Bobur hindcha she’r yozganmi?


Saqlash
19:02 / 27.02.2023 0 1656

O‘n ikki yoshida Farg‘ona o‘lkasining podshohi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayotining 21 yili Movarounnahrda, yana shuncha qismi Kobul taxtida, 5 yilga yaqini esa Hindistonda kechgan. U 1519-yildan boshlab Hindiston sari besh marta yurish qilgan. Nihoyat, beshinchi safarida katta zafar qozonib, Dehli taxtini egallaydi. Turkiy, mo‘g‘ul, fors va arab tillarini yaxshi bilgan hukmdor qisqa vaqt ichida hind tilini ham o‘rganib oladi.

 

Professor Ansoriddin Ibrohimov Bobur asarlarida jami bo‘lib 14 820 ta so‘z ishlatilganini aniqlagan. Bulardan 6 273 turkiycha, 6 101 arabcha, 2 446 forscha so‘zlardan iborat. Bu hisobga hind-urducha so‘zlar kirmaydi.

 

Shoir devonini varaqlasak, uning turkiy va forsiy tillarda bitgan asarlaridan tashqari hind-urducha so‘zlar qo‘llangan fardlari ham borligi ma’lum bo‘ladi. Bular hindcha-turkiy va hindcha-forsiy mulamma’, ya’ni shiru shakar baytlardir.

 

Hindiy-turkiy fard:

   

Mujhko na huva kuchh havase monik-o‘ mo‘tiy,

Faqr ahliga bas bo‘lg‘usidur poniy-o‘ ro‘tiy.

 

Tarjimasi:

 

Hech menga emas hoy-u havas yoqut-u inju,

Faqr ahliga bas bo‘lg‘usidur qoq etmaku su(v).

 

Ko‘rinib turibdiki, fardda yettita hind-urducha so‘z ishlatilgan. Ya’ni, “mujhko” (mening, menga), “na huva” – (bo‘lmagan), “kuchh” (bir necha; oz; hech), “monik” – (yoqut), “mo‘tiy” – (inju); “poniy” – (suv); “ro‘tiy” – (etmak, non).

 

“Etmak” so‘zi turkiy tilda nonni anglatadi.

 

Bu muxtasar she’rda Boburning hayotining so‘nggi yillaridagi kayfiyati namoyon bo‘lgan. Ul zot podshohlik ishlarini valiahd o‘g‘liga topshirib, o‘zi oxirat yo‘lida toat-ibodat, riyozat bilan umr o‘tkazish, darveshlik qilish niyatida bo‘lgan.

 

Bobur she’rlarini ingliz tilida nashrga tayyorlagan janob E.Denison Ross yuqoridagi fardda hind-urdu va turkiy so‘zlari ajoyib uyg‘unlik hosil qilganini ta’kidlagan. 

 

Hindiy-forsiy fard:

 

Chumaa de, chumaa, mubtaloi tuem,

Ba Hinduston azbaroi tuem.

 

Tarjimasi:

 

Bir o‘pay, o‘ptir, senga biz mubtalo,

Sen uchun Hind sori keldik, dilrabo.

 

Bu fardda hindcha “chumaa” bo‘sa, o‘pich, “de” – bermoq so‘zlari qo‘llangan.

 

Shoir hind go‘zali timsolida o‘zi orzu qilib yurgan va nihoyat qo‘lga kiritgan Hindiston o‘lkasini nazarda tutadi.

 

Bundan tashqari “Boburnoma” asarining uchinchi, “Hindiston” nomli qismida ham ko‘plab hindcha so‘zlar qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. Demak, buyuk boburiylar sulolasiga tamal toshini qo‘ygan hukmdor o‘ziga bo‘ysungan hind xalqining tilini ham she’r yozish darajasida ehtirom bilan o‘rgangan ekan.

 

Tolib NOSIR,

tarjimon

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1251
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 234
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 252
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 192
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 209
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 223146
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106742
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 48716
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 36945
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 35338
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29614
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28526
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 28415
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//