Yor-yor nega aytiladi? Yordam, yaramas, yaralg‘i so‘zlari xususida mutaxassis tahlili


Saqlash
19:03 / 17.11.2022 2752 0

Turkiy til tilsimlarini o‘rganish chog‘ida ayrim so‘zlar qalbimizga chiroq yoqqanday, tiynatimizga nur yugurtirib, fikratimizga bir shukuh indirganday bo‘ladi. Xususan, yor so‘zi ham shunday.

 

Mumtoz adabiyotimizda yor so‘zini ko‘p uchratamiz. Ba’zida oshiq yo ma’shuqa, ba’zida do‘st, goho xudo ma’nosida keladi u. Izohli lug‘atda yor so‘zi fors tilidan o‘zlashgani qayd etilgan (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Yo harfi. 43-bet.). Haqiqatan ham shundaymi? Yor forsiy so‘zmi yo turkiy? Mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun yor leksemasini o‘zak deb, ayni undan yasalgan boshqa so‘zlarni tahlil qilib ko‘ramiz. Inchunin, turkiy so‘zlar kichik o‘zaklardan yasalib, ular aglyutinativ xususiyatiga ko‘ra buzilmaydi.

 

Yor so‘zining turli lahjalardagi talaffuziga e’tibor bersak: qarluq lahjasida yor, o‘g‘uz lahjasida yar, qipchoq lahjasida jar. Qarluq lahjasida, jumladan, o‘zbek adabiy tilida ham yor o‘zagidan yasalgan ayrim so‘zlar yar shaklida yoziladi: yaratgan, yarqiroq. Bu o‘zbek tili kirill alifbosiga o‘tgach, rus tilidan yo harfining o‘zlashishi bilan bog‘liqligi ma’lum. O‘g‘uz va qipchoq lahjalarida esa bunday farq yo‘q. O‘g‘uz lahjasidagi yar va qipchoq lahjasida jar o‘zagi o‘zgarmaydi.

 

Agar tarixiy manbalarga quloq tutadigan bo‘lsak, yor qadimgi turkiylarning an’anaviy diniy e’tiqodida muqaddaslashtirilgan so‘zlar qatorida bo‘lgan va bu shimol xalqlarining quyoshga yoki shimol yog‘dusiga sig‘inishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tangrichilik dinida Yor tangrining ismlaridan biri. Keyinchalik ayni so‘zdan yaratgan (jaratqan), yaratuvchi (jaratuvchi) kabi teonimlar paydo bo‘lgan.

 

Ozarboyjonning janubiy-sharqiy qismida Yardamli degan shahar bor. Qardosh xalqning buyuk olimi Ajdar Farzali shahar nomining etimologiyasi xususida to‘xtalar ekan, yardamli quyoshga sig‘inuvchi otashparastlar ma’nosini anglatishini aytadi. Shu o‘rinda mumtoz adabiyotimizda “yor” nega Alloh ma’nosida kelishiga endi e’tibor qaratsak bo‘ladi chamamda. Demak, yor yorug‘lik taratuvchi, yaratuvchi ma’nosida qo‘llangan teonim bo‘lishi ham mumkin ekan.

 

Aslida yor leksemasining teonim sifatida qo‘llanishi yangilik emas. Turkiy xalqlar adabiyotida, ayniqsa, tasavvuf shoirlari ijodida yor eng ko‘p qo‘llanadigan latif so‘zlardan biri. “Yor”ning teonim xususiyati Olloyor, Xudoyor, Tangriyor kabi ismlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.

 

Bu borada yorlaqash (jarlaqash) so‘zi ham alohida o‘ringa ega. Yorlaqash tangrining qo‘llashi, gunohlarni avf etishi ma’nosini anglatgan. Xoqonim bilan lashkarlar tortdik, tangri yorlaqasin (Tunyuquq bitigi)! Hozirgi kunda bu so‘z Alloh yorlaqasin” yoki Xudo yorlaqasin” shaklida ishlatiladi.

 

Yordam – tangrining yordami

 

1990-yili Naxichevanning Sadarak degan qishlog‘ida edik. Yo‘lda bir kishining kajavali mototsikli o‘chib qoldi. Mototsikl egasi har qancha urinmasin, uni qayta o‘t oldirolmadi. Shunda men:

 

– Keling, sizga yordam beramiz, dedim.

 

Ochig‘i, yordam berishga qo‘l cho‘zgan kamina baloga qolib ketdim.

 

– Sen kimsanki, yordam berasan? – degan dashnom eshitdim mototsikl egasidan. – Alloh yordam bersin!

 

Gap nimada ekanini tushunmay, angrayib qoldim. Bu haqda ozarboyjon do‘stlarimdan so‘rab-surishtirdim. Ularning aytishicha, ozarboyjonlik turklar yordamni faqat xudo beradi degan aqidani saqlab qolgan va “yordam” so‘zi o‘rniga ko‘mak”ni ma’qul ko‘rishar ekan. O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, yordamchi” so‘zi ham tangrini anglatadi. Ba’zan bu so‘z farishtalar yoki payg‘ambarlarga nisbatan ham qo‘llangan bo‘lishi mumkin.

 

Yorliq (jarliq) so‘zi qadimda tangrining xabari, hukmi, muhri ma’nosini bildirgan. Ibroniy dinlardagi vahiy yoki zardushtiylikdagi payg‘om ma’nosida tangrichilikda yorliq (jarliq) qo‘llangan. Keyinchalik xon va sultonlarning farmon va buyruqlari, shuningdek, biron matn yozilgan qog‘ozlari ham yorliq deb atala boshlagan. Islom dinini qabul qilgan turkiylar orasida yorliq (jarliq)ning xudo bilan bog‘liq ma’nosi asta-sekin unutilib borgan. Misol uchun, hozirgi kunda o‘zbek tilida yorliqchi (jarliqchi) so‘zi mutlaqo qo‘llanmaydi. Ammo oltoylarning burxoniylik dinida ruhoniylarni, tangrichilar esa shomonlarni ham jarliqchi deb atashadi. Јarlikchiga bararista, јer solizin degen (K.Telesov). (Yorliqchi (folbin)ga borgan ekan, yashayotgan yeridan ko‘chmasin debdi).

 

Mumtoz adabiyotda yor bilan birga yoron so‘zi ham ko‘p keladi. Bu so‘z qipchoq tillarida jaran shaklida dindosh, do‘st ma’nosida qo‘llanadi. Turkiy anglashimda yoron (jaran) do‘st so‘zidan ancha farq qiladi. U dindosh, gohida esa farishta ma’nosida ham qo‘llanadi. Do‘st sifatida faqat eng ishonchli do‘stga nisbatan ishlatilgan. Bugungi kunda Qirg‘izistonda jaran fuqaro ma’nosini bildiradi: Kirgiz Respublikasinin jarani.

 

Yorug‘ (jariq) so‘zi ham yor o‘zagidan yasalgan. Chunki tangrichilik dinida dunyo uchga yer osti, yer usti va osmon olamiga bo‘lingan. Yer osti dunyosi tamug‘, yer usti dunyosi yorug‘ (jariq) deyilgan. Oltoy tilida hozir ham dunyo o‘rnida јariq ishlatiladi: Men bu јarikka јo‘rele, “balam” dep aytpaska neniҥ kiyinin etkem? (K.Telesov) (Men bu dunyoga kelib, “bolam” degan so‘zni aytmaslik uchun nima gunoh qildim?). Biz o‘zbeklar ham bu so‘zni dunyo so‘zi bilan birga ishlatamiz: bu yorug‘ dunyo”.

 

Shu o‘rinda yana bir mulohaza paydo bo‘ladi. X asrda turkiy elning olimi Sengi Seli Tudung buddaviylik dinining muqaddas kitoblaridan biri “Suvarnaprabxasa”ni uyg‘ur tiliga tarjima qilganda nega Oltin yoruq (Altin yaruq) deb nom bergan ekan-a?

 

“Aqjariq” (oqyorug‘) nimani anglatadi?

 

Jannatni ibroniy dinlarda jannat, zardushtiylik dinida esa behisht deb atashadi. O‘zbek tiliga jannat so‘zi arab tili orqali, behisht esa fors tili orqali o‘zlashgan. Shu yerda o‘rinli bir savol tug‘iladi: turkiylarda jannat tushunchasi bo‘lganmi-yo‘qmi? Agar bo‘lgan bo‘lsa, uni nima deb atashgan? To‘g‘ri, o‘rta asrlar adabiyotida, jumladan, Navoiy asarlarida ham jannat ma’nosidagi uchmoq yoki uchmoh so‘zlari qo‘llangan:

 

Chuntamuqdin1 najot topqaylar,

Uchmoq2 ichra hayot topqaylar.

 

Kamina maqola yozish bahonasida zardushtiylik va ibroniy dinlarini qabul qilmagan yoki turkiy til qoliplarini saqlab qolgan xalqlar leksikasi bilan qiziqib ko‘rdim. Jannatni chuvash tilida chatmax, boshqird va tatarlar ojmax, qozoqlar jumaq, oltoylar sureyen deb atashar ekan. Ammo shimol turklarida boshqa bir ibora saqlangan. Qipchoq, Arg‘in, Mo‘g‘uliston, Oltoy-soyon yerlarida “aqjariq” (oqyorug‘) degan joylar ko‘p uchraydi. Men odamlardan uning ma’nosini so‘rab ko‘rdim: “aqjariq” (oqyorug‘) jannatmakon degan ma’no berarkan.

 

Yorqin (Jarqin) ismining ma’nosi nima?

 

Yorqin turkiy xalqlar orasida tarqalgan eng go‘zal ismlardan biri. Bu ism qipchoq o‘zbeklari va boshqa qipchoq xalqlarida Jarqin shaklida uchraydi. Bundayor”ga qin” affiksini qo‘shish orqali sifat hosil qiladi: yorqin nur, yorqin oy. Ma’nosi: jilolanuvchi, yorug‘.

 

Oltoy tilida jarqinning yana bir ma’nosi bor: yog‘du. Shimol turklari shimol yog‘dusini tunduk jarqin deb atashadi.

 

Yor-yor nega aytiladi?

 

Turkiy to‘ylar aslida tangriga atalgan marosimlar jamlanmasidir. Unda yor-yor, ya’ni kelin-kuyovga bag‘ishlangan to‘y qo‘shig‘i muhim o‘rin tutadi. Bu yerda yor so‘zining ma’nosidagi polisemiya alohida e’tiborga molik. Birinchidan, jar, ya’ni to‘y haqida xabar ma’nosini bersa, ikkinchidan, ikki yorning bir-biriga bog‘lanishini anglatadi. Uchinchidan esa tangridan, ya’ni “yor”dan ikki yoshga tilak tilash marosimi sifatida qo‘llanadi.

 

Ilgari men faqat o‘zbeklarning to‘yida yor-yor aytilsa kerak deb o‘ylar edim. Keyin bilsam, boshqa qipchoq xalqlarida ham bu udum bor ekan va “jar-jar aytu” deyilar ekan. Misol uchun qozoq elining “Alpamis batir” dostonida Alpomish yor-yor aytadi:

 

Bіsmille dep o‘lendі

Kep aytamin, jar-jar,

Asiqpasan toyinda

Kep aytamin, jar-jar!

 

Bundan ko‘rinadiki, “yor-yor” qo‘shiqlarining tarixi turkiy xalqlarning eng qadimiy folklori “Alpomish” dostoni bilan tengdosh.

 

Yaralg‘i (jaralg‘i), yaratilish (jaratilish) so‘zlari xususida

 

Tatar va boshqird xalqlarining lug‘atida yaralg‘i degan so‘z bor. Yaralg‘i homila, xudoning ne’mati ma’nosida qo‘llanadi (Башкирско-русский словарь: Российская академия наук. Уфимский научнiй центр. Академия наук Республики Башкортостан; под ред. 3.Г.Ураксина. М.: Дигора, Рус. яз., 1996. С. 843.). Qozoq tilida esa jaratilish degan so‘z bor va u tabiat ma’nosida qo‘llanadi (Bektұrov Sh., Bektұrova A. Qazaqsha-orissha sөzdіk: Mektep oqushilarina jөne qazaq tіlіnүyrenushіlerge arialg‘an. Astana: “Foliant”, 2001. 80.). Bundan ko‘rinadiki, yaralish, yaratilish kabi so‘zlar ham Yaratgan bilan bog‘liq so‘zlardir. Aniqrog‘i, Allohning xoliq sifatini anglatadi.

 

Yorg‘i (jarg‘i) nima?

 

Alisher Navoiy lug‘atida yorg‘i quyidagi ma’nolarda qo‘llangan: 1. Hukm chiqarish; jazolash. 2. Qarshilik ko‘rsatish, urishish. 3. Himoya. 4. Qabul (NAL – Ibrohimov S., Shamsiyev P. Navoiy asarlari lug‘ati. T.: Adabiyot va san’at, 1972.). O‘zbek tilining izohli lug‘atida esa ikki ma’nosi berilgan: 1. Jarima. 2. Arra (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli. II jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006. 49.). Bu nimani anglatadi, bilasizmi? Bu tilda so‘zlarning unutilib borayotganidan darak. XV asrda yorg‘i”ning besh xil ma’nosi bo‘lsa, XX asrda u ikkitaga tushib qolgan.

 

Oltoy tilida jarg‘i–sud, jarg‘ichi–sudya, jarg‘ilash–sudlov, jarg‘ilat–sudlangan, jarg‘ilash–sudlashish ma’nosini beradi: Kudaydiҥјargizina turar (xudoning sudi oldida javob berish); Qudayla ogo jargichi bolgoy (xudoningo‘zi jazo bersin).

 

Umuman olganda, jarg‘i ko‘plab turkiy sultonlar va xonlarning asosiy qonuni sanalgan. Shunisi e’tiborliki, bu qonunlarning aksariyati tangri nomidan chiqarilgan, yorg‘ichi (qozi)lar esa hukmni tangri nomidan o‘qigan. Yorg‘i o‘zbek tilida jarima ma’nosini anglatadi: Olib borib xon Dallining otasi, besh yuz tilla menga yorg‘i ayladi (“Ravshan” dostonidan. O‘TIL. Yo harfi. 49-bet.).

 

Turkiy xalqlar leksikonida yor o‘zagidan yasalgan salbiy ma’nodagi yaramas (jaramas) so‘zi ham saqlangan va xudoga do‘st emas, dinsiz, vijdonsiz ma’nosida qo‘llanadi.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yor leksemasi ko‘p ma’noga ega, barcha turkiy tillarning lug‘atida saqlangan sof turkiy so‘zdir. Yor o‘zagidan yasalgan so‘zlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mazkur maqolada keltirilgan so‘zlar o‘rganilishi kerak bo‘lgan so‘zlarning yuzdan biri ham bo‘lmasligi mumkin. Chunki turkiy tillarda so‘zlarning fonetik farqlari tufayli ayrim tillardagi so‘zlarni tahlil qilish katta qiyinchilik tug‘diradi. Misol uchun, yoqut (saxa) tilida yar (jar) so‘zi der shaklida, yorqin so‘zi esa derekeen shaklida yoziladi va talaffuz qilinadi (Якутско-русский словарь. Москва. ИСЭ. 1972. С. 138.).

 

Yar (jar) so‘zi nafaqat turkiy, balki gipotetik oltoy tillari oilasiga mansub boshqa tillarda ham uchraydi. Masalan, eski mo‘g‘ul tilida yorug‘ yar, buryat tilida yalag‘ar deyiladi, ammo hozirgi kunda ularning boshqa sinonimlari ko‘proq qo‘llanadi.

 

Umuman olganda, yor so‘zi qanday ma’noga ega ekanidan qat’i nazar o‘zbek tili boyligining eng yirik manbasi sanalgan mumtoz adabiyotdan o‘rin olgan. O‘zbek to‘ylarida yor-yorlar aytilib turibdi. Bu mulohazalar diniy yondashuvda emas, tilshunoslik yo‘nalishida yozildi. Ko‘ngil uchun yozilib, til qayg‘usidagi millat oydinlarining hukmiga havola qilindi. Mashrab so‘zi bilan aytganda:

 

Ko‘nglumni bir dam men shod etarman,

Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

 

1Do‘zax.

2Jannat.

 

Anvar BO‘RONOV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.

Yorga yetar kun bormu, yoronlar?..” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 88
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//