Usmon Azimning hayotimda kimligi xususida
Vatan
Juda kichkina edim – eshitayotgan yangi so‘zlarimga izoh so‘raydigan vaqtim. Momom qaysidir bo‘yinsasining uyiga mehmonga borib kelib, falonchi bir vatan solibdi, bir vatan solibdi, deb Enamga gurung berdi. Bir muddat ichimda “vatan” nimaligi haqida o‘yladim. Tiniq tasavvur topmagach, tomorqada yer chopayotgan boboming yoniga bordim (bobom ketmonni yerga har urganda ich-ichidan “hih” degan ovoz chiqarardi), vatan nimaligini so‘radim. Bobom bir muddat ketmoni dastasiga suyanib atrofga sinchiklab boqdi, keyin uyimizni, tuproqda o‘ynayotgan ukalarimni, ulkan, yam-yashil bog‘imizni, o‘choqda choy qaynatayotgan qaddi egik momomni ko‘rsatdi (esimni taniganimdan boshlab momom engashib yurardi. Nega unday yurishini so‘raganimizda, Xudoga salom berib yuribman, derdi). Eng chiroyli narsalar “vatan” dedi. Men uyga qarab chopdim. Vujudimda bir narsa boshlandi, ko‘nglim ichimga sig‘may anchagacha yugurdim. Eng chiroyli vatan biznikida, deb baqirib yugurdim. Bobom kulib tomosha qilib turdi. Biron harakatimizga bobomning jilmayib qarashi tasdiq, to‘g‘ri degan xulosani anglatardi.
Bahor kunlarining birida bobom bilan adirga qo‘y haydadik. Yomg‘irdan oldingi shamol esib, ajib bo‘ylarni olib keldi, yuragim hapqirib ketdi. “Bobo, vatanning isi kelyapti”, dedim. Bobom yana jilmayib, yelkamga alqovli qoqib qo‘ydi. Shundan keyin vatanning sarhadi kengayib bordi.
Bobomning qaysi o‘git, momomning qaysi rivoyatlari ta’sirida, bilmadim, keyinchalik uyimizning ertasi uchun peshonam terlab ish qilmagan kunim, ota-onam qancha qistamasin, ishtaha bilan, osh bo‘lib ovqat yeyolmaydigan bo‘ldim. Bo‘ynimdagi vazifamni sidqidildan maromiga yetkazmasam, o‘zimni vatanga xiyonat qilayotgandek his etardim (Xudo kechirsin, o‘sha vaqtlarda Xudo va Vatan chegaralarini farqlolmasdim). Ko‘chada ko‘rgan har qaysi odamimga vatandoshligi uchun qo‘lini siqib, minnatdorchilik bildirgim keladigan davrlarni ham yashab o‘tdim.
Ustoz
Sinfimizning eng a’lochisi bo‘lganman. 1-sinfdan boshlab sinf sardori edim (bu ma’lumotni mazkur voqeada o‘zimni oqlash uchun keltiryapman, chog‘i). 2-sinfda ustozimiz “Ertaga maktabga kelmasligimizni, qishloqning boshida to‘y bo‘layotgani, hammamiz o‘sha to‘yga borishimiz”ni tayinladi. Uyga kelib ustozimning bor gapini bobomga (uydagi barcha qarorlarni bobom belgilardi) aytdim. Ertalab esa dalaga mol haydab ketdim. Tushda bir sinfdoshim maktabdan kelayotganini ko‘rdim. Unga “bugun ustoz maktabga bormasligimizni aytgandi-ku”, dedim. U ustoz bu gapni bizni sinash uchun aytganini, maktabga mendan boshqa hamma borganini bildirdi. Ustozdan juda xafa bo‘ldim. Ichimda tushuniksiz hislar dovul ko‘tardi.
Ertasi maktabga bordim. Ustozim kecha nega kelmaganimni so‘radi. Ustozdan xafaligimga diqqat qaratib, shu vaziyatgacha biron bahona o‘ylab qo‘ymagan ekanman. “O‘zingiz kelmanglar, to‘yga boringlar degandingiz-ku”, deyolmadim. Tilimga kelgan yolg‘onni aytdim. Bobom kasal bo‘lib qoldi, yolg‘iz o‘zini qoldirmaslik uchun men yonida o‘tirdim, dedim (Unda hali dunyoda eng ishongan insonlarim bobom va ustozim edi. Ular yolg‘on gapirmasdi, xato ish qilishmasdi – insoniylikni shu jihatlar belgilaydi deb o‘ylardim). Ustozim boshqalar qarasa bo‘lmasmidi, degan savolni “post” qilgandi, barcha oila a’zolarimning band bo‘lgan ishlarini sanab beraverdim. Ustozimga yolg‘onni yodlangan she’rdek aytdim-u, ko‘z oldimda dunyoni suv bosayotgani tasviri aylanaverdi. Ichimda ustozimdan juda xafa bo‘ldim, meni shu yolg‘onlarni eng hurmat qiladigan insonimga gapirtirayotgani uchun.
Ustozlarni uyida ham yangi kiyimda yuradi deb o‘ylardim (4-sinflargacha ustozlarni uy kiyimida ko‘rmaganman. Birinchi marta eski kiyimda, boshqalar qiladigan yumushlarni qilayotganini ko‘rganimda hayotdan xafa bo‘lib ketganman). Ustozlar aytgan har qanday gap to‘g‘ri, rost deb o‘ylaganman. Hozir ham ustozlarning ko‘nglimdagi maqomi o‘zgarmagan. Umrim oyoqlagan sayin ustoz maqomi (xilqati), bahosini teranroq anglab boryapman!
(Hozir ustozimning o‘sha gapiga ishonib (garchi sinfdoshlarim nazdida sinfimizdagi eng anqov o‘quvchi “bahosi”ni olgan bo‘lsam-da) maktabga bormaganim uchun o‘zimdan xursand ham bo‘laman.)