“Ming bir kitob” sinoatlari – bir asar taassuroti


Saqlash
14:25 / 04.05.2026 14 0

Shu kunlarda qoʻlimga bir kitob tushib qoldi: muallif – Sharifjon Ahmad, nomi – “Ming bir kitob”. Muqovaga ishlangan surat darhol eʼtiborimni tortdi. Sara asarlarni sifatli tarzda chop etishi bilan nom qozongan “Akademnashr”ning ushbu noshirlik yechimini Premium andoza deb atagim keldi. Kaminaga azaldan tekkan bir dardmi bu, bilmadim-u, hartugul, har safar yangi kitobni qoʻlga kiritganimda, zumda mutolaaga kirishib ketolmayman. Boshqa birovlarning nazaridan holi xonamga qamalib olaman-da, kitobni koʻrinarli joyga qoʻyib, atrofida aylanaman, aylanaveraman. Ora-sirada qoʻlimni uzatgan boʻlaman-u, ushlashga botinmasdan shu zahoti yana tortib olaveraman. Xuddi koʻz ostiga olib qoʻygan oʻljasiga tashlanishga shaylanib turgan mushukka oʻxshatvoraman oʻzimni shunday paytlarda. Oxiri, bunday taysallashlarimdan oʻzim ham xunob boʻlib, kitobni shartta qoʻlga olaman-da, allanechuk muborak marosimga hozirlanayotgan kabi, hali bosmaxona boʻyoqlari hidi arimagan muqovasi-yu ichlarini chuqur-chuqur hidlab koʻraman. Bunisi bilan ham shunday boʻldi. Uyga kela solib tepadagi hujramga koʻtarildim. Kitobni avvaliga xontaxta ustiga qoʻndirib qoʻyib, ancha vaqt tomosha qilib oʻtirdim. Keyin qoʻlga allanechuk xush yoqar muqovasini asta silab, sahifalarini varaqlay boshladim.

 

***

Ushbu qissa yerga ursa koʻkka sapchir oʻsmir bola – oʻzining aytishicha, xuddi Ortega-i-Gasset deganday qoʻshaloq ismli Abdulqayum-Mashrabning sarguzashtlari haqida ekan. Yorugʻ dunyoga kelgan ilk onlaridan boshlab – tugʻruqxonada ekanidayoq, yoʻq, undan ham avval – hali onasining qornidayoq koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ajabtovur ajabliklarga yoʻliqib, xayolga kelmagan voqealar qahramoniga aylanadi u. Tugʻruqxonada boshqa chaqaloqlar qatorida yotib, labining ustida noʻxatdek xoli bor goʻbdikkina qizginaga oshiq-u beqaror boʻladi. Endigina tugʻilgan chogʻida orqasiga shapatilab yigʻlatgan doya xotindan qasos olish rejasini ishlab chiqadi va bu rejani hech kechiktirmasdan amalga oshiradi.

 

 

Birinchi sinfga chiqqanida esa yoshgina muallimaga pinhona koʻngil qoʻyadi. sevimlisining eʼtiborini qozonish yoʻlida ilm-u savodning zarang toshini betinim kemiraverib, sinfning eng oldi aʼlochisiga aylanadi. Biroq, vaqti kelib, qizginaning maktabdagi amaliyot davri tugab, olis yurtiga qaytib ketgach, ayriliq jarohatlagan jimirtak yuragini qoʻltiqlab qolaveradi. Ayriliq dardida yana eski feʼl-atvori junbishga kelib, avvalgidan chandon shumtaka va bezori bolaga evriladi. Maktab tugul, atrof-deparada ham undan bezor boʻlmagan birov qolmaydi hisob. Bir qarasangiz, oʻtganning oʻrogʻi bilan ketganning ketmonini tortib oladi. Maktabdan uyga qaytar yoʻllarida boshqa bolalarni yoʻldan urib, birovlarning bogʻlarida hil-hil pishgan olma-yu anorlarga qiron keltiradi, keyin kiyimlarini apil-tapil yechib-uloqtirib, ariqlarda itbaliqday yayraydi. Boshqa safar esa qoʻy-qoʻzilari-yu, mol-hollarini yaylovga haydab, tili osilib qolgunicha toʻp ketidan sangillab chopadi. Xizmat mashinasi bexato nishonga olingan xoʻppasemiz kolxoz raisining changalidan bazoʻr qochib qutuladi. Har taʼtilda uzoq yurtlarda havo almashtirib kelishni odat qilgan mudarris bobosi bilan Oʻrusiya sari safar qiladi. U yerlarda bir zamonlar boy berilgan muallimasiga oʻxshash, beli boshmaldoqdek moʻrchamiyon qizlarga jovdirab tikiladi. Taʼtillar arib, safarlar qarigach, bobosi ikkovlon “moya-tvoya” deb chuldiragancha Maskoʻpchi boylar maqomida qishloqqa qaytib kelishadi.

 

***

Shu zaylda oradan yillar oʻtib boradi. Abdulqayum-Mashrab yettinchi sinfga qadam qoʻygani mahal eng qadrli kishisi, har ishda maslahatgoʻyi – mudarris bobosi Haqqa qovushadi. Tengsiz bu kulfatdan bemisl gʻussaga botgan bola yolgʻizlikda gʻamini aritish ilinjida eski uyning chordogʻiga chiqadi va u yerda bobosidan qolgan koʻhna sandiqqa duch keladi. Sandiqni ochib, allaqachon urfdan qolgan bir sidra kiyimlar ostidan ranglari unniqib, muqovasi ham titilib bitgan semizgina, ammo nomsiz va sahifalari boʻm-boʻsh gʻalati kitobni topib oladi. Bir payt tushuniksiz nimadir sodir boʻladi-yu, bolaning atrofini shaffof, biroq yiqib boʻlmas qalin qubba oʻrab oladi va shu paytgacha biror harf bilinmagan kitob sahifalari satrlarga toʻla boradi. Yigitchamiz sinoatli qubba ichra oʻtirgancha, unga taqdim etilayotgan gʻaroyib holoti-voqealar mutolaasiga tutinadi.

 

***

Shu yoʻsin chordoqda berkinib oʻtirgan bola bilan birga biz ham moʻgʻuliy Chingizxonga qarshi qoyilmaqom qilich qayragan jahongirning jasoratlariga shohid boʻlamiz, sirli satrlari bilan Chin-Mochinlik malla hukmdor saroyini yoʻqlikka hukm etgan shoirning ayanchli qismatidan voqif boʻlamiz. “Toʻrtinchi qavatdagi sargʻish deraza”ni koʻrib, tilsimlari bisyor sinoatga bexos duch kelgan kabi bizning ham yuragimiz hapriqa boshlaydi. Qadar va qismat fursati deya bilingan ikki oy juftlashgan tunda qumloqda adashgan bir qalandarga hamroh boʻlib, baliqquyruq parilar tuzogʻiga tushamiz. Rohibsifat zotning roʻyolarida u bilan birga adashib, u izlagan Uni biz ham uzoq izlaymiz va gulda tosh unmasligiga iqror boʻlarak, U Izlaganga qul boʻlmoqlik maqomi ishqida Yoʻlda yana bardavom badar ketamiz...

 

***

Kundalik turmush voqeligidan boʻlakcha – boshqa bir olamlarning koʻnikilmagan manzaralari chiziladi voqeliklarning barchasida. Koʻpimiz koʻnikkan hikoyalarning kutilmagan talqinlarini, boʻlakcha yakunlarini taqdim etishga tomon, boʻlak manzillar sari eltayotgan satrlar soʻqmogʻidan boyagi bolakay bilan esh-qoʻsh enib borarkanman, xayollarning hov narigi tomonida hali ochilmagan boshqa sarhadlar ham borligini payqaganday boʻlaman.

 

Qissani oʻqiganim sayin uning ochilmagan tilsimlari hali koʻp ekaniga ishonib borardim. Mutolaa yakuni yaqinlasharkan, bolakayning boshidan oʻtgan voqealarga juda oʻxshash holatlar hikoya qilinayotganiga eʼtibor qildim. Eng soʻngida bolaningmi yo mening koʻz oldimda chizila boshlagan manzara avvalgilarining hammasidan oshib tushdi – eski uyning tomida gʻalati kitob mutolaasiga mukkasidan ketgan boshqa birimi yo xuddi oʻsha bola?! Bir zumga kallam ishlamay qoldi – boʻlishi mumkin emas – bolakay qoʻlida tutgan bu kitob, aslida, uning oʻzi haqida, butun hayoti tafsilotlari haqida uning oʻziga hikoya qilmoqda edi!..

 

 

***

Toʻgʻrisini aytsam, kitoblarni saralab oʻqishga koʻnikkan kaminangiz qissani bir oʻtirishda yutoqib oʻqib tashladim. Xayollarni har koʻyga solib, eslarni ham esankiratib qoʻyar bu qissaning sirli soʻqmoqlari boʻylab, Abdulqayum-Mashrab ila birga qadam tashladim. Faqat eng soʻngida, muallifga ayrim eʼtirozlarimni ham izhor qilgim kelib turibdi. Gap shundaki, ayrim oʻrinlarda voqealarmi yo hikoyalar toʻkis yakuniga yetib bormaganday koʻrindi. Jumladan, Mangu-momoning urushda bedarak ketgan oʻgʻillarining keyingi qismati sirli kitob koʻmagida oydinlashtirib berilsa yana ham boshqacha tugallik boʻlarmidi? Shuningdek, Abdulqayum-Mashrab tuzukkina xat-savodini chiqarib olgach, har turli sarguzasht kitoblar mutolaasiga mubtalolikka yoʻliqqanini aytarkan, bir safar Jonatan Sviftning Gulliveriga hamrohlik qilib, u bilan birga goh Liliputiyada, goh esa Darozlar mamlakati-yu Guigngnmlar yurtida, eh-he, ne-ne sarguzashtlarni boshidan kechirganini soʻzlaydi. Yana bir gal kimsasiz orolda Robinzon boʻlib umrguzaronlik qilgani-yu, Servantesning la-Manchlik Don Kixotiga ergashib, Dulsineya ishqida misli koʻrilmagan jasoratlarga qoʻl urganidan xabar beradi. Boshqa safar isyonkor sipohilar sardori – kapitan Nemo siymosida suv ostida sakson ming kilometr suzib, “Nautilus” qadami yetgan har joyda mazlumlarga koʻmakdosh boʻlgani va zolimlarga qarshi ayovsiz kurashib, Britan bosqinchilari oyoqlari ostida xor-u zor Boburiy Hindiston uchun intiqom olganidan bahs etadi. Ammo, qissada bu voqealarning ham davomiga duch kelmaymiz. Xuddi qildan qiyiq qidirganday, kitobdan shunaqa ijikilab kam-koʻst izlaganday boʻlyapman-u, ammo shu payt kallamga urilgan bir oʻydan hushyor tortdim. Gap shundaki, ayrim adiblar asarlari ichiga gʻalati qopqonlar qoʻyishni yoqtirishlaridan boxabarman. Adabiy tuzoqqa oʻxshagan bunaqa hiylalar domiga ilingan shoʻrlik oʻquvchi asarning oxirigacha voqealarmi yo syujet yetovida loʻkillab borishga mahkum. Oxiri omadi chopib, oʻsha tuzoqdan eson-omon qutulib olsa, xoʻp-xoʻp, boʻlmasa-chi? Boʻlmasa nimayam boʻlardi – filmning keyingi seriyasini kutgan koʻrarmonga oʻxshab, qolganini kitobning keyingi qismida oʻqirman, deganday ilinj bilan kifoyalanishga majbur. Xullas, shularni xayolimdan oʻtkazib, “Ming bir kitob” muallifi ham davomini yozsa kerak va kelgusi kitobning yana ham koʻlamdor kengliklarida, qiyomiga yetmagan boyagi sarguzashtlarning davomi bir-bir bogʻlanib borsa ajab emas, degan tusmol umid va istak bilan yozganlarimga nuqta qoʻydim.

 

Murod CHOVUSH

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 30.04.2026 0 598
Yerga qo‘nmaydigan qush





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//