Adabiyot
Har bir davrning trenddagi iboralari, mashhur jumlalari boʻladi. Bu tabiiy. Masalan, avvallari qaysidir kitob yoki filmlarda ishlatilgan iboralar odamlarning soʻzlashuviga faol tarzda kirib kelgan:
- “Margʻilonda shunday kelinimiz bor ekan-u, bilmagan ekanmiz”;
- “Xoʻsh, innan keyin-chi...”;
- “Erkak kishi xotinning yaxshi-yomonligini qagʻdan bilsin?!”;
- “Choy, choy, namuncha koʻp choy ichishadi bular?!”...
Endi tasavvurimizni bugungi kunga sozlaymiz. Hozir butun dunyo bizning mittigina telefonimizga joylashib olgan. Bu yerda trendlar tez-tez yangilanib turadi. Mualliflar esa kino yoki asar qahramonlari emas, yon-atrofimizdagi yurtdoshlarimiz... Oyina.uz kolumnisti Sirojiddin RUSTAMOV soʻnggi yillarda internetda mashhurlikka erishgan iboralar, ularning qisqacha tarixi va mualliflari haqida material tayyorladi.
“Biz bilgandik, biz kutgandik”
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Ruxsora Masharipova bu jumlani yurtimizdagi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi intervyusida qoʻllagan. Keyinchalik intervyuning bir qismi ommaga tarqalib, turli muhokama va tanqidlarga sabab boʻlgan. Ibora shu qadar mashhurlikka erishdiki, odamlar kutilmagan yoki qovun tushirilgan voqealarda beixtiyor shu gapni qoʻllay boshlashdi.
Keling, endi ibora muallifiga toʻxtalamiz. Asli urganchlik boʻlgan bu yurtdoshimiz Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini namunali tarzda yakunlagan. Hozirda Bugun.uz yangiliklar saytining videobloglarida koʻrinish berayotganidan maʼlumki, Ruxsora jurnalistika sohasida karyerasini davom ettirmoqda.
Otashin intervyusi bilan bogʻliq savollarga javoban shunday deydi: “Jamiyat bizni shunday tarbiyaladi, joʻshqin nutqlarni vaqtida hamma olqishladi, hech kim notoʻgʻri demadi… Keyin bu mening xarakterimga singidi… Men shunday ulgʻaydim, hayotni goʻzal va oq ranglardan iborat deb oʻylaganman… Lekin oxirgi voqealar xarakterim va xulosalarimni oʻzgartirdi. Hayotga real qarashni oʻrgandim…”
Hozirda Ruxsora Masharipova mualliflik qilayotgan videobloglarning aksariyati tanqidiy-tahliliy ruhda, demak, “Biz bilgandik, biz kutgandik” iborasi ortidagi tanqidlar uni chindan ham oʻzgartira oldi.
“Dunyo sening togʻangmas”
Soʻnggi bir yilda ishi yurishmaganlar, rejasi amalga oshmaganlar yoki katta sinov oldida turgan odamlarga qarata “Dunyo sening togʻangmas” deydiganlar koʻpaydi. Bu yumorga yoʻgʻrilgan motivatsion iboraning kelib chiqishi Java taxallusi bilan tanilgan Javohir Abduxoliqovga borib taqaladi.
Jizzax viloyatida tugʻilgan xonandaning “Dunyo sening togʻangmas” degan taronasi omma orasida tez tarqaldi. Javaning nafaqat qoʻshigʻi, balki tashqi koʻrinishi ham noodatiy edi: u har doim oq niqobda koʻrinish berdi. Xonanda bunday imij sababini ochiqlamagan, lekin muxlislardan shunchaki piar deb qabul qilmasliklarini soʻragan. Aslini olganda, qoʻshiq ham, tashqi koʻrinish ham yaxshigina piar boʻla oldi.
Voqeaning intrigali davomi ham tomoshabinlarni uzoq kuttirmadi. Bir muddat oʻtgach, qoʻshiq xonandaning platformalaridan oʻchirildi. Maʼlum boʻlishicha, ijrochi va musiqa muallifi oʻrtasida tushunmovchilik kelib chiqqan. Lekin bu qoʻshiq va aynan “Dunyo sening togʻangmas” iborasi allaqachon Java nomi bilan ommalashib boʻlgan edi.
“Lolitto, kuyib oʻl, dushman”
Bir necha oy oldin sodda kelinning oʻz onasiga yuborgan videoxabari internetda tarqalib ketdi. Maʼlum boʻlishicha, kelin yangi oilasidan, yangi uyidagi sharoitlaridan mamnun va bu haqida onasiga maqtanyapti. Qizgʻin muhokamalarni keltirib chiqargan videodagi “Lolitto, kuyib oʻl, dushman” jumlasi odamlar leksikoniga kirib bordi. Koʻplab yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida, insta-vaynlarda va hattoki mahsulot reklamalarida bu iboradan foydalanishdi.
Yarim hazil, yarim chin maʼnoda aytilgan ibora tarixi esa u qadar kulgili emas. Videoda koʻrinish bergan kelin sirdaryolik Maftuna Abduraupova boʻlib, oʻzining aytishicha, Lolitto uning amakivachchasi va birinchi turmushi aynan shu qiz sababli buzilgan. Alamzada kayfiyatdagi ayol videoxabarda Lolittoga murojaat etib, unga oʻzini baxtli koʻrsatishga uringan.
Tarqalgan video va oʻsha mashhur ibora egasiga mashhurlik olib keldi va Maftuna Abduraupova allaqachon blogerlik faoliyatini ham boshlab yuborgan.
“Men Tursunxonman, sogʻ boʻlasla”
Ijodkorlar mashhurlikka erishish, oʻzini piar qilish uchun koʻp vaqt, mehnat va mablagʻ sarflaydi. Lekin havaskorona video hamda ikki ogʻiz gap bilan ham shuhrat qozonish mumkin ekan. Buni Tursunxon, aniqrogʻi, 14 yoshli Tursunmurod Abdullayev isbotladi deyish mumkin.
Maʼlum boʻlishicha, uning burnida muammosi bor, bu esa soʻzlarni aniq talaffuz qilishiga biroz xalaqit beradi. Shunga qaramay, “Men Tursunxonman, sogʻ boʻlasla” iborasining muallifini bugun instagramda 70 mingga yaqin obunachi kuzatadi.
Avvaliga masxaraomuz talqinlar bilan muhokama markazida boʻlgan video kutilmagan darajada trendga chiqdi. Natijada koʻplab yurtdoshlarimiz biror muhim fikr yoki izohi soʻngida “Sogʻ boʻlasla” deyishni odat qilishdi.
“Yangi Oʻzbekiston strategiyasi”
Soʻnggi yillarda yurtimizda roʻy berayotgan voqealarga ham tahliliy, ham tanqidiy ruhda qarash tendensiyaga aylandi. Shunday atmosferada boʻrttirilgan sharaf va madhbozlik odamlarning gʻashiga tega boshladi. Biroq “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi”, “Mahallabay ishlash tizimi” nomli sheʼrlari bilan internet “yulduz”iga aylangan Jamshidbek Botirov real munosabatlarga umuman parvo qilgani yoʻq. Oʻz sheʼrlarini qayta va qayta turli davralarda oʻqiyverdi. Natijada eʼtiroz va eʼtibor darajasi yuqorilab, muallifni mashhurlikka chiqarib qoʻydi. Bir nechta kitoblari nashr etilgan Jamshidbek asli Fargʻona viloyatida tugʻilgan va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Satirik munosabatlar va tanqidlarga qaramay ijodkor qogʻoz qoralashda davom etmoqda.
“Oʻzbekiston tengdir Oʻzbekistonga!”
Baʼzi yurtdoshlarimiz qandaydir maishiy muammolarga duch kelishsa, sarkazm bilan “Oʻzbekiston tengdir Oʻzbekistonga” deb qoʻyishadi. Bu jumla qatidagi maʼnolarni istalgancha sharhlash mumkin. Maqsadimiz bu emas. Shunchaki mashhur iborani aytishga aytib qoʻyib, oʻzi kamera va mikrofonlardan qochib yurgan Hakimbek bilan tanishib qoʻyaylik.
Internetdagi izohlardan maʼlum boʻlishicha, videodagi “shoir” Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida istiqomat qiladi. Asosan ustachilik bilan shugʻullanadi, doʻstlari davrasida qoʻshiq xirgoyi qilib turadi. Chapani va hazilkash bu yigit ishtirokidagi video 2020-yili tasvirga olingan. Biroz muddat oʻtib tarqalib ketgan.
Muallifning oxirgi videolaridan bilish mumkinki, Hakimbek bu chiqishidan xijolatda. Demak, inson oʻzi istamagan holda ham mashhurlikka erishishi mumkin.
“Suvning taʼmi muz bilan...”
Karantin davri ibratli, qiziqarli va dilni xira qiluvchi koʻplab voqealar bilan yodda qoldi. Butun xalqimiz yangi sharoitlarga moslashishga harakat qildi. Oʻsha payti ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mashgʻulot uchun rolik tayyorlayotgan tarbiyachi qoʻqqisdan oʻz farzandlarini haqoratlagani aks etgan videolavha tarqalgandi.
Tasvirdagi ayol Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 7-maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Hilola Nurmatova ekani tezda maʼlum boʻldi. Uning uy sharoitida tasvirga olgan video darsi adashmovchilik oqibatida MTT telegram guruhiga joylangan va tezda oʻchirib tashlangan. Lekin rolik oradan oʻn bir kun oʻtib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Aslida lavhadagi haqoratomuz ibora koʻproq mashhur boʻlgan, biroq “Suvning taʼmi muz bilan” jumlasi ham ana shu maʼnoni ifodalay boshladi (qaysi ibora haqida gap ketayotganini bildingiz-ku, yozishimiz shartmi?!) Shu-shu, chin dildan qilingan mehnat qadrlanmasa yoki ayni avjida kimdir xalaqit bersa, “Suvning taʼmi muz bilan” deydigan, namanganlik bogʻcha opani eslaydiganlar koʻpaydi.
“Er oʻzi nimaga kerak?”
Keyingi paytda trend iboralarga mualliflik qilishda psixologlar faollik koʻrsatishdi. Ayniqsa, “Er oʻzi nimaga kerak?” savoli bilan koʻpchilikning eʼtiroziga sabab boʻlgan Nargiza Sattorova ancha vaqt muhokamalardan tushmadi. Muallif bu iboraning kontekstdan yulib olinganini tushuntirishga har qancha urinmasin, baribir odamlarning “negativ” tugmachasi oʻchgani yoʻq.
Asli samarqandlik boʻlgan mutaxassis yirik psixologik markaziga ega. Bir qancha videoloyihalari ham bor, OAVda tez-tez chiqish qilib turadi. Oxirgi voqealar oqibatida mashhurlikka erishgan boʻlsa-da, muayyan qatlamdagi odamlarning ishonchini yoʻqotib qoʻydi. Baʼzan trendga chiqish ham insonning oyogʻidan tortib turuvchi tushovga aylanishi hech gap emas.
Nargiza Sattorova tajribali psixolog, shu bois tushkunlikka tushib qolgani yoʻq (yuqoridagi ayrim “mualliflar” trendga chiqib ketish oqibatida ogʻir ruhiy holatni boshdan oʻtkazganlar).
Eʼtibor beradigan boʻlsak, quyidagi xususiyatlarga ega jumlalar mashhurlikka erishgan:
- Yumorga yoʻgʻrilgan iboralar;
- noqulay vaziyatlarda aytilgan soʻzlar;
- ijtimoiy muammolarni ifodalovchi gaplar;
- mantiqsiz va haqiqatga zid jumlalar;
- inson hissiyotini va nafratini qoʻzgʻovchi iboralar.
Koʻpchilik virtual hayotda emotsiyaga erk beradi va beixtiyor ravishda qaysidir iboralarning ommalashishiga hissa qoʻshadi. Eʼtiborli tarafi, ularning aksariyati atayin trendga chiqishni maqsad qilmagan va videolarning effektidan oʻzlari ham hayron qolgan.
Maqolamiz yakunida ikki xulosani ilgari surish mumkin: 1) trendga chiqmoqchi boʻlsangiz, chuqurlashish shart emas; 2) oʻynab gapirsangiz ham oʻylab gapiring.
“Internetdagi trend iboralar sharhi” mavzusidagi materialning birinchi qismiga shu yerda yakun yasaymiz va bu mavzuga yana qaytamiz.
Sirojiddin RUSTAMOV.
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
3 Izohlar
Dilnoza
12:01 / 01.01.1970
Ajoyib. Maqolani maroq va yuzimda kulgu bilan o'qib chiqdim.
Shahboz
12:01 / 01.01.1970
Sirojiddin ajoyib maqola. Ijodingizga omad👏👏👏👏👏
Dadaxon
12:01 / 01.01.1970
Xa oʻzimizn7ng oddiyligimizdan qoʻymasin allambalo TikTok Instagram trendlar Qizlar bn yigitlardan tashkil topgan house 🏠 lardan koʻra eshitib yuzga tabassum ulashuvchi millatimizning chapani insonlari borligidan faxrlanish kk menimcha Toʻgʻri hammasi ahmoqona tuyulishi mumkin ammo xammasi xalq dardi odamlarning hayotidan namumadir "Sogʻ bolasla"