.

 

Dilfuza MAHKAMOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//