Kitobxonlar uchun haqiqiy xazina – dunyoning eng yirik va ajabtovur kitob do’konlari qanday ko’rinishda?


Saqlash
18:12 / 13.12.2022 0 1819

 Xorijga sayohatgami, ish yuzasidanmi borgan kitobxon uchun eng birinchi izlanadigan maskan bu doʻkonlari boʻlishi aniq. Ammo baʼzan ularni topishda qiynalamiz. Bunday boʻlmasligi uchun ham ayrim mamlakatlar ularni odatdagidan ancha katta qurishadi. Bugun sizga jahonning eng yirik kitob supermarketlari haqida maʼlumot beramiz. Mabodo ushbu davlatlarga yoʻlingiz tushib qolsa, albatta, ularga kirib oʻtishingizni tavsiya qilamiz.

 

1. Powellʼs City of Books (Portlend, AQSH)

 

Powellʼs City of Books maydoni va kitoblar soni jihatidan jahondagi eng ulkan kitob doʻkoni boʻlib, shaharning deyarli bitta dahasi(kvartal)ni band qilgan. Doʻkon maydoni 6300 kvadrat metr, javonlaridagi kitoblar soni esa 4 milliondan ortiq. Shuning uchun bu yerda, albatta, yoʻl boshlovchi xizmatidan foydalanishingiz kerak boʻladi. 1971-yilda ochilgan Powellʼsda hali bosmaxona boʻyogʻi qurimagan yangi asarlardan tortib, yuz yillik tarixga ega boʻlgan eski kitoblar ham sotiladi. Doʻkonga har kuni 3 mingdan ortiq eski kitoblar kelib tushadi. Arzon narxlari tufayli mahalliy aholi oʻrtasida doʻkon juda ommalashgan. Meʼmoriy nuqtai nazardan bino boshqa imoratlardan uncha farq qilmasa-da, ichki zallarning har biri oʻziga xos bezagi va rangi bilan ajralib turadi.

 

 

2. Barnes & Noble AQSHdagi eng yirik kitob doʻkonlari tarmogʻi boʻlib, 1873-yilda asos solingan. Suratdagi bosh doʻkon Nyu-Yorkning eng nufuzli tumani – Manxettendagi mashhur 5 avenyuda joylashgan. Olti qavatdan iborat inshoot jami 5 ming kvadrat metrli tijorat maydoniga ega. Doʻkonda faqatgina kitoblar sotilib qolmay, balki noshirlik ishlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Uning negizida esa birinchi internet-doʻkon paydo boʻlgan.

 

 

3. Waterstones Piccadilly (London, Buyuk Britaniya)

 

Waterstones Piccadilly Angliyada kitob savdosi tarmogʻining yetakchi doʻkoni hisoblanadi. U shuningdek, Yevropadagi eng yirik kitob doʻkoni maqomiga daʼvogar. Olti qavatli doʻkondagi kitob javonlarining uzunligi 13 kilometrni tashkil etadi. Demak, barcha kitoblarni shunchaki koʻrib oʻtish uchungina 13 km yoʻlni bosib oʻtishingizga toʻgʻri keladi. Doʻkonda xaridorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Uning Londonning bosh koʻchasi Pikadillida joylashgani bitta ustunlik boʻlsa, har bir qavatda mutolaa va ishlash uchun divan va stollar qoʻyilgani yana bir qulaylikdir.

 

 

4. Kitoblar uyi(Sankt-Peterburg, Rossiya)

 

“Kitoblar uyi” Peterburgning eng katta kitob doʻkoni boʻlib qolmay, balki shaharning noyob osori-atiqalaridan hisoblanadi. U shaharning naq yuragi – Neva shohkoʻchasida joylashgan. Modern uslubida bunyod etilgan mazkur tosh bino yonidan hech kim beparvo oʻtib ketolmaydi. Imorat 1904-yilda tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi “Zinger”(AQSH) kompaniyasi buyurtmasi bilan qurilgan. Turli yillarda bu manzilda bank, elchixona, nashriyotlar faoliyat koʻrsatgan. 1938-yilga kelib bu yerda dunyoga mashhur “Kitoblar uyi” ochildi. “Kitoblar uyi”ning sahni 4 ming kvadrat metrdan iborat. Inshootda shinam kafe hamda adabiy kechalarni oʻtkazishga moʻljallangan maydon mavjud.

 

 

5. Blackwellʼs (Oksford, Buyuk Britaniya)

 

Oʻz universitetlari bilan mashhur boʻlgan mamlakatda yirik kitob doʻkonlari boʻlishi tabiiy hol. Blackwellʼs Angliyada oʻquv adabiyotlarini yetkazib beruvchi asosiy kitob doʻkoni sanaladi.

 

Mazkur tarmoqqa 1879-yilda asos solingan boʻlib,hozirda uning 44 ta doʻkoni bor. Oksforddagi Blackwellʼs ularning eng yirigi hisoblanadi. Doʻkonning birgina yertoʻlasi 1 ming kvadrat metrdan iborat. Tashqaridan uncha koʻzga tashlanmaydigan doʻkon Brod-stritdagi 4 qavatli binoda joylashgan. Bu yerda hamma narsa inglizcha sinchkovlik va aniqlik bilan joylashtirilgan. Badiiy adabiyot, bolalar adabiyoti, tarix, til va boshqa sohalarga oid boʻlimlarning har biri alohida joylashgan. Ishlatilgan kitoblar toʻrtinchi qavatdan, noyob kitoblar esa ikkinchi qavatdan oʻrin olgan. Angiyadan shunday gap ham yuradi: “Mabodo, biron bir kitobni hech qayerdan topolmasang, albatta, Blackwellʼs ga bor”.

 

6. Libreria El Ateneo Grand Splendid (Buenos-Ayres, Argentina)

 

Grand Splendid bu – 1919-yilda qurilgan teatrning nomi. Dastlab turli spektakllar qoʻyilgan bino teatr kasodga uchragach, uzoq yillar boʻsh turgan. Soʻngra undan bozor, kinoteatr sifatida ham foydalanilgan. Nihoyat, 2000-yilga kelib, imorat kitob doʻkoniga aylantiriladi. Teatr binosining qurilishi deyarli oʻzgarishsiz qolgan. Bir paytlar parter, loja va balkon sifatida xizmat qilgan joylarda kitob stellajlarining turishi binoga oʻzgacha goʻzallik bergan.

 

7. The Bookworm (Pekin, Xitoy)

Pekindagi mazkur inshootda kitob doʻkoni, kutubxona, bar hamda restoran bir yerga jamlangan. Bu yerda siz kitob muqovalari koʻrinishidagi zinalardan koʻtarilib, katta maydondagi qizgʻin kitob savdosi ustidan chiqasiz. Binoda adabiy festivallar, munozaralar, taqdimotlar tez-tez oʻtkazib turiladi. Ushbu dargoh adabiyot ixlosmandlarining doimiy uchrashadigan sevimli manzili hisoblanadi.

 

 

8. Bartʼs Books (Oxay, Kaliforniya)

 

Bartʼs Books ochiq osmon ostidagi eng yirik kitob doʻkoni hisoblanadi. Doʻkon sohibi Richard Bartinsdeyl 1964-yilda bisotidagi keraksiz kitoblarni arzon-garov sotish maqsadida ochgan. Shundan buyon tobora kengayib borgan doʻkon hozirda bir milliondan ziyod kitobga ega. Kitoblar joylashtirilgan stellajlar bir vaqtning oʻzida devor vazifasini ham oʻtaydi. Ulkan olma va apelsin daraxtlari esa tom oʻrnini bosadi. Doʻkonda savdo erkin tarzda amalga oshiriladi. Kitoblar halollik mezoni boʻyicha sotiladi. Yaʼni bu yerdan istagan kitobingizni olasiz va oʻzingizga maʼqul toʻlov pulini kitob javoni tepasidagi kofe idishida qoldirib ketasiz.

 

Abdumajid AZIMOV tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 761
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 214
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 410
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219731
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104917
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37089
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29641
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28987
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27987
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26058
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24036
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//