Repga aylantirilgan Sherali Joʻrayev ashulasi, chegara oshgan “viyu, viyu” va dunyo boʻylab yangrayotgan “Salam aleykum” – jahon trendiga aylanayotgan oʻzbekcha kontentlar


Saqlash
03:36 / 01.06.2023 2586 1

Virtual olam insonlarning turmush tarzi, tafakkurini bevosita boshqarayotgan ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda yangi kontentlarga muhtojlik ortib bormoqda. Bu esa internetda mavzular turfaligini keltirib chiqarish bilan birga, saviyali va saviyasiz mahsulotlar – qoʻshiqlar, videolar, shou-koʻrsatuvlarning aralashuvi hamda ommalashuviga sabab boʻlyapti. Aslida ayni ehtiyoj azal-azaldan insoniyatda boʻlgan va turli sanʼat asarlarini yaratish bilan bu tashnalik qondirib kelingan. Shuning uchun ham bu holni shunchaki asrdan asrga “mahsulot”ning turi koʻpaydi, deya izohlashimiz mumkin. Aytaylik, 50 yil avval va hozirgi kundagi yagona farq esa globallashuvdagi tezlik. Bugun kimdir videokontentni tarmoqqa joylarkan, oradan soniya ham oʻtmasdan uni dunyoning boshqa bir burchagidan turib koʻrish mumkin, yildan yilga ushbu oraliq vaqt qisqarib, texnik sifat oshib boryapti. Natijada bugun Instagram, Tik Tok yoki You Tube platformasida “trend”ga chiqqan biror video butun dunyo boʻylab koʻrilyapti, bloger, vaynerlar tomonidan qaytarilyapti.

 

Tarmoqlarning ayni shu jihatidan har qanday gʻoyani ommalashtirish, milliylikni targʻib qilish, millatni, mamlakatni tanitish uchun foydalanish mumkin. Misol uchun instagramda “littos” nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger – Asal Saparbayeva ekstremal harakatlarni bajararkan, deyarli har gal milliy libosda koʻrinish beradi. Bu orqali sahifasidagi 2 million foydalanuvchiga milliyligimizning bir boʻlagini namoyish qilyapti, deyish mumkin. Nafaqat Markaziy Osiyo, balki gʻarb mamlakatlaridan kuzatuvchilari, muxlislari bo'lgan “littos”ning milliylik ufurib turuvchi videolari oʻrtacha 500 mingdan 5 milliongacha koʻriladi.

 

 

Dunyo boʻylab yangrayotgan “Salam aleykum”

 

2018-yil Tik Tok butun dunyo boʻylab ommalasha boshlagach, platforma rus, hind, arab va xitoylik tik-tokerlarga toʻlib ketdi. 2019-yildan boshlab oʻzbek yigit-qizlari ham unga kontent tayyorlab joylashtirishni boshladi. Auditoriyasini yoʻqotib qoʻymaslik uchun Instagram 2021-yilda tarmoqqa yangi funksiya – Reels (videokontent) joylashtirish imkoniyatini yaratdi. Bu ijtimoiy tarmoq uchun yangi epoxa edi. Endilikda oʻzbek insta-bloger va tik-tokerlari ham bilib-bilmay butun dunyo boʻylab trendga chiqa boshladi. Natijada xorij internet sferasi oʻzbekcha qoʻshiqlar bilan oʻzbek tilida videolar olishni boshlab yuborishdi. Masalan, Azzamchik taxallusi bilan faoliyat yurituvchi blogerning Instagramda 13 million, You tube sahifasida esa 3,5 million marta koʻrilgan “Salam aleykum” qoʻshigʻi barcha platformalarda haqiqiy global trendga aylandi. Unga olingan videolar soni 200 mingdan oshib ketdi. Qoʻshiq matni esa turli tillarga tarjima ham qilinmoqda. Trendga qoʻshilganlar orasida Gollivud aktyori va modellarini ham koʻrish mumkin. Ijodkorning aytishicha, 15 daqiqada yozilgan ashulaga olingan videolarning ijtimoiy tarmoqlardagi koʻruvi umumiy hisobda 900 millionga yaqinlashgan.

  

 

Asli fargʻonalik xonanda Azamxonning qoʻshigʻi shu qadar keng tarqaldiki, u haqida xorij OAV ida ham yozildi. Masalan, Turkiya saytlaridan biri, "Azzamchik kimdir? Azzamchik nerelidir?” sarlavhali maqola eʼlon qilib, uni oʻquvchilariga tanishtirdi.

 

 

 

 

DJlar oʻrtasidagi mashhurlikka erishayotgan “Setora”

 

Oʻtgan mavsumda Boilerroomtv onlayn platformasining instagramdagi rasmiy sahifasida afsonaviy “Setora” guruhining “Borsan” ashulasiga ishlangan remix haftaning eng yaxshi kompozitsiyasi sifatida gʻalaba qozondi. Ushbu platforma butun dunyoda yosh DJlar oʻrtasida qoʻshiqlarga ishlangan eng yaxshi remikslar tanlovini oʻtkazishi bilan mashhur. “Setora”ning ashulasiga ishlangan remiks esa 3 milliondan oshiq koʻrilgan va statistikaga qaraganda, koʻrishlarda oʻzbekistonlik obunachilarning ulushi 10%ni ham tashkil etmagan.

 

 

 

Repga aylangan “Ohujon”

 

"Kolo.24" taxallusi bilan ijod qiluvchi bloger koʻpincha turli xalqlarning qoʻshiqlaridan rep uchun musiqalar yaratadi. U avvaliga Nasiba Abdullayevaning, keyinchalik Nuriddin Hamroqulovning “Ohujon” qoʻshigʻining musiqasidan foydalanib, rep yozdi. “Oʻzbek musiqasi rep yaratish uchun ideal”, deya izoh bergan bloger yaqinda oʻzbek sanʼatining katta dargʻasi Sherali Joʻrayev ashulasini remeyk qilib, inglizcha kuyladi.

 

 

“Bu hech nima bermaydi, nosning kayfidek kayf”

 

Ijtimoiy tarmoqlarda soʻnggi vaqtda trendga chiqayotgan aksar videolarning asosini yurtdoshlarimizning qiziqarli intervyulari, memlarga aylanib borayotgan holatlari tashkil qilmoqda. Va bunda “Arabboyev”, “Beki” taxalluslari bilan ijod qiladigan DJlar ham hissa qoʻshishmoqda. Gap shundaki, ushbu ijodkorlar baʼzi noodatiy, qiziqarli videolarni ohangga solib, qisqa treklar yaratishmoqda. Oxirgi vaqtda tarmoqlarda keng tarqalgan koʻpkari haqida bildirilgan fikr – “Bu hech nima bermaydi, nosning kayfidek kayf” yoki intervyu berayotgan ayolning “Mashina viyu viyu dedi” deb boshlanuvchi videolari aynan shu ikki blogerning trekidan keyin yanayam ommalashib ketdi. Va hatto bu trendga qoʻshni mamlakat blogerlari ham qoʻshilganini koʻrish mumkin.

 

 

Quvonarlisi soʻnggi paytlarda bloger va vaynerlar gʻarb ashulalari va trendlaridan sekin-astalik bilan voz kechib, milliy sanʼatimiz, musiqalarimizni, oʻzbekona qadriyatlarimizni targʻib qilishga, oʻzbekcha kontent yaratishga koʻproq eʼtibor qaratishmoqda. Jahon internet sferasi oʻzlaridan koʻchirilgan harakatlar emas, balki boshqa bir mamlakatga tegishli boʻlgan yangilikni katta qiziqish bilan kutib olishini anglab yetishyapti, nazarimda. Ayni shu jarayonda ular bilan hamkorlik qilish, mavzular saviyasi borasida koʻmaklashish yaxshi natija berishi mumkin. Chunki bugungi globallashuv imkoniyatlar daraxtiga oʻxshaydi – undan toʻgʻri va maqsadli yoʻlda foydalanib hosil olish ham, tag-tugi bilan kesib tashlash yoki turli kimyoviy moddalar bilan sugʻorib zaharga aylantirish ham mumkin. Tanlov esa doim oʻz qoʻlimizda boʻladi.

 

Ilhom ISMATULLAYEV

 

1 Izoh

Aziza

12:01 / 01.01.1970

Ijtimoiy tarmoqda kontent yaratayotgan asosiy qatlam - yoshlar. Tik Tok, Instagram haqida gap ketsa, trendlarni bemazmun, taqdim etuvchilarni saviyasizlikka chiqarishadi. Maqolada holat pazitiv yoritilgan 🙌

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 85
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 272
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//