Boʻri oʻyini: aldov, jasorat va tuzoq. Turkiy xalqlar harbiy taktikalari


Saqlash
14:37 / 14.11.2025 14 0

 

Turkiy xalqlar qadimdan oʻzining harbiy mahorati va jangovarligi bilan ajralib turgan. Asosan otliq askarlarga tayangan turkiylarda oʻziga xos jang sanʼatlari mavjud edi. Bu harbiy sanʼat turli davrlarda skiflar, xunlar va koʻk turklar orqali rivojlanib, keyingi asrlarda ham oʻz aksini topgan.

 

XVI asrda Eronda hokimiyat tepasiga kelgan qizilboshlar ham turkiy xalqlardan biri boʻlib, ular ham shu harbiy merosni davom ettirgan. Xususan, Shoh Ismoil tomonidan amalga oshirilgan harbiy yurishlarda turkiy xalqlarning anʼanaviy jang taktikasi boʻlgan “Boʻri oʻyini”dan keng foydalangani tarixiy manbalarda qayd etilgan.

 

Turklar “Boʻri oʻyini” yoki “Turon taktikasi” deb atalgan jang usulini uch bosqichda amalga oshirgan. Birinchi bosqich – dushmanni qoʻrqitish va charchatishdan iborat boʻlgan. Bu bosqichda dushmanga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba berilmas, balki uni holdan toydirish, ruhiy jihatdan zaiflashtirish maqsadida hujumlar uyushtirilgan.

 

Ikkinchi bosqich – yolgʻondan orqaga chekinish edi. Bu bosqichda turklar oʻzlarini magʻlub boʻlgandek koʻrsatib, dushmanni chalgʻitgan va uni oʻzlari uchun qulay boʻlgan joyga tortib borgan.

 

Uchinchi va yakuniy bosqich esa – dushmanni tuzoqqa tushirish va butunlay yoʻq qilishdan iborat boʻlgan. Dushman oldindan belgilangan joyga olib kelingach, u qurshovga olinib, yakson etilgan.

 

Turklarning bu jang uslubini muvaffaqiyat bilan qoʻllay olishida uch asosiy omil hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan: inson omili (jangchilarning mahorati), geografik sharoit va toʻgʻri vaqtni tanlash. Bu usulni samarali amalga oshirishda geografik sharoit muhim rol oʻynagan. Ayniqsa, ikki tomoni togʻlar bilan oʻralgan daralar, oʻrmonzorlar, botqoqliklar va sahro kabi murakkab relyefli hududlar bu taktika uchun eng qulay joylar hisoblangan.

 

Bu taktika boʻrining oʻz oʻljasiga hujum qilib, keyin orqaga chekinib, soʻng uni tuzoq orqali yakson qilishiga oʻxshatilgan. Shu bois ushbu usul “Boʻri oʻyini” deb atalgan.

 

Shoh Ismoil 1501-yilda Tabrizni egallagach, Uzun Hasan vafotidan keyin parchalanib ketgan Oqqoʻyunli davlatining barcha hududlariga daʼvo qiladi. 1508-yilga kelib bu mintaqada safaviy hokimiyatini tan olmagan ikki mustaqil amirlik mavjud edi: biri Malikshoh Rustam boshchiligidagi, markazi Xurramobod boʻlgan Luriston amirligi; ikkinchisi esa Sulton Fayyoz tomonidan boshqarilgan, poytaxti Huvayza boʻlgan Xuzistondagi Mushasha amirligi edi.

 

Shoh Ismoil dastlab Malikshoh Rustamdan tinch yoʻl bilan oʻziga tobe boʻlishni talab qiladi. Ammo 40 ming uydan iborat lur qabilasi boshligʻi Malikshoh Rustam Ismoil Safaviy hokimiyatini tan olishdan bosh tortadi. Bu eroniy tilli va shia mazhabiga mansub qabila ilgari hech bir davlatga toʻliq boʻysunmagan, hatto imkon topgan paytlarda Qorakoʻyunli va Oqqoʻyunlilarga ham xiroj toʻlamagan.

 

Shoh Ismoil Zanjir qalʼasiga kelgach, shu yerdan Luriston hukmdoriga qarshi harbiy harakatlarni boshlaydi. Qizilbosh qoʻshinining yaqinlashayotganini eshitgan Malikshoh Rustam amakivachchasi Shohmansurni 15-20 ming kishilik lashkar bilan yoʻlni toʻsishga yuboradi. Shoh Ismoil esa Hasanbek Holvachioʻgʻlini qizilboshlarning 5 ming kishilik ilgʻor qismiga bosh qilib tayinlab, oldinga yoʻllaydi. Lurlar asosan piyoda boʻlib, togʻli hududlarda jang qilishda mohir edi. Qizilboshlar esa, aksincha, asosan otliqlar boʻlib, keng dashtlarda jang qilishga oʻrganib qolgandi. Shu sababli ular uchun togʻlarda jang qilish qiyin edi.

 

Buni yaxshi bilgan lurlar qizilboshlarni togʻ etaklarida jang qilishga majbur qiladi. Natijada jangning dastlabki bosqichida Safaviy qoʻshini ogʻir yoʻqotishlarga uchraydi. Ammo qizilboshlar “Boʻri oʻyini” uslubini qoʻllab, lurlarni tuzoqqa tushiradi.

 

Qizilboshlar chekinayotgandek koʻringan paytda ularni quvgan lurlar tartibsiz holga keladi. Baʼzilari qizilboshlarning tashlab ketgan oʻljalarini yigʻa boshlaydi. Shu sababli lurlar safida parokandalik yuzaga keladi. Bundan foydalangan qizilboshlar avval lur otliqlarini, soʻngra piyodalarni yengib, toʻliq gʻalabaga erishadi.

 

Safaviy manbalariga koʻra, Shoh Ismoil Marv jangida ham “Boʻri oʻyini” taktikasidan foydalanib gʻalabaga erishgan. Shoh Ismoil boshchiligidagi qizilbosh qoʻshini qancha harakat qilmasin, mustahkam qalʼaga ega boʻlgan Marvni egallay olmaydi. Ismoil Turon hududidan Muhammadxon Shayboniyga yordam uchun Temur sulton, Ubaydullaxon va Koʻchkinchixon boshliq oʻzbeklar katta qoʻshin toʻplab kelayotgani haqida xabar oladi. U agar bir necha kun ichida Muhammad Shayboniyxon magʻlub etilmasa, boshqa bunday imkoniyat boʻlmasligini anglaydi.

 

Shundan soʻng, Ismoil Safaviy qoʻshinini yolgʻondan chekingandek koʻrsatib, Marvdan uch farsax uzoqlikdagi Mahmudiy qishlogʻiga keladi va shu yerda pistirmada kutib turadi. Muhammad Shayboniyxon qalʼada bir kun kutgach, ertasi kuni qizilbosh qoʻshinini taʼqib qilishni boshlaydi. Mahmudiy qishlogʻida oʻzbeklar va qizilboshlar toʻqnashadi. Qizilbosh qoʻshini jangga tayyor holatda Muhammad Shayboniyxon va uning qoʻshinini kutib oladi va ikki oʻrtada qattiq jang boshlanadi. Shoh Ismoil uch-toʻrt ming otliq qoʻshinini tuyalar ortiga yashirib joylashtiradi, oʻzi esa lashkar markazida turadi.

 

Oʻzbeklar asosan nayza va qilich bilan qurollangan boʻlsa, qizilboshlar qoʻshinida zambarak va miltiqlar ham boʻlgan. Safaviylar oʻzbeklar safini buzishda va ularning orasida qoʻrquv uygʻotishda zambaraklardan foydalangan. Qizilboshlar oʻzbeklarning jasorat bilan jang qilayotganini koʻrib, yana hiyla yoʻliga oʻtadi – oʻzini yengilgandek koʻrsatib, orqaga chekinadi. Oʻzbeklar gʻalaba qozonganiga ishonib, oʻlja yigʻishga kirishadi. Shoh Ismoil esa oʻzbeklarning oʻlja bilan bandligini koʻrgach, tuyalar ortiga yashirib qoʻygan otliqlarini jangga kiritadi.

 

Natijada bu jangda Muhammad Shayboniy magʻlubiyatga uchraydi. Qoʻshinning katta qismi jangda oʻldiriladi, bir qismi esa Mahmudiy anhorida choʻkib halok boʻladi. Shayboniyxon ham oʻlgan askarlar va otlar jasadi ostida qolib halok boʻladi.

 

Bundan tashqari, Dev sulton va Xalilxon boshchiligidagi qizilboshlar qoʻshini Hirotdan uch farsax masofada shayboniylar ittifoqchisi boʻlgan Gʻur va Qarjiston hokimi Malik Nizomiddinning 4 ming kishilik lashkarini ham “Boʻri oʻyini” taktikasi yordamida butunlay tor-mor etadi.

 

Xulosa qilib aytganda, “Boʻri oʻyini” yoki “Turon taktikasi” – bu turkiy xalqlarning asrlar davomida shakllangan jang sanʼati yuksak namunasi boʻlib, u tezlik, aql, sabr va aldovga asoslangan murakkab harbiy usuldir. Bu taktika faqat kuch bilan emas, balki harbiy aql va strategiya bilan gʻalaba qozonish mumkinligini isbotlaydi. Shoh Ismoil va uning qizilbosh lashkarlari ana shu turkiy jang anʼanalarini davom ettirib, XVI asrda koʻplab gʻalabalarga erishgan.

 

Usmonov Abdullajon

 FA Tarix instituti tayanch doktaranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

11:11 / 13.11.2025 0 61
Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida

Adabiyot

17:11 / 11.11.2025 0 208
Qashqadaryo qanday paydo bo’lgan? Ikki rivoyat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//