Adabiyotshunos olim Maqsud Asadov mutolaa qiladi
Adabiyot tuproq ustida emas, balki vaqtning bilqillama qumloqlari uzra iz qoldiradi. Qochoqni shu izlarga qarab topmog‘i kerak bo‘lgan izquvarga rahmim keladi.
Jon Golsuorsi
Haqiqatning qiyofasini chizish uchun hamisha ham oq rangdan foydalanib bo‘lmaydi: u oppoq qog‘ozda ko‘zga yorqin tashlanmasligi tayin. Turfa ranglar jilosi hayotning xilma-xil manzaralarini jonli gavdalantirishga imkon berishi bilan birga, kishini tiriklik mohiyati haqida teran mushohada yuritishga undaydi.
Hayotning asl muammosi kim yoki nima? Shubhasiz, inson! Uning ruhiy dunyosini batamom ochish imkondan xorij bir ishdir. Inson yaralishining ibtidosidayoq ixtilof yuz bergan. Shu bois tiriklik dunyosida ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash bir lahza bo‘lsin to‘xtamaydi. Haqiqiy janggoh – ruhiyatda. Jinoyat – nafs amri, jazo esa Haq hukmidir. Aslida, jinoyatning ildizi qayerda va jazo qachondan kuchga kirgan o‘zi? Odam Ato jannatdan quvg‘in qilinganidanmi? Yoki Qobil o‘z birodari Hobilning qotiliga aylangan kundanmi? Fir’avnning borliqqa hukmdori mutlaq bo‘lmoq da’vosidandir balki? Qorunning xasis-u ochko‘zligidanmikan yoki?.. Keling, so‘z san’ati namunalari misolida shular haqda gaplashamiz.
Iqror va najot
Fyodor Dostoyevskiy. Jinoyat va jazo. Toshkent, 2022.
Mashhur psixolog Zigmund Freydning yozishicha, Fyodor Dostoyevskiyning serqirra shaxsiyatiga to‘rt jihatdan yondashish lozim: yozuvchi, ruhiy xasta, yuksak tafakkur sohibi va gunohkor banda. Bu hayratomuz jumboqning yechimini “Jinoyat va jazo” romanidan – Rodion Raskolnikovning tabiatidan izlab ko‘raylik. Raskolnikov!.. Butun borliq, butun jamiyat uni jinoyat botqog‘iga tortib ketadi go‘yo. Bu nochor, telbavash, odamovi yigit o‘z-o‘zi bilan uzoq ruhiy mubohasalardan so‘ng qotillikka qo‘l uradi. Muqaddimadayoq uning kiyinishidan tortib yurish-turishigacha, o‘y-xayollari-yu orzu-istaklarigacha – bari-barisi allaqanday mudhish, tahlikali voqeaga ishora etadi: “U shunchalar nochor kiyingan ediki, hatto uvada-suvada engil-boshiga o‘rganib, ko‘zi qotib ketgan odam ham kuppa-kunduzi bu ahvolda ko‘chaga chiqqani uyalgan bo‘lar edi”. Ana shunday tasvirlarga kengroq o‘rin bergani sabablimi, “axloqiy masalalarda Dostoyevskiy juda no‘noq” degan xulosaga keladi Freyd.
Qahramonini og‘riqlar olamida, qiynoqlar ko‘lankasida, iztiroblar iskanjasida voyaga yetkazgan adib jamiyatning umumiy estetik qonuniyatlariga bo‘ysunishni ham istamaydi: Raskolnikovga nisbatan yanada shafqatsiz munosabatda bo‘ladi. “U yuragini hovuchlagan, titrab-qaltiragan holda bahaybat bir binoning oldiga keldi...”. Uning yurak hovuchlamagan, titrab-qaqshamagan – ruhi halovat topgan biror lahza bormi o‘zi romanda? Yo‘q! Insoniyatning barcha alam-anduhlarini qalbiga singdirgan, har qanday sitamga bardosh berish umidi ila yashamoqqa mahkum bu yigit qissasi Iso Masihni yodga soladi. Uning yuragini tirnab yotgan gaplar Semyon Marmeladov tilidan yuzaga chiqadi: “Biroq, ey hakam, mixla va mixlab turib unga rahming kelsin!” Bu savdoyi va aksar hollarda shirakayf yuradigan odamning atrofdagilar – qovoqxonadagilarni ruhan uyg‘oqlikka chorlab aytganlari, aslida, o‘z hayotiga berilgan qisqa, ammo o‘ta qayg‘uli ta’rifdir: “Qayg‘u, qayg‘u izladim men uning tagidan, hasrat va ko‘zyoshlar izladim, totindim va topdim”. Evoh... Sharq mumtoz adabiyotidagi botini hurlikka yo‘g‘rilgan rind timsolini eslatib yubordi-ku bu iqrorlar!
“Dostoyevskiy qahramoni – muallif irodasiga bo‘ysundirilgan obyekt emas, balki subyektdir”, degan edi adabiyotshunos Mixail Baxtin. Chindan, yozuvchi Raskolnikovni kuzatib, uning xatti-harakatlarini tahlil qilayotgan izquvarga o‘xshaydi. U bilan qadam-baqadam, izma-iz yurgandek, bir lahzaga chalg‘isa yoki bir odim ortda qolsa, qahramonini yo‘qotib qo‘yadigandek. Raskolnikov yo‘qchilik ichida yashaydi. Uni to‘xtovsiz o‘rtab, sarson-sargardon qilgan, ich-etini yemirgan bezovta kechinmalarning ildizi avvalo ana shu. “Yo‘qchilik, marhamatli afandim, yo‘qchilik bu – illat, ha, siz kambag‘allikda hali o‘zingizning tug‘ma oliyjanob fazilatlaringizni saqlab qolgan bo‘lasiz, yo‘qchilikda esa ularni hech qachon va hech kim saqlab qola bilmaydi”, deydi Marmeladov. Dostoyevskiy o‘z qahramonini yaxshi ko‘radi, uni oqlashni, barcha gunohlarini kundalik turmushning bo‘yniga ilib, Raskolnikovga rahm-shafqat nazari ila boqishni istaydi. O‘quvchini ham uning gunohini kechirishga, qotillikka uni majbur qilgan ijtimoiy, axloqiy omillarni hisobga olishga undaydi.
To‘g‘ri, “sobiq talaba” Raskolnikov – ko‘ngli bo‘sh, sodda, ruhan siniq yigit. Avval-boshda razillikka qo‘li bormaydi, ammo atrofdagilar, vaqt va sharoit borgan sari ahdini qat’iylashtiradi. Ijara haqini topolmaslik, sudxo‘r ayolning qaysar-injiq fe’li, nihoyat, muhtojlik yigitning toqatini toq qiladi. Qovoqxonada zobit va talabaning suhbatini (“Men shu la’nati kampirni o‘ldirib, bor-yo‘g‘ini olib ketgan bo‘lardim, o‘ldirganimga achinib, bundan qiynalib ham o‘tirmasdim”) tasodifan eshitib qolgach, o‘z-o‘zi bilan kurashlarga nuqta qo‘yadi. Ehtimol, talaba bu gapni qiziqqonlik yoxud maqtanchoqlik vajidan aytgandir. Biroq bu Raskolnikovga o‘z ishtibohini yengish uchun yetarli edi.
Talaba aytganidek, “Hatto bit, hatto suvarak ham undan avloroq, nega desang, kampir juda zararli maxluq”. Bu, albatta, Dostoyevskiyning munosabati. Adib o‘z jamiyatidagi nafs o‘pqoniga tushgan, odamiylik qiyofasidan yiroq, olg‘ir-u tamagir kimsalarni sudxo‘r kampir Alyona Ivanovna timsolida umumlashtiradi. Yozuvchining unga nafrati romanda berilgan portretdan tortib xarakter tavsifigacha yaqqol seziladi. Xullas, hukm Raskolnikov emas, yozuvchi tomonidan o‘qiladi. Raskolnikov uni ijro etadi, xolos. Insof bilan aytganda, yozuvchi – “qotil”, Raskolnikov – “qurbon”! Shu o‘rinda M.Baxtinning obyekt va subyektga oid yuqoridagi mulohazalari bilan bemalol bahslashish mumkin.
Dostoyevskiy balki haqdir, ammo Raskolnikov bir emas, ikki odamni: kampir va uning singlisi – oqko‘ngil, beozorgina Lizavetani ham o‘ldirdi-ku! Odamlarning boshiga bolta bilan urayotgan yigitning vahshiy va sovuqqon qiyofasi nigohlarimizga yopirilib kiradi, qo‘rquv, hayajon hissi butun borlig‘imizni egallaydi. Yozuvchining ruhiy ustunligi shundaki, qanchalar tuban ishga qo‘l urganiga qaramay, Raskolnikovning ayni choqda qo‘lga tushib qolmasligini ham astoydil istaydi o‘quvchi. Yo Rab! Inson – yaratiqlar ichida eng oliysi. Uning qadr-qimmati, saodat-u iqboli har nedan aziz va ustun. Bu dunyoning bori ne’matlari inson va uning farog‘ati uchundir. Lekin sudxo‘r kampir-chi, u inson emasmidi? Rohat-u halovatga haqli emasmidi? Gap shundaki, odam o‘z mohiyatidan yiroqlashsa, qalbini shaytoniy hoy-u havaslar egallaydi. O‘zgalar baxtsizligidan – baxt, fojiasidan – tole kutgan manfaatparast kimsalarning halokati esa muqarrar. Bu toifaning qilmishlari insonlik a’moliga yotdir. Yozuvchi ana shu haqiqatni kitobxonga, hatto qahramoniga teranroq anglatmoq bo‘ladi.
Raskolnikovda nohaqlikka qarshi isyon ruhi ustuvor. Singlisiga og‘iz solgan Pyotr Lujinga “Kambag‘alning qiziga uylangan ma’qul, keyin uning ustidan hukm yuritish oson bo‘ladi deb aytganingiz rostmi?” deya qilgan qahrli ta’nalari faqat o‘z jigariga qayg‘urishdan aytilmagani ayon. Qabohat uyasiga aylangan jamiyatni tuzatmoq darkor! Yozuvchining aytmoqchi bo‘lgani shu. Biroq Arkadiy Svidrigaylovga o‘xshagan odam qiyofasidagi maxluqlar, nokas-u nojinslar bor ekan, jamiyat dardiga davo topish imkonsizdek...
Raskolnikov qalb yarasiga malham qo‘yadigan dardkashga muhtoj ekan, qattol turmushning noravo majburiyatlarini nozik yelkasiga ortgan, shartaki va mehribon Sonya uning hayotiga kirib keladi. Faqat muhabbatgina asliyatingizni yorqin ko‘rsatishga qodir! Raskolnikovning “Men faqat hech kimga keragi bo‘lmagan, palid, zararli bitni o‘ldirdim, xolos” degan so‘zlariga Sonya “Hali odam bit bo‘ldimi sizga!” deya e’tiroz bildiradi. Raskolnikov iqror bo‘ladi: “Men o‘zim ham bilaman bit emasligini...”. O‘z-o‘ziga qarshi borib, goh yengilib, goh zafar qozonib, irodasini tavakkulga bo‘ysundirgan nochor kishining ojizona tavbasi, aytishga jur’ati va qudrati yetmagan o‘kinchli iqrori bu... Uni jazodan nima qutqarib qoladi? Odamlarga yordam berganiga oid vasiqalarmi? Aybini tan olishni istamay, singlisi Dunya oldida qilgan qaysarligimi? Pushaymonlikni rohat bilib, taqdirdan inoyat kutganimi? Hech nima!
Sharq mumtoz adabiyotida fano maslagi bor. Bu o‘z qusurlarini to‘liq tan olib, ulardan xoli bo‘lmoqqa intilishni anglatadi. “O‘lmasdan burun o‘lmoq”, ya’ni nafs qutqularidan qalbni ozod qilib, ruhoniy hurriyatga noil bo‘lish istagi – fanoning qat’iy shartidir. Unga axloqiy tarbiyaning yuksak kamoloti ila erishiladi. Yo‘q, biz Raskolnikovni foniyvashlar qatoriga sirayam qo‘sha olmaymiz. Ularning mukammal e’tiqodidan bu yigitda asar ham yo‘q. Ammo ichki bir ovoz, afsus-nadomat iskanjasida o‘zlikka yuz burib, ayb-u gunohiga iqror bo‘lgan ezgin yurak nolasi Haqqa, haqiqatga uyg‘un bo‘ladi. Raskolnikovning mana bu taslimiyati esa kitobxonni titroqqa solmay qo‘ymaydi: “Men kampirni emas, o‘zimni o‘ldirdim!.. Biryo‘la, sira, abadiy bosh ko‘tarmaydigan qilib o‘ldirdim!..”
Mag‘lub bo‘lgan... G‘olib
Teodor Drayzer. Amerika fojiasi. Toshkent, 2018.
Chinakam dahshatning ildizi – hodisalar silsilasida emas, qalbda. Uni tag-tugi bilan sug‘urib olishga inson ojizlik qiladi. Yurakni o‘tkinchi istaklar, dunyoviy mayllardan butkul tozalamoq uchun esa faqat tamkin va itoat emas, yolg‘izlik kerak, hatto o‘zingdan ham ayro yolg‘izlik... Taqdirning tartibli yo‘llarida azal qonuniga bo‘ysunmagan sarkashga jazo muqarrar. Adoqsiz jinoyatlarning “qoldiq”lari atrofda sochilib yotgan, ijtimoiy tengsizlik haddi a’losiga ko‘tarilgan, halollig-u to‘g‘rilik, himmat-u samimiyat – nuqson, olg‘irlig-u tovlamachilik, shaxsiyatparastlig-u kiborlik – fazilat sanalgan jamiyatda hamma aybni yakkash Klayd Grifitsga to‘nkamoq axloq tamoyiliga mos keladimi? Hayotning past-u balandiga ko‘nikib ulgurmagan yoshgina yigitning gunohlari ulkan va qudratli mamlakatning fojiasi sifatida talqin etilishi insofdanmi?.. Bu behuda achinish hissi aralashgan ovoz faqat kitobxonniki, xolos. Yozuvchining maqsad-muddaosi esa cho‘ng mushohadaga chorlovchidir. Qorong‘idan tuyqus chiqqan odam quyosh nurlariga tob berolmaydi, unga ko‘nikmoq uchun vaqt kerak, lekin u zulmatga ham qayta olmaydi. Klayd shunday oraliqda qolib ketgan ixtiyorsiz yo‘lovchidir.
Yozuvchi Teodor Drayzer kitobxonni voqealarning to‘liq ishtirokchisiga aylantirmaydi. Roviy o‘laroq hikoya qiladi, rassom kabi jonli manzaralar chizadi, faylasuf bo‘lib “fojia”ning sabablarini izohlaydi. Sirasi, adib romanda hamma mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Klayd Grifits – tomosha uchun mudom ermak izlaydigan, o‘zgalarning baxtsizligidan rohat topadigan olomonning zaharxanda kulgisi bois ruhiyati majruh bo‘lib ulg‘aygan shaxs. Adib qahramonlari taqdirini oila muhiti bilan bog‘lab talqin qiladi. “Oila boshlig‘i bo‘lgan Eysa Grifits... iste’doddan unchalik yolchimagan va tuturuqsiz odam bo‘lib, o‘z muhiti va diniy aqidalar ta’sirida suyagi qotgan, mustaqil fikr yuritishga noqobil... buning ustiga uzoqni ko‘ra bilish va chapdastlikdan mahrum edi”. Klayd “sezgirligi va xayolparastligi bilan ko‘proq otasiga tortgan”.
Mahdud qarashlar iskanjasida, erk-u hurriyatdan mahrum, turg‘un qoliplar ichida o‘sib-ulg‘aygan odamga hayot kitobining yangi sahifalarini ko‘rsatib, inon-ixtiyorini butkul o‘ziga tashlab qo‘yish – kaltabinlikdir. Tiriklik haqidagi tasavvurlari zaxa yegan bu notavon o‘zi hali tanib ulgurmagan “boshqa dunyo”ga mansub kimsalarning yashash tarzini qanday idrok qilsin?! Yo‘qchilik changalidan chiqib keta olmagan, ehtimol, hayotini o‘zgartirishni o‘zi ham istamaydigan nochor-u g‘arib oilaning odatiy turmushi, otasidan farqli o‘laroq, Klaydda isyon uyg‘otadi. Isyon umid va ishonchga uyg‘un bo‘lsa – durust, ammo alamzadalik va xudparastlikdan kuch olsa – xayrsizdir. Shu ma’noda opa-uka Esta va Klaydning bir-biriga o‘xshash jihatlari bor: yaxshi va yengil hayot orzusi. Ikkisining ham qismatida yaqinlik bor: aldov va aldanish. Ammo Klayd taqdir izmiga jimgina bo‘ysunib, boshqalarning yetoviga tushib, ularning ortidan indamay ko‘nib ketavermaydi. Maktabda qoyillatib o‘qiy olmaydi, tahsilni tashlaydi. Omadini tirikchilikning xilma-xil ko‘chalaridan izlaydi. Yoshligidanoq u ko‘nikkan tor tushunchalar, o‘zi tushunmay to‘tiqushdek to‘xtovsiz takrorlab kelgan duo va iltijolar, asl hayotdan yiroq aqidalar alaloqibat yolg‘on-u fahsh, xiyonat-u g‘irromlikni umri mazmuniga aylantirgan berahm kimsalar orasida yo‘qlikka yuz tutadi. Muhit kuchli, undan oralab o‘tgan har kimga “qozonning qorasi” yuqadi. Klaydning ruhiyatidagi o‘zgarishlar izchil, tadrijiy ko‘rsatiladi.
Hayot ummonining ikki qirg‘og‘i bor: biri hashamat va to‘kinlik, boshqasi xarobot va g‘ariblik. Birida zavq-u muhabbat, o‘zgasida qayg‘u va azob. Klaydni farovon hayotga tashnaligi uchun ayblash insofdan bo‘lmas, ehtimol. U bolalikning og‘riqli xotiralari, o‘ksik o‘tmishining og‘ir zanjirlarini uzib keta olmaydi. Boshida “ko‘ngli xunuk va bema’ni narsalarni ko‘tarmaganidan o‘zini nihoyatda past va gunoh ish qilganday sezardi”. Biroq bora-bora hamma-hammasi allanechuk jozibali, huzurbaxsh kechinmalar uyg‘otadi. To‘g‘ri-da, nafs neniki chiroyli va maftunkor qilib ko‘rsatsa, odam unga mahliyolik hissi bilan boqadi. “Bir nafsning ishini yetmish shayton qilolmaydi”, degan edi Sharq mutafakkiri Nosiruddin Rabg‘uziy. “Amerika fojiasi”da ham Klayd axtargan dunyo dastlab tannoz va hayosiz Gortenziya ko‘rinishida turlanib-tuslanadi. Keyin esa... tasvirlar asta-sekin ayqash-uyqash bo‘lib ketadi.
T.Drayzer axloqiy kamolot va ma’naviy tanazzulda jamiyatning o‘rnini Klayd obrazi misolida yorqin ochib beradi. Uning Roberta bilan ishqiy munosabati, bechora qizning umriga zomin bo‘lishini g‘ayrioddiy hol deyish xato. Robertaning ijtimoiy maqomi ham Klaydnikiga monand. Uyatchan, bosiq va husnda tengsiz bu qizni ham fabrikaga qashshoqlik yetaklab kelgan edi. Orzu-istaklar yo‘lida mashaqqatlardan qo‘rqmaydigan jasur qiz edi Roberta... Klayd-chi? Uning maqsadlari mohiyati bora-bora o‘zgargan, dastlab yo‘qsillikdan qutulish uchun harakat qilgan bo‘lsa, keyin kiborlar davrasi uni tobora maftun qiladi. Yigitning mudhish xatosi ham shu edi.
Buyuk Alisher Navoiy deydiki, “Nafsingg‘a xilof aylakim, ting‘aysen”. Nafsga qarshi borish – o‘z-o‘zingni inkor qilish demak. Klayd o‘zini inkor qiladigan ahvolda emasdi. Robertani esa inon-ixtiyorini begonaning qo‘liga osonlikcha topshirib qo‘yadigan yengiltabiat qiz deb bo‘lmaydi. Muhabbatning sarxush xayollari bu ojizani beixtiyor ehtirosning jo‘shqin, biroq ozorli quchog‘iga yetaklaydi. Klayd esa mavqe, martaba borasidagi orzulari ro‘yobini badavlat-u dongdor Finchlilar oilasining hali bo‘y yetmagan erkatoy qizi Sondra timsolida ko‘radi. Kiborlar olami rasm-rusumlariga ko‘nikayotgan Klayd uchun inson qadrining sariq chaqalik qimmatga loyiq ko‘rilmagani ham kitobxonga endi ajablanarli tuyulmaydi. Boylik va obro‘-e’tibor vasvasasi qalbni ishg‘ol etar ekan, mehr, muhabbat va shafqat tuyg‘ulari xira tortadi. Robertaning suvga g‘arq etilishi, Klaydning buni sovuqqonlarcha kuzatib turishi, jinoyatini yashirishga urinish... Haqiqat yuzaga chiqqach, bu haqda butun Amerika gapiradi, jurnalistlar bong uradi. Ammo Klaydni ulg‘aytirgan muhit, Robertani voyaga yetkazgan sharoit xususida birov o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Haqning insonga in’om etgan inoyatlaridan biri – tavba, tavbaning natijasi – ko‘ngil halovati. Klaydning Mak Millan ta’sirida tavba-tazarruga berilishi ham og‘riqli, ham huzurli. Yoshligida ko‘r-ko‘rona takrorlab yurgan duolar mohiyatini u o‘limga hukm qilingach anglab yetadi. Mana, uning so‘nggi xati: “Xudo dargohiga kirishim uchun menga xalal beradigan birorta ham to‘siq qoldirmadim. Bilaman, gunohlarim kechib yuborilgan, chunki men ma’naviy ustozim bilan vijdonan va ochiq munosabatda bo‘ldim hamda men haqimdagi butun haqiqat Xudoning o‘ziga ayondir. Men o‘z burchimni ado etdim, g‘olib chiqdim”.
Barcha birdek aybdor
Gabriel Garsia Markes. Oshkora qotillik qissasi. Toshkent, 2022.
“Dunyo dunyo bo‘lib yaralibdiki, shuncha ko‘p odam avvaldan bilgan bunday oshkora qotillik rejasini hali birov eshitmagan edi”. Gabriel Garsia Markes “Oshkora qotillik qissasi”da o‘quvchini mavhumot olami aro sayr qildirmaydi, bil’aks, uning toqat-u irodasini sinovdan o‘tkazadi. Asarning shunchaki varaqlab, ko‘z yugurtiribgina o‘qiladigan sahifalari yo‘q – sinchiklab, satrma-satr, so‘zma-so‘z, harfma-harf, hijjalab mutolaa qilinadi bu qissa. Sarlavhada aks etgan masala voqealar rivoji davomida hal etilishi-ku tayin, ammo qissaning epigrafi kitobxonni o‘yga toldiradi: “Takabburlik bilan ham mehr-muhabbat qozonish mumkin”. Portugal adibi Jil Visentedan olingan bu ko‘chirma “Oshkora qotillik qissasi”ning qaysi qahramoniga qaratilgan: Santyago Nasargami, bosh rohibgami yoxud Bayyardo San Romanga?..
Markes asarlarida Lotin Amerikasining bir qadar tushunarsiz, pala-partish – axloqiy yemirilishlar girdobida o‘zini saqlab qolishga uringan turmush tarzi, irodasizlik va e’tiqodsizlikdan yuraklari huvillab qolgan hovliqma odamlarini go‘yo yorqin tasvirlarda – kinotasmalarda tomosha qilgandek bo‘ladi odam. Xuddi bu voqealar biz yashab turgan olamdan ancha uzoqda, butunlay o‘zga bir dunyoda yuz bergandek.
“Oshkora qotillik qissasi”da ham qahramonlar qandaydir begona: tiyiqsiz ehtiroslardan toliqmagan Mariya Alexandrina Servantes; qilmishlarini boshqalar bilib qolib, jinoyat yo‘lidan qaytarishlarini judayam istaganu “erinib”gina qotillikka qo‘l urgan aka-uka Pablo va Pedro Vikariolar; sha’nini oqlash ilinjida umri so‘ngiga qadar o‘zi to‘qigan “aybnoma”ga sodiq qolgan Anxela Vikario; alamzadalik va nafrat alangasida qovrilgan notavon Viktoriya Gusman...
“Adabiyot hayotning o‘zidan ko‘ra hayotiyroq bo‘lishi kerak” deydi ingliz yozuvchisi Jon Golsuorsi. Shundaymikan? Adabiyot – hayot, hayot esa adabiyot emasmi? Ispan adibi Santyago Gamboaning yozishicha, poytaxt bogotaliklar Kolumbiyaning “Oshkora qotillik qissasi” voqealari kechgan Atlantika sohilidagi shaharchalarga mamlakatning eng ovloq hamda qoloq bir qismi sifatida bepisandlik bilan qarardi: “Karib-u ispan, Afrika-yu arab an’analari qorishib ketgan va “korroncho” deya kamsitiluvchi bu mintaqa aholisi tanballig-u sudxo‘rlik, urug‘-aymoqchilik, ichkilikbozlig-u loqaydlik illatlari”dan sira-sira qutula olmasdi.
Qandaydir soxta, yasama qonuniyatlar amal qiladigan bu makonda tizginsiz va bezovta arvohlar kezib yurgandek tuyuladi. O‘ziga bino qo‘ygan, shuhratparast, “xo‘roz tojidan qilingan sho‘rvani yoqtiruvchi” yepiskopni oy-u kun sanab kutadigan odamlarning umidsiz qiyofasi esa yanada ayanchli. Yo‘q, bu odamlarning hammasi ham atrofda yuz berayotgan voqealarni tahlil qila olmaydigan darajada no‘noq va qobiliyatsiz emas. “Hali ko‘rasan, – deydi Santyagoga onasi, – yepiskoping kemadan bir zumga tushishni ham o‘ziga ep ko‘rmaydi. Doimgiday uzoqdan turib duo qiladi-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘ladi. Bu qishloqni ko‘rarga ko‘zi yo‘q uning”. Buni boshqalar bilmaydimi? Biladi, albatta. Unda tong sahardan sohilni to‘ldirib, azbaroyi e’tiqodini bosh rohibga ko‘z-ko‘z qilish va unga bo‘lgan mehr-muhabbatini izhor etish uchun har yili bir xilda tushunarsiz fidoyilik ko‘rsatishning boisi nimada? Santyagoning aytganlari savolga javobdir: “Bularning bari soxta, ammo baribir xayolingni o‘g‘irlayveradi”.
“Menga tayanch nuqtani ko‘rsating, Yerni qo‘zg‘ataman” degan edi Arximed. Zamonaviy shoirlarimizdan biri “E’tiqod – dunyoning tayanch nuqtasi” deb yozadi. E’tiqod nima o‘zi? Ishonch! U bo‘lmagan joyda hamma narsa quruq, yuzaki va havoyilikka evriladi. Olomon o‘zi ko‘r-ko‘rona yaratgan muvaqqat safsatalarga aldanib yashayveradi. Tobora to‘kilib-cho‘kib borayotgan muhitda esa bema’ni odatlar hukmronlik qila boshlaydi. Yakrang hayot tarzi faqat kundalik tartiblarni emas, balki jamiyat axloqiy tamoyillarining chegara, qoliplarini ham belgilab beradi.
Garchi “qattiqqo‘l onasining hushyor nazorati ostida” o‘sgan bo‘lishiga qaramay, Anxela Vikarioning bokira emasligi ma’lum bo‘lgach, yetilib kelgan fojia go‘yo hamma-hammani o‘z domiga tortib ketadi. Bugina emas, ishq-muhabbatning hayotbaxsh qudratidan yiroq, faqat manfaatga ko‘ra bunyod bo‘lgan oilalarda ota-onaning o‘zaro hissiz munosabati farzandlar ruhiyatiga ham ko‘chadi. Shu sababli qissada jo‘shqin va samimiy sevgi rishtalari bilan mustahkam bog‘langan nekbin qahramonlarga duch kelmaymiz. “Anxela Vikario muhabbatsiz erga tegib bo‘larkanmi deganday o‘pkalamoqchi bo‘lgan edi, onasi uning og‘zidan olib, yoqasiga yopishtirdi-qo‘ydi: “Muhabbat deganing to‘ydan keyin ham kelaveradi”.
Boshqalarning xohish-irodasi bilan hisoblashishga o‘rganmagan, kalondimog‘ va xudbin Bayyardo San Roman qizdan rozilik so‘rab ham o‘tirmaydi, faqat qishloqdagi qaysi uy unga yoqishiga qiziqadi, xolos. Uyni esa so‘qqabosh Ksiusni majburlab, holi-joniga qo‘ymay sotib oladi: Anxelaga yoqqani uchungina emas, bu hayotda hamisha eng yaxshi, o‘zgalar havas qiladigan narsalarga ega chiqishga odatlanganini ko‘rsatib qo‘yish uchun... Insonni bu hayotga bog‘lab turadigan muqaddas qadriyatlar bor. Odam agar ulardan ayrilsa, butun borliq ma’no-mohiyatini yo‘qotadi. Ayoli olamdan o‘tgandan keyin Ksius o‘z uyida, yorug‘ xotiralarning farahbaxsh og‘ushida umr kechirardi. Saodatli damlarni yodga solguvchi uy hayot shomida hazin sokinlik ichra o‘zigagina suyanib yashayotgan yolg‘iz chol uchun ayni tiriklikning o‘zi edi. Dunyoni o‘z manfaati qobig‘idan tashqarida tasavvur qila olmaydigan takabbur Bayyardoga esa bular ahamiyatsiz va arzimas bo‘lib tuyuladi. Uyi sotilgach, ikki oy o‘tar-o‘tmas Ksiusning bandalikni bajo keltirishi ham uni zarracha qiziqtirmaydi.
Asarda qotillik yuz bergan kunning tafsilotlari miridan-sirigacha yoritilgan. Atrofda sodir bo‘lajak fojia haqida eshitmagan, bilmagan odam qolmaydi. Hatto Santyagoning o‘zi ham eshitadi bu haqda. Beparvolik, loqaydlik shu darajaga yetganki, yuz berishi muqarrar bo‘lgan qotillikning oldini olishga hech kim harakat qilmaydi. Sevgilisi Flora Migel ham Santyago Nasarni uyiga kiritmaydi. Aka-ukalarning pichoq ko‘tarib yugurib kelayotganini ko‘rgan mushtipar ona o‘g‘lini uyda deb o‘ylab, eshikni tambalab qo‘yadi: “Santyago Nasar eson-omon uyiga kirib olishi uchun atigi bir soniya, balki lahzagina lozim edi, ammo shundoqqina ro‘parasida eshik taqa-taq yopildi...”
Fojiada qissadagi barcha qahramonlar birdek aybdor. Loqaydlik va beparvolik, takabburlik va xudparastlik ildiz otgan jamiyatda insoniylikka o‘rin qolmaydi. Santyagoning qotili, shubhasiz, ana shu yovuz illatlar edi.
* * *
Umuman, har uchala asardagi mudhish odamkushliklar asl qotil – jamiyatning mudhish qiyofasini ochiq-oshkor ko‘rsatadi. Dahshatlisi shundaki, bu ayovsiz qattol dastidan hech kimga, hatto uning o‘ziga ham halovat va omonlik yo‘q. Qurbon qanday jazoga mustahiq etilsa, jallodga ham shu – o‘lim, biriga – jisman, ikkinchisiga – ruhan... “Jinoyat va jazo”da takabbur jamiyatning beshafqat qonunlari, “Amerika fojiasi”da kibor jamiyatning vasvasa-yu dabdabasi, “Oshkora qotillik qissasi”da esa loqayd-u befarq jamiyatning o‘ta sovuqqonligi qurbonlardan avvalroq jallodlarning o‘ziga hukm o‘qiydi.
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Jazo jozibasi” mutolaasi
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q