Muchal taqvimi
Qadimgi turklarning oylari haqida gapirishdan oldin muchal hisobiga to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Islomgacha turklarda hafta tushunchasi bo‘lmagan, ammo oy, yil va 12 yillik muchal tizimi bor edi. 12 yillik tizim nafaqat turklar, balki xitoy, qo‘riyo, vyetnam, mo‘g‘ul va boshqa Sharq xalqlarida ham bo‘lib, ilmiy doiralarda Sharq taqvimi, Xitoy taqvimi, shuningdek, turklarning muchal taqvimi deb ham ataladi.
12 yillik muchal turklar tomonidan asrlar davomida qo‘llab kelingan bo‘lsa-da, ildizi aslida Xitoyga borib taqaladi. Chunki bu taqvimning mohiyati qadimgi Xitoyda mavjud bo‘lgan falsafa, metafizika, diniy qarashlar bilan ochiladi. Qadimgi Xitoy tarixiga oid yozma manbalar, arxeologik topilmalar bundan qariyb 5 ming yil oldin ham Xitoyda 12 hayvon nomi bilan ataluvchi va har 12 yilda takrorlanuvchi 60 yillik taqvim bo‘lganidan darak beradi. Mutaxassislarga ko‘ra, 60 yillik bu taqvim Xitoyda hukmronlik qilgan sulolalar tarixini hisoblash, qayd etish uchun joriy etilgan. Xitoyda 12 hayvon nomi bilan ataluvchi yillar: sichqon, ho‘kiz, yo‘lbars, quyon, ajdarho, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it, to‘ng‘iz. Ayni paytda, bu 12 yil har yili xitoy metafizikasida mavjud bo‘lgan 5 unsurdan (daraxt, olov, tuproq, ma’dan, suv) biriga hamda yan (erkaklik) yoki in (urg‘ochilik) asosiga mansub deb qaraladi (12x5=60). Munajjimlar esa ushbu 60 yillik taqvimni Mushtariy (Yupiter) sayyorasining ekliptika yoki burjlar silsilasini qariyb 12 yilda bir marta aylanib chiqishi (12x5=60) hamda Zuhal (Saturn) sayyorasining aylanish davri – 29 yilga (qariyb 30 yilga) tengligi (30x2=60) bilan ham izohlashadi.
Qadimgi turklarda ushbu taqvim 60 yillik emas, balki 12 yillik muchal tarzida qabul qilingan. “Muchal” so‘zi etimologiyasi xususida turli qarashlar bor, shulardan haqiqatga eng yaqini: “muchal” – “bo‘lak”, “a’zo” ma’nosidagi “mucha” so‘zidan, degan fikr bo‘lib, unda har bir hayvon o‘sha 12 yillik davrning bir bo‘lagi, bir a’zosi, mantig‘i anglashiladi (Shu o‘rinda men o‘zimning yana bir taxminimni ham aytib o‘tmoqchiman: qadimgi turkiyda “mыchы” (“mičĭ”) so‘zi – “mushuk”, “maymun”, “quyon” kabi hayvonlarga nisbatan ishlatilgan. Ehtimol, “muchal” so‘zi “hayvon yili” ma’nosida – “mičĭ” va “jil” so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan bo‘lishi ham mumkin).
Mahmud Koshg‘ariy muchal haqida
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida “muchal” so‘zi uchramaydi. Bu esa “muchal” so‘zining, ehtimol, keyingi davrlarda iste’molga kirgani yoki Koshg‘ariy davrida u qadar mashhur bo‘lmaganidan darak beradi. Ammo Bobomiz “Devon”da mazkur taqvim haqida, uni “muchal” deb atamasdan, batafsil ma’lumot beradi va, jumladan, shunday yozadi: “Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga ot qo‘yganlar. Tug‘ilish, jang tarixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk xoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin bo‘lib o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishganlar. Bu masala yuzasidan (xoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: “Biz bu tarixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga ot qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin”. Ular “aytganingizday bo‘lsin”, deyishdi.
Xoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib hayvonlarni suv tomon hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O‘n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sïchg‘an – sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib sïchg‘an jïlï – sichqon yili deb atadilar” (DLT. I. T. 1960. 330-331).
Shundan so‘ng “Devon”da muchal yillarining to‘liq ro‘yxati keltiriladi:
“1. Sïchg‘an jïlï – sichqon yili;
2. Ud jïlï – sigir yili;
3. Bars jïlï – bars yili;
4. Tawĭshg‘an jïlï – quyon yili;
5. Nӭk jïlï – timsoh yili;
6. Jĭlan jïlï – ilon yili;
7. Jund jïlï – ot yili;
8. Qoj jïlï – qo‘y yili;
9. Bičin jïlï – maymun yili;
10. Taqag‘u jïlï – tovuq yili;
11. Ït jïlï – it yili;
12. Toңuz jïlï – to‘ng‘iz yili.
Guvohi bo‘lganimizdek, Koshg‘ariy muchalning kelib chiqishi borasida xalq og‘zida mashhur bo‘lgan rivoyatga tayangan. Ammo turk muchali va qadimgi Xitoyda joriy etilgan 60 yillik taqvim va unga amal qiluvchi barcha xalqlarda yillarning nomlari hamda boshlanishi bir xilligi ular bir o‘zakka borib taqalishini bildiradi. Ehtimol, bu taqvim xitoydan ham oldin barcha uchun mushtarak bo‘lgan qadim bir madaniyatdan barchaga meros bo‘lib o‘tgandir.
Turk muchali va Xitoy taqvimi o‘rtasidagi kichik bir farq – to‘rtinchi yil xitoy taqvimida – ajdaho bo‘lsa, Koshg‘ariy uni – nӭk jïlï, ya’ni timsoh yili deb keltiradi. Hozirda esa bu yil turk xalqlarida – baliq yili deb ataladi. Qolgan yillarning nomlanishi va milodiy yilga to‘g‘ri kelishi bir xil.
Oylar
Koshg‘ariy turklarning oylari haqida shunday yozadi: “Turklarda haftadagi yetti kunning ismi yo‘q, chunki hafta Islomdan so‘ng shuhratlandi. Shunga o‘xshash oy ismlari ham shaharlarda arabcha yuritiladi. Ko‘chmanchi va musulmon bo‘lmagan turklar oylarni to‘rt fasl bilan ataydilar. Har uch oyni bir ism bilan yuritadilar. Yil o‘tishini shunday biladilar. Masalan, navro‘z (yangi kun)dan keyingi avval bahorga – اُغْلاق اَىْ og‘laq aj, so‘ngra – اُلُغْ اُغْلاق اَىْ ulug‘ og‘laq aj derlar. Chunki oy bu vaqtda katta bo‘lib qoladi. Bundan keyingisiga – اُلُغْ اَىْ ulug‘ aj deyiladi. Chunki bu oy yozning o‘rtasida bo‘lib, bu vaqtda sut va yer ne’matlari mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Bu ismlar kam qo‘llangani uchun hammasini aytishni munosib ko‘rmadik” (DLT. I. T. 1960. 332).
Demak, Koshg‘ariy zamoniga kelib shaharlarda islomni qabul qilgan turklar to‘liq hijriy yil va oy hisobiga o‘tib, turkcha oy nomlarini deyarli unutishgan (arabcha hijriy-qamariy oy nomlarini eslatib o‘tamiz: muharram, safar, rabi ul-avval, rabi us-soniy, jumodul-avval, jumodus-soniy, rajab, sha’bon, ramazon, shavvol, zulqa’da, zulhijja).
Ammo keltirilgan ana shu dastlabki uch oy nomidan ham anglashiladiki, qadimgi turklarning oylari arablarniki singari faqat Oy taqvimi emas, balki ham Quyosh, ham Oy (shamsiy-qamariy) taqvimiga asoslangan. Ya’ni, yil erta bahorda – yilboshidan boshlanib, Koshg‘ariyga ko‘ra, birinchi oy – “og‘laq oyi” (uloq oyi) deb atalgan.
Koshg‘ariy bobomizning ushbu gapini boshqa bir manba ham quvvatlaydi. Bu manba Koshg‘ariy yashagan davrdan qariyb uch yuz yil keyin – XIII–XIV asrlarda Sharqiy Ovro‘pa, Qirim yarimoroli hududlarida ovrupalik missionerlar tomonidan qumon-qipchoqlarning tilini o‘rganish maqsadida tuzilgan “Kodeks kumanikus” lug‘ati bo‘lib, unda qumonlar qo‘llagan oy nomlari ham keltirilgan. Albatta missionerlar mazkur lug‘atni tuzishda qumonlar bilan bevosita muloqotda so‘zlarni qanday eshitgan bo‘lsa, shunday yozib olishgan. Shu sababli xato va g‘alizliklar ko‘p, shunga qaramay ularni anglash mumkin. Lug‘at 3 ustun shaklida tuzilgan bo‘lib, birinchi ustunda – lotincha (italyancha, olmoncha) so‘zlar, ikkinchi ustunda – o‘sha so‘zning forscha muqobili, uchinchi ustunda esa – turkchasi (qumon-qipchoqchasi) berilgan.
Lug‘atda dastlab “yilning birinchi kuni”, “yilboshi” ma’nosidagi lotincha “kalendas” so‘zining muqobili sifatida qipchoqcha – “aybashi” (ay basi) keltiriladi va so‘ng lotincha oy nomlari va ularga mos deb topilgan forscha va qipchoqcha oy nomlari beriladi. Deylik, birinchi ustunda keltirilgan lotincha oy nomlari: januarius (yanvar), februarius (fevral), martius (mart), aprilis (aprel), maius (may), junius (iyun), julius (iyul), augustus (avgust), september (sentyabr), octobris (oktyabr), nouember (noyabr), december (dekabr). Ikkinchi ustunda esa mazkur lotincha oylarning muqobili sifatida forscha emas, balki arabcha islomiy hijriy-qamariy oylar keltiriladi (Ma’lumki, hijriy oylar har yili 10 kunga suriladi va ularning lotincha shamsiy taqvimga mos kelishi mumkin emas. Lug‘atda ular qayd etilgan paytda rumliklarning qaysi oyiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, o‘sha shaklda yozib olingan).
Uchinchi ustunda turkiy (qumoncha) oy nomlari shunday keltirilgan: 1. Safar ay (safar ay – bu aslida hijriy ikkinchi oyning nomi); 2. So‘ng ay (counz ay); 3. Ilk yaz ay (ylias ay); 4. Tob ay – bu oyning nomi forscha “yoz” ma’nosidagi “tobiston” yoki to‘balang, to‘polon, shamolli oy bo‘lishi mumkin; 5. So‘ng yaz ay (songusax ay); 6. Kuz ay (cus ay); 7. O‘rta kuz ay (orta cux ay); 8. So‘ng kuz ay (sonchitx ay); 9. Qish ay (ches ay); 10. O‘rta qish ay (orta ches ay); 11. Qurban bayram ay (curban baran ay); 12 asuk yoki ajuz ay (asuc ay).
Ko‘rinib turibdiki, bu ro‘yxatda ancha chalkashlik bor. Deylik, Qurbon hayiti hijriy zulhijja oyining o‘ninchi (ashuro) kuni nishonlanadi. Mazkur ro‘yxatda “Qurbon bayram” ham oy sifatida qayd etilgan. Aslida, ularni fasllarga shunday taqsimlash mumkin:
Ko‘klam: 1. aybashi, 2. safar (“bahor” bo‘lishi ham mumkin), 3. so‘ng ay;
Yoz: 1. ilk yaz ay, 2. tob ay, 3. so‘ng yaz ay;
Kuz: 1. kuz ay, 2. o‘rta kuz ay, 3. so‘ng kuz ay;
Qish: 1. qish ay, 2. o‘rta qish ay, 3. ajuz ay (Aziz momo).
Ajaz, aziz – turkiy xalqlarda qishning oxirgi kunlari, bu so‘zning etimologiyasi “ayoz” so‘ziga borib taqaladi, degan taxmin bor. O‘zbek shevalarida qishning bu oxirgi kunlari – “aziz momo” deb atalib, taxminan bir hafta davom etadi. Shunday naql bor: “Aziz momo olti kun, qahri kelsa – yetti kun”. Yoki qish oylari tuqson (kun) ham deyilgan va ilgari xalq og‘zida shunday naql ham bor ediki, Aziz momo qattiq kelsa, tuqsonga qarata: “Tuqson, bir kunimcha yo‘qsan”, derkan.
Qishning ilk oyi nomi sifatida xalq tilida “qantar” (“qangtar”), “qantar og‘di” nomlari ham ishlatilgan. “Qangtar”, “qangtarmoq” deb ilgari – ot jilovini egarning qoshiga tortib bog‘lab, otning boshini yuqori ko‘tarib qo‘yishga nisbatan aytilgan. Deylik, “qangtar” kuz oylarida boshlansa, “qangtarning og‘ishi” qish oylariga to‘g‘ri kelgan. Bu davrda ot uchun yem-xashakning kamayishi sabab shunday nom berilgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ilgari turk xalqlarida, ular yashagan hududlarga bog‘liq ravishda, chorvachilik, dehqonchilikka oid “qirqim”, “o‘roq”, “dug‘al” kabi turli oy, mavsum nomlari bo‘lgan, ammo ular ilmiy asoslangan muayyan tizimga solinmaganligi sabab rasmiy taqvimga aylanmagan.
Eng qadimgi turkiy oy nomlari
Shunday qilib, qadimgi turklar nazdida tabiatning uyg‘onishi va yilning boshlanishi mushtarak tushunchalar edi, laylakning kelishi – bu yoz (ko‘klam) kelganidan darak, tabiatning o‘yg‘onishi esa – yilboshi, yilning boshlanishi ramzi bo‘lgan. Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida turklarning oylari jadvalini keltiradi. Jadvaldagi dastlabki “ulug‘ oy” va “kichik oy”lar – qish oylari bo‘lsa, ulardan keyingi “birinchi oy” bahorga to‘g‘ri keladi:
“1. Ulug‘ oy;
2. Kichik oy;
3. Birinchi oy;
4. Ikkinchi oy;
5. Uchinchi oy;
6. To‘rtinchi oy;
7. Beshinchi oy;
8. Oltinchi oy;
9. Yettinchi oy;
10. Sakkizinchi oy;
11. To‘qqizinchi oy;
12. O‘ninchi oy.
Beruniy mazkur jadvalni keltirar ekan: “Bularning miqdorlari, ma’nolari va kayfiyatlaridan voqif bo‘lmadim”, deb turklarning oylari necha kundan iborat va qachon boshlanishi haqida aniq ma’lumotga ega emasligini ta’kidlaydi va jadvalda turklarning birinchi oyi – “ulug‘ oy”ni rumliklarning birinchi oyi – yanvariyus, ikkinchi oy – “kichik oy”ni rumliklarning ikkinchi oyi – febrariyus muqobilida keltiradi (B. Tanlangan asarlar. I. T: “Fan”. 1968. 104-105-b.).
Umuman, oylarga nom bermasdan “yilning birinchi oyi”, “ikkinchi oy” qabilida tartib sonlari bilan atash nafaqat turklar, balki boshqa xalqlarda ham bo‘lgan. Deylik, Xitoyda ham oylar qadimda: birinchi bahor oyi, ikkinchi bahor oyi, uchinchi bahor oyi, birinchi yoz oyi, ikkinchi yoz oyi... kabi nomlangan.
Hozirda butun dunyoda amal qiladigan Grigoriy taqvimi ham aslida qadimgi rimliklarning taqvimiga borib taqaladi (Rim taqvimi o‘z navbatida qadimgi yunon taqvimiga asoslangan). Qadimgi Rim taqvimi ham (eramizdan oldingi VIII asr) bahordan boshlanib, 10 oy yoki 304 kundan iborat bo‘lgan. Ya’ni, qish oylari dastlab taqvimga kiritilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rim taqvimida ham dastlab oylar: birinchi, ikkinchi... o‘ninchi oy qabilida tartib sonlari bilan atalgan va keyinchalik bahor avvalida keladigan birinchi oyga – urush xudosi Mars sharafiga “mart” nomi berilgan. Keyingi davrlarda bu taqvim ko‘plab o‘zgarishlarga uchrab, ko‘pgina oylar nomga ega bo‘ldi (yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust), ammo ba’zilari tartib raqami bilan bugungi kungacha yetib keldi, deylik: sentyabr (september) – yettinchi, oktyabr (october) – sakkizinchi, noyabr (november) – to‘qqizinchi, dekabr (december) – o‘ninchi.
Shunday qilib, yuqorida Beruniydan keltirgan, tartib sonlari bilan belgilangan oylarni qadimgi turklarning haqiqiy rasmiy taqvimi deyishimiz mumkin. Boshqa bir jadvalda Beruniy muchal yil nomlarini ham oy nomlari sifatida shunday keltiradi: sichqon, ud, bars, tovushqon, luy, yilon, yunt, qo‘y, pichin, tovuq, it, to‘ng‘iz (Mazkur asar, 104-bet). Ammo hayotda ulardan oy nomlari sifatida ham foydalanilgani bizga ma’lum emas.
Manbalarda
Islomgacha bo‘lgan qadimgi turkiy yodgorliklarda sana asosan muchal yili, oy va kun shaklida keltiriladi. Deylik, VIII asrga oid Ko‘kturklar davri obidasi Bilga xoqon mangu toshida shunday yozuv bor: “Бунча қазғанып қаңым қаған ыт jыл (734) онынч aï алты отузка уча барды. Лағзын jыл 6iciнч ai jiтi отузка joғ äртўртiм”. Ma’nosi: “Shuncha g‘alaba qozonib, xoqon otam it yilining o‘ninchi oyi yigirma oltinchi kunida vafot etdi. To‘ng‘iz yilining beshinchi oyi yigirma yettinchi kuni “yo‘g‘i”ni, ya’ni motam marosimini o‘tkazdim”.
Yana o‘sha davri obidasi – Ko‘ltigin toshbitigidan:
“Кўл тiгiн қоң jылқа jiтi jäгiрмiкä учды: тоқузынч аĭ jäтi отузқа jоғ äртўртiмiз. Барқын бäдiзiн бiтiг таш(ын) бiчiн jылқа jiтiнч аĭ jiтi отузқа қоп алқады(м)ыз”. – Ma’nosi: “Kultigin qo‘y yilining (birinchi oyi) o‘n yettinchi kun uchdi (o‘ldi): to‘qqizinchi oy yigirma yettinchi kuni “yo‘g‘ini”, ya’ni motam marosimini o‘tkazdik. Qabri ustidagi maqbara va o‘yma (harflar bilan yozilgan) bitig toshining hammasini maymun yili yettinchi oyining yigirma yettinchi kuni bag‘ishlab bitdik”.
E’tibor berilsa, matnlarda oy va kun aniq ko‘rsatilgan. Savol tug‘iladi: xo‘sh, qadimgi turklar oy va kunni qanday aniqlashgan? Gap shundaki, ilgari ham hozirgiday yil deganda – to‘rt fasldan iborat Quyosh yili tushunilgan, ammo oy, qadimgi turklar nazdida, xuddi hijriy-qamariy taqvimdagi singari osmonda Oy ko‘ringan kundan boshlangan va ilk bahorda ko‘ringan birinchi Oy – muchal yilining birinchi oyi hisoblangan. Ya’ni, oylar hozirgi milodiy taqvimdagi singari har doim bir paytda emas, balki ba’zan oldin, ba’zan keyinroq boshlangan.
Bizgacha yetib kelgan tarixiy hujjat, vasiqalardan ma’lum bo‘ladiki, mazkur taqvim hali islomni qabul qilmagan, buddaviylik ta’sirida bo‘lgan turkiy xalqlar, xususan, Sharqiy Turkistonda qariyb XIII asrgacha amalda bo‘lgan. Turfondan topilgan X–XIII asrlarga oid ba’zi vasiqalarda qayd etilgan sanalarga e’tibor qaratamiz:
“Тақиқу йил икинди аĭ секиз йгрмикä маңа Илчи кä тариғ тариғу кергäк болуп...” – Ma’nosi: “Tovuq yili, ikkinchi oyning o‘n sakkizinchi kunida menga, Elchiga, ekin ekish uchun yer kerak bo‘lib...” (С.Малов. Памятники древнетюркской письменности. М. 1951. 216)
Yuqorida ko‘rdikki, Beruniy o‘z asarida keltirgan turk oylari “ulug‘ oy” va “kichik oy”dan boshlanib “o‘ninchi oy”gacha davom etadi. Ammo Turfondan topilgan hujjatlarda “o‘n birinchi oy” ham qayd etilganini ko‘rish mumkin: “Кушку йил бир йгирминч аĭ алты йаңықа биз Толу қара, Мысыр Улуғ, Äнч қара Мысыр баслап онлуқларқа он öңдун индä бöз кргäк болуп...” – Ma’nosi: “Sichqon yili o‘n birinchi – yangi oyning oltinchi kunida biz: To‘lu Qora, Misir Ulug‘, Ench Qoraga, Misir boshchiligidagi o‘n kishiga bo‘z kerak bo‘lib...” (o‘sha kitob, 206).
Tarixdan ma’lumki, VIII asrda turklarning to‘qqiz o‘g‘uz qabilalari Sharqiy Turk xoqonligidan ajralib chiqib Uyg‘ur xoqonligi va alohida uyg‘ur etnosiga asos soldi. Uyg‘urlar ajdodlari – ko‘kturklardan farqli o‘laroq Xitoy bilan yaxshi munosabat o‘rnatgan va buddaviylikni qabul qilishgan edi. Shu bois Turfondan topilgan hujjatlarda o‘n ikkinchi oy o‘rnida yana bir oy – buddaviylarning ro‘za oyini bildiruvchi – “chaqshaput” oyiga ham duch kelamiz:
“Биčин йил čақшапуд аĭ ики йаңықа маңа Тäдмилиг Қара Буқа икäгукä...” – Ma’nosi: “Maymun yili chaqshaput – yangi oyning ikkinchi kunida menga – Tedmilig va Qora Buqa ikkimizga...”
Alqissa, islomgacha qadimgi turklarning oylari shunday ko‘rinishda edi. Turk xoqonliklari davridan keyin bu tizim uyg‘urlarda to islomgacha, qariyb XIII asrlargacha amalda bo‘ldi. Keyingi davrlarda esa, garchi muchal sanasi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, butunlay islomiy hijriy-qamariy taqvimga o‘tildi.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q