Chingizxon imperiyasining “koʻrinmas arxitektorlari” – Qoʻngʻirot maliklari qanday boʻlgan?


Saqlash
16:03 / 29.10.2025 13 0

Moʻgʻul imperiyasining shakllanish davrida qabilaviy ittifoqlar va oilaviy aloqalar saltanatning mustahkamlanishida muhim oʻrin tutgan. Bunday qabilalar orasida qoʻngʻirot (yoki onggirat, hongirad) qabilasi – eng nufuzli qabilalardan biri boʻlib, ularning ayollari moʻgʻul xonlari oilasining asosiy xotinlari sifatida tanilgan. Chingizxonning onasi Oelun xotun va birinchi xotini Borte Fuchin ham qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgani bu aloqani yanada chuqurlashtirgan. Qoʻngʻirot qabilasi ayollari nafaqat oilaviy, balki siyosiy va iqtisodiy ittifoqlarning asosiy vositasi boʻlgan. Ushbu maqolada tarixiy manbalar asosida qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan malikalar va ularning faoliyati tahlil etiladi. 

 

Qoʻngʻirot qabilasining moʻgʻullar bilan aloqalari va Oelun xotun

Qoʻngʻirot qabilasi moʻgʻullarning sharqiy qismida, hozirgi Xulun koʻli va Xalxa daryosi atrofida yashagan. Ularning kelib chiqishi qadimgi Vuku (Wugu) qabilasiga borib taqaladi va moʻgʻul afsonalaridan “Ergune Xun” rivoyatida moʻgʻullar bilan umumiy ajdodlik aloqasi tarixi tasvirlanadi. Qabilaning subtribal (suburugʻ) tuzilishi murakkab boʻlib, tarkibiga olxonud, ikires, gorlos va boshqa guruhlar kirgan. Tadqiqotlarda qoʻngʻirotlar 12 ta subtribal guruhlarga boʻlinishi haqida soʻz yuritiladi. Mazkur guruhlar orasida olxonud subtribasi ayniqsa muhim, chunki Chingizxonning onasi, xotini va koʻplab kelinlari ayni shu guruhga aloqador boʻlgan.

 

 

Chingizxon mansub xonadonning qoʻngʻirot qabilasi bilan aloqalari ancha avval boshlangani manbalarda ham eslatiladi. Jumladan, XII asrda Chingizxonning ajdodlaridan Qobulxon va uning avlodlari ham qoʻngʻirot ayollarini xotinlikka olgan. Bu nikohlar qabilaviy urushlarni oldini olish va harbiy ittifoqlarni mustahkamlash uchun xizmat qilgan. Shuningdek, Chingizxonning otasi Yesugay Bahodir ham qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan ayolga uylangan. Manbalardagi qaydlarga koʻra, Yesugay Bahodir qabila sardorining qizi Oelun xotunni oʻgʻirlab ketgan va oʻz nikohiga olgan. Uning ismi manbalarda turlicha ifodalanadi. Jumladan, “Moʻgullarning maxfiy tarixi” asarida Hoelun-ujin, Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”da Esujin, Rashididdinda Oelun-fujin va boshqalar. Ismlar orqasidagi uchin, ujin, kuchin, jin kabi soʻzlar oliymaqom turk-moʻgʻul ayollari ismiga qoʻshilgan xitoycha soʻz boʻlib, turkiy «xatun» yoki «xotun» atamalari bilan aynan bir xil.

 

“Moʻgʻullarning maxfiy tarixi” asarida Oelun xotunning shaxsiy hayoti va faoliyatiga doir muhim maʼlumotlar boʻlib, unga koʻra, malikaning Yesugay bahodirdan besh nafar farzandi – toʻrt oʻgʻli (Temuchin, Joʻchi-Xasar, Xachiun, Temuga-otchgin) va bir qizi (Temulun)) boʻlgan. “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi” va “Jomeʼ at-tavorix” asarlarida Oelun xotunning Butu, Olar-gurgen, Kungiday noʻyon ismli aka-ukalari boʻlgani, ular keyinchalik Chingizxonning yaqin safdoshlari sifatida moʻgʻul qoʻshinida xizmat qilgani haqida ham soʻz yuritilgan.

 

Manbalardagi taxminiy sanaga koʻra, Oelun xotun 1140-yilda tugʻilgan. U oʻn olti yoshida bu davrning yirik qabilalaridan biri boʻlgan markit qabilasi sardori Toʻxtoa-bekining ukasi Chileduga unashtiriladi. Markitlar bilan Yesugay bahodir xonadoni oʻrtasidagi toʻqnashuvda yangi kuyov Chiledu tuzoqqa tushib qolib, Oelun xotunni tashlab qochishga majbur boʻladi. Yesugay bahodir Oelun xotunni oʻz qabilasiga oʻgʻirlab kelib, uylanadi. Yesugay bahodir yirik qabila yetakchisi sifatida katta obroʻ-eʼtiborga ega shaxs edi. Ammo, u 1171- yilda toʻsatdan vafot etgach, qoʻl ostidagi sarkardalar va qabilaning boshqa rahbarlari Oelun xotun va uning bolalarini tashlab ketishadi. Oelun bir necha yil mobaynida bolalari bilan qashshoqlikda umr kechiradi. U qattiqqoʻl va tadbirli ona sifatida barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtgani “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi” asarida koʻp oʻrinlarda eslatiladi. Manbada taʼkidlanishicha, Oelun xotun oʻzining farzandlaridan tashqari yana bir nechta asrab olingan yoki Yesugay bahodirning boshqa xotinlaridan boʻlgan bolalarni ham tarbiyalagan. Xususan, ularning ismlari Kuchu, Kokochu, Boroxul, Shigi-Xutuhu boʻlgani manbada qayd etilgan. Shuningdek, Oelun xotunning asrandi qizi ham boʻlib, uning ismi Altani edi. “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”da Altani Chingizxonning kenja oʻgʻli Tulining qutqaruvchisi sifatida ulugʻlanadi.

 

Oelun xotun oʻn yil mobaynida Yesugay bahodirdan qolgan xonadonni va uning yonida qolgan qabila aʼzolarini boshqaradi. 1280-yillardan boshlab Temuchin otasi Yesugay bahodirning tarqalib ketgan qabilasini qayta birlashtirish uchun maydonga chiqadi va bu yoʻlda onasi uni doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Temuchin keyinchalik Oelun xotunnni Xonxotan qabilasidan Munlik-echigega turmushga beradi.

 

Temuchinning tugʻilishi va uning imperiya tashkil qilishgacha boʻlgan jarayonlardagi dastagi ayolni butun imperiya hayotida “Imperiya onasi” sifatida ulugʻlanishiga olib keladi. Shuningdek, Oelun xotun qoʻngʻirot qabilasi bilan Chingizxon oilasi oʻrtasidagi bogʻlanishlarni yanada kuchaytirgan tarixiy shaxs ham hisoblanadi. Qoʻngʻirot qabilasidan tashkil topgan harbiy guruhlar Chingizxonning dastlabki harbiy harakatlaridayoq uni qoʻllab-quvvatlagan asosiy kuchlardan biri ekani manbalarda koʻp marta eslatiladi. Xususan, 1178-yilda Oelun xotun qoʻngʻirotlarning 3000 kishilik otliq boʻlinmasini oʻgʻliga topshiradi. Bu boʻlinma moʻgʻul armiyasining birinchi “tashqi legioni” sifatida baholanadi.

 

 

1181-yilda Temuchin va onasi boshqaruvidagi hududga toyjiut qabilasi bostirib keladi. Bu davrda ham qabilaning asosiy boshqaruvchisi Oelun xotun boʻlgani manbalarda taʼkidlanadi. Jumladan, al-Umariyning “Masolik al-absor” asarida Oelun xotun moʻgʻullar tarixidagi birinchi rasmiy hukmdor ayol sifatida gavdalanadi. Oelun xotun oʻzining oʻn yillik boshqaruvi bilan Chingizxon imperiyasida keyinchalik ham amal qilgan “matriarxal regentlik” boshqaruvini boshlab bergan tarixiy shaxs boʻlib, moʻgʻul imperiyasining “koʻrinmas arxitektori”ga aylanadi. U boshlab bergan moʻgʻul xotunlarining boshqaruvi bilan bogʻliq islohotlar uning vafotidan keyin ham qoʻngʻirot qabilasining boshqa vakilalari tomonidan davom ettirilgan. Shuningdek, Oelun xotun Temuchin va boshqa farzandlarini birlashtirib, manbalarda tilga olingan “Besh oʻq” tizimini tashkil qiladi. “Besh oʻq” tizimi Oelun xotunning barcha farzandlarini birlashtirib, moʻgʻul imperiyasini tashkil qilish yoʻlidagi dastlabki harakatlarini anglatadi. 1206-yilda qabul qilingan Chingizxon “Yasa”sida keltirilgan “besh qanot” qoʻshini iborasi ham “Besh oʻq” tizimiga asoslangan. Onon daryosi boʻyidagi qurultoyda ham qoʻngʻirot qabilasi yangi tashkil topgan imperiyaning asosiy qoʻllab-quvvatlovchilaridan biri boʻladi. Qurultoyda Oelun xotun faoliyati turk-moʻgʻul qabilalarining birlashuvida muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etilgan.

 

Chingizxon XIII asr boshlarida parchalanib borayotgan Nayman davlati yetakchisi Kuchlukxonni yenggach, naymanlarni oʻgʻillari va yaqin qarindoshlari oʻrtasida taqsimlaydi. Xususan, onasi Oelun xotun va kichik ukasi Otchiginga oʻn ming, Joʻjiga toʻqqiz ming, Chigʻatoyga sakkiz ming, Oʻqtoyga besh ming, Tuliga besh ming, ukalari – Xasarga toʻrt ming, Alchigidayga ikki ming, Belgutayga ming naymanni beradi. Mazkur maʼlumot Chingizxonning keyingi yillarda ham bosib olgan hududlaridan onasi Oelun xotun asosiy hissador boʻlganini koʻrsatadi.

 

Rashididdinning “Jomeʼ at-tavorix” asarida keltirilishicha, Oelun xotun uzoq umr koʻrgan va 1220-yilda vafot etgan. U Xentiy togʻlaridagi Burxi-Xoldon degan joyga dafn etilgan. Hozirgi kunda ham ayni shu joyda “Oelun-xonim” ziyoratgohi mavjud. Uning vafotidan keyin ham uzoq yillar avlodlari ulugʻ momosini eʼzozlab keladi. Jumladan, Xubilayxon ulugʻ momosi Oelun xotunga “Imperiya onasi” unvonini beradi. Oelun xotun moʻgʻullar tarixida mazkur unvon bilan ulugʻlangan yagona malika hisoblanadi.

 

 

Chingizxonning qoʻngʻirot xotinlari va ularning roli

Chingizxonning oilaviy hayoti qoʻngʻirot qabilasi bilan chambarchas bogʻliq. Temuchinning bolaligidayoq unashtirilgan birinchi va asosiy xotini – Borte Fuchin qoʻngʻirot qabilasi yetakchisi Day Sechenning qizi boʻlib, oʻsha vaqtda u 9 yoshda boʻlgan. “Moʻgʻullarning maxfiy tarixi”ga koʻra, Yesugay bahodir xotini Oelun xotunning qabilasidan kelin olish uchun yosh Temuchin bilan yoʻlga chiqadi va oʻgʻlini togʻasining qizi bilan unashtiradi. Shundan soʻng kelin kuyovning xonadoniga olib ketiladi. Temuchin esa bir necha yilga qaynotasi Day Sechen xonadonida qoldiriladi. Ammo, bir muddat oʻtib, Yesugay bahodir toʻsatdan vafot etgani sabab Temuchin uyiga qaytadi. Turmushining dastlabki yillarida Borte Fuchin markitlar tomonidan oʻgʻirlanadi. Markit qabilasi buni bir vaqtlar Yesugay bahodir tomonidan Oelun xotunning oʻgʻirlab ketilishi uchun qasos deb ataydi. Temuchin xotini Borte Fuchinni qutqarish uchun kerayitlar bilan ittifoq tuzadi va markitlar bilan jang qilib, gʻalaba qozonadi. Rashididdinning “Jomeʼ at-tavorix” asarida Borte Fuchinning markitlar tomonidan oʻgʻirlab ketilishiga doir biroz farqli maʼlumot keltiriladi: markitlar Borte Fuchinni oʻgʻrlab, Vanxonga joʻnatishadi. U esa qizni Temuchinga qaytarib yuboradi.

 

 

Manbalarda va tadqiqotlarda Chingizxonning harami juda katta boʻlgani haqida soʻz yuritiladi. Borte Fuchin Chingizxonning koʻplab boshqa xotinlaridan farqli ravishda butun umri davomida ajdodlari yashagan hududlarda – Onon va Kerulen boʻylarida yashaydi va markazdan turib davlat boshqaruvida ham ishtirok etadi. Chingizxon unga ham bosib olingan yangi oʻlkalardan ulush ajratadi. Jumladan, manbalarda tatar qabilalari yashagan ulkan hududlar Borte Fuchinga berilgani haqida maʼlumotlar keltiriladi.

 

Borte Fuchin bilan Chingizxon nikohidan imperiyaning qonuniy merosxoʻrlari, toʻrt oʻgʻil – Joʻji, Chigʻatoy, Oʻqtoy, Tuli, hamda besh qiz – Xojin beki, Chechegin, Alagay beki, Temulen, Altalun tugʻiladi. Borte Fuchin ham qaynonasi Oelun xotun kabi nafaqat ona, balki hukmdorning eng yaqin maslahatchisi sifatida ham tanilgan va imperiyaning ichki siyosatida faol ishtirok etgan. Borte Fuchin hayotining soʻnggi yillari haqida manbalarda aniq maʼlumotlar kuzatilmaydi. Ammo, ayrim tadqiqotlarda Borte Fuchin imperiya poytaxtida yashab, 1221-1224-yillar oraligʻida vafot etgani haqida soʻz yuritiladi. Borte Fuchin vafotidan ancha yillar oʻtib, uning nabirasi Xubilayxon malikaga “Nurli imperator” unvonini beradi.

 

Chingizxonning koʻp sonli xotinlari orasida Yesuy, Qulan kabi qoʻngʻirot qabilasidan kelgan boshqa ayollari ham boʻlgan. Xulosa qilib aytganda, qoʻngʻirot qabilasi ayollari Moʻgʻul imperiyasining barqarorligida hal qiluvchi rol oʻynagan. Ular nafaqat oilaviy, balki siyosiy ittifoqlarning ramzi boʻlib, qabilaviy resurslarni imperiyaga integratsiya qilgan. Bu anʼana keyinchalik, Oʻrta Osiyo xonliklarida ham davom etgan.

 

Sevinch ULASHOVA

Alfraganus universiteti dotsenti, PhD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:11 / 11.11.2025 0 172
Qashqadaryo qanday paydo bo’lgan? Ikki rivoyat

Jarayon

15:11 / 06.11.2025 0 231
Yo‘qolgan udumlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//