Ko‘pincha katta-katta davralarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda tilshunoslar yoki ona tilimizga befarq bo‘lmagan dalli-g‘ulli yurtdoshlarimizning muayyan bir so‘zning qaysi tilga oid ekani haqida tortishayotganiga ko‘zimiz tushib qoladi. Bunday bahslarning ko‘pida o‘zimiz ham ishtirok etganmiz.
Shunday munozaralarning biridan keyin menda bir g‘oya paydo bo‘ldi. Maʼlum bir so‘zning aniq o‘z qatlam so‘z ekanini aniqlovchi identifikatorni[1] topishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Ishni avval qarluq, o‘g‘iz va qipchoq dialektlarida bir xil qo‘llaniladigan so‘zlarni aniqlashdan boshladim. Ammo bu usul ish bermadi. Chunki til taraqqiyoti davomida so‘zlar miqdoran va mazmunan o‘zgarib borgan, ularning qaysi davrda qanday o‘zgarishga uchraganini esa aniqlab olish juda murakkab ish. Shuning uchun men avval boshqa tillardan kamroq so‘zlar o‘zlashgan tillarni, xususan oltoy tilini tahlil qilib ko‘rdim. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, unchalik rivojlanmagan tillarda tub o‘zaklar yaxshiroq saqlangan. So‘zlarning tuzilishida ortiqcha affikslardan yoxud so‘z yasalishi yoki grammatik ifoda shakllanishiga xizmat qiladigan morfemalardan kam foydalanilar ekan. Bu esa maʼlum maʼno beruvchi so‘zlarning maʼnosini abstraktlashtirish va eng kichik o‘zaklarni ajratib olish imkonini beradi.
Keyinchalik bu fikrlarimni qozog‘istonlik, turkiyalik qardoshlarimiz bilan o‘rtoqlashdim. Boshqa turkiy ellarda tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun ularning maslahatlarini oldim. Va nihoyat 2019-yilda “to‘” va “qi” o‘zakli so‘zlar tahliliga bag‘ishlangan birinchi maqolani “O‘zMU xabarlari” jurnalida, keyinchalik esa “yor” o‘zakli so‘zlar talqiniga bag‘ishlangan “Yorga yetar kun bormi, yoronlar” nomli maqolani “Maʼnaviy hayot” jurnalida chop ettirdik. Ularning birinchisida undosh + unli (SU) ikkinchisida esa unli + undosh (US) so‘zlar tahlil qilindi. Bu ikkala maqola ham oyina.uz portali orqali o‘quvchilar hukmiga havola qilingan.
Mazkur maqolada esa “ke” o‘zagi va ushbu o‘zakka yangi tovushlar qo‘shish bilan yasaladigan so‘zlarning maʼnosining o‘zgarib borish jarayoniga eʼtiborni qaratilgan. Har bitta so‘zni turkiy tillardagi variantlariga ko‘ra alohida tahlil qilinib muhim xulosalar chiqarilgan.
***
Hozirgi turkiy tillarning lug‘at tarkibini o‘rgansangiz, ularda bobotilga oid umumiy genetik va tipologik o‘xshashliklar sezilib turadi. Eng ahamiyatlisi shundaki, bu xususiyat barcha turkiy tillarda saqlanib qolgan. Chunki turkiy tillar morfologiyasidagi agglyutinatsiya hodisasi, yaʼni morfemalar birlashsa-da o‘zak so‘zlarning o‘zgarmasdan qolishi biz o‘rganayotgan so‘zlarning qaysi tilga mansubligini aniqlashda o‘ziga xos identifikator vazifasini o‘taydi.
Kichik o‘zaklar o‘z o‘rnida alohida leksema sifatida ham ko‘rinadi. Misol uchun, o‘zbek tilidagi bitta u unlisi alohida leksema bo‘lib, ozarbayjon, turk tillarida o (o‘) shaklida keladi. Ayni so‘z oltoy, qozoq, qirg‘iz va boshqa qipchoq tillarida ol shaklida talaffuz qilinsa-da alohida o (o‘) harfi ham u maʼnosini beradi. Bunday o‘zaklarga qo‘shilgan har bitta tovush yangi maʼno beruvchi so‘zlarni hosil qiladi. Uning oldidan s qo‘shilib su, b qo‘shilib bu, sh qo‘shilib shu so‘zlari hosil qilinadi. Qo‘yida ayni shunday xususiyatli ke o‘zagidan yasaladigan so‘zlarning yasalishiga va maʼnolarning o‘zgarib borishiga eʼtibor qaratamiz.
Ke o‘zakli so‘zlar turli tillarda turlicha shakllarda, jumladan, o‘g‘uz dialektlarida ge shaklida, aksariyat qipchoq va qarluq dialektlarida esa ke shaklida talaffuz qilinadi. Qozoq va boshqird tillarida, shuningdek bulg‘or guruhiga kiruvchi chuvash tilida ham ki shakli ishlatiladi, ammo bu ke ning fonetik o‘zgargan holati xolos.
Ke so‘zi (bundan buyon so‘z) maʼnosiga ko‘ra harakatni, aniqrog‘i esa bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga o‘tishni anglatadi. O‘tish harakati makonda va zamonda alohida talqinga ega.
Ke leksemasi makonda A nuqtadan B nuqtaga ketishni yoki B nuqtadan A nuqtaga qaytishni bildiradi. Bunda manzil aniq emas. Ammo o‘zak so‘zga qo‘shilgan yangi tovushlar semantik o‘zgarishlarni hosil qiladi. Dialektik jihatdan bu shakl o‘zgarishining mazmun o‘zgarishiga olib kelishini anglatadi.
Eʼtibor bering:
Ke o‘zagiga t tovushi qo‘shilganda ket so‘zi hosil bo‘ladi.
Makonda ket A nuqadan B nuqtaga o‘tish (ketish)ni anglatadi.
ket (get)
Misol: Bu yerdan ket!
Ket zamonda maʼlum bir vaqtning keyingi zamonga almashinuvini anglatadi.
Misol: Eski yil o‘tib ketdi.
Ket so‘zi barcha turkiy tillarda buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolarni ifodalovchi so‘z sifatida ishlatiladi: ket, ketaqol, ketasanmi?
Shuningdek, ket biron narsaning orqa qismini yoki davomiyligini ham bildiradi: ketmonning keti; ko‘chada moshinalarning keti uzilmaydi.
Ket juft so‘z shaklida ham ishlatiladi va unda ham A nuqtadan B nuqtaga o‘tish (ketish)ni anglatadi: ketma-ket. O‘zbek tilida ket o‘zagi ishtirok etgan o‘z qatlam so‘zlar ham aynan shu maʼnoda ishlatiladi: ketmoq, ketish, ketkazmoq va hk.
O‘zlashgan so‘zlar esa boshqacha maʼnolarni anglatishi mumkin. Misol uchun, ketmon (fors) yoki kefir (rus) so‘zlari boshqa predmetlarni ifodalaydi.
Ke o‘zagiga l tovushi qo‘shilganda kel (gəl) so‘zi hosil bo‘ladi.
Makonda kel B nuqadan A nuqtaga o‘tish (qaytish)ni anglatadi.
kel (gəl)
Misol: Bu yoqqa kel!
Zamonda kel maʼlum bir vaqtning kelishini, kelasi zamonning kirishini anglatadi.
Misol: Yangi yil kirib keldi.
Kel so‘zi ham barcha turkiy tillarda buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolarni ifodalovchi so‘z sifatida ishlatiladi: kel, kelaqol, kelasanmi?
Kel juft so‘z shaklida ham ishlatiladi va unda ham B nuqtadan A nuqtaga o‘tish (qaytish)ni anglatadi: kel-kel. Kel-kel shevalarda omad maʼnosida ham qo‘llaniladi. O‘zbek tilida kel o‘zagi ishtirok etgan o‘z qatlam so‘zlar shu maʼnoda ishlatiladi: kelmoq, kelish, keltirmoq va hk.
Kel o‘zagidan yasalgan so‘zlar zamonlarda ham turlanadi va ko‘p holatlarda kimning yoki nimaningdir kelgani, kelayotgani, kelishini ham anglatadi: Yangi yil kirib keldi, kelayotgan yil, kelgusi yil, kelajak va hk.
Kelim so‘zi kirim maʼnosida ishlatiladi. Kelin yoki kelgindi so‘zlari boshqa joydan kelganlikni bildiradi.
Keltirmoq so‘zi esa B nuqtadan A nuqtaga nimanidir yoki kimnidir keltirish (olib kelish) ni anglatadi.
Kel va ket so‘zlaridan juft so‘zlar ham yasaladi: keldi-ketdi, kelim-ketim va hk. Bundan ko‘rinadiki, kel va ket so‘zlaridagi l va t tovushining almashinuvi shakl o‘zgarishlarining mazmun o‘zgarishiga olib kelishi bilan birga kontrar munosabatlar ham hosil qiladi.
Ke o‘zagiga z tovushi qo‘shilganda kez so‘zi hosil bo‘ladi.
Makonda kez maʼlum bir joydan boshqa bir joyga erkin yoki ulovda o‘tishni anglatadi: kezmoq, kezinmoq.
Kez zamonda maʼlum bir vaqtni, aniqrog‘i o‘tayotgan onni anglatadi va zamonlarda turlanadi: yoshlik kezlari, shu kez, kezi kelsa. Kez so‘zi aksariyat turkiy tillarda sayr yoki sayohat maʼnosida ishlatiladi. Misol uchun, ozarbayjon tilida sayr qilmoq gәzişmәk (kezmoq) so‘zi orqali ifodalanadi. Demak, kez so‘zi trayektoriyasi aniq bo‘lmagan o‘tish yoki qaytishni anglatadi.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida kez o‘zakli 4 ta kez, kezak, kezinmoq va kezmoq so‘zlari qayd etilgan[2]. Ammo E.V. Sevortyanning etimologik lug‘atida kezning o‘tish maʼnosini berishi keltirib o‘tilgan[3]. Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asarida kez o‘zakli o‘nlab so‘zlar keltirilgan, ammo ularning ko‘pchiligi boshqa maʼnodagi so‘zlardan iborat. Biz tadqiq qilayotgan kez esa kezitti (aylantirib chiqdi) va kezish (aylanib chiqdi) shaklida qayd qilingan. Mahmud Koshg‘ariy qo‘llagan kez 2 maʼnoda o‘qning qo‘yi tomoni va qirmochni anglatadi[4].
Kez so‘zi o‘zbek adabiyotida faol qo‘llaniladi. Ammo kundalik hayotda uning o‘rniga sayr, sayohat kabi o‘zlashgan so‘zlar ko‘proq ishlatiladi (Boysun qirlarida bir o‘zim kezdim... U.Azim; Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim. A.Oripov).
Ke o‘zagiga s tovushi qo‘shilganda kes so‘zi hosil bo‘ladi.
Makonda kes maʼlum bir sathda A nuqtada B nuqtagacha o‘tishni yoki biron narsani kesishni anglatadi: kesib o‘tish, kesish.
O‘zbek tilida kes zamonda qo‘llanilmaydi. Ammo moddiyat va makon bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim majoziy jumlalar ishlatiladi (sud kesdi, oylikni kesdi). “Devoni lug‘atit turk”da kes 2 ta, kesak va biron narsaning bo‘lagi maʼnosida keladi[5]. Kes o‘zakli so‘zlar esa 21 tani tashkil qiladi. E.V. Sevortyanning etimologik lug‘atida 7 xil maʼnosi berilgan:
1. Kesik (kesak, bo‘lak)
2. Kesmoq
3. Qayta kesmoq, kesib to‘xtatmoq (misol uchun yo‘lni)
4. Kesish (sud kesish, jazo tayinlash)
5. Kesish-qisqartirish (oylikni qisqartirish)
6. Kesib olib tashlash
7. Sargardon yurish, yolg‘on so‘zlash[6].
O‘zbek tilida ham aynan shu mazmundagi so‘zlar uchraydi. Shuningdek, o‘zbek tilida geometriyada qo‘llaniladigan kesma so‘zi ham mavjud va u qo‘yidagicha taʼriflanadi: to‘g‘ri chiziqning A va B nuqtalari orasidagi va shu nuqtalarni qo‘shib hisoblagandagi qismi kesma deyiladi.
Ke o‘zagiga ch tovushi qo‘shilganda kech so‘zi hosil bo‘ladi.
Makonda: kech maʼlum bir joydan boshqa bir joyga o‘tishni anglatadi: kechmoq, kechib o‘tmoq.
Zamonda: kech maʼlum bir vaqtning boshqasiga almashinuvi paytini anglatadi: kech kirib kun tunga almashdi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida kechning 4 ta maʼnosi berilgan:
1. Sutkaning kunduz qismi tugab, tun qismi boshlanishi
2. Kechasi, tun
3. Muayyan vaqtning o‘tish (tugash) vaqti
4. Vaqt yoki fursatning o‘tishi.
Bundan ko‘rinadiki, kech so‘zining barcha turkiy tillarda mavjud buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolari o‘zbek tili lug‘atiga kiritilmay qolgan. Vaholanki, “qasamingdan kech”, “daryodan kech” kabi jumlalar isteʼmolda ko‘p ishlatiladi.
Oltoy tilida kech so‘zi biron joydan o‘tishni bildiradi: jol kecher (yo‘ldan o‘tish); jÿzÿp kecher (suvdan suzib o‘tish); kechÿ-kÿrdeҥ kecher (ko‘prikdan o‘tish)[7]. Turk, ozarbayjon tillarida ham kech biron joydan o‘tishni bildiradi: nehrin içinden geçer[8].
O‘zbek tilida esa kechmoq biron suvli, botqoqli hududdan o‘tishni anglatadi xolos. Bundan ko‘rinadiki, o‘zbek tilida kechmoqning maʼnosi toraygan. “Tarjumon”da kechning ikki xil maʼnosi berilgan: 1. makonda: o‘tish; zamonda: vaqtning o‘tishi; 2. kechikmoq, sustlik qilmoq.
Kech o‘zagidan yasaladigan kecha so‘zining tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu sutkaning kunduz qismi tugab tun qismi boshlanishini anglatadi. Demak, bu ham zamonda o‘tishni bildiradi. Ammo til taraqqiyoti davomida bu so‘z o‘tgan kun, tun maʼnolarida ham qo‘llanila boshlagan. Aslida esa o‘tgan kun tunovin (tundan oldin), tun esa o‘z nomi bilan tun deb atalgan. Bugungi kunda o‘zbek tilida kecha maʼnosida o‘zlashgan shom, oqshom so‘zlari ko‘proq ishlatiladi.
Zamonaviy turkiy tillarning deyarli barchasida kech o‘zagi bilan yasaladigan ko‘plab so‘zlar uchraydi. Ammo ularning maʼnolari bir-biridan farq qilishi yoki aynan bo‘lishi ham mumkin. Turkiy tillar orasida oltoy tilida kech o‘zakli leksemalar ko‘proq uchraydi. Ularning umumiy soni 16 ta bo‘lib, orasida boshqa tillarda mutlaqo uchramaydigan leksemalar ham bor. Misol uchun oltoycha kechkin ham kelinning bir varianti sanaladi. Ko‘prik esa kechÿ-kÿr deyiladi. Bu so‘z kechuv va qurilma so‘zlarining birikmasidir.
Kechir so‘zi barcha turkiy tillarda biron voqea yoki gina-kudratni unutish, o‘tkazib yuborish bo‘lsa, kek uning teskari maʼnosida qo‘llaniladi. Ammo bir nechta turkiy tillarda, xususan yoqut (rus: брасты), boshqird (arab, turk: g‘әfү itegeҙ), turk (arab, turk: affediyorsunuz), ozarbayjon (bağışlayın) tillarida boshqa shaklda qo‘llaniladi.
Ke o‘zagi b, v, g, d, j, y, k, n, p, r, f, x, sh, q kabi boshqa undoshlar bilan qo‘shilib leksema yasalganda o‘tish maʼnosi yo‘q. Faqat key (keyin) so‘zida o‘tish maʼnosi saqlangan.
Turkiy tildagi har bitta kichik leksemani tahlil qilish o‘z qatlam so‘zlarni aniqlashda alohida ahamiyatga egadir. Misol uchun, birgina ke o‘zakli so‘zlarning harakat maʼnosini berishini identifikatsiyalashning o‘zi shu o‘zakdan yasaladigan yuzlab so‘zlarning maʼnosini aniqlash, agar o‘zgargan bo‘lsa qayta tiklash uchun asos bo‘la oladi. Mazkur maqolada tahlilga tortilmagan keng, ker (kerishish) kabi so‘zlarning shakli va maʼnosiga eʼtibor bersak, ularda ham harakat maʼnosi ko‘rinadi. Ammo yetarli asos bo‘lmagani uchun ularni maqolada tahlil qilishdan tiyildik.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, tilimizning boyligi va imkoniyatlarini ochish uchun undagi har bir so‘z, har tovush, har bir elementni tahlil qilish, sintezlash va ulardan ona tilimizni rivojlantirishda asos sifatida foydalanish kerak. Buning uchun esa avvalo o‘z qatlam so‘zlarni (o‘zaklarni) aniqlab olishimiz, ularning bizniki ekani isbotlashimiz kerak. Keyin esa bu so‘zlardan hech ikkilanmasdan yangi so‘zlarni yasash mumkin bo‘ladi.
Anvar BO‘RONOV
[1] Identifikator, ID (ingl. data name, identifier) – muayyan obyektning o‘ziga xos belgisi, alomati; unga ko‘ra ob’yekt boshqa obe’ktlardan va ularning ta’siridan ajratib olinadi, ya’ni identifisiyalanadi.
[2] Ўзбек тилининг изоҳли луғати “К” ҳарфи. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Тошкент, 2006. – Б. 341.
[3] Севортян. Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. Общетюркские и межтюрские основы на буквы “К”, “Қ”. – Москва: Наука, 1974. – С. 21.
[4] Девону луғотит турк. Индекс-луғат. – Тошкент: Фан, 1967. – Б. 150.
[5] Девону луғотит турк. Индекс-луғат. – Тошкент: Фан, 1967. – Б. 156.
[6] Севортян. Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. Общетюркские и межтюрские основы на буквы “К”, “Қ”. – Москва: Наука, 1974. – С. 56.
[7] Алтайско-русский словарь / Алтай-оруссозлик. Авторск. кол. А.Э.Чумакаев (отв. ред.). – Горно-Алтайск: НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова, 2018. – С. 320–322.
[8] https://translate.google.com/
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q