Adabiyot
Bugungi kunda trend shohsupasiga chiqish uchun olamshumul ish qilish shart emas. Shunchaki noodatiy xatti-harakat, kutilmagan intervyu yoki tasodifiy vaziyatlar sabab bir kunda yulduz bo‘lib uyg‘onish mumkin. Siz shunchaki “qilar ishni qilasiz” va butun jamiyat, internet faollari, blogerlar sizning piaringiz bilan shug‘ullanadi.
Avvallari e’tiborga tushish uchun ijod ahli uzoq izlanardi, falon pul to‘lab efirlarni band qilardi… Bugun bu “formula” o‘zini oqlayotgani yo‘q. Bir muddat oldin saytimiz orqali internetda mashhurlikka erishgan ba’zi trend iboralarning sharhi taqdim etilgandi. Hozir mana shu sharhni davom ettiramiz!
“Vapshe malades”
Bundan bir necha yil oldin havaskor xonandalar tezroq mashhur bo‘lish maqsadida o‘z qo‘shiqlarida noodatiy so‘z va iboralarni qo‘llashar edi. Ohun Hasan nomi bilan ijod qilayotgan farg‘onalik yigit o‘sha vaqtlarda niyatiga erishgan. “Vapshe malades” qo‘shig‘i esingizdami? Kulgi va muhokamalarga sabab bo‘lgan qo‘shiqning o‘z tarixi bor. Ohunjon Yaypan shahridagi bozorlarning birida asosiy mehnat faoliyatini olib borsa-da, she’r yozish, qo‘shiq aytishga juda qiziqqan. Ijodkorning aytishiga ko‘ra, “vapshe malades” iborasini o‘z xolasi tilidan eshitgan va o‘zi oldinroq yozgan “Lol qolaman, lol” nomli she’rning asosiy so‘zini “vapshe malades” jumlasiga alishtirgan. Shu kunlarda Ohun Hasan o‘zi yashaydigan shahardagi Navro‘z bayramiga havaskor xonandalar taklif etilganidan xabar topadi. O‘sha “mashhur” qo‘shiqni studiyada yozib, bayram sahnasida ijro etadi. Lekin qo‘shiq tanqidlarga uchraydi, tabiiyki, bayram va televideniye efiri uchun qabul qilinmaydi. Lekin qo‘shiq allaqachon videotasvirga olingan edi. Atiga bir necha kunda butun respublikaga tarqalib ketdi. Qo‘shiq muallifi negativlar va tanqidlar o‘rinli ekanligini tan olgan holda bu qo‘shiq unga omad keltirganini e’tirof etadi. Hozir shiddat bilan ijod qilmayotgan bo‘lsa-da, Ohunjon bir nechta qo‘shiqlar ijro etishga ulgurdi.
“Ko‘rsating Sherbekligingizni…”
Psixologlar va psixo-trenerlarga nisbatan ikki yoqlama munosabat avjiga chiqqan vaqtda Dilorom Faxriddinova videolari navbatdagi trendga aylangan edi: “Ko‘rsating Sherbekligingizni!..” Ayni damda nutq, ovoz va nafas olish bo‘yicha konsultatsiyalar olib boruvchi mutaxassisning instagramida 370 mingdan ko‘proq obunachi mavjud.
Qisqa vaqt ichida Diloromning Sherbek ismli talaba yigit bilan mashg‘ulot olib borayotgani aks etgan video tarqalib ketgan edi. Videoda biroz tortinchoq yigitdan “Sherbekligini yetkazish” so‘ralgan. Bu video ta’sirida ko‘plab taqlidiy vaynlar tasvirga olindi, memlar yasaldi va hattoki karikaturalar chizildi.
“Aristokratlar” jamoasining Xalqlar do‘stligi saroyidagi konsertida aynan mana shu mazmundagi hazilida Diloromning o‘zi ishtirok etdi.
Dilorom videodagi holatni o‘z metodikasi deb hisoblaydi va kulgi ostiga oluvchilarga deyarli parvo qilmaydi.
“Sen bir yaxshilik qilmagin ekan”
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tug‘ilgan ijodkor, vayner Bobur Mansurov mutaxassisligiga ko‘ra dramatik teatr va kino aktyori hisoblanadi. Shuningdek, u rejissor sifatida 60 qismli “Orzular palatasi” serialini ham tasvirga olgan. Avvaliga Bobur ijoddagi izlanishlari ortidan o‘z o‘rnini topishga qiynalgan. Qachonki, u komik vaynlar tasvirga olishni boshlagandan keyin hayot tarzi butunlay o‘zgarib ketdi. Bir yilga bormasdan yoshlar orasida katta mashhurlikka erishdi. Haqiqatdan, uning muvaffaqiyatli vaynlari ko‘p. Lekin uning “Sen bir yaxshilik qilmagin ekan” iborasi kutilmaganda trendga chiqdi. Bugun xalq tilida bu ibora allaqachon ommalashgan va turli vaziyatlarga moslanib qo‘llaniladi: “Sen bir kiyinmagin ekan”, “Sen bir sayohat qilmagin ekan”, “Sen bir ish qilmagin ekan”, “Sen bir restoranga bormagin ekan”…
“Videoni ko‘rsating, aka”
Internet tarmoqlarida “Ayfon senda promaks” jumlasini hirgoyi qilib yurgan Bozorvoy ismli bolakayning videosi tarqaldi. Bu videodan aniq bo‘ladiki, holat boshqa bir noma’lum shaxs tomonidan tasvirga olingan va Bozorvoy bu shaxsga “Videoni ko‘rsating, aka” deya keskin munosabat bildirgan. Bir necha soniyalik oddiy holat 4-sinfni yakunlagan, plastik idishlar va karton yig‘ib tirikchilik qiladigan Bozorvoyni mashhur qilib yubordi. Asli Samarqandning Urgutida yashovchi yigitcha ayni damda yangiyo‘llik To‘laberdi ismli yigit bilan hamkorlikda vaynlar tasvirga olmoqda. Bozorvoy Zo‘rTV kanaliga bergan intervyusida hozirgi hayoti yoqayotgani va aktyor bo‘lish niyati borligi haqida gapirib o‘tgan.
“1000 so‘mdan, akajonlar…”
Sergeli va Qo‘yliq hududlarida tilamchilik qilib yuradigan 6 yoshli Bozorvoy ham ancha mashhurlikka erishdi. Uning trend iborasi: “Ming so‘mdan, akajonlar…” Bu ibora shunchaki uning kundalik gap-so‘zlari, xolos. Studiyada qo‘shiq yozuvchi DJ lar tomonidan uning yordam so‘ragan murojaati hayp-trekka aylantirildi. Shundan so‘ng, Bozorvoy trend peshtaxtasiga ko‘tarildi va hattoki bu qo‘shig‘ini Xalqlar do‘stligi saroyi sahnasida so‘z ustasi Nodir lo‘lining konsertida ijro etdi. Bu holat ko‘pchilikning keskin tanqid va muhokamasiga ham sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan taniqli aktyor Alisher Uzoqov e’tiroz videomurojaatini ommaga e’lon qildi. Murojaat o‘nlab sahifalarda ulashildi. Bozorvoy Jo‘raqulov “Mening yurtim” telekanalining “Amirxon Umarov shousi” qahramoni sifatida efirga ham chiqishga ulgurdi. U o‘z intervyusida tarqalgan qo‘shiqdan jahli chiqqanini aytdi.
Mashhurlikka qadar Bozorvoy ota-onasidan alohida yolg‘iz opasi bilan birgalikda yashagan va tilamchilik bilan kun kechirgan.
“Viyu… Viyu… Varrr…”
“O‘zbekning o‘zi qiziq, o‘zidan so‘zi qiziq” deganlaridek, xalqimiz orasida qiziq so‘zlashuvga ega odamlarni ko‘p uchratish mumkin. Zo‘rTVning “Bu kun” informatsion dasturi mavzusi bo‘lgan bir jinoyatga guvoh sifatida Andijon viloyati Bo‘ston tumanida istiqomat qiluvchi onaxondan ko‘rsatma olinadi. Onaxon o‘z ko‘rsatmasida bo‘lib o‘tgan holatni avtomobilga taqlidiy ohanglar bilan tasvirlab beradi. Natijada jiddiy intervyu konteksti navbatdagi yumoristik trendga aylanadi: “Bir marta viyu-viyu dedi, to‘xtadi…”
Aynan bu video ham DJ blogerlarning navbatdagi hayp-treki uchun qo‘l keldi. Bir muddat oldin saytimizda aynan shu mavzuga doir “Repga aylantirilgan Sherali Joʻrayev ashulasi, chegara oshgan “viyu, viyu” va dunyo boʻylab yangrayotgan “Salam aleykum” – jahon trendiga aylanayotgan oʻzbekcha kontentlar” nomli maqola ham e’lon qilingan edi. Onaxonning o‘zi bexabar “treki” qanchadan-qancha mahalliy va jahon blogerlari uchun qimmatli kontent-motiv bo‘lib xizmat qildi. Aynan mana shu trekdan foydalanilgan o‘nlab trend videolar internetda bir necha million marotaba tomosha qilindi.
“Nosni kayfiday kayf”
O‘zbekning qiziq so‘zlashuviga xos yana bir trend ibora Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Laylagan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Alisher bova nomi bilan bog‘liq. U jurnalistning “Ko‘pkari o‘yinlari xalqqa nima beradi?” degan savoliga “Bu ko‘pkari ota-bobomizdan qolgan o‘yin, hech nima bermaydi… Bu bir nosning kayfiday kayf…” deya javob qaytargan. Bu intervyu ham tezlik bilan ommaga tarqaldi va “Nosning kayfiday kayf” iborasi xalq so‘zlashuviga kirib keldi. Odamlar ayni damda mohiyatan katta naf keltirmaydigan mashg‘ulotlarga nibatan shu iborani qo‘llamoqda.
“Semiz bo‘lsada… Mazzada…”
Bugungi kun trend formulasi quyidagi ketma-ketlikni takrorlamoqda: noodatiy yoki hazil intervyu, intervyu asosida DJlarning trek yaratishi, trekning tarqalishi va internet foydalanuvchilarining trek asosida video tasvirga olishi… Qarabsizki, har bir trenddan so‘ng bir yulduz paydo bo‘laveradi. “Sizga qanday qizlar yoqadi?” savoliga javoban semiz, sepkilli va kal qizlar yoqishi haqida intervyu bergan Islom Mahammatov ham shu formula qahramoniga aylandi.
Asli samarqandlik bo‘lgan havaskor ijodkor uchun bu trend qahramoni bo‘lish katta motivatsiya bergani aniq. Chunki tarqalgan videodan so‘ng uning o‘zi ham kontentlar olib o‘z sahifasiga joylay boshladi. Yaratilgan trek doimgidek yuqori effekt berdi va hattoki eng top bloger-vaynerlar ham trend ishtirokchisiga aylanishdi.
Islomning o‘zi million marotaba ko‘rilgan qaysidir trend video ostiga “originali menman, sahifamga obuna bo‘lib qo‘yarsizlar” degan mazmunda izoh qoldirgan.
Trend videolar, trend qahramonlar va trend iboralar tez-tez yangilanib turibdi. Mazmunan olib qaraganda bu trendlarning aksariyati xalq va odamlar uchun “hech nima bermaydi, bu bir nosning kayfiday kayf”... Nari borsa, kayfiyat ulashishi mumkin. Bu jarayonning bir xavfli tarafi bor: trendga chiqishga oshiqqan yoshlar orasida saviyasiz, axloqsiz, mantiqsiz kontentlar ko‘payib ketishi mumkin. Bu borada jamoatchilikdan hushyorlik va zarur vaqtda obyektiv munosabat talab etiladi. Biz xohlaymiz, omma orasida odamlarga ma’nan va intellektual jihatdan naf keltiruvchi trendlar ham ko‘paysin.
Mavzuga doir: “Er oʻzi nimaga kerak?”, “Dunyo sening togʻangmas”, “Oʻzbekiston tengdir Oʻzbekistonga!” – Internetdagi trend iboralar sharhi
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q