Qadimgi turkiy tilning tilsimlari ko‘p. Ko‘hna tilning hali o‘rganilmagan jihatlari, ochilmagan qirralari tilshunoslar uchun bitmas-tuganmas xazinadir. Biroq bu xazina aniq bir hududda yoki muayyan bir xalqning tilida to‘la jamlanmagan, aksincha, dunyoning turli hududlariga tarqalgan turkiy xalqlar ularni o‘zlari bilan birga olib ketgan. Tilning ilk jozibasini biz ko‘pincha qadimiy toshbitiklardan, yozma yodgorliklardan topamiz. Ammo, shunday til xazinasi ham borki, biz unga ko‘pam e’tibor bermaymiz. Bu xazina – asrlar osha shu tilni saqlab kelayotgan xalqning o‘zidir.
Turkiy xalqlar tillarining o‘rta asrlar va yangi davrdagi rivojlanishi turlicha kechgan. Shu davrdagi tillar rivojlanishida yunon, arab, hind, fors, xitoy, mo‘g‘ul, rus yoki boshqa tillarning ta’siri va ulardan so‘zlarning o‘zlashtirilishi natijasida turkiy til o‘z qoliplaridan uzoqlashib borgan. Ammo shimolda boshqa turkiylar dunyosidan esklav tarzda rivojlangan tillar ham borki, ularda bobotilning qo‘hna qoliplari saqlab qolingan. Shunday tillardan biri oltoy tili bo‘lib, bu tildagi leksemalarni qiyosan taqqoslash va tahlil qilish katta tadqiqotlarga yo‘l ochib beradi. Oltoy tilini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, qadimgi turkiy tilda leksemalar kichik so‘zlar, bo‘g‘inlar yoki harflar orqali ham ifodalangan. Shu kichik leksemalardan ot, sifat, fe’l yasalgan.
Tilshunoslikda, leksema (yun. Lexis – so‘z, ifoda) – til qurilishining leksik ma’nosini anglatuvchi lug‘aviy birligi hisoblanadi. Leksemada anglashilgan ma’no kishi ongida yuzaga keladigan mazmunni shakllantiradi va o‘z o‘rnida leksema o‘zining ma’nosi va grammatik xususiyatlari birligidan iborat bo‘ladi. Qisqacha aytganda, leksema shakl va ma’no jihatidan bir butun holda tekshiriladigan mustaqil ma’noli so‘z, til qurilishining leksik ma’no anglatuvchi birligi sanaladi.
Qo‘yida, turkiy tilda mavjud ma’no jihatdan o‘zaro qarama-qarshi ikki leksema haqida kengroq to‘xtalamiz. Ulardan birinchisi “to‘” leksemasi bo‘lib, mazmunan tekis yoki silliq sirt ma’nosini beradi. “To‘” leksemasining aglyutinativ xususiyati saqlangan holda, ortidan qo‘shilgan harflar yoki harf birikmalari bilan birikishi natijasida so‘zlar yasalishini ko‘rib chiqamiz.
Ikkinchi “qi” leksemasi esa “to‘”ning antonimi o‘laroq aksincha kesuvchi, tig‘li, burchakli, dag‘al, o‘tkir ma’nosini beradi. “Qi” ham “to‘” kabi ortidan qo‘shilgan harflar yoki harf birikmalari bilan qo‘shilib ot, sifat yoki fe’l yasaydi.
“To‘” leksemasi orqali yasaladigan so‘zlarga quyidagilarni misol keltirish mumkin: to‘p, to‘ba, to‘piq, to‘ppi, to‘g‘in (obodok), to‘qoch (bo‘g‘irsoq), to‘sin yoki to‘siq, to‘qa, to‘qmoq, to‘r, to‘rva, to‘rsiq, to‘qim, to‘n va hokazo.
“To‘” o‘zagidan yasaladigan to‘p, to‘g‘in (obodok), to‘qoch (bo‘g‘irsoq) kabi so‘zlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, “to‘” leksemasi silliq va tekis sirt ma’nosidan tashqari aylana, doira, dumaloq, shar ma’nosida ham qo‘llaniladi. Misol uchun, oltoy tilida aylana – to‘gerek (to‘garak), g‘ildirak – to‘ngalak (do‘ngalak), shar – to‘piq deyiladi. “Devoni lug‘atit-turk”da g‘o‘la – o‘mrum, doira (daf) – to‘mruq, nog‘ora esa – to‘vul shaklida kelgan. Qolaversa, ko‘plab qipchoq tillarida, jumladan o‘zbek tilining qipchoq lahjasida ham atrof to‘barak (tevarak) deyilishi ham bunga misol bo‘ladi.
“To‘” leksemasi orqali sifat yasalishida ham predmetlar, hayvonlar yoki odamlar ko‘rinishidagi aynan tekis yoki silliq sirtga e’tibor beriladi. Masalan, to‘lin oy, to‘q qorin, to‘ygan odam, to‘la (semiz) kishi yoki to‘mpaygan joy, to‘mboq (do‘mboq) bola yoki to‘maloq (dumaloq) to‘p.
Shuningdek, “to‘”ning xususiyatlari fe’l yasalishida ham ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, qadimgi turkiy tilda, aniqrog‘i esa uyg‘ur yozuvida yozilgan buddaviylik matnlarida keltirilgan manbalarda to‘g‘rul so‘zi biron narsani to‘g‘irlash, tekislash ma’nosini bildirgan. Yoki leksemaning mazmuniga ko‘ra ikki tekis sirtning bir-biri bilan urilishi oqibatida hosil bo‘ladigan tovush “to‘qillash” deyiladi: To‘qmog‘i bilan to‘qillatdi.
Turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilida ham biron narsani jamlash, to‘dalash, uni biriktirib boylash esa to‘qimlash deyiladi. Qadimdan turkiy qavmlar gilam to‘qishda o‘rmakdan foydalangan va undagi to‘qimlash hisobiga “to‘qimachilik” so‘zi paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, “to‘l” so‘zi qadimgi turkiy tilda farzand, embrion ma’nosida ishlatilib, familiya o‘rnida ham ishlatilgan. Bu holat hanuzgacha oltoylarda saqlanib keladi. Oltoylar farzandni to‘l (töl) deb ataydilar. Shuning uchun bu so‘z ba’zi qabilalarda suyak ma’nosida ishlatilsa, teleutlarda familiya ma’nosida ham ishlatiladi. Bugungi kunda “to‘l” so‘zi o‘zbek tilida ham saqlanib qolgan, biroq “to‘l” faqat qo‘ylarning bolalashiga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo qipchoq lahjasida so‘zlashuvchi o‘zbeklarda “to‘l”ni farzandlarga nisbatan qo‘llash-da uchrab turadi. Shu sabab turkiy tilda hayvonlar sut bezi (yelini)ning sutga to‘lishini “to‘lg‘in” deyilgan. To‘lg‘oq (tutishi) esa homilador ayolga nisbatan ishlatilgan.
Qadimgi turkiy tilda tekis so‘zi o‘rniga “to‘kus”, muz o‘rniga “to‘ng”, tuproq o‘rniga “to‘rpaq” ishlatilgan. Bunda ham aynan silliq sirt va tekis ma’nosi saqlanadi. Shuningdek, to‘mpaymoq, to‘nglamoq, to‘qillamoq, to‘pillatmoq, to‘qimoq, to‘qnashmoq, to‘lmoq, to‘ldirmoq, to‘smoq, to‘maloq, to‘dalamoq, to‘mtoqlamoq, to‘ntarmoq fe’llarida ham aynan tig‘siz, o‘tmas sirtning sifatlari ko‘rinadi.
“Qi” leksemasi orqali esa yuqorida qayd etilgani kabi ingichka, uchli, tig‘li, o‘tkir kesuvchi sirtga xos xususiyatlar aks ettiriladi. Misol uchun, qilich, qil, qiltiq, qir, qirg‘ich, qirliq, qiyoq, qirnaq (dudama pichoq) so‘zlarini analogik tarzda o‘tkir uchli, tig‘li yoki kesuvchi ma’nosi birlashtirib turadi. Shuningdek, qadim turkiy tilda pichoq so‘zining ham qipchoq yoki qifchoq, qaychining esa qiychi yoki qiftu shaklida qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, oltoy tilida o‘zbek tiliga fors tilidan o‘zlashgan nayza so‘zining ham oltoy tilida boshqa analogi, ya’ni qїlїsh saqlanib qolganini inobatga olsak, fikrimiz yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan bo‘ladi.
Shu o‘rinda qin so‘zining ma’nosiga ham to‘xtalib o‘tsak. Ma’lumki, qin biron tig‘li narsani solib qo‘yish uchun ishlatiladi. Inchunin, Navoiy asarlari lug‘atida ham shunga yaqin ta’rif berilgan bo‘lib, Navoiy o‘z asarlarida qirbon so‘zini ham qo‘llagan. Qirbon – o‘q va yoylarni saqlovchi charm xalta sanalgan.
O‘zbek tilining qipchoq lahjasida ketmon so‘zining qirma, randaning qirg‘i shakli saqlangani yoki oltoy tilida arra so‘zining qire varianti saqlanishi ham qaysidir jihatdan “qi” leksemasining mazmunini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Qichitqi, qiyoq kabi o‘tlar, qirg‘iy, qirg‘ovul, qironqora kabi qushlar, qirpi va qisqichbaqaning nomidan ham “qi” ya’ni aynan o‘tkir tig‘ yoki uchli tumshuq mazmuni anglashiladi.
Shuningdek, “qi” leksemasi orqali sifatlarning yasalishi ham kesish, qisish, yaralash, qichitish, achitish mazmunini aks ettiradi. Misol uchun, qichitqi o‘t, qirra burun, qiymalangan go‘sht. “Qi” leksemasi orqali ifodalangan tovushlarda ham aynan sinish, yaralanish va boshqa turdagi zarar yetishi aks etadi: qirt, qirs, qirch.
Shuningdek “qi” leksemasi orqali o‘tkir ta’m ham ifodalanadi. Qimiz, qimron kabi so‘zlarda aynan o‘tkir ta’m anglashiladi.
Qirmoq, qiymalamoq, qiyratmoq, qiron keltirmoq kabi so‘zlar o‘tkir tig‘li asboblar orqali amalga oshadigan harakatni bildirsa, qitiqlash, qirpichlash, qirchish, qirtishlash kabi so‘zlar vositasida dag‘al sirt yoki o‘tmas tig‘ orqali ta’sir yoki harakatni aks ettiradi. Shuningdek, tig‘siz sirt orqali kiynoq berish ham qismoq, qiynamoq shaklida “qi” leksemasi bilan ifodalanadi.
“Qi” leksemasi orqali yasaladigan so‘zlar o‘zbek tilining imlo lug‘atida juda ko‘p uchraydi. Ammo ularning hammasi ham ayni ma’noda qo‘llanmaydi. Jumladan, qiroat, qibla, qiyr (qora mum) kabi arab yoki fors tillaridan o‘zlashgan so‘zlar butunlay boshqa ma’nolarni anglatadi.
Qadimgi turkiy tildan kelayotgan “qi” leksemasi arab va fors tilidan o‘zlashgan ayni bo‘g‘inlardan “i” harfining talaffuzi bilan ham farqlanadi. Turkiy “qi” ko‘proq “qї”ga yaqin talaffuz qilinadi va oltoy, tuva, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq tillari alifbosida “qi” aynan “qї” shaklida yoziladi, “qїn” “qїlїq” so‘zlaridagi kabi “ї” unlisi bilan talaffuz qilinadi.
Turkiy “qi” leksemasidagi “i”ning yana bir xususiyati uni talaffuz qilmasa ham ma’no o‘zgarmaydi. Misol uchun oltoy, tuva, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq tillari o‘zbek tilining qipchoq lahjasida qr, qlich, qrqim, qrg‘in shaklidagi talaffuz ko‘proq uchraydi. Bundan ko‘rinadiki, “qi” aslida “q” tovushining o‘zi bilan ham ifodalangan bo‘lishi mumkin.
O‘zbek tilining imlo lug‘atida “qi” leksemasi yordamida yasaladigan yuzlab so‘zlar uchraydi. Ammo imlo lug‘atiga kirmay qolgan so‘zlar ham juda ko‘p. Jumladan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit-turk” asarida keltirilgan ayrim so‘zlar imlo lug‘atida uchramaydi. Misol uchun, qijmoq (kesmoq), qirnaq (dudama pichoq), qirchaldi (sindirdi), qirchatdi (yordi) kabi so‘zlar ham aynan “qi” leksemasining xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi.
O‘zbek tilidagi qirg‘oq so‘zi ham “qi” o‘zagidan yasaladi va unda ham aynan biron narsaning cheti tushuniladi. Oltoy tilida qirg‘oqning qiyu varianti ham bor va bu so‘z oltoy toponimlarida ko‘proq uchraydi. Qiyu boshqa so‘zlar bilan birikib chet, chegara ma’nosidagi so‘zlar yasalishida ham ishtirok etadi. Qiyu-qat (chegara joy), Qiyusuu (chegara daryo), Qiyutuu (chegara tog‘), Qiyuqir (chegara qir) kabi so‘zlar bunga misol bo‘la oladi.
“To‘” va “qi” leksemalarini tushuncha sifatida tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ushbu o‘zaklardan yasaladigan so‘zlarda ko‘p holatlarda qarama-qarshilik (kontrar) munosabatlari ko‘zga tashlanadi. Bu kontrar munosabatlar ba’zan aniq antonim sifatida ko‘rinadi: to‘g‘ri – qiyshiq.
Ayrim hollarda esa sifat o‘zgarishlariga qarab “to‘” va “qi”da anglashilgan tushunchalar qo‘llaniladi. Masalan, semiz otlar – to‘bichoq yoki to‘riq, oriq otlar – qirchang‘i deb ataladi.
Jumladan, ayrim hayvonlarning tashqi ko‘rinishiga qarab ham “to‘” va “qi” leksemasi qo‘llaniladi. Qo‘chqor (qo‘y) shoxi chiqquncha – to‘qli, shoxsiz sigirlar – to‘qol deb ataladi. Qisir sigir tushunchasida esa g‘unajin va oriq sigir tushunchalari birga anglashiladi. Bugungi kunda tuyaning bolasi bo‘taloq deyiladi. Ammo qadimgi turkiy tilda tuyaning bolasini to‘rum deb ham atashgan va bu uning hali o‘rkachi paydo bo‘lmagan holatini anglatgan.
Shu o‘rinda qilich va qalqon so‘zlarida ham kontrar munosabatlar mavjudligiga e’tibor qaratish o‘rinli bo‘ladi. Ma’lumki, qilich turkiy so‘z bo‘lsa-da, qalqon arab tilidan o‘zlashgan. Ungacha esa qalqon to‘sqi yoki to‘sin, deb atalgan. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida qalqon o‘rnida to‘sqol so‘zini ham qo‘llaydi. Shuningdek, Alisher Navoiy dubulg‘ani ham to‘bulg‘a shaklida qo‘llaganini inobatga olsak, tezisda keltirganimiz leksemaning kontrar ma’nosi yanada oydinlashadi. Bu yerda qilich – kesuvchi, to‘bulg‘a va to‘sqol – himoyalovchi xususiyati bilan ajralib turadi.
Turkiy tildagi mehnat va jang qurollarining tavsifida ham “to‘” va “qi” leksemasining kontrar mazmuni aniq ko‘rinadi. Misol uchun “to‘” o‘zagidan yasaluvchi to‘p, to‘qmoq, to‘qsol (qalqon) qurollar to‘mtoq sifatli bo‘lsa, qilich, qilish (olt: nayza), qipchoq (pichoq), qiychi (qaychi), qire (arra), qirg‘i (randa), qirliq, qirma (ketmon), qirg‘ich kabi qurollar kesuvchi qurollar sanaladi.
Shuningdek, “to‘” va “qi” leksemasining kontrar jihatlari ishoraviy harakatlarda ham ko‘zga tashlanadi. Qadimgi turkiy tilda kaft – qift, musht – to‘bun yoki to‘qu yoki to‘qumaq deyilgan. Misol uchun, anda jana bir braman kelip ol altun kuvrukug jangjurtu to‘qujur (o‘shanda yana bir brahman kelib oltin nog‘orani jaranglatib urdi). Shu sabab mushtlashish yoki to‘mtoq qurollar bilan jang qilish “to‘balashish”, pichoq, qilich, nayza kabi o‘tkir qurollar bilan jang qilish qirg‘in deb atalgan.
To‘qumaq so‘zining ma’nosi o‘zbek tilida unutilib borayotgan yana bir so‘zni tiklash imkonini beradi. Chunki, to‘qumaq deganda musht, kaltak va qo‘log‘och tushuniladi. O‘zbek tilining dialektlarida saqlangan qo‘log‘och aynan to‘qumaq yoki yog‘och bolg‘ani anglatadi.
Har qanday taraqqiyot qarama-qarshiliklarning o‘zaro munosabatida yuzaga keladi. Qarama-qarshiliklar birligi nisbiy, o‘tkinchi o‘laroq narsa va hodisadagi ikki qarama-qarshi kuchning ma’lum nisbiy vaqt ichida birga mavjud bo‘lib turishini anglatadi. Qadimgi turkiy tilda “to‘” va “qi” leksemalarining paydo bolishi ham qaysidir jihatdan tilning taraqqiyotiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur tadqiqot ishidan kelib chiqadigan mulohazalarga tayanib xulosa qilish mumkinki, qadimgi turkiy til kichik leksemalardan tarkib topgan. Keyinchalik bu leksemalarga grammatik qo‘shimchalar qo‘shish tufayli boshqa so‘zlar yasalgan. Asrlar o‘tishi davomida esa bu so‘zlar sayqallanib, rivojlanib borgan. Ammo shu bilan birga o‘zgarishlarga uchrab asl ma’nosi va turkiy qoliplaridan ham uzoqlashib borgan.
Anvar BO‘RONOV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q