“Bayroqni kim ko‘taradi?!” – “Yaldo kechasi” mutolaasidan keyingi o‘ylar


Saqlash
17:32 / 01.05.2026 16 0

1

Taqdirparastlikda ayblamang-u, asar o‘z yozguvchisini ham tanlar ekan, aziz mushtariy. Shunday bo‘lmasa, ohanrabo “O‘tkan kunlar”dan beri, mana, rosa yuz yil o‘tdi, so‘z maydonida ne-ne azamatlar ot surmadi... lekin benazir Qodiriyga mansub mungli qissani davom ettirmoq nega birovining-da xayoliga kelmadi? Agar xayoliga kelgan bo‘lsa, nega bu ishga bel bog‘lamadi?

 

“Yaldo kechasi” go‘yoki nasrimizning o‘sha saodatli kezidan beri uzoq yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi... nihoyat, barcha asarlar singari o‘z muallifini topdi. Inson va millat qayg‘usida qalam surgan, Abdulla Qodiriy “panjasiga panja urgan” bu muallif – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultondir.

 

2

“Bu kitob...” deb nomlangan muqaddimani o‘qir ekansiz, o‘ylaysizki, asl san’at asari, u hatto mo‘jaz bir she’r bo‘lsa ham, dastlab bitguvchisining butun borlig‘ini egallar ekan. Joni ichiga sig‘magan buloq suvi zamin tubidan otilib chiqmoqqa yo‘l axtargandek, asar ham ijodkorning jism-u jonida betoqat kezib yurar, sohibini xastahol, parishonxayol qilar ekan. O‘quvchini istilo aylaydigan san’at avval muallifini istilo etar ekan.

 

Iliq yomg‘ir tuproqning zarra-zarrasiga singadi, quyoshdan uzilgan yashillik bildirmay yaproqning butun sathiga yoyiladi, oyning yog‘dulari kulli borliqni to‘ldiradi... So‘z ham so‘zchining qalbini-yu ongini taxminan shunday qamrab olar ekan.

 

Ha, anglashimizcha, mutaassir roman ham avval-boshlab o‘z muallifi ruhiyatini to‘ldirgan. Kecha-yu kunduz u bilan birga yashagan, ba’zan hatto uni “xunob qilgan”. Masalshunos G‘ulomning hazrat Gulxaniy bilan uchrashuvlaridan xabardor o‘quvchiga mana bu hollar g‘aroyib tuyulmas: “Yaldo kechasi” kitobi o‘z muallifi bilan birga ishga borgan, uyga qaytgan, safarlar-u majlislarda hamnafas bo‘lgan. Hayotning rango-rang ovozlariga jimgina quloq tutgan. Musannifining tafakkur o‘ychan aylagan ko‘zlaridan dunyoga boqqan. Tuni bilan sharros yoqqan yomg‘irga, tiniq va ma’yus kuzga, kechalari xazonlar yoqilgan shaharga, adog‘i yo‘q tuproq yo‘lga... Shu taxlit o‘zida kechani va bugunni jamlagan.

 

Bu kitob yana shunday demoqqa-da haq beradi: u kelajak javonlarida ham “O‘tkan kunlar” bilan yonma-yon turajak, inshoolloh.

 

3

Asar “O‘tkan kunlar”ning davomi bo‘ldi. Muallif “ilova” debdi. Menga qolsa, Qodiriyga tazmin, Qodiriy dahosiga ta’zim degan bo‘lardim.

 

“Yaldo kechasi” muallifi mushkul yo‘l tanlagan: o‘zganing, yana kimning deng – betakror Qodiriyning nomidan asar bitmoq! Bu yukni, bu mashaqqatni hatto ahli qalam ham to‘liq his etishi qiyin.

 

Oddiygina qilib “adabiy mistifikatsiya” deyildi, to‘g‘ri. Bu usul ijod tajribasida azaldan bor ekan, bu ham to‘g‘ri. Deylik, farang adibi Prosper Merime bolqonlik oqin bo‘lib Pushkinni ham chalg‘itdi; qariyb o‘zimizniki bo‘lgan Pushkin esa Belkin bo‘lib, Fitrat domla – hind sayyohi bo‘lib yozdi. Lekin tarixan yashab o‘tgan, yozishda o‘z yo‘l va uslubida qat’iy, el aro mashhur adib nomidan qalam surmoq... Zero, bu faqat so‘z-u jumla “mojaro”si emas, o‘shal shaxs bo‘lib o‘ylamoq, uning darajasida yoki undan o‘tib tafakkur qilmoq ham demak-ku. Nechukkim, “kerak sher ollida sher jangi” demishlar.

 

Ha, “Yaldo kechasi” muallifi, Cho‘lpon ta’biri ila aytganda, “zo‘r ishga boshini berib qo‘ygan”ini bilsa-da, “havasida jasorat his etgan”, “qusur va xatolardan cho‘chib o‘ltirmagan”. Illo o‘zligini ham namoyon eta olgan: “Kecha”da “Kunlar”ning ijtimoiy-siyosiy chizig‘i davom ettiriladi. Ul kitobda yurt qayg‘usi sevgi sahifalari ichida ko‘milib yotsa, bul kitobda shuning teskarisi. Qodiriy bobo badiiy xayolga, tasavvurga, to‘qimaga kuch bergan bo‘lsa, izdoshi taxayyulotning nafis libosini hayotning real fakt-u ma’lumotlariga moslab bichgan.

 

“O‘tkan kunlar”ga ilova, jadid bo‘lib yozish, mistifikatsiya, badiiy intriga, Qodiriyning sir saqlash usuli... bular darhol diqqatlarni jalb etdi, asarni nihoyatda jozibador qildi, badiiy kashfiyot darajasiga ko‘tardi (I.G‘afurov).

 

4

“Yaldo kechasi”ni o‘qidim-u xayolimga “Urush va tinchlik” keldi.

 

Lev Tolstoy mutafakkir o‘laroq Rusiya tarixidagi ulkan voqeani oradan yarim asr o‘tib qayta idrok etmoqqa urinadi. Uni urush ro‘y berishining asl sabablari, jamiyat iyerarxiyasining barcha pog‘onalarida turgan odamlarning harb-u zarbga munosabati qiziqtiradi. Adib “soddadil tarixchilar”ning tog‘-tog‘ bitiklarini o‘rganadi, lekin qone’ javob ola bilmaydi. Yakrang sharhlar, egiz fikrlar chorcho‘pidan tashqaridagi nuqtayi nazarlarni axtaradi, ammo topolmaydi.

 

Nima uchun dunyoning u burchagidan kelgan minglarcha odam dunyoning bu burchagida tinchgina yashab yurgan odamlarni o‘ldirishi, g‘orat qilishi hamda o‘zi ham raqib qo‘lida halok bo‘lishi kerak? Bosqinchining jahongirlik istagi uchunmi? Urushni vosita desak, nahotki, shu vahshatni-da oqlaydigan maqsad bor bo‘lsa? Qo‘liga qurol berilganlar-chi, ular o‘ziga o‘xshagan bandalarni o‘ldirishni xohlarmikan? Nahotki, odam bolasi qonli jangi jadallarni – qahramonlik, o‘liklarga to‘lgan maydondagi tantanavor urra-urralarni – g‘alaba deb o‘ylasa?!

 

O‘ttiz besh yoshli adibni ana shunday savollar iztirobga soladi. U urush va bosqinchilik “falsafa”sini o‘z tafakkuri tarozisiga qo‘yadi, urush “insonning aql­idrokiga va tabiatiga sira to‘g‘ri kelmagan voqea” deb xulosa yasaydi.

 

Taassuflarkim, Turkistonning ham jahongir Napoleon urushlaridan qolishmay­digan mahobatli va jarohatli tarixi bor. Unga oid bitiklar, xotiranomayu hujjatlar arxivlarga sig‘ib-sig‘may yotibdi. Moziyning o‘sha qayg‘uli sahnalari qancha­qancha shoiru adiblarga ilhom bermadi, qancha olimlarni chuqur-chuqur o‘ylarga g‘arq etmadi... Taftishu tahlilu talqinlarning katta bosqichi bugun yakunlangandek. Turfa fikr-mulohazalar, bahslar bir maxrajga kelgandek. Ko‘pirgan soylar tiniq tortgandek.

 

Shu manzarada “Yaldo kechasi” muallifi ham xalqning murakkab tarixini o‘z tafakkuri, tajribalari elagidan o‘tkazmoqqa chog‘langan. Kechmish kunlarga oid haqiqatlarni bir kitobga joylab taqdim etmoqqa qasdlangan. “Minglab manbalar qatida tariqdek sochilib yotgan, davrlar shamolida to‘zg‘iy boshlagan... ulug‘ kitob varaqlarini zehniyat ko‘zgusidan o‘tkazib, ularni bir muqova ostida mujassam etish” ishtiyoqida yongan. Uni ham zamon, ham zamonlarga taalluqli nihoyasiz savollar; umuman, insonlik va insonlik jamiyati tuzugi haqidagi o‘ylar, tafakkurning og‘ir muhokamalari o‘z girdobida aylantiradi.

 

5

“Yaldo kechasi”. Tarixning mahzun va sharafli hikoyasi. Zulm va umid qissasi. Mahrumiyat va muyassariyat dostoni.

 

Birma-bir varaqlashga tushasiz. Orzu-havasga mag‘lub bo‘lgan turmushga, kishini xonumonidan judo qiladigan urf-odatlarga o‘t tushsin! Ularning qarshisida aql-u idrok, zakovat sohibi bo‘lgan donishmand kishilar-da yengilib, so‘nggi pushaymon olovida yonadilar (“Voliduka rabbuka”). Urf-odat degani shunchalar mustabidki, hatto shariat qabul qilganni-da qabul qilmas (“Hukmi ilohiy”). Sho‘rochi va bosmachi degan ayrilmalardan ham oldin ayni shu balolar O‘zbek oyim va Otabek timsolida bir oilani ikkiga bo‘lib, fojialarga giriftor etmadimi?!

 

Davom etasiz: hamma musulmonlik da’vo qilsa-yu, musulmonlikdan asar ham bo‘lmasa? Zamon o‘zgargani bilan odam o‘zgarmasa? Har lavhada, har sahfada qullik va xo‘rlik sahnalari. Haqiqat kimlar tarafidaligini bilmay goh u, goh bu tomonga o‘tgan odamlar. Yetimxonadagi qabohatlar. Shu yurt egalarini itga teng ko‘rishlar (“Toshkand va toshkandliklar”). “Azbaroyi qorin to‘ydirish qayg‘usida o‘zining millatdoshiga, din qardoshiga qarshi jang” qilganlar (“Bayroqni kim ko‘taradi?”). Bosqinchilarning, o‘z xon-u amirlarimizning el boshiga solgan ko‘rgiliklari, fitna va o‘yinlar. Turkiston muxtoriyatining alamli mag‘lubiyati...

 

Nabi qizilboshning samovaridagi bangilar haqidagi faslni-ku o‘qimaganim yaxshi edi deysiz! So‘nggi bor (balki so‘nggi bor emasdir?) siyosiy idoraning markaziy binosi darvozasi oldida ko‘rinish bergan Hamdamufga la’nat yog‘dirasiz. Muhabbatda jasoratli Oynisoni esa Ra’noning (“Mehrobdan chayon”) qizimikan deb o‘ylaysiz. Bu orada “Tarjumon”ni o‘qiysiz: “Sakkiz milyon bo‘lgan bu qavmning dunyoviy hojatlarini ado qilurlik va yo‘lboshchi bo‘lurlik birgina xodim va murshidlari-da yo‘q...” Yurtning zabun hollarga tushmog‘iga kim aybdor: avommi, a’yonlarmi (“Chin yetim”)? Yoinki “fikr tanballigi”mi?

 

O‘qiysiz, fikrlaysiz... Yozuvchining xonlar-u amirlar saroyiga dadil “kirib borgan”idan hayratga tushasiz. Asar qahramonlari bugungi dunyo voqealarini ham Sharq otasi kabi kuzatib turgandek tuyuladi. Ular bizni siyosatning kechagi, bugungi, har doimgi o‘yinlaridan ogohlantiradi: “Bu ikki podishoh – ular bir-birlari ila xesh-aqrabo ekanlari ham hazratimg‘a maxfiy ermas – ushbu yo‘sinda zimdan kelishib olg‘anlar. Ya’nikim, Oq podishoh hukumati ingilislarning Hindistondag‘i hukmdorliq siyosatig‘a daxl etmasa, ingilis saltanati ham ularning Turkistonda mo‘ljal qilg‘an istilosig‘a mutlaqo aralashmas. Zero, kichik bir musulmon ulusini deb sohibi dunyo bo‘lg‘an ikki nasroniy davlat bir-biriga qarshi tig‘ ko‘tarmas”; “Na Turkiya, na Ovrupo – hech qaysisi bizni deb o‘z xalqining manfaati va halovatini xatarga qo‘ymas”. “Zimdan kelishib olg‘an”lar kimligini anglagandek bo‘lasiz. Nusratxon to‘raga qo‘shilib faryod chekasiz: “Yo Rabbim, biz musulmonlar yolg‘iz aldanmoq uchunmi dunyoga keldik?!”

 

Bular tarix emas, bugunning hikoyasi ekan deysiz. Insonning ham, millatlar-u davlatlarning ham hayoti tobora o‘yinga aylanib borar, shu o‘yingohda asosiy maqsad – “elimiz, yurtimizni qanday qilib bo‘lsa-da yo‘q bo‘lib ketishdan asrab qolish” ekan, bu faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq ekanini anglaysiz.

 

Varaqlashda davom etasiz: “Asrlar bo‘yi istibdod va zulmat qa’rida tutib kelingan bizim Turkiston kabi mustamlaka o‘lkada jamiyat hayotida eng kichik o‘zgarish yasamoq ham bamisoli zaif bir giyohning metin toshni yorib chiqishi ila barobardir” (“Marg‘ilonda bir najot maktabi”).

 

Shu yerda to‘xtaysiz: biz sharqliklar – buyuk insonlarning avlodi, ulug‘vor tamaddunlarning ijodkori bo‘laturib nega istibdod va zulmat qa’riga tushdik? Bu savolning javobi “Yaldo kechasi”ning sahifalari aro ovozi bot-bot yangragan Fitrat domlaning “Sharq siyosati” asarida berilgani esingizga tushadi: “Sharq o‘zining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmat-u e’tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizg‘a sig‘maydur... Yozuqlar, esizlarkim, Sharq o‘z yo‘linda davom eta olmadi. Madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzulur, totlig‘i yo‘ldan chiqa boshlar. Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berildik, oqchag‘a sotilduk... Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar... Saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yo‘qsulliqning eng teran chuqurig‘a tushdi...”

 

Voajabo, insoniyat dunyosining tuzugi shunchalar ham nozik ekanmiki, tamaddunga erishmoqning o‘zigina yetarli bo‘lmasa? Nahotki, yuksalish ortidan kelgan tinchlik va rohatning bag‘rida xavf yashirin bo‘lsa? Hushyor fikr yuritmaydigan kishi-da, xalq-da taraqqiyot-u tinchlig-u to‘qlik-farovonlik ketidan balolarga yo‘liqsa?..

 

Darvoqe, kecha va kunduz hamisha yonma-yon-ku. Oftob ham qiyomdan so‘ng qonli shafaq sari og‘adi... Bular – Parvardigori olamning ramzlari, o‘zga ravishlar ila bizning holimiz bayon etilgan-ku, nega beparvo bo‘lamiz?

 

6

Yana xayol daryosiga sho‘ng‘iysiz.

 

Jadidlar-u jadid davrining ne bir ohanrabosi borki, nuqul qayrilib ortimizga qarayveramiz, deysiz o‘zingizga. To‘g‘ri, mutaraqqiy dunyo anjumanida hali ham bitta tashrif qog‘ozimiz shu – jadidchilik. Lekin nahotki istibdod ko‘pyuzyillik iztirobimiz bo‘lib qolaveradi?

 

Jadidlarning pirovard maqsadi milliy mustaqillik bo‘lsa, biz unga erishdik-ku – mavzuni yopib, olg‘a yursak bo‘lmasmi? “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik”ku-ya, lekin gap faqat tarixdan ibrat axtarishdami? Saboq chiqarish deymiz-u, lekin... o‘tgan kunlar ustida yosh to‘kmoq yetar endi... “Yaldo kechasi” muallifi ham aynan shularni yozdi – nega? Fikrli odamlar bu romanga nega buncha aks sado berayotirlar?

 

Men tarixchi emasman, lekin o‘ylaymanki, butun moziyimiz mobaynida o‘tgan asr boshlaridagiga o‘xshash davr ko‘rilmagan. Ungacha bo‘lgani – jahongirlar, mutafakkirlar, buyuk shaxslar tarixi edi. O‘tgan asr ibtidosida esa milyonlab odam bir xalq bo‘lib uyg‘ondi. Tafakkur tebrandi. Insonlik haqlari talabi yo‘lida jamiyatning barcha qatlamlari harakatga keldi: “Dunyoning jamiki aziz va bebaho ne’matlaridan ko‘ra o‘lim sharbatini afzal bilgan” jo‘mard yigitlardan tortib “hali yuziga ustara tegmagan bo‘z o‘g‘lonlar, uch-to‘rt farzand otasi bo‘lgan kechagi kosib va dehqonlar, azamat qariyalar”gacha...

 

Bu tarix – xalq tarixi bo‘ldi. Muqaddimadagi mazkur roman “millat farzandlari tomonidan yozildi” degan gap shunga ishora. Agar demokratiyani jaydari qilib boshqaruvda hammaning ishtiroki, raiyatning bilvosita bo‘lsa-da o‘z hayotiga daxldor masalalarni o‘zi hal qilishi, jamiyat hayotini tashkil etishda butun xalqning faolligi desak, bu – Turkistonning zamonaviy demokratiya sari ilk qadami bo‘ldi.

 

Tariximizning biror pallasida bu qadar xilma-xil g‘oyalar, fikrlar, ziddiyatlar, to‘qnashuvlar kuzatilmagandir ehtimol. Roman muallifi aytgan “jadid”, “qadimchi”, “turkchi”, “g‘arbchi”, “islomiy”, “sho‘raviy”...larning bari shu xilma-xillikni ifoda etadi. Avvalgi romanda “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” qalamga olingan bo‘lsa, bunisida bizning millat o‘laroq eng faol, shijoatli kechmishimiz tasvirlanadi. Hatto, qarang, navnihol Suyimagacha haqsizlikka moshinavoriy qarshilik ko‘rsatadi.

 

 “Alvido, Turkiston!” degan jumla bilan kitobni yopasiz. Alvido, Turkiston... Nahotki bu ham ramz bo‘lsa? Shu xil fikrlarga berilib tag‘in chalkashib ketasiz...

 

7

Yana “Urush va tinchlik” xotirga keladi.

 

Darvoqe, har ikki asar olti yil mobaynida yozilgan – bu ham tasodif emasdek.

 

Lekin... nadomatkim, olamshumul Tolstoy o‘z xalqining vatan himoyasidagi shavkatli yillarini hikoya qilmoq qasdida ter to‘kar ekan, ayni o‘sha fursatda (1863–69) chor qo‘shini yurt olmoq, butun-butun xalqlarni qul qilmoq talvasasida Turkiston bo‘ylab izg‘ib yurar edi.

 

Yana nadomatkim, tuzumlar, shohlar, zamonlar almashdi-yu, biroq o‘zgalar ustidan hukm yurgizish iddaosi barham topmadi. “Yaldo kechasi”da Buxoro amiri qahr bilan aytganidek: “Vodarig‘kim, ahli Turkiston bunchalar nodon bo‘lmasa!.. Bu haftafahm bandalar, chamasi, Oq podishoh ag‘darildi, tamom, olam guliston bo‘ldi, deb o‘ylaydilar chog‘i... Gumrohlar, bilmaydilarki, o‘ris imperato‘ri taxtdan tushkani bilan O‘rusiyaning jahongirlik da’vosi taxtdan tushkani yo‘q”.

 

Yana ming nadomatkim, eski talvasa bugun ham goh oshkor, goh pinhon davom etayotir...

 

Odam bolasi qachon o‘zganing yeriga, mulkiga, haqlariga sohib chiqmoq vasvasasidan xalos bo‘ladi? Zamonda – insoniyat tarixining har bir soniyasida, makonda – kichik bir tijorat do‘konidan tortib katta-kichik o‘lkalar qadar shu gap!.. Bu manfur “falsafa” barham topadigan kun kelarmikan?

 

Jahonshumul Tolstoy bilmas ediki, vaqti kelib rus chorizmi “o‘lja” axtargan o‘sha o‘lkalarning birida hujjatlarga asoslangan tarixiy asar yaratiladi. Va unda bosqinchilig-u istibdod tarixining mudhish lavhalari bayon etiladi. Roman sahifalaridan esa qon bo‘lgan yurak sado berib turadi: “Insonlarg‘a insoniyat ber!”

 

8

Kitobning so‘nggi sahifalarini o‘qiyotganimda bomdodgacha birmuncha vaqt bor edi.

 

Halizamon yorug‘lik va zulmatni chegaralab ufqda ko‘ndalang chiziq zohir bo‘ladi. Mumtoz shoirlarimiz ta’biri ila aytsak, osmon o‘z yaqosini chok etadi. Mana shu – tong boshlanganining nishonidir. Ufq qa’riga uzoq tikildim. Zulmat bitmasa-chi, degan ishtiboh oraladi. Yo‘q, bunday o‘ylash Yaratganning nizomiga shak keltirmoq bilan barobar. Hatto mahshar ham tongda sodir bo‘ladi...

 

Siz ham sezgandirsiz, subhi kozib deb nom olgan tongoldi pallasi bandasining ko‘ngli allanechuk bo‘sh, halim bo‘lib qoladi. Odilbek tusi o‘chib ketgan yashil bayroqqa o‘ralib yuztuban qular ekan, ko‘zim jiqqa yoshga to‘ldi... Hazrat Qodiriyning Kumush vafotida yig‘lagani xotirga keldi. “Yaldo kechasi”ni bitgan sevimli adibimiz ham shu joyda ko‘zyoshlarini tiyolmagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim.

 

Ko‘ksimda esa mag‘lub bo‘lganlarning, umid va tug‘idan bo‘lak hech nimasi qolmaganlarning, shul ikkisiga takya qilib olg‘a borayotganlarning savoli qadalib qoldi: bayroqni kim ko‘taradi?!

 

Nodira OFOQ

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Qodiriyga tazmin va ta’zim” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 30.04.2026 0 369
Yerga qo‘nmaydigan qush





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//