2000-yilda Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida bir guruh gʻalamislarning yoʻli toʻsilgani hanuz el xotirasidan oʻchgani yoʻq. Kishtut archazorlarida tun-u kun davom etgan toʻqnashuvlarda jon olib, jon berildi. Oʻnlab dushman kuchlari yoʻq qilindi. Oʻsha mudhish voqea millatimizning bir qancha norgʻul yigitlarini ham olib ketdi. Ular xalq ichida doston boʻldi va mudom yod etilmoqda.
…Yigirmaga ham toʻlmagan, yoshligi, kuch-gʻayrati joʻsh urgan navqiron yigitlar yuragida Vatan degan muqaddas tushuncha bilan yashardi. Elomon Otajonov ham ular orasida edi. Ha, oʻsha sirdaryolik yigit. U haqida eshitganim bor: boʻychan, javonmard, toʻgʻrisoʻz. Ismini aytmaysizmi, xuddi elning omonligini asraguvchi kabi – Elomon. Koʻngilni tuyqus oʻrtab yuboradi. Negadir bu yigitni safdoshlari oʻzgacha xotirlashadi. Birda quvnab soʻzlasa, birda koʻzlariga yosh keladi. Garchi bugun quroldoshlarining yoshi 40 dan oshgan, oq-u ajin oralab qolgan. Elomon esa hamon 22 yoshli yigitcha.
***
Xotira albomini koʻzdan kechiraman. Yigitchaning qarashlari magʻrur, nigohlari tinchliksevar edi. Mashhur shoir yozgan bitiklar koʻz oldimda gavdalandi: Jang. Tun qorasida – qalin daraxtlar ichra hamma vujudini oʻqdan berkitib yotar edi. Shu kez bir jangchi shart oʻrnidan turib, baralla hayqiradi. Uning holatiga boqing:
Dunyo qotdi beshamollikda.
Hayot... battar tortmasin deb dim,
Bosh kutardim okopdan tikka:
– Hammangizni, dushman, kechirdim!
Elomon oʻsha yigit emasmikan, deb oʻylab qolaman.
Bolaqalb
Elomon Otajonov 1978-yilning 17-sentyabrida Sirdaryo tuprogʻida tugʻildi. Otasi Xolmurod aka Otajonov oddiy dehqon edi. Onasi Yanglish opa esa sovxozda ishchi, bogʻchada tarbiyachi boʻlib 30 yildan ortiq ishladi.
Elomon 1996-yilda 2-umumtaʼlim maktabini tamomladi. Oʻquvchilik paytlari jismoniy tarbiya mashgʻulotlarida birinchi edi. Sport bellashuvlari uningsiz oʻtmasdi hisob. Fursat oʻtib, oliygohga topshirdi, biroz ball yetmadi. Soʻngra mexanik haydovchilar tayyorlash kursida oʻqidi. Bir kuni u uydagilariga sezdirmay, tuman mudofaa ishlari boʻlimiga armiyaga joʻnatishlarini soʻrab ariza yozdi. Koʻngliga solgan ekan, ketadigan boʻldi. Ilk maktubini esa harbiy qasamyod qabul qilgan kuni toʻlqinlanib-toʻlqinlanib yozdi.
***
Elomon tugʻilib oʻsgan qishloq bugun uning nomi bilan ataladi. Moʻjaz hovlida qahramonning ota-onasi, u bilan jangda qon kechgan 2-3 nafar quroldoshi jam boʻldik. Hovli behi, anor, olma va turli daraxtlarga toʻla. Dehqonning yerida baribir. Ota quyuq hol soʻraydi, aya esa sogʻingan koʻzlari bilan nimanidir qidiradi. Bir dasturxon atrofidamiz. Magʻrur yigit suratlari qoʻldan-qoʻlga oʻtib yuradi.
***
Darvoqe, shoirning oʻsha qahramoni keyin nima qilgan edi-ya? Ha, esladim. U panalarda tish-tirnogʻigacha qurollanib yotgan dushman koʻz oldida tik turar edi:
Mehr-u shafqat shamoli esdi,
Gʻash arigan mening koʻnglimdan.
Kechirdim-u men baland oʻsdim,
Qurolni ham otdim qoʻlimdan.
Xayolimda Elomon oʻsha yigit singari koʻkrak kerib turibdi. Bu uning notinch dunyoga, nizolarga, adovatlarga qarata koʻtargan isyoni edi. Unga nima boʻlganini bilsangiz edi...
***
Quroldosh doʻstlarning xotiralari eslagan sayin tiniqlashib, jonlanib boradi. Ularning bari Elomonni oʻz voqealari bilan eslaydi.
Kichik serjant Otabek Roʻziyev: – 1999-yilning bahori edi. Yangi kelganlar ichida sirdaryolik yigitlar ham borligini aytishdi. Ismini eshitdim-u, izlagan kishi boʻldim.
– Elomon kim?
– Men boʻlaman, – dedi boʻydor, qoshlari qalin, sport bilan yaxshigina shugʻullangan yigitcha. Fargʻonadan – 15-brigadadan kelgan ekan. Bir tuproq farzandimiz, tezda chiqishib ketdik. Batalyonimiz bir, ammo otryadimiz boshqa-boshqa edi. Vaqti-vaqti bilan koʻrishib turdik.
...Sariosiyo va Uzunga ham birga yoʻl oldik. Biz pistirmada, Elomonlar esa tozalash ishlari bilan shugʻullandi. Ular dushmanni qisib borib, pistirmaga tushirishi kerak edi. Xullas, rahmatli otryadning “koʻz”i boʻlib yurdi. Xavfni eng birinchi ular qarshi oldi.
***
Ularni diqqat bilan eshitdim. Elomon va ikki quroldoshiga Kishtut panagohlarida berkingan dushmanlarni topib, yakson qilish vazifasi yuklatiladi. Oʻshanda gʻalamislarning ini yanchilgan, har yerda hushyor payt poylab yotar edi. Biznikilar esa yerga engashib borar, oldinda nimalar roʻy berishi yolgʻiz Oʻziga ayon edi.
...Nogoh ketma-ket qarsillagan oʻq tovushi Elomonni qulatdi. Keyin Doniyor yer bagʻirladi. Sal narida esa Yunus...
Dushman ulardan qutilganini sezganday voqea joyiga yaqinlasha boshladi. Doʻstlari qimir etmas, Elomon esa qurolini mahkam tutib, bor majolicha “ratsiya” orqali maʼlumot bera boshlaydi.
Xayriyatki, oʻzi va dushman joylashgan nuqtalar haqida maʼlumotni yetkazishga imkon topdi. Aloqaning soʻnggi fursatlarini esa oilasi, yaqinlari rozi-rizochiligiga sarfladi. U doʻstlaridan ota-onasini yolgʻizlatib qoʻymasliklarini iltimos qildi.
Aytishlaricha, oʻsha onda uning gaplari barchaning qalbini tilkalab yuborgan, hatto bir necha quroldoshlari gʻazabdan dushman tarafga bostirib borishga uringan ekan.
Voqea joyidagi kishilarning aytishicha, Elomonning oʻz vaqtida aytgan qimmatli maʼlumotlari tufayli 10-15 nafar yigitning joni omon qolgan ekan.
– Elomon va yana ikki quroldoshimizni pastga tushib olib chiqdik, – deydi marhumning quroldosh doʻsti Zohid aka. – Hech yodimdan ketmaydi, Elomonning nafaqat oʻzi, balki miltigʻi, hatto “stvol”larigacha oʻq yegan edi. Bundan dushmanning naqadar shafqatsiz va alamzada ekanini anglash qiyin emas.
Ha, aslida 20 yillik yarani tirnash osonmas. Oʻtgan vaqt marhumga tengdosh bir avlodni ulgʻaytirdi. Ammo shunisi ahamiyatliki, bu mudhish voqealar oʻzbek armiyasini jiddiy sinovdan oʻtkazdi. Oʻgʻlonlarimiz millatni, xalqni qanday asrash kerakligini amalda koʻrsata olishdi. El-ulusning harbiy salohiyatimizga boʻlgan ishonchi yanada ortdi.
Ota
Odamlar orasida Otajonovlar oilasining hurmati baland. Bu oila yana ikki oʻgʻil va ikki qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Koʻpdan koʻp nabiralarning rohatini koʻrmoqda.
Nima boʻlganda ham oʻgʻlining oʻrni bilinadi. Ota u kunlarni oʻksinib eslaydi:
– 2000-yilning avgust oylarida oʻgʻlim uyga bir kunginaga keldi. Xizmat safariga ketayotganini aytib, hol-ahvol soʻrdi. Xizmatchilik deb oʻzimni ovutdim. Bir kuni televizordan Surxondaryoning togʻli hududlarida noqonuniy kuchlar bilan boʻlayotgan toʻqnashuvlar haqida koʻrsatib qolishdi. Xayolimga yarq etib oʻgʻlim keldi-yu, oʻzimga oʻzim: – Elomon Toshkentda boʻlsa, bu voqea Surxondaryoda. Orasi uzooooq. Ishqilib, tinchlik boʻlsin deb duo qildim.
...11-sentyabr kuni uyimizga sovuq xabar keldi: Oʻgʻlim oʻsha janglardagi bosqinchilar bilan toʻqnashuvda mardlarcha halok boʻlibdi. Soʻnggi manzilga kuzatishga tumonat odam yigʻildi. Oʻgʻlimning xizmatdoshlari, doʻstlari...
Ona
Yanglish Otajonova oʻgʻlini doim duo qiladi. Jajji xotiralarni tez-tez eslaydi:
– Oʻgʻlim kichkinaligidan harbiy boʻlaman derdi. Xulqi yaxshi, oʻrtoqlari bilan ahil edi. Koʻp eslayman, oʻgʻlim armiyadan qaytsa mashina olib, meni aylantirib yurishni niyat qilar edi. Taʼtilga kelganida qarindoshmi, doʻstimi – hammasining uyiga birma-bir kirib chiqardi. Men esa qachon uylanasan deb qistovga olganim olgan edi. – Opa, (aya maʼnosida) poligonga borib kelay, soʻng bir qiz haqida aytaman, sovchi boʻlib borasiz, degandi. Endi u qiz, u kunlar meni oʻrtagani-oʻrtagan...
***
Aytgancha, bugun qahramonimiz taʼlim olgan maktabda Elomonning xotira burchagi tashkil etilib, uning byusti oʻrnatilgan. U Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi farmoniga muvofiq, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
***
Endi shoir qahramonining qismati haqida aytmasam boʻlmas. Balki u chindan ham Elomonning oʻzidir. Xuddi marhum jangchi tilidan yozilganga oʻxshaydi:
Kechirimsiz yashaysiz buncha!
Oʻq otildi. Havo tortdi dim.
...Oʻq bagʻrimni teshib oʻtguncha,
Hammangizdan uzoq yashadim*.
Bobur ELMURODOV
*Sheʼr muallifi Usmon Azim
Tarix
San’at
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q