Kuch tashqi koʻrinishda qanday namoyon boʻladi? Seneka maktublari sharhi


Saqlash
13:14 / 05.06.2026 34 0

Seneka Lutsiliyga salom yoʻllaydi!

Mashgʻulotlardagi matonating, hamma narsani chetga surib, kundan-kunga yaxshiroq boʻlishga undovchi gʻayrating meni quvontiradi va bu borada seni eʼtirof etaman. Kelajakda ham shunday qatʼiyatli boʻl, shijoatli boʻlishingni nafaqat olqishlayman, balki buni oʻtinib soʻrayman. Faqat bir narsadan ogohlantirib qoʻymoqchiman: kamolga yetishni emas, bor yoʻgʻi eʼtiborni tortishni istaydigan kishilarga oʻxshab ish tutma, kiyinishing va turmush tarzingda biror narsa koʻzga yaqqol tashlanmasin.

 

Paxmoq soch va oʻsib ketgan soqol bilan tartibsiz koʻzga tashlanishdan saqlan, kumushga boʻlgan nafratingni namoyish etma, quruq yerga toʻshak solma – xullas, oʻz kibringni buzuq yoʻllar bilan qondirishga qaratilgan barcha sunʼiy harakatlardan oʻzingni tiy. Zotan falsafa degan nomning quruq oʻzi yaxshigina nafrat uygʻotadi, hatto uning izdoshlari oʻzlarini kamtarona tutsalar ham. Agar biz odamlarning urf-odatlariga zid ravishda yashay boshlasak, qanday ahvolga tushamiz? Mayli, ichki dunyomizda barcha masalalarda oʻzgalardan farq qilaylik, ammo tashqi koʻrinishimiz odamlarnikidan ajralib turmasligi lozim.

 

Toga yaraqlab turmasin, iflos ham boʻlmasin; quyma oltin bilan bezatilgan kumush idishlardan foydalanish bizning axloqimizdan boʻlmasa ham, faqat oltin va kumushning yoʻqligini moʻtadillik belgisi deb hisoblamaslik kerak. Olomonga tikka qarshi bormay, undan yaxshiroq yashamoq uchun barcha imkoniyatlardan foydalanamiz, aks holda tuzatmoqchi boʻlgan kishilarimizni choʻchitib, qochirish xavfi tugʻiladi. Ular bizga har jihatdan taqlid qilishdan qoʻrqib, hech bir ishda ergashishni istamasliklari mumkin – oxir oqibat bizdan qochishiga erishamiz, xolos.

 

Falsafa bizga vaʼda qiladigan ilk narsa – bu odamlar orasida yashash mahorati, xayrixohlik va kirishimlilikdir, biroq, insonlardan farqli boʻlishimiz bu vaʼdani bajarishimizga imkon bermaydi. Shunday ekan, biz maftun qilmoqchi boʻlgan jihatlarimiz kulgi va nafratga sabab boʻlmasligi haqida qaygʻuraylik. Zotan, bizning tabiat bilan uygʻunlikda yashashdan oʻzga maqsadimiz yoʻq. Ammo, tanani qiynovga solish, oson topiladigan qoʻl ostingdagi pokizalikni tatbiq etmay, ifloslikni afzal koʻrish, faqat arzon emas, balki qoʻpol va jirkantiruvchi taomni tanlash esa – mohiyatan tabiatga zid ishdir.

 

Faqatgina hashamatga boʻlgan hirs – nafis narsalarni tusaydi, shu bilan birga faqat aqlsizlargina arzon va keng isteʼmol qilinadigan narsalardan qochadi. Falsafa azob-uqubatni emas, balki moʻtadillikni talab qiladi; moʻtadillik esa albatta yoqimsiz degani emas. Mana, menga maʼqul keladigan mezon: hayot faoliyatimizda ezgu axloq koʻpchilik axloqi bilan uygʻunlashsin, odamlar unga hayrat bilan qarasin – shu bilan birga uni tan ham olsin.

 

“Ajabo? Nahotki biz ham boshqalar kabi yoʻl tutamiz va ular bilan oramizda hech qanday farq boʻlmaydimi?” – deysan sen. Albatta boʻladi va bu juda katta farqdir. Bizga sinchiklab nazar solgan kishi bizning olomondan qanchalik ajralib turishimizga amin boʻlsin. Uyimizga tashrif buyurgan kishi idish-tovoqlarimizga emas, balki oʻzimizga hayrat bilan boqsin. Sopol idishdan kumush idishlardek foydalana oladigan inson buyukdir, ammo kumush idishdan sopol idishlardek foydalangan odam ham shunchalik buyukdir. Boylik bosimini koʻtara olmaydigan odam – ruhan zaifdir.

Bugun ham oʻzimning topgan ozgina sarmoyamni sen bilan baham koʻrmoqchiman: Oʻzimizning Gekatondan topgan narsam shuki, qoʻrquvdan shifo topishimiz uchun barcha hoy-u havaslarimizdan biratoʻla voz kechishimiz bizga foydali ekan. U shunday deydi: “Agar umid qilaverishni toʻxtatsang, qoʻrqishni ham toʻxtatasan“. Bir-biridan shunday uzoq tushunchalarni qanday tenglashtirish mumkin, deb mendan soʻrashing mumkin. Ammo, bu aynan shunday azizim, Lutsiliy: ular oʻrtasida hech qanday umumiylik yoʻqdek tuyulsa-da, aslida ular bir-biriga bogʻliq. Soqchi va asirning qoʻli bir zanjir ila bogʻlangani kabi, bir-biriga mutlaqo oʻxshamaydigan qoʻrquv va umid ham yonma-yon keladi: umidning ortidan qoʻrquv ham boʻy koʻrsatadi.

 

Aslida, men bunga hayron qolmayman: zotan, bu tuygʻularning ikkalasi (umid va qoʻrquv) ham kelajak kutuvi bilan tashvishlangan, ishonchsiz (zaif) qalbga xosdir. Umid va qoʻrquvning asosiy sababi esa ayni damga moslasha olmaganimiz, niyat va oʻy-xayollarimizni uzoq kelajakka uloqtirishga odatlanib qolganimizdir. Shunday qilib, insonga berilgan neʼmatlarning eng ulugʻi boʻlmish oldindan koʻra bilish qobiliyati yomonlikka aylanib qoladi.

 

Hayvonlar faqat xavfni koʻrgandagina qochadi, qochib qutulgach esa qoʻrquvni his qilmaydilar. Bizga esa ham kelajak, ham oʻtmish azob beradi. Neʼmatlarimizning koʻpi bizga zarar keltiradi: xotira – bizni boshdan kechirgan qoʻrquvimiz azoblariga qaytarsa, oldindan koʻra bilish kelajakdagi azoblarni bashorat qiladi. Hech kim faqat bugun bilan baxtsiz boʻlmaydi.

Salomat boʻl.

 

SHARH

Seneka Lutsiliyga yoʻllagan beshinchi maktubida tashqi jihatdan oddiy pand-nasihatga oʻxshab koʻrinadigan, aslida esa stoik falsafaning nozik bir nuqtasini ochib beradigan fikrni ilgari suradi. U avvalo Lutsiliyning mashgʻulotlardagi matonatini, oʻz ustida ishlashdagi qatʼiyatini maqtaydi. Lekin bu maqtov shaxsni ruhlantirish uchun emas, balki unga masʼuliyat yuklash uchun xizmat qiladi. Chunki stoik anʼanada maqtov insonni toʻxtatib qoʻymasligi, balki unda yanada chuqurroq talab uygʻotishi kerak. Seneka uchun kamolga intilish bu – uzluksiz jarayon; u yerda “zabt etdim” degan nuqta yoʻq.

 

Shu yerda “shijoat” tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Shijoatni faqat jasorat yoki irodaviy zoʻr berish emas, balki insonning oʻz ichki tartibini saqlab qolish qobiliyati sifatida koʻrish lozim. Seneka Lutsiliyni bu yoʻlda ragʻbatlantiradi, hatto iltimos qiladi, chunki shijoat – ichki ehtiroslarga qarshi kurashda namoyon boʻladi. Bu iltimos shaklida aytilgan talab, aslida, ustoz bilan shogird oʻrtasidagi axloqiy shartnomani anglatadi: falsafa yoʻliga kirgan inson ortga qaytish huquqiga ega emas. Maktubning eng muhim nuqtasi esa Senekaning ogohlantirishida mujassam. U Lutsiliyni kamolotga yetishni emas, eʼtiborni tortishni istaydigan kishilarga oʻxshab qolmaslikka chaqiradi. Bu yerda Seneka falsafani namoyishkorlikka aylantirish xavfini ochib beradi. Stoik nuqtai nazardan, insonning ichki holati tashqi koʻrinish orqali tasdiqlanishi shart emas. Aksincha, ichki kamolot tashqi farqlanishga muhtoj boʻlsa, bu kamolotning oʻzi shubha ostiga tushadi.

 

Kiyinish va turmush tarzi haqidagi ogohlantirish esa chuqur maʼnaviy masaladir. Seneka uchun insonning tashqi odatlari uning ichki holatining davomi hisoblanadi. Agar falsafa insonni odatiy jamiyatdan keskin ajratib koʻrsatadigan belgilarga aylansa, u oʻz maqsadini yoʻqotadi. Chunki stoik falsafa insonni jamiyatdan chiqarib yubormaydi, uni jamiyat ichida oʻzini yoʻqotmaslikka oʻrgatadi. Shu bois, koʻzga yaqqol tashlanish – ichki zaiflikning belgisi sifatida talqin qilinadi: inson oʻz maʼnaviy qiymatini tashqi ishoralar orqali isbotlashga muhtoj boʻlib qoladi. Bu maktubda Seneka falsafiy hayot bilan tomoshaboblik oʻrtasidagi chegarani belgilab beradi. Falsafa – tomosha emas, u guvoh talab qilmaydi. Kamolot esa namoyish qilinmaydi, u yashaladi. Lekin bu fikr hali oxirgi nuqta emas: maktubning davomida Seneka ushbu ogohlantirishni yanada chuqurroq asoslaydi va tashqi odatlar, ichki erkinlik hamda haqiqiy fazilat oʻrtasidagi bogʻliqlikni kengroq ochib beradi. Seneka koʻpincha notoʻgʻri tushuniladigan bir chegarani ochib beradi. Uning gapi soch, soqol yoki toʻshak haqida emas; bu tashqi belgilar orqali insonning ichki holati qanday yoʻl bilan buzilishi mumkinligini koʻrsatish haqida. Paxmoq soch, oʻsib ketgan soqol, qasddan tartibsiz koʻrinish – bular soflik va soddalik belgisi emas, balki oʻzini boshqalardan farqli qilib koʻrsatishga boʻlgan yashirin ehtiyojning ifodasidir. Stoik nuqtai nazardan, inson tashqi odatlarni azobga aylantirib, ular orqali oʻz “fazilat”ini namoyish qila boshlasa, u falsafani maqsaddan vositaga aylantirib qoʻyadi.

 

Kumushga boʻlgan nafratni namoyish etmaslik haqidagi ogohlantirish ham xuddi shu mantiqqa tayanadi. Muammo boylikda yoki kambagʻallikda emas, balki nafratni sahnaga olib chiqishdadir. Agar inson mol-dunyodan voz kechganini boshqalarga koʻrsatishga ehtiyoj sezsa, demak u hali ham oʻsha mol-dunyo bilan ichki bogʻliqligini uzmagan. Chunki haqiqiy erkinlik bu – inkorni namoyish qilish emas, unga nisbatan befarq boʻlishdir. Quruq yerga toʻshak solish ham shu nuqtai nazardan qaraladi: azobni ixtiyoriy ravishda tanlash fazilat emas, agar u insonning kibrini qondirishga xizmat qilsa. Seneka “oʻz kibringni buzuq yoʻllar bilan qondirish” iborasi orqali falsafaning dushmanini koʻrsatadi: bu hashamat emas, balki soxta kamtarlikdir. Chunki hashamat ochiq-oydin koʻrinadi, soxta kamtarlik esa fazilat niqobi ostida yashirinadi. Inson oʻzini azoblash orqali boshqalardan ustun qoʻyishni boshlasa, u nafsni yengdim deb oʻylab, aslida unga yangi shakl bergan boʻladi.

 

Falsafa degan nomning oʻziyoq nafrat uygʻotishi mumkinligi haqidagi fikr esa chuqur ijtimoiy kuzatishga tayanadi. Seneka jamiyat bilan falsafa oʻrtasida tabiiy taranglik borligini tan oladi. Lekin u bu taranglikni ataylab keskinlashtirishni rad etadi. Agar falsafa insonni jamiyatdan ajratib qoʻysa, u oʻz vazifasini bajarmaydi. Shu bois u shunday ogohlantiradi: agar biz odamlarning urf-odatlariga qasddan qarshi yashay boshlasak, falsafa gʻalatilar tomoshasiga aylanadi. “Ichki dunyoda farq qilish, tashqi koʻrinishda esa ajralib turmaslik” degan fikr stoik axloqning qoidalaridan birini ifoda etadi. Insonning haqiqiy oʻzgarishi ichkarida sodir boʻlishi kerak; tashqi farqlanish esa na fazilatning mezoni, na uning isbotidir. Agar insonning fazilati faqat tashqi belgilar orqali koʻrinadigan boʻlsa, u fazilat emas, riyo boʻlib qoladi. Shu tarzda Seneka falsafani hayot ichida yashash sanʼati sifatida koʻrsatadi: u odamlar orasida qolishni, lekin ularga qul boʻlmaslikni oʻrgatadi.

 

Seneka moʻtadillik bilan namoyishkorlik, fazilat bilan taʼsir oʻrtasidagi muvozanatni koʻrsatadi. Toganing yaraqlab turmasligi, lekin iflos ham boʻlmasligi haqidagi fikr axloqiy oʻlchovdir. Bu yerda Seneka tashqi koʻrinishni ichki tartibning koʻzga tashlanmaydigan davomi sifatida koʻradi. Ortiqcha yaraqlash – manmanlikka, ifloslik esa beparvolikka ishora qiladi; har ikkalasi ham ichki muvozanatning yoʻqolganini bildiradi. Seneka boylikdan foydalanishni axloqiy zaiflik sifatida emas, balki unga nisbatan munosabatni hal qiluvchi mezon sifatida qoʻyadi. Masala oltin yoki kumushning mavjudligida emas, uning yoʻqligini fazilat sifatida namoyish qilishda. Agar inson kambagʻallikni moʻtadillikning dalili sifatida koʻrsatishga urinsa, u ham hashamatni koʻz-koʻz qilgan odam kabi bir xil xatoga yoʻliqadi: fazilat tashqi holat bilan almashib ketadi. Shu tariqa, boylikka ega boʻlmaslik tasodif boʻlishi mumkin; fazilat esa har qanday holatda oʻzini saqlab qolish qobiliyatidir.

 

Seneka uchun falsafa jamiyat ichida boʻlib taʼsir oʻtkazish sanʼatidir. Agar faylasuf yoki fazilat yoʻlini tutgan inson atrofdagilar uchun qoʻrqinchli, tushunarsiz yoki mutlaqo yetib boʻlmas namunaga aylanib qolsa, u oʻz maqsadini yoʻqotadi. Chunki falsafaning vazifasi – insonlarni hayratga solish emas, ularni yaqinlashtirishdir. “Tuzatmoqchi boʻlgan kishilarimizni choʻchitib qoʻyish” xavfi haqidagi ogohlantirish juda aniq ruhiy kuzatishga tayanadi. Agar fazilat shunday shaklda namoyon boʻlsaki, u boshqalar uchun qoʻrquv yoki uzoqlik hissini uygʻotsa, insonlar unga ergashish oʻrniga undan qochadi. Ular “bunday boʻlish uchun hamma narsadan voz kechish kerak ekan” degan xulosaga keladi va natijada hech qanday ichki oʻzgarishga tayyor boʻlmaydi. Seneka uchun eng xavfli holat shu: fazilat namuna oʻrniga toʻsiqqa aylanib qolishi.

 

Seneka falsafani islohotchi kuch sifatida koʻradi, inqilobchi shaklda emas. U jamiyatni ishontirib oʻzgartirish mumkin, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u “olomondan yaxshiroq yashash”ni taʼsir oʻtkazish imkoniyati sifatida talqin qiladi. Inson oʻz hayotini shunday qurishi kerakki, boshqalar unga qarab “bu yoʻl qoʻrqinchli emas, u yerga yetib borish mumkin”, degan hisni tuysin. Ana shunda fazilat – yashaladigan hayotga aylanadi. Seneka falsafa vaʼda qiladigan ilk narsani – odamlar orasida yashash mahoratini markazga qoʻyadi. Bu juda muhim nuqta: stoik falsafa insonni jamiyat ichida mustahkam qilishni maqsad qiladi. Xayrixohlik va muloqotchanlik bu yerda falsafiy hayotning tabiiy oqibati sifatida namoyon boʻladi. Agar inson falsafa yoʻliga kirib, odamlardan uzoqlashsa, u falsafaning vaʼdasini buzgan boʻladi.

 

Seneka insonlardan qasddan farqli boʻlish istagini falsafaning ichki ziddiyati sifatida koʻradi. Chunki farqli boʻlish orqali inson taʼsir oʻtkazaman, deb oʻylaydi, aslida esa taʼsir imkoniyatini yoʻqotadi. Bu yerda “farqli boʻlish” namoyishkorlik maʼnosida keladi. Inson oʻzini boshqalardan keskin ajratib koʻrsatgan sari, u masofani yaratadi. Muloqot yoʻq joyda esa na xayrixohlik, na isloh boʻladi. Inson fazilatlari bilan boshqalarni hayratga solishni istagan pallada, bilmasdan ularni past koʻrsatib qoʻyadi. Natijada fazilat ilhom manbai boʻlish oʻrniga, aks natija beradi. Seneka uchun falsafaning maqsadi odamlarning nafsini ezish emas, ularning tabiiy qobiliyatlarini uygʻotishdir. Agar fazilat kulgi yoki nafrat uygʻotsa, demak u oʻz shaklini yoʻqotgan.

 

Seneka tabiatni meʼyor sifatida qoʻllaydi. Inson tabiatga qarshi chiqqan joyda, u oʻzini ham buzadi. Shuning uchun tanani qiynovga solish, pokizalikdan qasddan voz kechish, ifloslikni afzal koʻrish stoik nuqtai nazardan tabiatni notoʻgʻri tushunish natijasidir. Tana – ruhning dushmani emas, balki uning hamrohi; uni azoblash orqali maʼnaviy yuksalishga erishib boʻlmaydi. Seneka arzon narsalarni inkor etmaydi, lekin arzonlik bilan qoʻpollikni tenglashtirishga qarshi chiqadi. Tabiatga mos hayot insondan hashamatni talab qilmaydi, lekin u insonni oʻzini qasddan pastlashga ham undamaydi. Agar inson tabiat nomidan oʻzini azoblashni boshlasa, u tabiatga emas, oʻz kibriga xizmat qilayotgan boʻladi. Inson odamlar orasida qoladi, ularga oʻxshaydi, lekin ularga qul boʻlmaydi; u tabiatga ergashadi, lekin uni niqob qilib, oʻz nafsini qondirmaydi. Ana shu muvozanat – Seneka tasvirlayotgan falsafiy hayotning markaziy nuqtasidir.

 

Seneka axloqning ikki tomonlama xatarini bir vaqtning oʻzida ochib beradi: hashamatga berilganlik ham, qasddan soddalikni koʻz-koʻz qilish ham bir xil darajada aqldan uzoqlashish hisoblanadi. U hashamatga boʻlgan hirsni nafis narsalarga muhabbat bilan chegaralamaydi, insonni tashqi qimmatliklarga bogʻlab qoʻyadigan ichki qullik sifatida koʻradi. Biroq shu bilan birga, arzon va keng isteʼmol qilinadigan narsalardan qochishni ham fazilat deb hisoblamaydi. Chunki bunday qochish ortida nafsni yengish emas, balki nafsni boshqa shaklda qondirish, yaʼni oʻzini “alohida”, “boshqacha” qilib koʻrsatish istagi yotadi. Shu maʼnoda, Seneka uchun haqiqiy aql narsaning qimmatini uning narxida emas, insonga bogʻliqlik darajasida koʻra olish qobiliyatidir.

 

Seneka “moʻtadillik yoqimsizlik degani emas” deb taʼkidlaydi, chunki koʻpchilik fazilatni azob bilan adashtirishga moyil. Agar inson oʻzini qiynashni maʼnaviy yutuq deb bilsa, u tabiatga mos yashash gʻoyasini tubdan notoʻgʻri tushungan boʻladi. Tana va hayot sharoitlarini ataylab ogʻirlashtirish fazilat emas; fazilat – qanday sharoit boʻlmasin, aql va axloqni saqlab qolishdir. Seneka taklif qilayotgan “mezon” esa juda muhim ijtimoiy oʻlchamga ega. U ezgu axloqning koʻpchilik axloqi bilan uygʻunlashishini talab qiladi, bu esa falsafani jamiyatdan uzib qoʻymaslikka qaratilgan toʻxtamdir. Bu uygʻunlik maʼnaviy murosa yoki boshqalar uchun tushunarli, qabul qilinarli va ergashish mumkin boʻlgan namunaga aylansin. Agar ezgu axloq faqat hayrat uygʻotsa-yu, tan olinmasa, taʼsir kuchini yoʻqotadi; agar u tan olinsa, lekin hayrat uygʻotmasa, oʻrtamiyonalikka aylanib qoladi. Inson shunday yashashi kerakki, boshqalar uning hayotida oddiylikni koʻrsin, lekin shu oddiylik ortidagi aql va tartibni his qilsin. Ana shu holatda fazilat na tomoshaga, na daʼvo vositasiga aylanadi; u jamiyat ichida, odamlar bilan birga yashab, ularga taʼsir qiladigan tirik namuna sifatida namoyon boʻladi.

 

Seneka nozik bir shubhani oldindan sezib, unga javob beradi: agar biz tashqi jihatdan boshqalarga oʻxshasak, falsafaning farqi qayerda qoladi? Farq yoʻqolmaydi, aksincha, u yanada chuqurroq joyga – insonning munosabati, qarashi va ichki muvozanatiga koʻchadi. “Biz ham boshqalar kabi yoʻl tutamiz” degan ibora tashqi xulq-atvorga ishora qiladi, ammo Seneka uchun haqiqiy farq aynan shu yerda emas. U “sinchiklab nazar solgan kishi” yaʼni yuzaki kuzatuvchi emas, balki diqqat bilan qarab, insonning harakatlaridagi mantiqiy izchillikni, holatlar oldidagi munosabatini, qiyinchilikka duch kelgandagi barqarorligini koʻra oladigan kishi haqida gapiradi. Olomon bilan farq aynan shu nuqtada ochiladi: tashqi oʻxshashlik ortidagi ichki mustaqillikda. Uyga tashrif buyurgan kishining idish-tovoqqa emas, insonning oʻziga hayrat bilan boqishi haqidagi fikr fazilatni buyumlardan ajratib qoʻyadi. Seneka uchun axloq muhitda emas, insonda joylashgan. Agar hayrat idishlardan kelib chiqsa, demak u boylikka qaratilgan; agar hayrat insonning oʻziga qaratilsa, demak u ichki qudratni sezgan. Shu bilan Seneka fazilatni hashamatdan, shart-sharoitdan va tashqi unsurlardan toʻliq uzadi.

 

Sopol idishdan kumushdek foydalanish – kam narsa bilan ham erkin, xotirjam va qadr-qimmatni yoʻqotmasdan yashay olish – insonning ichki qudratini koʻrsatadi. Lekin Seneka bunga qarshi qiyosiy fikrni ham qoʻyadi: kumush idishdan sopoldek foydalanish, yaʼni qimmatli narsani mutlaqlashtirmaslik, unga qul boʻlib qolmaslik ham shunchalik buyuk fazilatdir. Bu yerda buyuklik narsada emas, munosabatda ekani yana bir bor ochiladi. Boylikni yoʻqotishdan qoʻrqish, uni saqlab qolish uchun oʻzini yoʻqotish yoki unga qarab qadr-qimmatini belgilash – bularning barchasi ruhiy zaiflik alomatidir. Seneka uchun haqiqiy kuch – insonning qanday sharoitda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz ichki erkinligini saqlab qolish qobiliyatidir. Shu maʼnoda, tashqi oʻxshashliklar ortida yashiringan farq – bu olomon bilan birga yashab, lekin olomonga aylanmaslik sanʼatidir.

 

Seneka qoʻrquv va umid oʻrtasidagi yashirin, ammo uzilmas bogʻliqlikni ochib beradi. “Qoʻrquvdan shifo topish uchun barcha hoy-u havaslardan voz kechish” fikri birinchi qarashda keskin va hatto hayotdan uzilgandek tuyulishi mumkin. Ammo Seneka bu yerda hoy-u havasni kelajakka bogʻlab qoʻyadigan, uni hozirgi lahzadan uzib tashlaydigan ichki intilish sifatida tushunadi. Hoy-u havas insonni doimo hali yoʻq narsa tomon tortgani uchun, u hozirgi holatni qabul qila olmaydi. Rizolik yoʻq joyda esa xotirjamlik boʻlmaydi, xotirjamlik boʻlmagan joyda qoʻrquv yashaydi. Gekatonning “umid qilishni toʻxtatsang, qoʻrqishni ham toʻxtatasan” degan iborasi gʻayrioddiy eshitiladi. Odatda umid ijobiy, qoʻrquv esa salbiy holat sifatida qaraladi. Seneka esa bu axloqiy qarashni sindiradi. Uning uchun umid ham, qoʻrquv kabi kelajakka bogʻliq bir xil harakatdir: ikkalasi ham hali mavjud boʻlmagan holatni hozirgi ongga koʻchiradi. Shu maʼnoda, umid – qoʻrquvning qarshiligi emas, balki uning ikkinchi yuzidir. “Soqchi va asirning qoʻli bir zanjir ila bogʻlangani” haqidagi qiyos bu fikrni jismoniy darajada sezilarli qiladi. Soqchi hokimiyat ramzi, asir esa zaiflik timsoli boʻlishi mumkin, ammo ularni bogʻlab turgan zanjir bitta. Xuddi shunday, umid va qoʻrquv tashqi jihatdan bir-biriga ziddek koʻrinsa-da, ular bir xil ichki tizim – kelajakka bogʻlanish orqali harakat qiladi. Inson nimadandir umid qilgan paytda, u shu umid amalga oshmasligi mumkinligidan ham qoʻrqa boshlaydi. Demak, umidning oʻzi qoʻrquvni tugʻdiradi.

 

Biz qoʻrquvdan qutulish uchun koʻpincha yanada koʻproq umid qilishga urinamiz, aslida esa bu zanjirni yanada mahkamlaydi. Haqiqiy erkinlik kelajakni nazorat qilishdan emas, balki unga ichki bogʻliqlikni uzishdan boshlanadi. Shu sababli, hoy-u havasdan voz kechish – hayotni rad etish emas, balki hayotni kelajak garovidan ozod qilishdir. Seneka bu yerda Lutsiliy bilan shunchaki fikr almashmayapti; u uni inson ongida odatda muqobil deb qaraladigan tushunchalarni qayta joylashtirishga undaydi. Umid va qoʻrquvni ajratib emas, ularni bitta zanjirning ikki halqasi sifatida koʻrsatish orqali, u falsafaning asosiy vazifasini bajaradi: insonni aqliy bogʻliqliklardan xabardor qiladi.

 

Seneka bu tuygʻulardan hayron qolmasligini aytar ekan, ularni istisno holat emas, muayyan qalb holatining tabiiy oqibati sifatida koʻradi. Umid ham, qoʻrquv ham kuchli yoki barkamol ruhga emas, kelajakka osilib qolgan, ayni damga tayana olmaydigan zaif ongga xosdir. Seneka uchun muammo shundaki, inson oʻzini mavjud lahzada joylashtira olmay qoʻygan. U niyatlarini, rejalarini, xavotirlarini va tasavvurlarini doimo kelajakka uloqtiradi. Natijada hozirgi dam boʻshab qoladi, u maʼno manbaidan ayriladi. Shu boʻshliqni esa umid va qoʻrquv navbatma-navbat toʻldiradi: umid hali kelmagan yaxshilik bilan, qoʻrquv esa hali sodir boʻlmagan yomonlik bilan. Ikkalasi ham insonni haqdan emas, ehtimollardan oziqlantiradi. Ayni damga moslashish – aqliy barqarorlikdir. Inson hozirgi lahzaga tayangandagina u oʻz hukmini, qarorini va axloqiy nuqtasini mustaqil belgilay oladi. Ayni damdan uzilgan inson esa kelajakning asiriga aylanadi, kelajak esa doimo noaniq. Shu noaniqlik umidni ham, qoʻrquvni ham bir vaqtning oʻzida tugʻdiradi.

 

Insonga berilgan eng ulugʻ neʼmat – oldindan koʻra bilish qobiliyati yomonlikka aylanib qoladi. Oldindan koʻra bilish tabiatan insonni hayvondan ajratib turadigan qobiliyatdir, lekin agar u hozirgi damni yoritish uchun emas, balki kelajakdagi ehtimoliy sahnalarni qayta-qayta namoyon qilish uchun ishlatilsa, u oʻz-oʻzini qiynash vositasiga aylanadi. Shu tariqa, inson oʻz ustunligi – vaqtdan oldin fikrlash qobiliyatini ruhiy osoyishtaligiga qarshi qoʻllay boshlaydi.

 

Hayvon qoʻrquvni real xavfga bogʻlaydi: xavf paydo boʻladi – qochadi, xavf bartaraf boʻladi – qoʻrquv ham yoʻqoladi. Demak, hayvon qoʻrquvni hozirgi lahza ichida yashaydi va u bilan birga tark etadi. Inson esa boshqacha: u xavf yoʻq joyda ham qoʻrqishda davom etadi. Bu farq insonning “ustunligi” deb qabul qilinadigan qobiliyatlar orqali yuzaga chiqadi. Seneka shuni koʻrsatadiki, aynan insonga berilgan neʼmatlar – xotira va oldindan koʻra bilish uni baxtsiz qiladi. Xotira insonni oʻtmishda boshdan kechirilgan qoʻrquvlarga qayta-qayta olib kiradi; voqea tugagan, xavf yoʻq, ammo azob hozir ham davom etadi. Oldindan koʻra bilish esa hali sodir boʻlmagan azoblarni hozirgi onga koʻchiradi. Shunday qilib, inson bir vaqtning oʻzida oʻtib ketgan oʻtmish va hali kelmagan kelajak orasida eziladi. Muammo inson ongining vaqt boʻylab parchalanib ketishida. Inson hozirgi damda toʻliq mavjud boʻlolmaydi, chunki uning ongi doimo ikki yoʻnalishda tortiladi: biri – xotira tomon, ikkinchisi – taxmin tomon. Shu ikki tomonning bosimi ostida hozirgi dam siqilib qoladi.

 

Seneka “Neʼmatlarimizning koʻpi bizga zarar keltiradi” degan ibora bilan ularni qanday ishlatish hal qiluvchi ekanini koʻrsatadi. Xotira – tajriba uchun, oldindan koʻra bilish – aqlli qaror uchun berilgan. Ammo agar xotira ruhni oʻtmishga zanjirlasa, oldindan koʻra bilish uni kelajakka qul qilsa, ikkalasi ham ozodlik emas, azob manbaiga aylanadi. “Hech kim faqat bugungi kun sabablari bilan baxtsiz boʻlmaydi” degan xulosa esa inson azobining ildizi qayerdaligini ochadi. Bugunning oʻzi yalangʻoch holda, odatda, toqat qilib boʻladigan, hatto moʻtadil voqelikdir. Azobni kuchaytiradigan narsa bugunga ulangan xotira va bashoratdir. Shu tariqa, maktub yakunlanarkan, Seneka qoʻrquvni tashqi xavf bilan emas, inson ongining vaqtda notoʻgʻri joylashishi bilan bogʻlaydi.

 

Hamid SODIQ

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:06 / 04.06.2026 0 92
Turklar oylarni qanday atagan





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//