Qashqadaryo qanday paydo bo’lgan? Ikki rivoyat


Saqlash
17:49 / 11.11.2025 97 0

Afsona va rivoyatlar xalq tafakkurining naqadar chuqur va obrazli bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Masalan, “Qashqadaryoning yaratilishi haqida afsona”da suvning paydo bo‘lishi, hayot manbai sifatida tasvirlanishi, xalqning tabiat bilan uyg‘un yashash istagi va e’tiqodiy qarashlari mujassam ifoda topgan. Afsonaga ko‘ra, qadim zamonlarda Qashqadaryo o‘lkasi keng cho‘llar, quruq tekisliklar bo‘lgan, hayot suvsizlik tufayli azobga to‘lgan. Shu paytda tog‘lar orasida yashovchi mehribon avliyo chol xalqning ahvolini ko‘rib, Tangridan rahm so‘rab, ibodat qiladi va Tangrining marhamati bilan yer bag‘ridan qudratli chashma otilib chiqadi. Bu chashma vodiy bo‘ylab oqib, hayotni qayta tiklaydi. Odamlar bu suvni “qashqa” ya’ni oppoq, tiniq suv deb atab, uni “Qashqa daryo” deb nomlashadi. Shu voqea asosida butun o‘lka Qashqadaryo deb atalgan.

 

Ushbu afsona xalq tafakkurining muhim jihatlarini ochib beradi. Birinchidan, unda tabiat hodisalari ilohiy qudrat bilan bog‘lanadi. Ya’ni, xalq dunyoqarashida suv bu – Tangrining marhamati, hayot manbai sifatida qabul qilinadi. Ikkinchidan, afsona xalqning ezgulik va minnatdorlik hissini ifoda etadi: odamlar suv paydo bo‘lishini Allohning rahmati deb bilib, unga ehtirom bilan qaraydi. Uchinchidan, afsonada xalq tafakkurining metaforik (ramziy) tafakkur shakli yaqqol ko‘zga tashlanadi: “qashqa” so‘zi suvning oppoqligini emas, balki uning pokligini, hayotbaxshligini bildiradi. Bu esa xalq tilining badiiy va semantik boyligini, so‘z orqali chuqur ma’no ifodalash qobiliyatini ko‘rsatadi.

 

Xalq rivoyatlarida esa badiiy to‘qima bilan bir qatorda axloqiy va tarbiyaviy g‘oyalar kuchli ifodalangan bo‘ladi. “Qashqadaryo nomi kelib chiqishi haqida rivoyat” ana shunday namunalar sirasiga kiradi. Unda Qashqa ismli go‘zal va fidoyi qizning obrazi orqali xalqning ma’naviy qadriyatlari, insoniylik, fidoyilik, vatanparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalari yuksak darajada ifoda etilgan. Rivoyatda aytilishicha, qurg‘oqchilik yurtni qamrab olgan, barcha buloqlar qurigan, odamlar umidsizlikda qolgan. Shu paytda Qashqa qiz xalqni tashlab ketmay, o‘z hayotini qurbon qilish evaziga yurtni suvga to‘ydiradi. U Tangridan xalqni qutqarishni so‘rab, “jonimni ol, lekin bu yerda suv oqsin” deb duo qiladi. Natijada yer bag‘ridan daryo otilib chiqadi, ammo qizning o‘zi shu daryoga singib ketadi. Shu sababli xalq bu daryoni Qashqa daryo, o‘lkani esa Qashqadaryo deb atay boshlaydi.

 

Mazkur rivoyatda ham xalq tafakkurining bir necha qatlamlari mujassam. Avvalo, u xalqning tabiatga nisbatan mehr-muhabbatini, suvni hayot ramzi sifatida qabul qilishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, rivoyatda ayol obrazining muqaddaslashtirilishi, uning fidoyiligi, xalq manfaatini o‘z hayotidan ustun qo‘yishi bu – o‘zbek xalqining ma’naviy dunyoqarashidagi muhim fazilatlardir. Qashqa qiz timsolida xalq “fidoyilik”, “sadoqat”, “ezgulik” tushunchalarini timsol sifatida ifoda etgan. Demak, xalq rivoyatlarida badiiy obrazlar orqali xalqning axloqiy idealini ko‘rish mumkin.

 

Bu ikki misolda ham xalq tafakkuri metaforik ifoda, e’tiqodiy qarashlar va ijtimoiy qadriyatlar asosida shakllanganini ko‘ramiz. Afsona va rivoyatlar xalq dunyoqarashining turli davrlardagi qatlamlarini saqlab qolgan tarixiy manbalardir. Ular orqali biz qadimgi insonning dunyoni qanday anglagani, qanday e’tiqodlarga ega bo‘lgani, hayotni qanday tushunganini bilamiz. Shu ma’noda, afsona va rivoyatlar – xalqning “og‘zaki falsafasi”dir. Ular yozma manbalardan oldin paydo bo‘lgan, ammo o‘z ichida chuqur falsafiy mazmunni saqlagan. Masalan, ko‘pgina o‘zbek afsonalarida suv, daraxt, tog‘, quyosh, oy kabi tabiat unsurlari hayotiy kuch, baraka, poklik timsoli sifatida tasvirlanadi. Bu esa xalq tafakkurining tabiat bilan uyg‘unlikda shakllanganini ko‘rsatadi.

 

Shuningdek, afsona va rivoyatlarda yaxshilik va yovuzlik kurashi, inson va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlik, mehnat, sabr, fidoyilik singari umuminsoniy qadriyatlar ifodalanadi. Masalan, “Ko‘ksaroy buloq” yoki “Orol dengizi” haqidagi afsonalarda insonning tabiatga beparvoligi yoki ochko‘zligi oqibatida keladigan ofatlar haqida ogohlantiruvchi falsafiy mazmun yotadi. Bu hol xalq tafakkurining axloqiy-didaktik xususiyatini ochib beradi. Xalq o‘z og‘zaki ijodi orqali avlodlarga saboq bergan, ular ongida ezgulik, sabr, mehr-oqibat, tabiatga ehtirom tuyg‘ularini shakllantirgan.

 

Afsona va rivoyatlarning yana bir muhim jihati shundaki, ular tarixiy xotirani saqlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Har bir rivoyat ortida muayyan tarixiy voqea yoki shaxs turadi. Xalq ularni badiiy shaklda ifodalash orqali o‘z tarixini unutmaslikka intilgan. Masalan, “Bibi Seshanba”, “Qizlar qal’asi”, “Chortoq suvi” kabi rivoyatlar xalq xotirasidagi voqealar, diniy e’tiqodlar yoki qadimiy odatlar bilan bog‘liqdir. Ularning barchasi xalq tafakkurining ijtimoiy xotira sifatida saqlanishida muhim o‘rin tutadi.

 

Bugungi kunda folklorshunoslik fanida afsona va rivoyatlar nafaqat badiiy meros sifatida, balki “milliy identitet (o‘zlik)”ni o‘rganish manbai sifatida ham o‘rganilmoqda. Chunki bu janrlar xalq tafakkurining o‘ziga xos modeli, xalqning o‘z tarixiga, tabiatga, insoniy qadriyatlarga munosabatini ifoda etadi. Ularni tahlil qilish orqali xalqning qadimiy falsafiy dunyoqarashi, ijtimoiy ideal va estetik qarashlari tiklanadi. Masalan, Qashqa qiz haqidagi rivoyat orqali xalq ayolni nafaqat go‘zallik, balki hayot manbai, mehr va fidoyilik timsoli sifatida ko‘rsatganini anglaymiz. Bu o‘z navbatida o‘zbek xalqining ayollarga bo‘lgan qadimiy ehtiromini, jamiyatda ularning muqaddas o‘rni borligini ko‘rsatadi.

 

Xulosa qilib aytganda, afsona va rivoyatlar xalq tafakkurining tarixiy qatlamlarini, e’tiqodiy va ma’naviy dunyoqarashini ifodalovchi eng qadimiy manbalardan biridir. Ular insoniyatning dunyoni badiiy idrok etish bosqichlarini yoritib beradi, xalqning ichki ruhiy olamini, orzu-umidlarini, e’tiqodini va hayotga qarashini o‘zida mujassam etadi.

Gulsevar RAHMONQULOVA

 

FOYDALANGAN ADABIYOTLAR

1.     Jo‘rayev M., Saidova R. Buxoro afsonalari. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.

2.     Imomov K. Afsona // O‘zbek folklori ocherklari. 2-tom. – T.: Fan, 1989.

3.     O‘zbek xalq asotirlari. O‘zbek asotirlari, hikmatlari, rivoyatlari. O‘n jildlik. 3- jild. – T.: A.Qodiriy nomidagi halq merosi nashriyoti, 1993.

4.     Afsona va rivoyatlar // Razzoqov H., Mirzayev T., Sobirov O., Imomov K.

5.     O’zbek xalq og`zaki poetik ijodi. Darslik. – T.: O‘qituvchi, 1980.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 06.11.2025 0 218
Yo‘qolgan udumlar

San’at

15:11 / 05.11.2025 0 511
Jismida ikki oʻq bilan yashagan aktyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//