Keyingi yillarda Markaziy Osiyo hayotida chuqur o‘zgarishlar yuz berib, davlatlar o‘rtasida yangi siyosiy madaniyat shakllanmoqda, o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlik muhiti yaratilmoqda. Toshkentda mintaqa davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi oldidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning muhim dasturiy maqolasi e’lon qilindi.
Yillar davomida turli sabablarga ko‘ra zaiflashib qolgan mintaqaviy aloqalar endilikda sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonni harakatga keltirgan omillar – ochiqlik siyosati, tenglik tamoyili, qo‘shnichilikni qadrlash, umumiy manfaatlarga tayanadigan pragmatik yondashuv va eng muhimi, xalqlarning o‘zaro yaqinlashishga bo‘lgan tabiiy intilishidir. Prezidentimizning mazkur maqolasi ana shu jarayonlarning mazmun-mohiyatini yoritish, mintaqaviy integratsiyaning istiqboli va strategik vazifalarini belgilash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqayotgani, eski chegaraviy va ishonchsizlik elementlaridan voz kechib, transport, energetika, suv-resurslari va gumanitar aloqalar orqali birlashishga harakat qilayotgani ta’kidlanadi. Jumladan, shunday deyiladi: “Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz”.
Maqolada bir necha muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan. Avvalo, ishonch va qo‘shnichilik muhiti. Yarim asrlik sovuqchilik davridan keyin davlatlar o‘zaro ishonch va hamkorlikka tayyor bo‘lmoqda. Chegara masalalari huquqiy jihatdan hal etilib, mintaqaviy format va mexanizmlar sayqal topmoqda. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, chegaraoldi savdo zonalari kabi sohalarda mintaqaviy kooperatsiya kuchayib boryapti. Yoshlar platformalari, madaniyat almashuvi, sayohat va ichki turizmning rivojlanishiga e’tibor qaratilyapti. Iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi kabi masalalarda birlashish zarurati kundek ravshan.
Eng muhimi, Markaziy Osiyo geostrategik jihatdan mintaqaviy subyekt sifatida kuchaymoqda. Mintaqa davlatlari mustaqil va yakdil siyosiy pozitsiyaga ega bo‘lmoqda. Agar amaliy natijalar ko‘zlangan holda izchillik bilan harakat qilinsa, barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy birdamlik yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilishi shubhasiz. Faqat deklarativ gaplar emas, real loyihalar, aniq sanalar, monitoring va natijalarni baholash mexanizmlariga e’tibor kerak bo‘ladi. Hamkorlik hamkorlik uchun emas, fuqarolar hayotini yaxshilashga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlanadi.
Jarayonda, ayniqsa, huquqiy-institutsional bazaning mustahkamlanishi nihoyatda muhim. Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligida so‘nggi yillarda eng muhim o‘zgarishlardan biri huquqiy-institutsional asoslarning sifat jihatidan yangilanishi va mustahkamlanishidir. Avvalgi davrlarda mavjud bo‘lgan chegaraviy kelishmovchiliklar, suv-energetika resurslaridan foydalanishdagi noaniqliklar, iqtisodiy aloqalar bo‘yicha to‘siqlar o‘z vaqtida huquqiy yechim topmay, ko‘p tomonlama integratsiya jarayonini sekinlashtirgan edi. Bugungi kunga kelib esa mintaqa davlatlari bu masalalarda yon beruvchi emas, balki o‘zaro manfaatli huquqiy hal qiluvchi mexanizmlarini ishlab chiqish bosqichiga o‘tdi.
Maqolada keltirilganidek, chegara masalalarining huquqiy hal etilishi, qo‘shma deklaratsiyalar, bitimlar, Mintaqaviy maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo +” formatlari jarayonning asosiy tayanch poydevoridir. Biroq huquqiy nuqtai nazardan qaralganda, bu jarayonni yanada izchil davom ettirish uchun bir nechta muvofiqlashtirilgan institutsional mexanizmlarni shakllantirish lozim.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida tuzilayotgan bitimlar, memorandumlar va yo‘l xaritalari yuzasidan muntazam monitoring yuritadigan yagona Markaziy Osiyo Huquqiy Koordinatsiya platformasini tashkil etish zarurati paydo bo‘ldi. Uning vazifalari amaldagi bitimlar bajarilishini baholash; nizoli huquqiy holatlarni erta aniqlash; yangi huquqiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish; xalqaro huquq normalariga moslikni tahlil qilishdan iborat bo‘lishi lozim. Bu, ayniqsa, suv taqsimoti, ekologik siyosat, transport koridorlari, bojxona tartiblari va mehnat migratsiyasi masalalarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozircha chegaraoldi nizolari ko‘pincha ikki tomonlama muzokaralar orqali hal qilinadi. Huquqiy jihatdan esa qo‘shma arbitraj kengashlari, tezkor huquqiy ekspertiza guruhlari, birlashtirilgan xarita-huquqiy reyestrlari tuzilishi talab qilinadi. Chegaraviy huquqiy masalalarni koʻrib chiqadigan qo‘shma arbitraj amaliyotini yo‘lga qo‘yish kelajakda huquqiy bahslarni siyosiy bosimlarsiz, tinch protokol asosida hal qilish imkonini beradi.
Suv resurslari mintaqaning eng nozik va asosiy boyligidir. Har bir davlatning ichki qonunchiligi mavjud bo‘lsa-da, mintaqa miqyosida uyg‘unlashgan yondashuv yetishmaydi. O‘zaro tan olingan suv hisoboti standartlari; ekologik me’yorlar bo‘yicha yagona platforma; suv tanqisligi sharoitida favqulodda hamkorlik protokollari; suv inshootlari bo‘yicha huquqiy kafolatlar tizimiga zarurat sezilmoqda. “Markaziy Osiyo suv huquqi kodeksi” konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘pgina masalalarga huquqiy yechim bo‘lishi mumkin. Bu nafaqat xavfsizlikni, balki barqaror rivojlanish huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Bugungi iqtisodiy integratsiya sharoitida sarmoyadorning huquqiy kafolatlari juda muhim. Mintaqa davlatlarining investitsiya qonunchiligida farqlar mavjud bo‘lgani uchun yagona “Markaziy Osiyo investorlari huquqlarini himoya protokoli”; qo‘shma sarmoya loyihalarida davlat kafolatlari; investor nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘shma tribunal kabi mexanizmlarni yaratishga ehtiyoj mavjud. Mintaqaviy investitsiyaviy himoya bitimi ishlab chiqilishi natijasida mintaqaning Yevrosiyo bozorida raqobatbardoshligi oshadi.
Transport, bojxona va savdoda yagona huquqiy standartlar ham kun tartibiga chiqmoqda. Elektron bojxona integratsiyasi, transport yuk reyestrlari, logistika koridorlarida yagona qoidalar huquqiy jihatdan mustahkamlanishi mintaqaviy savdo to‘siqlarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar allaqachon boshlangan, ammo yetarli darajada emas. Yagona standart hamkorlikni tezlashtiradi.
“Markaziy Osiyo huquqshunoslar forumi” yo‘lga qo‘yilsa, mintaqa bo‘yicha yetakchi olimlar, sudyalar, xalqaro arbitrlar ishtirokida qonunchilikni uyg‘unlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha izchil ish olib borish imkoni paydo bo‘ladi. Forum tashkil etish siyosatdan mustaqil huquqiy fikrning shakllanishi, dolzarb mintaqaviy masalalar bo‘yicha ekspert xulosalari ishlab chiqilishi, davlatlar o‘rtasida institutsional ishonchning mustahkamlanishi uchun xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo bugun nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy birlik sari yaqinlashayotgan mintaqa sifatida shakllanmoqda. Ammo barqaror hamkorlik faqat siyosiy irodaga emas, mustahkam, izchil va prognozli huquqiy asosga tayanishi zarur. Yagona standartlar, samarali institutlar va umumiy qoidalardan iborat huquqiy arxitektura mintaqaning kelajakdagi barqarorligini belgilaydi. Shu ma’noda bugungi hamkorlik jarayonlarida huquqiy integratsiya siyosiy integratsiyadan ilgari borishi lozim.
Azizbek MAHKAMOV,
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q