Mahalliy noiblar – moʻgʻullar imperiyasida Yalavochlar oilasining oʻrni


Saqlash
12:20 / 11.11.2025 152 0

 

Moʻgʻullar imperiyasi XIII asrning eng katta davlati edi. Imperiya dunyo tarixida oʻzining markazlashtirilgan boshqaruv tizimi bilan ajralib turadi. Bu tizimda turli oilalar va shaxslarning roli muhim boʻlib, ularning orasida Yalavochlar oilasi alohida oʻrin tutadi.

 

Ayniqsa, Mahmud Yalavoch siyosiy faoliyati va davlat boshqaruvidagi xizmatlari Moʻgʻullar tarixidagi oʻziga xos voqea sifatida qayd etiladi. Maʼlumki, Chingizxon Movarounnahr va unga tutash mintaqalarni egallab boʻlgach, oʻtroq shaharlar boshqaruvini asli xorazmlik Mahmud Yalavochga topshiradi. Bu noiblik lavozimi – Mahmud Yalavochning bir necha bor Xorazmshohlar davlatiga Chingizxon nomidan elchi boʻlib borishi va Muhammad Xorazmshoh qoʻshini, mamlakatning ichki va tashqi siyosatidagi nozik masalalar xususida maʼlumot yetkazib turgani uchun berilgan mukofot edi.

 

Chingizxon 1223-yilda Movarounnahr va unga tutash mintaqalarni tark etayotib, Mahmud Yalavochga hududni boshqarish va soliqlarini yigʻish bilan bogʻliq noiblik – valiylik vazifasini yuklaydi. 1224-yilda Chingizxon oʻgʻillariga butun imperiya sarhadlarini ulus sifatida boʻlib berganda Movarounnahr mulklari Chigʻatoy ulusi hissasiga tushadi.

 

Chingizxon vafotidan soʻng Oʻqtoy ulugʻ xon deb eʼlon qilinadi. Moʻgʻullar imperiyasi dastlabki yillarda davlatni boshqarish anʼanalariga toʻla ega emasdi. Shuning uchun uluslarda xon tomonidan tayinlangan va bevosita unga boʻysunuvchi mahalliy xalqdan boʻlgan noiblar mavjud edi. Ularga soliqlarni yigʻib, oʻz vaqtida markazga yetkazish vazifasi yuklatiladi. Chigʻatoy ulusiga dastlab Mahmud Yalavoch (1223-1239), undan soʻng uning oʻgʻli Masʼudbek (1239-1289) noiblik qiladi. Yalavochlar uzoq yillar Movarounnahr noibi lavozimida qoladi. Masʼudbek vafotidan soʻng birin-ketin uning oʻgʻillari Movarounnahrni idora qildi. Xususan, Abu Bakr Yalavoch (1289-1298), Sotilmish Yalavoch (1298-1303) va Sevinch Yalavoch (1303-1306).

 

 

Sevinch Yalavochga qadar Yalavochlar oilasi Xoʻjanddan turib davlatni boshqargan. Xonadonning soʻnggi vakili Sevinch Yalavoch esa Qayduxonning oʻgʻli Choparxon yorligʻi bilan hokimiyatga kelib, markazni Xoʻjanddan Qoshgʻarga koʻchirgan.

 

Mazkur davr manbalarida Chigʻatoy ulusi tarixi, hukmdorlari, ulusning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va etnik tarixi boshqa uluslar tarixiga qaraganda kam yoritilgan. Mavjud maʼlumotlar aniq va izchil emas, baʼzan biri ikkinchisini inkor etadi. Moʻgʻullar davri manbalari Chigʻatoy ulusi xonlari tarixini batafsil qamrab olmagan. Xususan, Juvayniyda Qora Xulaguning xotini Oʻrkina (Ergana) xotun hukmronligigacha, Rashididdinda Kebekxongacha Chigʻatoylilar tarixi yozilgan. Nizomiddin Shomiy Chigʻatoy ulusida hukmronlik qilgan xonlarga alohida toʻxtalib, ular 31 ta boʻlganini yozadi.

 

Ushbu manbalarda, Mahmud Yalavoch noibligi Chingizxon vafotidan soʻng xon etib tayinlangan Oʻqtoyxon tomonidan ham tasdiqlangani aytiladi. Mahmud Yalavoch Xoʻjanddan turib, butun Movarounnahr va unga tutash hududlarni boshqaruv maʼmurlari – dorugʻalar va soliq yigʻuvchilar, tangmachilar yordamida boshqargan. Bu vazifani bajarar ekan, u dastlab faqat Chingizxonga, uning vafotidan keyin esa Oʻqtoyxonga hisobdor boʻlgan. Manbalarda Mahmud Yalavoch va umuman Yalavochlar boshqaruvi toʻgʻrisida uzuq-yuluq maʼlumotlar mavjud. Ularning boshqaruvi xususidagi asosiy maʼlumotlardan biri 1238-yilgi Mahmud Tarobiy qoʻzgʻoloni voqealari jarayonida keltiriladi.

 

Mahmud Yalavoch Buxoro yaqinida koʻtarilgan qoʻzgʻolonni vaqtida bostirmagani uchun Chigʻatoyxon tomonidan oʻz vazifasidan olib tashlanadi. Chunki, qoʻzgʻolonchilar 10 mingdan ortiq moʻgʻul qoʻshinini qirib yuborgan edi. Shundan soʻng, Mahmud Yalavoch Qoraqurumda turgan ulugʻ xon Oʻqtoyxonning oldiga borib, Chigʻatoyxon ustidan arz qiladi. Mahmud Yalavoch vaziyatni Oʻqtoyxonga tushuntirgach, Chigʻatoyxonni xon soʻroqqa tutadi. Oʻqtoyxon Chingizxon zamonasidan beri Movarounnahr noibligiga nomzod tayinlash va uni vazifasidan olib tashlash ulugʻ xonning vakolatlariga kirishini akasiga tushuntiradi.

 

“Yasoq” qonunlariga soʻzsiz rioya qiluvchi Chigʻatoyxon Mahmud Yalavochni xonlik ruxsatisiz noiblikdan olib tashlagani va bu bilan Chingizxon davridan beri amal qilib kelayotgan xon vakolatlariga aralashgani uchun Oʻqtoyxondan uzr soʻrashga majbur boʻlgan.

 

Oʻqtoyxon mazkur vaziyat uchun akasi Chigʻatoyni ortiqcha tanqid qilmaydi. Mahmud Yalavochni qayta Movarounnahr noibligiga qaytarish Chigʻatoyxonning mintaqadagi siyosiy nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin edi. Shuning uchun Mahmud Yalavoch Pekinga hokim qilib yuboriladi. Ulugʻ xon Movarounnahr noibligiga Mahmud Yalavochning oʻgʻli Masʼud Yalavochni tayinlaydi. Bu holat Mahmud Yalavoch va uning oʻgʻli Masʼud Yalavoch orqali Chigʻatoy ulusidagi shaharlar ulugʻ xonlikka bevosita bogʻlanganini yaqqol koʻrsatadi.

 

Shu tariqa, Chigʻatoy ulusi oʻz hududida alohida suverenitet mavjudligiga toʻgʻri kelmaydigan gʻalati vaziyatga tushib qoladi. Chigʻatoy ulusı boshqaruvidagi ushbu holat davlat boshqaruvi avval boshdan ikkiga boʻlib yuborilganini koʻrsatadi. Chigʻatoyxonga berilgan oʻtroq aholi yashovchi asosiy hududlar boshqaruvi 1223-yildayoq, yaʼni Chigʻatoy ulusi tashkil etilishidan avval Mahmud Yalavochga Chingizxon tomonidan topshirilgan edi. Yaʼni, Movarounnahr noibi toʻgʻridan-toʻgʻri ulugʻ xonga hisob berishi Chingizxon hayotligidayoq belgilab qoʻyilgan.

 

Otasining vasiyatini buzishni istamagan Chigʻatoyxon Movarounnahr boshqaruvida Yalavochlar valiyligini tan olib, boshqa bu masalalarga aralashmaydi. Natijada, bu holat keyingi Chigʻatoy hukmdorlari davrida ham davom etadi. Movarounnahr Chigʻatoy ulusi hududi boʻlishiga qaramasdan ulugʻ xonlikka boʻysunishi, ulus taraqqiyotiga ham jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatdi.

 

Pekinga noib etib tayinlangan Mahmud Yalavoch 1254-yilda vafot etguniga qadar mazkur vazifada qoladi. Uning keyingi yillardagi faoliyati manbalarda kam oʻrinlardagina eslanadi. Jumladan, Rashididdinning “Jomeʼ at-tavorix” asarida 1251-yil Oʻqtoyzoda Shiromun boshchiligidagi ulugʻ xon Munkaxonga qarshi uyushtirilgan qoʻzgʻolon tafsilotlarida Mahmud Yalavoch faoliyati xususida ham qaydlar mavjud. Amalga oshmay qolgan suiqasddan keyin ulugʻ xon isyonga bosh qoʻshgan Chigʻatoy va Oʻqtoy shahzodalariga qanday jazo qoʻllash xususida kengashish maqsadida katta qurultoy chaqiradi. Qurultoyda hozir boʻlgan Chingiziy xonzodalar, yirik noiblar, sarkardalar safida Mahmud Yalavoch ham bor edi.

 

Ulugʻ qoon aynan keksa noibdan (bu vaqtda taxminan sakson yosh atrofida edi) isyonchilarni jazolash boʻyicha maslahat soʻraydi. Mahmud Yalavoch Munkaxonga Iskandar Zulqarnayn va ustozi Aristotel bilan bogʻliq voqeani aytib berib, unga isyonchilarning barchasini qatl etishni maslahat beradi.

 

Natijada Oʻqtoy va Chigʻatoy xonadoniga mansub balogʻatga yetgan barcha erkaklar qatl etiladi. Faqatgina balogʻatga yetmagan xonzodalar omon qoldirilib, Qoraqurum va Yuan imperiyasi saroylariga “qayta tarbiyalash” maqsadida surgun qilinadi. Hatto beshikdagi xonzodalar ham onasi bagʻridan yulib olinadi. Bu holatning aynan Mahmud Yalavoch maslahati asosida amalga oshirilgani Oʻqtoyxondan keyingi xonlar faoliyatida ham uning eng yaqin odamlaridan biri boʻlib qolganini koʻrsatadi.

 

Mahmud Yalavochning oʻgʻli Masʼudbek Movarounnahrdagi boshqaruvida oʻzining zukkoligi va bunyodkorligi bilan muvaffaqiyat qozonadi. 50-yil mobaynida Movarounnahrni boshqaradi. Juvayniyga koʻra, Masʼudbek Buxoro shahrida ming nafar toliblar tahsil oladigan madrasa qurdirgan va u “Masʼudiya” madrasasi nomini olgan. Vassafning yozishicha, mazkur madrasa 1272-yilda Elxoniy hukmdor Abaqaxon tomonidan Buxoroning boshqa yodgorliklari qatorida vayron qilingan. 1273-yil boshida shahar ozod boʻlgach, Masʼudbek madrasani qayta quradi va 1289-yilda vafot etgach, madrasa yonida dafn etiladi.

 

Jamol Qarshiy Qoshgʻarda ham Masʼudiya madrasasi boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumot keltirib, bu madrasa ham Masʼudbek tomonidan qurilganini qayd etadi. Shunigdek, Juzjoniy, Juvayniy va Vassaf kabi tarixchilar oʻz asarlarida Masʼudbek davri va uning bunyodkor faoliyati xususida ijobiy soʻzlarni maʼlumot sifatida keltirgan.

 

Masʼudbek ellik yillik faoliyati davomida faqatgina Olgʻuxon (1261-1266) hokimiyatga kelgan vaqtda Movarounnahr noibligidan chetlatilib, vakolatlari cheklanadi. 1261-1263-yillarda ulugʻ xon Ariq Buqa va Chigʻatoy hukmdori Olgʻuxon oʻrtasida boʻlgan oʻzaro kurashlar davrida Masʼudbek Qoraqurumga qochib ketadi. Soʻnggi jangdan keyin Ariq Buqa Qora Xulaguning bevasi Oʻrgina Xotun va Masʼudbekni Olgʻuxon huzuriga sulh tuzish uchun elchi sifatida yuboradi. Olgʻuxon sulhni qabul qilib, Oʻrgina Xotunga turmush qurishni taklif qiladi. Masʼudbekni esa oʻzining moliya ishlari boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlaydi. Masʼudbek bu lavozimda Baroqxon davrigacha (1266-1271) qoladi.

 

1269-yilgi Talas vodiysidagi qurultoyda Oʻqtoy xonning nabirasi Qayduxon va Baroqxon kelishuv imzolaydi. Unga koʻra, Chigʻatoy ulusi yana Olgʻuxon davrida erishilgan mustaqilligini yoʻqotib, Qaydu davlati nazoratidagi ulusga aylanib qoladi. Talas vodiysidagi qurultoydan soʻng Qayduxon Masʼudbekni qaytadan Movarounnahr noibligiga tasdiqlaydi.

 

Masʼudbek vafotidan soʻng, oʻrniga birin-ketin oʻgʻillari Abubakr Yalavoch, Sotilmish Yalavoch va Sevinch Yalavoch hokimiyatga keladi. Abubakr va Sotilmish Yalavochlarni Qayduxon Movarounnahr valiyligiga tayinlagan boʻlsa, Sevinch Yalavoch Qayduxonning oʻgʻli Choparxon tomonidan mazkur vazifaga tasdiqlanadi.

 

Bu davrga kelib Chigʻatoy ulusi hukmdori Duvaxon va Choparxon munosabatlari keskinlashib, 1304-yilda ikki oʻrtada urush kelib chiqadi va ushbu toʻqnashuvda Choparxon magʻlubiyatga uchraydi.

 

Choparxon magʻlubiyatidan xabar topgan Elxoniy hukmdor Oʻljoytu Temur 1305-yilda unga qarshi qoʻshin tortadi va Qayduxon tomonidan tashkil qilingan davlatni butunlay yoʻq qilib yuboradi. Choparxonning Movarounnahrdagi valiysi boʻlgan Sevinch Yalavochning vakolati 1306-yilda tugaydi.

 

Manbalarda Sevinch Yalavochning bundan keyingi taqdiri haqida maʼlumotlar keltirilmagan. Shu tariqa, Chigʻatoy ulusidagi Yalavochlarning 83-yillik hukmronligiga chek qoʻyiladi va Movarounnahr nazorati toʻla Chigʻatoy xonlarining qoʻliga oʻtadi. Natijada, Chigʻatoy ulusi hududida qariyb bir asrga yaqin davom etib kelayotgan qoʻshhokimiyatchilikka barham beriladi.

 

Sevinch Ulashova

Alfraganus universiteti dotsenti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:11 / 11.11.2025 0 97
Qashqadaryo qanday paydo bo’lgan? Ikki rivoyat

Jarayon

15:11 / 06.11.2025 0 218
Yo‘qolgan udumlar

San’at

15:11 / 05.11.2025 0 511
Jismida ikki oʻq bilan yashagan aktyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//