Nima ham qila olardim?..


Saqlash
14:09 / 24.09.2021 0 1228

 

Daraxt uchidagi choydish

Podshoh bir kuni sayrga chiqqan ekan, yo‘lda oqar suvga duch kelibdi. Qo‘lini yuvgan ekan, suv juda sovuqligini sezibdi. Shunda podshoh:

– Kimki shu suvda bo‘ynidan ko‘milib ertalabgacha o‘tirib chiqsa, mukofot beraman, – debdi.

Bir kambag‘al podshoning gapini eshitib, bu ishni qilmoqchi bo‘libdi. Uning suvda bo‘ynidan ko‘milib o‘tirishini kuzatish uchun qorovul qo‘yishibdi. Kambag‘al ertalabgacha muzdek suvda o‘tirib chiqibdi-da, podsho va’da qilgan mukofotni olish uchun boribdi. Podsho qorovuldan kambag‘al rostdan ham sovuq suvda o‘tirib chiqdimi, hech narsadan isinib olmadimi, deb surishtiribdi. Qorovul kambag‘alning dabdurustdan katta mukofot olishiga hasad qilibdi-da:

– To‘g‘ri, u suvdan chiqqani yo‘q, ammo uzoq bir tepalikda olov yonib turgan edi, shunga qarab isinib oldi, – debdi.

Buni eshitgan podshoh kambag‘alga hech narsa bermasdan haydab yuboribdi. Buni ko‘rib turgan Birbal kambag‘alga yuragi achishibdi va unga qanday yordam berishni o‘ylabdi. Podsho yana ovga chiqibdi va dam olish uchun to‘xtashganda Birbalga choydishda choy qaynatishni buyuribdi. Shunda Birbal choydishni baland bir daraxtning shoxiga ilib tagidan o‘t yoqib choy qaynatishga tushibdi. Podsho buni ko‘rib hayron bo‘lib:

– Aqling joyidami, o‘zi? Shuncha joyga osilgan choydishga o‘tning issig‘i yetib boradimi? – deb koyibdi.

– Suvga tushib yotgan kambag‘al uzoq tepalikdagi olovdan isinib olgan ekan, ehtimol, shu balandlikka ham issiqlik yetib borib choy qaynar, – debdi Birbal.

Shunda podshoning esiga kambag‘alga qilgan muomalasi tushib, uni chaqirtirib, uzr so‘rab, va’da qilgan mukofotini beribdi.

 

Bermasning bahonasi

Juhoning qo‘shnisi undan arqon so‘rab chiqibdi.

– Jonim bilan berardim-u, ammo arqonimga un yoyib qo‘ygan edim, – deb javob qilibdi Juho.

– I-ye, hech jahonda arqonga ham un yoyadilarmi? – deb so‘rabdi qo‘shnisi.

– Bermasning bahonasi-da bu, – debdi Juho.

 

Shiftning shukronasi

Juho bir kishinikiga mehmonga borgan ekan, uyning shifti eskiligidan shitir-shitir qilaveribdi.

– Nega shifting shitirlayapti? – deb so‘rabdi u uy egasidan.

– Yaratganga shukrona aytyapti, – deb javob qilibdi uy egasi.

– Shukrona aytsa mayliga-yu, rukuga ketib bizni bosib qolmasa bo‘lgani, – debdi Juho.

 

Osti teshik ko‘zacha

Daho bozorga boribdi. Kulolning do‘koniga kirgan ekan, xumdondan chiqib, yaxshilab qurisin deb to‘ntarilib qator terib qo‘yilgan ko‘zachalarga ko‘zi tushibdi.

– I-ye, bu ko‘zachalaringizning og‘zi yo‘q-ku? – debdi Daho. Keyin ko‘zachani to‘ntarib ko‘ribdi-da:

– Osti ham teshik ekan, bo‘lmaydi, – deb chiqib ketibdi.

 

Qadoqlangan butun choynak

Daho bozordan bitta chinni choynak sotib olibdi. Bozordan chiqsa, ko‘cha bo‘yida bir necha qadoqchilar singan choynak, piyolalarni qadoqlab tuzatib o‘tirishgan ekan. Shunda Daho:
– Men choynakni uyga olib ketsam, mabodo sinib-netib qolsa
, qadoqlatish uchun yana olib kelib yuramanmi, birato‘lasi qadoqlatib keta qolay, – debdi-yu, butun choynakni yerga bir urib sindirib qadoqchi ustaga:

– Shuni yaxshilab qadoqlab bering, – debdi.

 

Ehtiyot yaxshi-da…

Daho bozorda davangirdek bir chapani yigitga bexos urilib ketibdi.

– Ko‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi, itvachcha! – debdi chapani jahl bilan.

Daho unga javob qaytarmay, indamasdan qishlog‘iga qarab tezlab yo‘lga tushibdi. Har bir chaqirim yurganda orqasiga bir qarab ham qo‘yarkan. O‘n-o‘n ikki chaqirimcha yo‘lni to‘xtamay bosib, qishlog‘iga yetibdi-yu, hansiraganicha uyiga kirib, avval darvozasini mahkamlab, katta to‘ngak tirab qo‘yibdi, keyin uyiga kirib eshigini qulflabdi, so‘ng xona o‘rtasiga uyidagi bor ko‘rpa-to‘shaklarni solib, ularning ostiga kirib, mahkam o‘ralgan holda:

– O‘zing itvachchasan! – debdi.

 

“Qo‘lim qilichu qalqon bilan band edi-da…”

Daho yashaydigan joyda urush boshlanibdi-yu, uni ham askarlikka olishibdi. Hamma qatori unga ham qilich va qalqon berishib, jangga kiritib yuborishibdi. Daho jang ichida yurib-yurib bir mahal qaytib chiqibdi.

– Xo‘sh, jangda nima qilding, birorta dushmanning chorasini ko‘ra oldingmi? – deb so‘rabdi undan askarlar boshlig‘i.

– Bir qo‘lim qilich, ikkinchi qo‘lim qalqon bilan band bo‘lgandan ke­yin nima ham qila olardim? – deb javob qilibdi Daho.

 

Muxtor XUDOYQULOV

to‘plagan.

 

Jahon adabiyotijurnali, 2019 yil 7-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 213
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 506
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 223
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219053
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104647
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35152
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27513
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27319
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26406
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25290
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22474
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//