Hali hammasi tugamabdi


Saqlash
16:01 / 12.01.2023 0 1345

Inson qancha boylik orttirishi mumkin, uning istaklari miqdori, chegarasi bormi? Qachon “Boʻldi, boshqa kerak emas, menga shu yetadi”, deb aytadi? Umuman, shunday deydiganlar bormikan? Chunki kishining puli, mol-dunyosi koʻpaygani sari, orzu-havaslari ham ortib boradi. Eng yomoni boylikka boʻlgan hirs baʼzan tugʻishganlarni bir-biridan judo qiladi. Shuning uchun ham boylikning ortidan yuzkoʻrmas boʻlib ketayotgan jigarlarni koʻrib, “yetib kelibmiz”, deb oʻylardim. Ammo yanglishibman. Hali hammasi tugamabdi, hali mehr-oqibat, qondoshchilikni boy bermabmiz. Bunday xulosaga kelishimga esa safarda koʻrganlarim sabab boʻldi.

 

– Toʻrt oydan buyon Hindistondaman. Oilada uch qiz, bir oʻgʻilmiz. Ukamning buyragida kasallik paydo boʻlgach, Qozogʻistonda operatsiya qilib almashtirgan edik. Yaxshi boʻlib qolgandi, lekin yana mazasi qochdi. Keyin bu yerga olib keldik. Opamning turmush oʻrtogʻi harbiy, unga oson tutib boʻlmaydi. Singlimning yosh bolasi bor. Mendan boshqa kim keladi, bittagina ukam boʻlsa, jonimizdan aziz, deydi Malohat (ismi oʻzgartirilgan)ismli ayol. – Bitta buyragimni bermoqchi edim, toʻgʻri kelmadi. Hozir jiyanimning kelishini kutyapmiz. U donorlik qiladi. Bu yerga kelishimizdan avval oʻgʻillarimni unashtirib qoʻygandim. Oktyabrda birvarakay ikkita kelin tushirdik, ammo toʻyda men boʻlmadim. Oʻsha kun bu yerda ukam bilan birga edim. Hali kelinlarning qoʻlidan bir piyola choy ichmadim. Ukam tuzuk boʻlib qolsa, birga ichamiz choyni nasib.

 

– Ikki oydan beri shu yerda davolanyapmiz. Turmush oʻrtogʻimni ertalab operatsiyaga olib kirib ketishdi, jigarni transplantatsiyasiga, qayinakam donorlik qilyapti. Men u kishiga qarayapman, deydi, erining operatsiyadan chiqishini betoqat boʻlib kutayotgan yana bir oʻzbek ayoli.

 

– Tuppa-tuzuk yurgandim, dafʼatan oshqozonim bezovta qilib qoldi. Tekshirtirsam, saraton tashxisi qoʻyildi. Shundan keyin oʻgʻillarim onasi bilan meni shu yerga yuborishdi. Uch oy boʻldi shungyam, hozir ahvolim ancha yaxshi. Mana bu qizim ham shu kasal bilan ogʻrigan, operatsiya qilib boʻlmaydi, deyishgan ekan, yetti oydan beri kimyo terapiya olib davolanyapti. Ahvoli yaxshi. Bizning qizimiz yoʻq edi, uni shu yerdan topdik. Biz bilan birga yashayapti, dedi toshkentlik otaxon quralaygina qizni koʻrsatib.

 

Kun boʻyi bunday bemorlarning bir nechtasi bilan suhbatlashaman. Eng qizigʻi, salomatlik oldida hamma narsa – pul ham, mavqe ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan. Oʻzbekistondan kelib davolanayotganlar bir-birlarini juda yaxshi biladi, bir-birlariga bajonidil yordam beradi, qoʻllab-quvvatlaydi. Dori-darmon, muolajalar qimmatlik qilsa, bilgan shifokorlari, kasalxonalarini bir-biroviga tavsiya qilishadi. Bitta mehmonxona turib, yaqinlariga qarayotganlar, hamyurtlariga osh-ovqatidan ilinadi.

 

Bu yerga kelib, davolanish oson emas, ayniqsa, “organ” almashtirish kattagina mablagʻ talab etadi. Shunga qaramay, kasallikka qarshi butun qarindoshlar, jon-jigarlar birgalikda kurashayotganini koʻrib koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Va bu ilohiy rishtaning qudrati bemorlarning sogʻayib, oilasi bagʻriga qaytishida qanchalik ahamiyatga egaligini angladim. Bunday rishtalar bor ekan, hali bu hayotdan kattaroq narsalar umid qilsa boʻlishiga ishona boshladim.

Nazira TOSHPOʻLATOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 214
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 266
Narxning navosi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1553
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224383
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107510
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 54396
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39259
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39023
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 30697
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30234
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29656
Alpomish

//