Markaziy Osiyo oʻz taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda.
Bu – oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir. Ayni paytda bu jarayon oʻzaro ishonch muhitida tobora qizgʻin tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng koʻlamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir.
Hamkorligimizni mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlarimiz darajasida sharoit yaratilganini koʻrib turibmiz. Oldimizda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.
Nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda boʻlayotgan oʻzgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllandi.
Boʻlajak Toshkent sammiti barqaror, oʻzaro bogʻliq va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.
Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi biz boshlagan yoʻlning davomi sifatida mamlakatlarimizning oʻzaro anglashuv va sheriklik ruhiga sodiqligini tasdiqlashi, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda tub burilish yasashi kerak.
Jahon tartibotining keng koʻlamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarning keskinlashib borayotgani saʼy-harakatlarimizni birlashtirish yoʻlidagi intilishimizni kuchaytirdi.
Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada jips va hamjihat boʻlib harakat qilishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham bugungi kunda hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir. Markaziy Osiyo barqarorlik va bunyodkorlik hududiga, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilayotganining namunasiga aylandi.
Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari koʻp yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka oʻtishga erishildi.
Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri – chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa doʻstlik va hamkorlik koʻprigiga aylandi. 2025-yil mart oyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta toʻgʻrisidagi Shartnoma va Xoʻjand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.
Mintaqa mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor oʻzaro chegaralarning barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi, oʻnlab yillar davomida keskinlik manbai boʻlib kelgan masalaga nuqta qoʻyildi.
Shu yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Fargʻona tinchlik forumi mamlakatlarimizning Fargʻona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro intilishining yaqqol amaliy tasdigʻi, Markaziy Osiyoda kechayotgan bunyodkorlik jarayonlarining ifodasi boʻldi.
Ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir.
Toshkent va Bishkek oʻrtasida Chashma bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv oqilona murosaga misol boʻla oladi.
Oʻzbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish boʻyicha hamkorlik oldinga siljimoqda, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻiston oʻrtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi.
Bularning barchasi ishonch, oʻzaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Shu bilan birga, chegara tartib-taomillari va gumanitar aloqalar sohasida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. 2023-yil sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolari ID-kartalar asosida chegaradan oʻtayotgani odamlarning erkin harakatlanish hududini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Qozogʻiston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar ishlab chiqilmoqda. Hududlar oʻrtasidagi aloqalar kengaymoqda, chegaraoldi savdo hajmi oshmoqda, gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda.
Hamkorlikni institutsional jihatdan rasmiylashtirish boʻyicha qadamlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada 2023-yilda Dushanbe shahrida oʻtkazilgan beshinchi Maslahat uchrashuvini qayd etish lozim.
Mazkur uchrashuvda davlat rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni taʼminlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlararo muloqot va Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilgan.
2022-yilda boʻlib oʻtgan Choʻlponota uchrashuvi yakunlari boʻyicha suveren tenglik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va mintaqa kelajagi uchun birgalikdagi masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlagan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadlarida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlashga xizmat qildi. 2025-yilda Tojikistonning bu hujjatga qoʻshilgani mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Biz ushbu qarorni olqishlaymiz hamda yaqin istiqbolda Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhini uzil-kesil mustahkamlashga xizmat qiladigan mazkur shartnoma mintaqaning barcha davlatlari tomonidan imzolanishini kutib qolamiz.
2022-yilda davlat rahbarlari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining koʻp tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unda mintaqa mamlakatlari xalqaro platformalarda, jumladan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida oʻzaro muvofiq holda harakat qilishining yoʻnalishlari belgilab olindi.
2024-yilda Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturiy hujjat boʻldi. Unda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qaratilgan hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlari mustahkamlab qoʻyildi.
Shu tariqa koʻp qirrali oʻzaro hamkorlik arxitekturasini barpo etar ekanmiz, rivojlanish uchun ulkan manbalarni kashf etdik.
Davlatlarning saʼy-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda. Soʻnggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar oʻsib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod koʻpayib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 2-marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, oʻzaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi. Birgina mamlakatimizni oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qoʻshma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi.
Sanoatda Markaziy Osiyo barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi oʻsishni namoyish etmoqda, bu jahondagi oʻrtacha oʻsish surʼatidan ikki karra yuqori. Bunday muvaffaqiyat ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish – qoʻshma investitsiya fondlarini (jumladan, Oʻzbekiston — Qirgʻiziston, Oʻzbekiston — Tojikiston va Qozogʻiston — Qirgʻiziston) tashkil etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq. Mintaqa mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027-yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar rejasi hamkorlikning muhim vositasiga aylanmoqda. Kichik va oʻrta biznesning oʻsishiga koʻmaklashadigan chegaraoldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.
Gumanitar sohada ham keyingi yillarda aloqalar mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Yoshlar platformasi taʼsis etildi, 2022-yildan boshlab rektorlar va olimlar forumlari oʻtkazilmoqda, oʻzaro madaniyat yillari, koʻrgazmalar, konsertlar va sport tadbirlari muntazam oʻtkazilmoqda.
Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz boʻlayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlarni oʻz kundalik hayotida his etmoqda. Yangi oʻtkazish punktlari ochilgani, aviaqatnovlar, temir yoʻl va avtobuslar yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgani oʻzaro bordi-keldilarni bir necha bor oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi.
Yaqin-yaqingacha orzu boʻlib tuyulgan erkin harakatlanish, oʻzaro hurmat, yaqinlik va ishonch tuygʻusi bugun amaldagi haqiqatga aylanmoqda.
Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy oʻziga xosligi vujudga kelmoqda. Bu farqli jihatlarimizni eʼtirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz oʻzaro bogʻliq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qoʻshnichilik – xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati – barchaning yutugʻi degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda.
Mana shunday ishonch, oʻzaro anglashuv va umumiy kelajak ruhi bugungi kunda mintaqaviy jipslashuvni yanada mustahkamlash, yaʼni barqaror va oʻzaro bogʻliq, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish boʻyicha Markaziy Osiyo jarayonini boshlash uchun eng muhim tayanch asosdir.
Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyoning har bir davlati oʻz saʼy-harakatlarini iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yoʻnaltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini taʼminlashga sezilarli hissa qoʻshmoqda.
Qozogʻiston transport yoʻlaklarini faol rivojlantirmoqda, chegara punktlarini modernizatsiya qilmoqda, savdo toʻsiqlarini bartaraf etmoqda va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Qirgʻiziston va Tojikiston muzliklarning erishi bilan bogʻliq masalalarda izchil hamkorlik qilmoqda, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Turkmaniston tinchlik va ishonchni mustahkamlash, mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish, BMTning Orol havzasi va iqlim texnologiyalari boʻyicha dasturini qabul qilishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Amaliy harakatlarimiz, kelajak uchun masʼuliyatimiz, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro manfaat tamoyillariga sodiqligimiz shuni isbotladi: Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yoʻlini tanlamoqda. Ramziy maʼnoda aytganda, biz devor emas, koʻprik barpo etmoqdamiz.
Mintaqaviy jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning oʻz manfaatlari va taraqqiyot yoʻllarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va masʼuliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.
“Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining eʼtirofi boʻldi.
Ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan boʻlsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.
Bu mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi: Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona subyekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq yangraydi, pozitsiyamiz kuchliroq boʻladi, investitsiyalarni jalb etish, boshqa mamlakatlar bilan barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha vazifalarni yanada samarali hal qila olamiz.
Dunyoga ochiqligimiz, niyatlarimizning shaffofligi va muloqotga moyilligimiz xalqaro maydonda Markaziy Osiyoni yangicha qabul qilish uchun asos boʻldi.
Ayni paytda Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bogʻlaydigan oʻndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻzida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”, “Markaziy Osiyo — Rossiya” va “Markaziy Osiyo — AQSH” sammitlari boʻlib oʻtgani mintaqaning global siyosatdagi shiddati va strategik ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Yangidan-yangi “Markaziy Osiyo plyus” muloqotlari davlat rahbarlari darajasiga koʻtarilayotgani ularning amaliy ahamiyati va siyosiy qimmati ortib borayotganidan dalolat beradi. Bir qator formatlarda esa energetika, transport, “yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun ishchi guruh va kotibiyatlar tashkil etilmoqda.
Afgʻoniston bilan bogʻliq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab boʻlmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasida emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikning mustahkam boʻlishi koʻp jihatdan Afgʻonistonning tiklanishi va rivojlanishiga bogʻliq.
Afgʻonistonning jafokash xalqi chuqur gumanitar inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari Afgʻonistonni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga izchil jalb etish zarurligidan kelib chiqmoqda. Bu esa ushbu mamlakat taraqqiyoti va keng mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlaydigan Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish muhim ahamiyatga ega. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi savdo, investitsiyalar va transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, afgʻon xalqiga gumanitar va taʼlim borasida yordam koʻrsatish, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Afgʻoniston umumiy tinchlik va xavfsizlik, hamkorlik va taraqqiyot makonining bir qismiga aylanishi lozim. Bu mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlariga javob beradi hamda Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlarida barqarorlik belbogʻini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo oʻz jadal taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. Biz ikki tomonlama masalalarni hal etishdan iqlim oʻzgarishi, energetika sohasidagi oʻtish, suv va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish kabi asosiy mintaqaviy tahdidlarga birgalikda yechim topish sari bormoqdamiz. Mamlakatlarimiz oldida umumiy masʼuliyat, oʻzaro ishonch va kelajagimiz haqidagi yakdil tasavvurga asoslangan hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo yaqin oʻn yilliklarda qanday rivojlanadi degan prinsipial savolga birgalikda javob berishimiz zarur.
Markaziy Osiyo aholisi 80 millionlik marradan oʻtib boʻldi, BMT prognozlariga koʻra, 2050-yilga borib, bu koʻrsatkich 100 milliondan oshadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri boʻlib, aholisining oʻrtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.
Oldimizda ushbu demografik resursni taraqqiyot va innovatsiyaning qudratli omiliga aylantirish, yoshlarimizning isteʼdodi va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish vazifasi turibdi.
Ayni paytda mamlakatlarimizning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi mustahkam poydevor asosida amalga oshirilishi lozim degan vazmin yondashuvini qayd etish muhimdir. Hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi yoki milliy tuzilmalardan ustun turadigan tuzilmalarni yaratmasligi lozim.
Markaziy Osiyodagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlarimiz xalqlariga foyda keltiradigan real natijalarga yoʻnaltirilgan boʻlib qolishi kerak.
Hozirgi bosqichda oldimizda oʻta muhim masalalar turibdi, mintaqamizning barqarorligi va rivojlanish surʼatlari ularning hal etilishiga bogʻliq.
Birinchidan, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish — mavjud mexanizmlarni mustahkamlab, ularga barqaror tus va amaliy maʼno-mazmun bagʻishlash zarur. Oxir-oqibatda samarali mintaqaviy institutlarsiz hamkorlikni tizimli rivojlantirish va qabul qilinayotgan qoʻshma qarorlarni sifatli amalga oshirishni taʼminlab boʻlmaydi.
Ikkinchidan, xavfsizlik sohasidagi maqsadimiz — tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha umumiy salohiyatni shakllantirishdan iborat. Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini davom ettirish lozim. “Xavfsizlikning boʻlinmasligi” prinsipi asos boʻlib qolishi kerak. Ayni paytda mintaqaviy hamkorlik amaldagi xalqaro mexanizmlar bilan uzviy bogʻliq boʻlishi, barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakatlar va umuman, mintaqa xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning keng doirasiga qarshi turish boʻyicha oʻz salohiyatini shakllantirishi lozim.
Uchinchidan, iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan oʻtish tartib-taomillarini soddalashtirish va oʻzaro investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimdir. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yoʻlaklar tarmogʻini kengaytirish, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish zarur.
Hamkorlikning ekologik jihatiga — iqlim oʻzgarishlariga moslashish, transchegaraviy suv resurslari va biologik xilma-xillikni asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarga oʻtish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Markaziy Osiyo barqaror ekologik rivojlanish mintaqasi va atrof-muhitga masʼuliyatli munosabatning namunasi boʻlishga qodir va shunday boʻlishi kerak.
Toʻrtinchidan, gumanitar hamkorlik ustuvor yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Inson kapitalini rivojlantirish, taʼlim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mustahkamlash markaziy vazifadir. Umumiy axborot makonini yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash sifatini oshirish, umuman, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid qoʻshma dasturlarni rivojlantirish — bularning barchasi xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi. Umumiy qadriyatlar, madaniy yaqinlik va farovonlikka birgalikda intilishga asoslangan mintaqaviy oʻziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Beshinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish muhim yoʻnalish hisoblanadi.
Geosiyosiy beqarorlik tobora ortib borayotgan va jahon kuch markazlari oʻrtasida raqobat kuchaygan sharoitda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish barqarorlik va umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan asosiy hamkorlar bilan pragmatik aloqalarni yoʻlga qoʻyishda oʻz samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini yanada rivojlantirish zarur.
Hozirgi bosqichda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari va boshqa xalqaro muloqot maydonlarida mintaqaviy muvofiqlashuvni rivojlantirish, tashqi sheriklar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha kelishilgan ustuvor yoʻnalishlar va pozitsiyalarni ishlab chiqish strategik vazifaga aylanmoqda. Faqat shu yoʻl bilangina jahonning yetakchi mamlakatlari va birlashmalari bilan hamkorligimizni davlatlarimiz va butun mintaqaning iqtisodiy hamda texnologik taraqqiyotiga, barqarorligiga xizmat qiladigan aniq loyihalar asosida boyitishimiz mumkin.
Oʻzbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy masʼuliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.
Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi qoʻshnichilik, hamjihatlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash — Markaziy Osiyoning asosiy resursidir. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin boʻlgan umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ishonch va sheriklikni mustahkamlash oʻz kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bogʻlagan millionlab odamlarning manfaatlariga javob beradi.
Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mustahkam poydevorini yaratmoqdamiz.
Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yoʻl bizdan nafaqat birgalikdagi saʼy-harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun masʼuliyatni oʻz zimmamizga olishga tayyor boʻlishimizni ham talab qiladi.
Kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan oʻtgan — ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻz modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy surʼatni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q