Oʻrta asrlarning Gʻarb va Sharqni bogʻlagan eng yorqin maʼnaviy koʻpriklaridan biri – venetsiyalik sayyoh Marko Poloning xotiralaridir. 1254-yili tugʻilgan zakovatli bu italyan savdogari nafaqat tijorat yoʻllarini, balki insoniyat tarixidagi eng hayratomuz sivilizatsiyalarni kashf etdi. Uning XIII asrda Turonga qilgan sayohati shunchaki quruq maʼlumotlar toʻplami emas, balki oʻsha davr ruhini, sadosini va jozibasini bugungi avlodga yetkazuvchi jonli tarixdir.
Pololar oilasining Sharq sari intilishiga nafaqat zargarlik va toʻqimachilik savdosi, balki yuksak diplomatik missiya ham sabab boʻlgan edi. 1266-yili buyuk moʻgʻul xoqoni Qubilayxon (1210–1294) Nikolo va Matteo Pololarni qabul qilar ekan, Rim papasiga imperatorlikka nasroniy peshvolarini yuborish va Iso Masih qabridan muqaddas moy keltirish oʻtinch qilingan maktubni topshiradi. Shu tariqa, yosh Marko oʻz yaqinlari bilan birga Ipak yoʻli boʻylab Elxoniylar davlati, Eron va Turkistonning cheksiz tekisliklari, vahimali togʻlari-yu qaqragan sahrolari osha uzoq yillik safarga otlanadi. Ular dastlab Ormuz orqali dengiz yoʻlini rejalashtirgan boʻlsalar-da, kema nosozligi sababli yoʻnalishni quruqlik orqali – Turon ichkarisiga oʻzgartiradilar.
Sayyoh Turon tabiatini tasvirlar ekan, ziddiyatlarga boy manzaralarni chizadi. Xuroson dashtlaridagi suv tanqisligi, nafasni boʻgʻuvchi issiq va odamni yutib yuborguvchi quyuq qumlar yoʻlovchini kutayotgan ilk sinovlar ekanini ta’kidlaydi. Biroq, yoʻl uni Badaxshon va Pomir sari boshlaganda, manzara tubdan oʻzgaradi. Marko Badaxshonning shifobaxsh havosini koʻkka koʻtarib: “Hatto eng ogʻir xastalar ham bu togʻlar havosidan najot topadi”, deb yozadi. U bu yerning mahobatli lallari (balas yoqutlari) va makedoniyalik Aleksandr (mil. avv. 356–323) zotidan tarqalgan, oʻzining chopqirligi va goʻzalligi bilan ajralib turuvchi tulporlari haqida toʻlqinlanib soʻzlaydi.
Pomir – “Dunyo tomi” esa uni oʻzining vahimali goʻzalligi bilan lol qoldirdi. Oʻn ikki kunlik masofaga choʻzilgan bu keng tekislikda havo shunchalik siyrak edi-ki, Marko olovning pastdagi kabi issiq emasligini, uning rangi boshqachaligi va ovqat pishirish qiyinligini sinchkovlik bilan qayd etadi. Bu yerda u keyinchalik oʻz nomi bilan ataladigan, yuksak choʻqqilarda yashovchi ulkan yovvoyi qoʻylarni (Ovis Ammon Poli) uchratadi. Pomirning qahraton sovugʻida na bir uchayotgan qush, na bir tirik jon koʻzga tashlanardi. Vodiy esa borgan sari tik qiyali doralarga aylanib, sayyohni Turkistonning gavjum shaharlari sari yetaklardi.
Marko Polo xotiralarida Turonning eng goʻzal shahri sifatida “Sonmarkan” (Samarqand) gavdalanadi. U shaharni “oliyjanob va buyuk” deb taʼriflab, unda behisob bogʻlar va yer yuzidagi barcha turdagi mevalar mavjudligini yozadi. Sayyoh Samarqanddagi diniy bagʻrikenglikni alohida eʼtirof etadi: shaharda musulmonlar va nasroniylar bir-biriga nisbatan yuksak toqat bilan yashashgan. U hatto bir moʻjizani – cherkov qurishda musulmonlardan olingan ustun-tosh olib tashlanganda ham, gumbazning moʻjizaviy tarzda muallaq turib qolganini hayrat bilan bayon qiladi.
Buxoro haqida soʻz ketganda, Marko uni Fors shaharlaridan-da yuksak qoʻyadi. U mamlakatni Baroqxon boshqarayotganini qayd etadi va Amudaryoni “Jon” hamda “Geyjon” nomlari bilan atab, uning suvlari “Gleveshelan” (Kaspiy-Gilon) dengiziga quyilishini yozadi.
Sayyoh Turon xalqinining “dunyodagi eng goʻzal gilamlarni toʻqishi”ga tan beradi. Shimoliy hududlarda yashovchi koʻchmanchilarning aylana shaklidagi, kigizli oʻtovlari hamda ularning aravalarda tashiladigan qulay konstruksiyasi yevropalik sayyoh uchun gʻoyat yangilik edi. U uylarning kirish qismi hamisha janubga qaratilganini ham payqagan.
“Karkon” (Fargʻona) aholisining sanʼat va hunarmandchilikdagi mahorati, paxtadan tikilgan kiyimlari va motam marosimlarida xitoyliklardan farqli oʻlaroq qora libos kiyishlari uning diqqatidan chetda qolmaydi. Koshgʻar va Xoʻtan hududlarida esa daryolardan olinadigan nefrit (yashma) toshlari va ipak savdosi gullab-yashnagan. Shu bilan birga, Marko Turkistonning sharqiy chekkalaridagi bir gʻalati odatni yozib qoldirgan: agar erkak kishi safarga chiqib, 20 kundan ortiq darak bermasa, ayol kishi boshqa erga tegish huquqiga ega boʻlgan. Loʻbnoʻr (Lop Nor) choʻllaridagi gʻoyibdan keluvchi va yoʻlovchilarni adashtiruvchi, goʻyo ruhlar chaqirayotgandek tuyuluvchi sirli sado-yu tovushlar esa asarga mistik joziba bagʻishlaydi.
Marko Polo asari nafaqat geografiya, balki Turonlik siymolarning jahon siyosatidagi oʻrni haqida ham soʻzlaydi. U Qubilayxonning eng nufuzli vaziri – asli Buxoro yoki Fanokatdan boʻlgan, saltanat moliyasini boshqargan Ahmad haqida batafsil toʻxtaladi. Shuningdek, 122-bobda buxorolik sarkarda Nasradinning (Nasriddin) jasorati tasvirlanadi. U 12 ming otliq askari bilan Myanma (Birma) qirolining jangovar fillariga qarshi kurashda mahorat koʻrsatib, oʻzining harbiy taktikasi bilan gʻalabaga erishadi. Poloning yozishicha, bu gʻalaba Turon jangchilarining naqadar mohir ekanligini isbotlagan.
Bugungi kunda Parij milliy kutubxonasida 1116-son ostida saqlanayotgan ushbu qoʻlyozma – shunchaki sarguzasht emas, balki Yevropaning Sharqqa boʻlgan qarashini oʻzgartirgan inqilobiy asardir. Maʼlumki, Xristofor Kolumb yangi dunyoga yoʻl izlaganida aynan Poloning bitiklaridan asosiy maʼlumotnoma sifatida foydalangan. Ingliz tarixchisi Henry Yule taʼkidlaganidek: “Polo – butun Osiyoni kezib chiqqan, “pardali” Xitoyning yuzini ochgan va Osiyo, Java, Seylongacha boʻlgan sirli oʻlkalarni dunyoga tanitgan buyuk sayyohlardan biridir”.
Marko Poloning hayratga toʻla satrlarida muhrlangan Turon – bu qudratli, madaniyatli, boy va bagʻrikeng bir oʻlka sifatida tarix sahifalarida mangu qoldi. Uning qalamiga mansub “Dunyo xilma-xilligi haqidagi kitob” hamon insoniyatni moziyning sirli yoʻllariga chorlab kelmoqda.
Zafar SHAMSIDDINOV,
tadqiqotchi
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q