Oyina.uz portali 100 kun mobaynida oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berib boradi.
Loyihaning 26-kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Marsel Brion, “Menkim Sohibqiron Temur” asari
Tarix, ayniqsa, milliy oʻtmishimizga oid asarlarni oʻqishga doim intilaman. Qolaversa, buyuk sarkarda bobomiz haqidagi xorijliklar fikri doim meni qiziqtirgan. Bu asarni shu jihatlaridan kelib chiqib, oʻqishni tavsiya qila olaman.
2. Amir Temur, “Temur tuzuklari” asari
Bu hayotiy kitobni har bir vatandoshimiz albatta oʻqib chiqishi kerak boʻlgan asar, deb hisoblayman. “Temur tuzuklari”ni oʻqib davlatchiligimiz tarixi qanchalik buyuk va sohibqiron bobomiz nechogʻlik adolatli boʻlganini chuqur his qilish mumkin.
3. Abdusaid Koʻchimovning qissa, hikoya va esselari
Abdusaid akaning deyarli barcha asarlarini, esse va xotiralarini oʻqib chiqqanman. Adibga alohida hurmatim bor. Ijodkor bilan tez-tez fikr almashib, adabiyot va sanʼat, jurnalistika borasida suhbatlashib turamiz.
4. Erkin Vohidov, “Saylanma”
Hisoblab koʻrsam, alloma shoirning 130 dan ortiq sheʼrlarini yoddan bilar ekanman. Ish jarayonida shoirning oʻqilishi oson, mazmuni chuqur sheʼrlaridan koʻp misollar keltirib turaman. Men yoshlik kezlarimdan sheʼriyatga qiziqaman, mashhur sheʼrlarni yod olish talabalik vaqtimda sevimli mashgʻulotim edi. Hozir ham imkon qadar matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan sheʼrlarni oʻqib boraman.
5. Muhammad Yusufning barcha sheʼrlari
Bunaqa shoir kamdan kam tugʻiladi. Juda koʻp sheʼrlarini yoddan bilaman. Bir vaqtlar, yosh paytlarimda, shoirning uyiga borib, suhbatini olganmiz. Uning Qoʻchqor ismli jiyani mening oʻrtogʻim edi. Inson sifatida ham, shoir sifatida ham oʻziga xos edi, boshqalarga oʻxshamasdi.
6. Togʻay Murod, “Ot kishnagan oqshom” qissasi
Or-nomusini bir umr asrab-avaylab yashagan Ziyodulla chavandoz va uning Tarlon oti haqidagi bu asarni bir nafasda, mazza qilib oʻqiganman. Ayni asarni ham har bir yurtdoshimiz albatta oʻqishi, uqishi kerak, deb hisoblayman.
7. Shahodat Isoxonovaning detektiv asarlari
Muallifning asarlari qisqa va juda qiziqarli. Oʻqishni boshlasangiz tugatmaguncha koʻngil joyiga tushmaydi. Asar syujetini oldindan taxmin qilib boʻlmaydi.
8. Muhammadjon Quronov, “Oʻzimizning oʻzbekona maʼnaviyatimiz bor” toʻplami
Muallifning shu va boshqa kitoblarida, maqolalarida milliy tarbiya masalalari chuqur ochib beriladi. Bu kitobda ham koʻz oʻngimizda yoʻqolib, real hayotda qadri susayib borayotgan milliy xarakter mavzusida kuyinchaklik bilan dolzarb fikrlar aytilgan.
9. Fyodor Razzoqov, “Sharof Rashidov: hayot va mamot” asari
Atoqli davlat arbobi, xalqimizning suyukli farzandi Sharof Rashidovning umr yoʻli haqidagi bu asarni katta qiziqish bilan oʻqidim. Yurtdoshlarimiz uchun ham qiziq boʻlsa kerak, nazarimda.
10. Oybek, “Navoiy” romani
Talabaligimizda “Iqtisodchi” nomli QVZ jamoamiz boʻlardi. Men jamoa sardori edim. Oʻshanda qiziqarli gʻoya, mavzular izlab Oybek asarlariga koʻp murojaat qilardik. Bu kitobni shunchalik koʻp oʻqiganmanki, asar boshidagi 20-30 sahifa deyarli yod boʻlib ketgan. Mumtoz asar. Hamma oʻqishi kerak, deb hisoblayman. Hozirgi zamon oʻquvchilari uchun Navoiyni tushunish shu asardan boshlanadi, deyishim mumkin.
Zoyir Mirzayev 1968-yili Samarqand viloyati, Jomboy tumanida tugʻilgan. Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan (1994).
Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimi (2003-2004), Samarqand shahar hokimi (2008-2010) Samarqand viloyati hokimi (2010-2016) Qashqadaryo viloyati hokimi (2019-2021) etib tayinlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi (2010-2018), Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari – Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri (2016-2018). 2022-yildan Toshkent viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Oʻxshash maqolalar: Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
4 Izohlar
Узакова Комола
00:08 / 06.08.2023
Мен хам кушиламан лекин хозир купчилик деярли китоб укимай куйишган жуда хам ачинарли холат. Хозирги ёшларга рахмим келади. Миллион нархли телефон суртиб ошишга пул сарф килади лекин китоб сотиб олишга огирсинади.
Fotima
08:08 / 04.08.2023
Assalomu alaykum raxmat bu kitoblar orasida o'qimagan kitoblarimiz ham bor ekan albatta o'qimiz. Shu o'rinda O'tkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi" romanini ham o'qishni tavsiya qilaman.
Dilafruz
07:08 / 04.08.2023
Бу китобларда раҳбар ходимлар учун зарур бўлган асарлар жамланган. Муҳаммад Юсуфнинг ше’рий тўпламлари эса раҳбарлар меҳр-оқибат ҳислатларини йўқотмаслиги учун тавсия қилинганга ўхшайди. Зўр тавсиялар.👍👍👍
Эргаш
07:08 / 04.08.2023
Ажойиб асарлар тавсия этибдилар. Навоий ромонини мен ҳам ўқувчилик кезларим роса ўқирдим