Xaos – Ona, Kosmos – Ota ekan, unda bola kim? – Asotirlarda yashiringan ramziylik


Сақлаш
18:02 / 04.03.2025 1214 0

“Biz mavjud bo‘lgan bu olam Xaosdan tug‘ildi” yer yuzidagi barcha xalqlar mifologiyasi mazmunan shu jumla bilan boshlanadi. Unda aytilgan Xaos kim yoki nima?

 

“Xaos” qadimgi yunon tilidan tarjima qilinganda “tartibsizlik” ma’nosini anglatadi. Bu so‘zning ziddi o‘laroq “Kosmos” tushunchasi ham mavjudki, bu “tartib” demakdir (“Kosmetika” so‘zining o‘zagi ham “kosmos” bo‘lib, yuzni tartibga soluvchi vositalarga nisbatan qo‘llaniladi).

 

Xo‘sh, nega endi olam Xaosdan “tug‘ildi”? Sababi bu yerda Xaos – Ona arxetipining, Kosmos esa Ota arxetipining ramziy ma’nosini yashiradi. Xaos bu Ona, Kosmos – Ota ekan, unda bola kim? Nega mifologiyada tug‘ilish motivlari deyarli bir xil?

 

Ona arxetipi – bu falsafadagi ibtidoiy arxetiplardan biri bo‘lib, u insoniyat tarixida yuzaga kelgan turli madaniyatlar va tamaddunda turli xil shakllarda tasvirlangan, lekin uning mohiyati o‘zgarishsiz yashab kelmoqda. Bu sevgi, parvarish, qudrat, yaratish, himoya qilish hamda ilm va bilimsizlikka qarshi kurashish kabi tushunchalar bilan bog‘liqdir. Shuningdek, bu tushuncha tug‘ilish va o‘limni bog‘lab turuvchi ko‘prik hamdir.

 

Ona arxetipining mifologiyadagi ko‘rinishlari quyidagicha:

 

Isida (Misr mifologiyasi);

Asotirga ko‘ra Isida Osirisning xotini. Osirisni yer osti saltanati hukmdori Set o‘ldirganda Isida erini mo‘miyolab, qayta tiriltiradi.

 

 

Demetra (Yunon mifologiyasi);

Hosildorlik, yasharish-yangilanish, yaxshilik ilohasi Demetra Zevsdan qiz farzand – Persefonani dunyoga keltiradi. Uning qiziga yer osti saltani hukmdori Aid oshiq bo‘lib qoladi va uni o‘g‘irlab ketadi. Demetra qizini qaytarishini so‘rab Zevsga yolvoradi. Zevs Persefonani olti oy tiriklar dunyosida – onasining yonida, olti oy o‘liklar dunyosida – erining yonida qolishiga qaror beradi.

 

 

Ota arxetipi – bu insoniyat tarixida va psixologiyada eng muhim va kuchli arxetiplardan biridir. U, asosan, qudrat, rahbarlik, adolat, himoya, muvozanat va bilimni ifodalaydi. Ota arxetipi har bir madaniyat va mifologiyada o‘ziga xos tarzda aks etgan, lekin uning ham mohiyati o‘zgarishsiz yashab kelmoqda. Bular otalik, o‘g‘ilni himoya qilish, unga yuksak ma’naviy qadriyatlar, bilim va ijtimoiy muvaffaqiyatlarni o‘rgatish, hayotdagi yo‘lni ko‘rsatish va adolatni tiklash kabi missiyalarni qamrab oladi.

 

Ota arxetipining mifologiyadagi ko‘rinishlari quyidagicha:

 

Ra (Misr mifologiyasi);

Asotirlarga ko‘ra Ra quyosh xudosi hisoblangan. Quyoshning nuri ekinlarni o‘stirgan, mo‘l hosil – to‘qlik va farovonlik, degani edi. Shuning uchun ham Ra odamlarni boqadi, himoya qiladi, deb ishonilgan.

 

 

Zevs (Yunon mifologiyasi);

U yunon mifologiyasida barcha ma’budlarning otasi bo‘lib, adolatni ta’minlab, olam va odamlarning taqdirini boshqaradi, deb ishonilgan. Zevsning tasvirida kuchli va muvozanatli ota obrazining barcha xususiyatlari mavjud.

 

 

Bola arxetipi – bu ruhshunoslikdagi muhim komponentlardan biri bo‘lib, o‘zgartirish, o‘sish va yangi boshlanishning ramzi sifatida ko‘riladi. Bola arxetipi insonning ichki dunyosida mavjud bo‘lib, sodda mamnuniyat, o‘rgatish va o‘sish ehtiyoji, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq va imkoniyatlar bilan to‘la bo‘lish kabi xususiyatlarni anglatadi. U, ayniqsa, inson hayotining boshlang‘ich bosqichlarida, ya’ni bolalik davrida, eng ko‘p ifodalanadi, lekin psixologik jihatdan, bu arxetip butun umr davomida mavjud bo‘lib qoladi.

 

Bola arxetipi hayotning yangi boshlanishi, safar va qiyinchiliklardan o‘tish, o‘sish va rivojlanish jarayonlari bilan bog‘liqdir. U odamlarning ichki farovonligi va hayotda o‘z yo‘lini topish uchun zarur bo‘lgan ruhiyatning va ma’naviyatning bir qismi sifatida mavjud bo‘ladi. Karlos Yungning arxetiplari va kollektiv ongsizlik haqidagi nazariyasiga ko‘ra, bola arxetipi, odamlarning o‘zini topish, qayta tiklanish va hayotning quvonchli tomonlarini kashf etishda katta rol o‘ynaydi.

 

Bola arxetipining mifologiyadagi ko‘rinishlari quyidagicha:

 

Hor (Misr mifologiyasi);

Isida va Osirisning o‘g‘li. Set Osirisni o‘ldirganda Isida Osiris tuxumini oladi va undan Horni dunyoga keltiradi. U tug‘ilganida sharqda ajib bir yulduz porlagan. Hor ulg‘ayib otasining qasosini oladi va yer ustida muvozanatni tiklaydi. U 12 shogirdi bilan shahar-u qishloqlarni kezib insonlarni davolagan. Suvda yurish kabi mo‘jizalarni ko‘rsatgan. Tifonning sotqinligi sabab Hor xochga tortilgan. Dafn etilganidan 3 kun o‘tib qayta tirilgan.

 

 

Dionis (Yunon mifologiyasi);

Olimpning oliy xudosi Zevs Fiva malikasi Semelaga ko‘ngil qo‘ydi. Semela Zevsdan xudoligini isbotlashni talab qildi. Zevs noiloj rozi bo‘ldi va unga butun qudratini ko‘rsatganda bunga chidolmagan Semela vafot etdi. Lekin qornidagi homila hamon tirik edi. Zevs homilani olib to tug‘ilmaguncha uni o‘z tanasida ko‘tarib yurdi. Ikki marta tug‘ilish Dionisga ikki olam qudratini berdi. Dionis ham 25-dekabr kuni dunyoga kelgan. Suvni sharobga aylantirish kabi mo‘jizalar ko‘rsatgan.

 

 

Barcha xalqlar mifologiyasini solishtirib tahlil etilsa, quyidagicha o‘xshashliklarni kuzatishimiz mumkin:

 

Ona arxetipi – xaos, oy, tuproq, bokira kabi shakllarda tasvirlanadi.

Ota arxetipi – kosmos, nur, kabutar, tuxum kabi shakllarda tasvirlanadi.

Bola arxetipi – quyosh, uzum, qo‘zichoq kabi shakllarda namoyon bo‘ladi.

 

Deyarli barcha asotirlarda bokira qiz homilador bo‘ladi. Kunduzi ham ko‘rinib turuvchi yulduz osmonda 3 kun charaqlagach, bokira ona 25-dekabr kuni farzandli bo‘ladi. U farzand bokiraning biqinidagi yoriqdan dunyoga keladi. Farzand ulg‘aygach insoniyatga ko‘p narsalarni o‘rgatadi, hokimyatga qarshi isyon ko‘taradi. Yangi davrni boshlab beradi. Insoniyatga najot keltiradi. Ularni azob-uqubatlardan xalos etadi. Bu kurashda unga 12 izdosh hamrohlik qiladi va yordam beradi.

 

Bu asotir astronomik jihatdan quyidagicha talqin qilinadi: bokira qiz – oy quyoshni 25-dekabr kuni dunyoga keltiradi. Eski quyosh 21-dekabr kuni (yaldo kechasi) o‘ladi va osmonda porloq yulduz (Sirius) paydo bo‘ladi. Shu yulduz izidan uch ta sehrgar shoh (Orion belbog‘idagi uchta yulduz nazarda tutilgan) yangi tug‘ilgan quyoshni qutlash uchun yetib keladi. 21-dekabrdan 25-dekabrga qadar quyosh o‘z o‘rnidan 3 gradus siljiydi. 25-dekabrdan kunlar uzaya boshlaydi.

 

Psixologik jihatdan esa bola tug‘ilishi, ulg‘ayish jarayonida ongning shakllanish tadrijidagi ong, shuur, ongostiga ajralishi, o‘zlikni anglash, sinovlardan o‘tish va nihoyasida azob, g‘am va umidsizlikdan xalos bo‘lish jarayoni sifatida talqin qilinadi.

 

Masalan, hind mifologiyasida Krishnaning tug‘ilishini olaylik. Bir kuni hind malikasi Devaki yozgi saroyida sayr qilib yurgan vaqti toliqqanini his qilib, chodiriga orom olish uchun yo‘l oldi. Tushida chodiriga oliy xudo Ganesha fil ko‘rinishida kirganini ko‘radi. Shundan so‘ng bokira malika homilador bo‘ladi va 25-dekabr kuni quyosh xudosi Krishna tug‘iladi. U tug‘ilishidan oldin ham sharq osmonida porloq yulduz paydo bo‘lgandi. U ulg‘aygach 12 izdoshi – Pandavalar bilan adolatsizlikka qarshi kurashadi. Krishna o‘lgach 3 kundan so‘ng qayta tirilgan va osmonga ko‘tarilgan. Induizm tarafdorlari Krishnaning yerga qayta tushishiga, oxiratda insonlarni hukm qilishiga ishonadilar.

 

 

Frigiya mifologiyasi qahramoni Attisni ham 25-dekabr sanasida Mariya isimli qiz dunyoga keltiradi. U ota va bola arxetipini bir tanada mujassamlashtirgan obrazlardan biri hisoblanadi. U insoniyatning gunohlarini yuvish uchun qarag‘ay daraxti ildizini o‘z qoni bilan sug‘oradi.

 

 

Forsiy mifologiyaga ko‘ra esa, quyosh xudosi Mitra ham 25-dekabr kuni g‘orda bokira qizdan dunyoga kelgan. Uning ham 12 izdoshi bo‘lgan. Mirtaga ibodat qilish kuni yakshanba (“Sunday” – “sun” quyosh, “day” kun) bo‘lgani ham bejiz emas. Mitra 7 ta marosimni joriy etgan, ulardan biri “Evxaristiya” deb atalib, unda ibodat qiluvchilar non va sharob yegan holda Mitraning ilohiyligidan bahramand bo‘lganlar. Mitra ham sotqinlik sabab o‘ldirilgan, o‘lganidan 3 kun o‘tib qayta tirilgan.

 

 

Yuqoridagi asotirlarga o‘xshash afsonalar ayrim kamchilik yoki o‘zgarishlar bilan boshqa xalqlar mifologiyasida ham topiladi. Ularga quyidagilarni misol keltirishimiz mumkin:

 

Budda (Hindiston);

Salivahanna (Bermuda);

Odin (Skandinaviya);

Zahdusht (Ahamoniylar);

Indra (Tibet);

Bali (Afg‘oniston);

Jao (Nepal);

Tammuz (Suriya);

Adad (Ossuriya);

Beddru (Yaponiya);

Gentaun (Meksika);

Tien (Xitoy);

Kalki (Hindiston).

 

Otasiz tug‘ilish motivi badiiy adabiyotda aks etganmi?

 

Eten Lilian Voynichning “So‘na” asari bosh qahramoni nikohsiz tug‘ilgan Albert to o‘limi qadar otasi kimligini bilmaydi. Balki, shu sabab ham u jamiyatdan ajralib, o‘zligini topishga uringandir. Yana shu narsani ta’kidlab o‘tish joizki, Albert ham o‘smir chog‘ida uyidan qochib ketadi va ba’zi kiyimlari dengizdan topilgach, yaqinlari uni o‘ldi deb o‘ylaydi. U bundan foydalanib, yangi ism bilan yangi hayot boshlaydi. Albert “so‘na” laqabi bilan jamiyatdagi chirkinliklarga qarshi kurashadi.

 

Yana bir misol esa rus adabiyotidan Lev Tolstoyning “Tirilish” romani bo‘lib, unda Katyusha otasi noma’lum holda tug‘iladi. Asrandi sifatida ulg‘aygan qizaloq olgan tarbiyasi, ijtimoiy kelib chiqishi, moddiy qiyinchiliklar va zamon zayli bilan jirkach olam vakilasiga aylanadi. Sudda oqlangani va kechirilishi sabab u qayta “tiriladi”. Balki, shuning uchun ham asar “Tirilish” deb nomlangandir.

 

Keling, yuqoridagi asotirlarda yashiringan ramzlarni tahlil qilib ko‘rsak.

 

Uch raqami sizga nimalarni eslatadi? Uch zamon, uch olam…

 

Ota arxetipi, bu – o‘tmish.

Ona arxetipi, bu – bugun.

Bola arxetipi, bu – kelajak.

 

Bu ramzlar bizga o‘tmishimizni unutgan holda bugunimizni yashab, kelajakka ishonish haqida nasihat berayotgandir.

 

Yoki:

 

Ota arxetipi bu – yer osti.

Ona arxetipi bu – yer.

Bola arxetipi bu – osmon.

 

Shu joyida Rumiyning bir gapi yodimga tushaveradi: “Urug‘ unib ko‘kka bo‘y cho‘zishi uchun avval ko‘milishi kerak”. Hayotiy haqiqatning ramziy jihatiga e’tibor bering. Biz urug‘miz. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan qaysidir boshoqdan tushganmiz. Biz ham ko‘kka bo‘y cho‘zishimiz uchun yerga ko‘milishimiz kerak, ya’ni sinovlarda toblanishimiz (ma’nan o‘lishimiz) kerak. Ona tuproqdan unib chiqqanimizda biz ham boshoq tugamiz va Hayot shu tarzda davom etaveradi.

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Ota, ona, bola arxetiplari, bu insoniyatning asosiy ruhiy, ma’naviy va ijtimoiy muammolarini aks ettiruvchi obrazlardir. Har biri o‘zining ramziy ma’nosi orqali insonning ichki izlanishlari, ijtimoiy roli va ruhiy o‘zgarishlarini ifodalaydi. Ular birgalikda hayotning turli bosqichlarini, evrilishlarni va insonning o‘zini anglash yo‘lidagi mashaqqatlarini tasvirlaydi.

 

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

Изоҳ йўқ

Изоҳ қолдириш

Сўнгги мақолалар

Барчаси





Кўп ўқилган

Барчаси

Тарих

17:05 / 05.05.2023 0 17324
Мучал нима? Туркий тақвим тарихи

//