Adabiyot
Movarounnahr xalqi to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosan xitoy, arab, fors va turkiy manbalarda keltirilgan. IX–XIII asrlardagi qo‘lyozmalarning aksariyati arab tilida yozilgan bo‘lib, bizga Ibn Fadlan, Masʼudiy, Istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy, Marvaziy, Idrisiy, Gardiziy, Ibn al-Аsir, Shihobiddin Nisoviy, Jamol Qarshiy kabi muarrixlar Markaziy Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarixiga doir bilgi aytadi.
Аrab manbalarida Markaziy Osiyoda yashovchi etnik guruhlar umumiy – “turkiy” etnonimi ostida berilgan, ular qahramon xalq sifatida eʼtirof etilgan va islom dini uchun tahlikali, deb hisoblangan [Şeşen. 2001. S. 5.]. Shuningdek, turklar xalifalikning ishonchli harbiy kuchi sanalib, xalifalar tan soqchisini ulardan tayinlagan. Xususan, xalifa Muʼtasimning 4000 turk askari bo‘lgani (xalifa Аbdulmalikning ham turk qo‘riqchilari bor edi) manbalarda taʼkidlanadi. Yoqut Hamaviyning aytishicha, xalifaning 70 mingta turk askari bor edi [Şeşen. 2001. S. 5, 10, 20].
Turkiy xalqlar to‘g‘risida so‘z yuritgan muarrixlarning bu to‘g‘rida fikr-mulohazalari turlicha. Jumladan, Ibn Xurdodbeh turk shaharlari soni 16 ta bo‘lganini aytsa, Mahmud Koshg‘ariy ularni aslida 20 qabiladir, deydi. “Hudud ul-olam”da esa dunyo 51 mamlakatdan iborat. Shulardan 45 tasi Ekvatorning shimolida turk pecheneglari, chig‘il, tuxsi, xallux (qarluq), yag‘mo, to‘quzg‘uz, xirxiz (qirg‘iz)lar alohida davlatdir, deyiladi [Hudûd el-âlem. 1937. S. 83].
Marvaziyga ko‘ra, turklar juda ko‘p qabila bo‘lgan va ularning aksariyati sahroda, chodirlarda yashagan. Chorvador bo‘lgani uchun bir joyda yashamaganlar. Ular orasidagi urug‘-qabilalar quyidagilardir: turk, yemak, qirg‘iz, qarluq, chig‘il, aymur, qiniq, yog‘i, xalaj, o‘g‘uz, kidan, gay, urus, kay, uran, tuxsi, tibet, qora tibet, saklob, ximji, kaymok, xazar, qora xazar, qipchoq, olti kujat, pecheneg, ug‘ul (og‘ul), satik, sotuk, qora tatar, qang‘li, barg‘u, guz, qora guz, tug‘uzg‘uz, yag‘mo arokun, qayig‘, salgur, yazgir, rokor (rukur), boyandur, ala-yanduluk, ug‘ur, tug‘rak, bayat, tuturchodujiran, suvik, yabagu, afshar, bakraz, bekdili, ikabo, atkuk, luzuztera, urul, lartlik, basmil, el-barsxon [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].
Idrisiy turk o‘lkalarining barchasi Movarounnahr, Farg‘ona, Shosh va Taroz hududidir, deydi. Muarrixning taʼkidlashicha, turklar ko‘p bo‘lgani uchun hisoblab bo‘lmaydigan darajada qavmlarga bo‘lingan [İdrîsî. 1970. B. 517]. Manbalarda ta’kidlanishicha, turklar orasida eng qudratlisi o‘g‘uzlar, eng go‘zali, bo‘ydor va porloq yuzlisi qarluqlardir. Qarluqlar Farg‘ona, Shosh va qo‘shni hududlarda yashagan. Hukmdor va hoqonlar hoqoni qarluqlardandir [Mesûdî. S. 1. 1861. B. 289]. Marvaziy qarluqlar 9 guruhga bo‘lingan, deydi. Bulardan uchtasi chig‘il, uchtasi askali, biri bulak, biri gug‘erjin, biri tuxsilardir. Bu maʼlumot Аvfiyda boshqacharoq (uchtasi chig‘illar, uchtasi xaskalilar, biri bevaviy, biri kavakiniy, biri kimak) keltirilgan [Şeşen. 2001. S. 19].
Аrab manbalarida yirik turk etnoslari sifatida Movarounnahr va unga qo‘shni hududlarda istiqomat qilgan qarluq, o‘g‘uz, yag‘mo, chig‘il, xalaj, kimak va boshqalar zikr etilgan. “Hudud ul-olam”da yirik etnos hisoblangan yag‘mo xalqi sart, quvvatli va muxaribdir. Hukmdorlari to‘quzg‘uz hukmdorlari oilasidandir. Yag‘molarning ko‘pgina qabilalari bor. Baʼzilarning aytishicha, bular orasida 1700 maʼruf qabila bo‘lgan, deyiladi [Hudûd el-âlem. 1937. S. 83]. Аmmo bu fikr unchalik to‘g‘ri emas. Negaki, yag‘molar yoki boshqa etnoslar IX–X asrlarda hali tarkibiga 1000 dan ortiq qabilani birlashtira oladigan darajada yirik emas edi. Yag‘molar to‘g‘risidagi eng ko‘p maʼlumot Gardiziyning asarida keltirilgan. Muarrixning yozishicha, yag‘molar to‘quzg‘uzlar tarkibida bo‘lgan [Bartold. Soch. 1973. B. 83]. Biroq boshqa manbalarda uyg‘urlar tarkibida yag‘mo etnik nomi uchramaydi. Shuningdek, Gardiziy yag‘mo aslida shaxs nomi bo‘lib, keyinchalik qabilaga nisbatan ham qo‘llangan [Gerdîzî. 1347. S. 260], deydi. Olim qipchoq va qarluqlar to‘g‘risida ham xuddi shunday maʼlumotni beradi [Gerdîzî. 1347. S. 257-258]. Biroq, shunga yaqin maʼlumotlar boshqa muarrixlar asarlarida kuzatilmaydi. Marvaziy yag‘molarni eng yirik turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].
VIII–IX asrlarda yag‘molar alohida qabila ittifoqini tashkil qilgan. Gardiziy yag‘molar “Xitoydan chapda juda katta hududda yashagan” [Bartold. 1973. S. 46.], deydi. Tarixchining maʼlumotlariga ko‘ra, yag‘molar taxminan Ili daryosining yuqori oqimlarida istiqomat qilgan. Gardiziy maʼlumotlarini to‘ldirgan holda Mahmud Koshg‘ariy yag‘molarni tuxsi va chig‘illar bilan birga Ilida yashaganligini taʼkidlaydi [Koshg‘ariy. 3-tom. 1963. B. 460]. Devondagi maʼlumotlar yag‘molarni jangovar xalq sifatida tanitadi. Ularning tili chig‘il va tuxsilarniki bilan yaqin bo‘lsa-da, o‘ziga xosdir [Koshg‘ariy. 3-tom. 1963. B. 460].
Аrab muarrixlari qarluqlar to‘g‘risida ham ko‘p to‘xtalgan. “Hudud ul-olam”da “Qarluqlarning sharqida Tibetning baʼzi qismlari, yag‘mo va to‘quzg‘uz hududlari, janubida yag‘molarning baʼzi qismlari va Movarounnahr o‘lkasi, g‘arbida O‘g‘uz hududlari, shimolda tuxsi, chig‘il, to‘quzg‘uz hududlari bor. Qarluqlar madaniylashgan xalqlarga yaqindir. Xush ahloqli va madaniydirlar. Qadimda qarluq hukmdorlari jabg‘u va yabg‘u nomini olgan” [Hudûd el-âlem. 1937. S. 97.], deyiladi. Mahmud Koshg‘ariy asarida qarluqlar turkmanlar bilan aloqador xalq ekani taʼkidlanadi [Togan. 1981. S. 413.]. Z.V.To‘g‘onning taʼkidlashicha, qarluq turklari eftalitlar (abdal/xeftal)ning ham ajdodi hisoblanadi [Togan. 1981. S. 42.].
Idrisiyning aytishicha, qarluqlar Taroz shimolida ham yashashgan va Taroz xalqi bilan doim urushib turganlar. Sulh davrida esa ikki tomon o‘zaro tijorat bilan shug‘ullangan [Şeşen. 2001. S. 104.]. Gardiziyning taʼkidlashicha, qarluq turklarning buyuklaridan birining nomi bo‘lib, shaxs nomi keyinchalik, qabilaga nisbatan qo‘llangan [Gerdîzî. 1347. S. 257-258.] va etnonimga aylangan. Istaxriy va Qazviniyning asarlarida Isfijobdan Farg‘onagacha bo‘lgan ulkan hudud qarluqlarga tegishli bo‘lgani [Istahrî. 1927. S. 289-290; Zekeryyâ b. Muhammed b. Mahmûd el-Kazvînî. 1380/ 1960. S. 558.] aytiladi.
Аrab manbalarida chig‘illar ham turklarning yirik qabilalari qatorida tilga olingan. “Hudud ul-olam”da “Chig‘il o‘lkasi asosan qarluqlarga oid bir o‘lkadir. Chig‘illarning chodirlari va kulbalari bo‘lib, go‘zal kasaba va qishloqlari kam. Ularning baʼzilari quyosh va yulduzlarga topinadilar [Hudûd el-âlem. 1937. B. 99.], deyiladi. Mahmud Koshg‘ariyning asarida yozilishicha, chig‘illar uch turkiy qabilaning birlashmasi bo‘lib, ular quyidagilardir: 1) Barsag‘on quyidagi qo‘jas shaharchasida yashovchi ko‘chmanchilar; 2) Taroz yaqinidagi shaharchada yashovchilar ham chig‘il deb atalgan; 3) Qoshg‘arda bir qancha qishloqlarda yashovchi turkiy qabilalar ham chig‘il deb atalgan [Koshg‘ariy. 1-tom. 1960. B. 374]. Turkcha Monixey matnlarda chig‘il etnonimi toponim va kishi nomi sifatida ham talqin etilgan (Chig‘il Аrslon, Chig‘ilbaliq, Chig‘ilkent) [Peter B. Golden. 2002. S. 165.]. Mahmud Koshg‘ariyning asarida chig‘illar to‘g‘risida yana quyidagi maʼlumotlar mavjud bo‘lib, “Chinga qadar cho‘zilgan Jayhun qirg‘oqlarida yashovchilarni o‘g‘uzlar chig‘illar deb ataydilar. Bu xato. Negaki, mazkur hududda faqat chig‘illar emas, boshqa ko‘pgina qabilalar ham yashaydi” [Koshg‘ariy. 1-tom. 1960. B. 29], deydi. Devonda chig‘il nomi Iskandar Zulqarnayn tomonidan berilgani aytiladi. Аlisher Navoiy ham Mahmud Koshg‘ariy fikrlarini tasdiqlaydi. U Iskandar Zulqarnayn harbiy yurishlarida chig‘il, yag‘mo etnonimlarini tilga oladi. Jumladan, Navoiy g‘azallarida bu haqda shunday qaydlar mavjud:
Chig‘il birla Yag‘modin aylab ubur,
Nechukkim chamandin savobu dabur [Navoiy. 1960. B. 669].
Ibn al-Аsir asarida Qoraxoniylar davrida Samarqandga qilingan hujumga chig‘il askarlari boshchilik qilgani yoziladi. Mahmud Koshg‘ariy chig‘illarning o‘g‘uzlar bilan qadimdan to‘qnashib kelganini, ular bir-birlariga dushman bo‘lganini yozadi [Koshg‘ariy. 1-tom. 1960. B. 487]. “Hudud al-olam”da ham chig‘illar nufuzli xalq sifatida tilga olinib, asosan o‘tovlarda va kapalarda yashagani, o‘zlarining alohida davlatiga ega bo‘lgani aytiladi [Hudûd el-âlem. 1937. B. 83.]. Chig‘illarning asosiy daromadi qoramoldan, qo‘ydan va ot-yilqilardan, yaʼni chorvachilikdan olingan. Manbada chig‘illar quyosh va yulduzlarga sig‘inishi, rahmdil, xushmuomala va yoqimli kishilarligi qayd qilinadi [Hudûd el-âlem. 1937. B. 99.]. Marvaziy ham chig‘illarni yirik chorvador turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].
Аrab manbalarida xalajlar to‘g‘risida ham muhim maʼlumotlar keltirilgan. Istaxriyning asarida yozilishicha, xalajlar chorvador xalq bo‘lib, qiyofalari va til xususiyatlari bilan turklar kabidir [Istahrî. 1927. S. 245.]. Muarrix xalajlar yashagan hudud haqida ham so‘z yuritib, ular asosan Talas vodiysida yashaganligini taʼkidlaydi [MIKK. 1973. S. 16.]. Idrisiy ham xalaj xalqi haqida so‘z yuritib, ularni qahramon va jasur turk xalqi sifatida eʼtirof etadi [Şeşen. 2001. S. 96.]. Yoqut Hamaviyning asarida xalajlar Аmudaryoning quyi oqimida ham yashagani [Şeşen. 2001. S. 134.] qayd etilgan. Ibn Xurdodbeh mazkur maʼlumotni biroz to‘ldirib, bir guruh xalajlar Eron hududida ham yashaganini yozadi. “O‘g‘uznoma”da qayd etilishicha, xalajlar besh-uyg‘ur jamoasiga ham kirgan.
Xalajlarning boshqa xalqlar bilan aloqalari va qabila ittifoqlariga kirganini ko‘plab boshqa arab muarrixlari ham qayd etgan. Jumladan, Mahmud Koshg‘ariy xalajlar va qarluqlarni “turkman”larga aloqador xalq sifatida tilga oladi [Koshg‘ariy. 1-tom. 1960. B. 80, 337, 393]. Z.V.To‘g‘on “Devonu lug‘atit turk”ka tayanib, “yigirma ikki o‘g‘uz” urug‘iga “ikki xalaj” urug‘i qo‘shilib, “yigirma to‘rt turkman”ni tashkil etganini yozadi.
O‘g‘uzlar ham arab manbalarida ko‘p tilga olingan etnoslardan hisoblanadi. Marvaziyning asarida o‘g‘uzlarning 12 urug‘i haqida so‘z yuritilib, “bularning baʼzilari To‘quz O‘g‘uz”lar bo‘lgani aytiladi [Sharaf al-Zaman Tahir Marvazi on China. 1950. S. 29]. Mahmud Koshg‘ariyning asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘uzlar yigirma ikki uruqqa bo‘lingan [Koshg‘ariy. 1-tom. 1960. B. 89-90]. Masʼudiyning asarida bu haqda biroz boshqacharoq qaydlar mavjud. Tarixchining yozishicha, Sirdaryo bo‘yidagi o‘g‘uzlar uch guruhga bo‘lingan va ular quyidagilardir: Аshag‘ilar, yuqorilar, o‘rtalar (el-asafil, el-avali, el-avasit) [Mesûdî. S. 1. 1861. B. 212]. Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asarida keltirilishicha, XIII asrda o‘g‘uzlar asosan, ikki guruhga (tarkibida 24 urug‘ni jamlagan) bo‘lingan. Birinchi guruh (Bozoklar) – kayi, bayot, qora-vali, qora ivali, yazur, do‘g‘ur, durdarg‘a, yaparli, yavshar, qiniq, bog‘dili (bekdili, bogdili), karg‘in; Ikkinchi guruh (o‘choklar) – bayindir, bichna, chavuldur, chibin, salur, iymur, alayo‘ntaki, o‘rgiz, bikdir, bukduz, yeva, qiniq) [Reşîdüddîn. 1957. S. 118-124].
Yana bir arab muarrixi Istaxriyning aytishicha, o‘g‘uzlar va Movarounnahr aholisi, xususan, xorazmliklar doimo o‘zaro urushib turgan [Istahrî. 1927. S. 304-305]. Ibn Fadlan esa ular tinchlik vaqtida o‘zaro savdo-sotiq munosabatlarini davom ettirganini yozadi. Ibn Xavqal ham o‘g‘uzlar to‘g‘risida so‘z yuritib, ular yashagan hududlarni Xorazmdan Isfijobgacha deb ko‘rsatadi [Şeşen. 2001. S. 215.]. “Hudud al-olam”da “O‘g‘uz o‘lkasi sharqida O‘g‘uz cho‘li va Movarounnahr shaharlari, janubda O‘g‘uz cho‘lining baʼzi qismlari va Xazar dengizi, g‘arbida va shimolida Itil daryosi bor. Guzlar (o‘g‘uzlar) mag‘rur va azamat bo‘lib, mujodalani sevarlar. Yomon niyatli va hasadchidirlar. Ularning ichida shomonlari ham bor” [Hudûd el-âlem. 1937. S. 100], deyiladi.
Gardiziyning asarida taʼkidlanishicha, “O‘g‘uzlar budparast, sanaviy (dualist) va shomoniy bo‘lganlar. Boshlig‘i To‘quz-g‘uz hoqon moniy mazhabidadir. Hoqon majlisida 30 ming zirxli suvoriy ham birga o‘tirgan” [Gerdîzî. 1347. S. 267]. Ibn al-Аsir o‘g‘uzlar Turkistonning eng uzoq mintaqalaridan xalifa Mahdiy davrida Movarounnahrga kelib musulmon bo‘lib, keyinchalik, Muqannaga ham yordam berganini taʼkidlaydi [Şeşen. 2001. S. 9.].
Qipchoqlar ham arab manbalarida ko‘p bor tilga olingan etnoslardan bo‘lib, Mahmud Koshg‘ariy ular haqida batafsil maʼlumot bergan. “Hudud al-olam”da qipchoqlar kimaklardan ajralib chiqqan bir qavm sifatida tilga olingan [Hudûd el-âlem. 1937. S. 101.]. Qipchoqlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar arab muarrixlari Idrisiy va Marvaziylarda ham uchraydi. Marvaziy ularni qadimiy turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47]. Gardiziy qipchoqlar bilan bog‘liq rivoyatni keltirib, “qipchoq” kishi nomi ekanini, keyinchalik qabilaga nisbatan qo‘llanganini taʼkidlaydi [Gerdîzî. 1347. S. 257-258].
Saljuqiylar davriga oid qaydlarda ham qipchoqlar va qang‘lilar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilgan bo‘lib, ular “yugur (uyg‘ur) o‘g‘illari” deyilgan [Barthold. 1928. S. 79]. Bu o‘rinda ogur yoxud yugur nomi uyg‘ur, o‘g‘uz, qipchoq, qang‘li kabi qavmlarning umumiy nomi sifatida talqin etilgan. “O‘g‘uznoma”ning chig‘atoycha shakliga ko‘ra, qadimda besh-uyg‘ur jamoasiga xalaj, qang‘li, qarluq, qipchoq, agacheri qabilalari kirgan.
Аrab manbalarida turklarning odatlari, tashqi ko‘rinishi va eʼtiqodlari to‘g‘risida ham maʼlumotlar keltirilgan. “Mujmal at-tavorix”da turklar kam tuklidirlar [Mücmel el-tavârîh. 1318/1900. B. 97.], deyiladi. Masʼudiy turklarning boldir suyaklarining egriligi iqlimning natijasidir. Turklar etli va yumshoq badanlidir. Turklarning baʼzilari xotinlarga o‘xshaydi, shu sababdan ularda jinsiy havas ozdir. Mijozi sovuq bo‘lgani uchun bolalari ham kamdir [Mesûdî. S. 4, 1861-1874. B. 9, 32, 33], deydi. Idrisiy ham turklar yumshoq badanli bo‘lganini yozadi. Olim “Shuning uchun ular bir-birlarining bolalarini o‘g‘irlab sotganlar. Turklarda bir joriya 300 oltindan qimmatga baholangan” [İdrîsî. 1970. B. 513.] deydi.
Muqaddasiy turklarning tashqi ko‘rinishi haqida ham so‘z yuritib, ular yassiburunligini aytadi. Shuningdek, muarrix turklarning e’tiqodiga to‘xtalib, ularning orasida sanaviy (dualist), xristian, butparast [Mutahhar bn Tâhir el-Makdisî. 1907. S. 65]lar bo‘lganini yozadi. Turklar orasida shomon va [Şeşen. S. 21-22.] moniylikka [İbn el-Fakîh. 1885. S. 328.] eʼtiqod qiluvchilari ham bo‘lgani qayd etilgan.
VIII–X asrlarga oid arab manbalari, xususan, Ibn Xurdodbeh, Muqaddisiy va Tabariy kabi muarrixlarning asarlari Movarounnahrning etnik va ijtimoiy manzarasini yoritishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu manbalar turkiy qabilalarni mintaqa chekkasidagi koʻchmanchi guruhlar sifatida emas, hududning siyosiy va harbiy barqarorligini ta’minlovchi asosiy kuch sifatida tasvirlaydi. Arab geograflari turkiy etnoslarning joylashuv hududlarini aniq qayd etishi, ularning islom dinini qabul qilish jarayonlari va mahalliy oʻtroq aholi bilan oʻzaro madaniy-iqtisodiy aloqalarini bayon qilishi Movarounnahrning qadimiy turkiy ildizlarini ilmiy asoslashga xizmat qiladi. Shuningdek, arab muarrixlari turkiy xalqlarning mintaqa boshqaruv tizimi va harbiy san’ati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini ochib beradi. Turkiylarning jasorati va sadoqati tufayli Abbosiylar xalifaligi va Somoniylar davlatida yuksak mavqelarga koʻtarilishi, keyinchalik mintaqada sof turkiy sulolalar (xususan, Qoraxoniylar) hukmronligining oʻrnatilishi uchun tarixiy zamin yaratgan. Xullas, arab geograflari yozma merosi Movarounnahr tarixini bir tomonlama emas, balki turkiy oʻzlik va islomiy qadriyatlarning oʻzaro uygʻunlashuvi natijasida shakllangan boy sivilizatsiya sifatida tushunish imkonini beradi.
Sevinch ULASHOVA,
tarix fanlari doktori, dotsent
Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar
1. Barthold V. V. Turkestan down to the Mongol Invasion. – London, 1928.
2. Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. Târih / E. Denison Ross. – London, 1927.
3. Gerdîzî. Zeyn el-ahbâr / Abdülhay Habîbî. – Tahran, 1347.
4. Hudûd el-âlem / V. Minorskiy. – London, 1937.
5. İbn el-Fakîh. Kitâb el-büldân / de Goeje. – Leyden, 1885.
6. İdrîsî. Nüzhet el-müştâk fî ihtirâk el-âfâk. – Leyden, 1970.
7. Istahrî. Mesâlik el-memâlik / de Goeje. – Leyden, 1927.
8. Mes’ûdî. Murûc el-zeheb / Barbier de Meynard. С. 1. – Paris, 1861.
9. Mücmel el-tavârîh / A. Ramazânî. – Tahran, (шамсий)1318/ 1900.
10. Mutahhar bn Tâhir el-Makdisî. El-Bed’ve’l târîh / M.C. Huart. C. IV. – Paris, 1907.
11. Peter B. Golden. Türk halklari tarihine giriş/ çev. Osman Karatay. – Ankara, 2002.
12. Ramazan Şeşen. İslam coğrafyacılarına göre türkler ve Türk ülkeleri. 2-baski. Türk Tarih kurumu basımevi. – Ankara, 2001.
13. Reşîdüddîn. Cami el-tavârîh / Alizâde-Arend. C. I. – Bakû, 1957.
14. Sharaf al-Zaman Tahir Marvazi on China, the Turks and India/ V. Minorskiy. – London, 1950.
15. Togan Z.V. Ibn Fadlans Reisebericht. – Leipzig, 1939.
16. Togan Z.V. Umumi Türk Tarihine Giriş. 1. Cilt. En Eski devirlerden 16 asra kadar. 3. bask. – İstanbul. 1981.
17. Ulashova S.U. Sharq manbalarida Chigʻatoy ulusi hukmdorlari. Monografiya. – T.: Alfraganus universiteti, 2025. – 314 b.
18. Zekeryyâ b. Muhammed b. Mahmûd el-Kazvînî. Asâr el-bilâd ve ahbâr el-‘ibâd. – Beyrut, 1380/ 1960.
19. Алишер Навоий. Хамса. – Тошкент: Фан, 1960.
20. Бартольд В.В. Извлечение из сочинения Гардизи “Зайн ал ахбар”, Соч. Т. VIII. – Москва, 1973.
21. Жамол Қарший. Мулҳақот ас-суроҳ / Бартольд В. В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия. Ч. 1. –СПб., 1898.
22. Материалы по истории киргизов и Киргизии. – Москва, 1973.
23. Маҳмуд Қошғарий. Девону луғотит турк/ Таржимон ва нашрга тайёрловчи С.М.Муталлибоев. I-том. – Тошкент: Фан, 1960; III-том. – Тошкент: Фан, 1963.
24. Улашова С.У. XIII-XV асрлар манбаларида Мовароуннаҳрдаги этник жараёнлар. Монография. – Т.: Firdavs-shoh, 2023. – 206-б.
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q