Bilasizmi?
Omon bobo vafot etganida men shaharda edim. Chol 92 yoshga kirgan bo‘lib, Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi edi. O‘sha kuni tong saharda ostonada Sohib kirakash paydo bo‘ldi.
– Kiyinib chiq, qishloqqa ketamiz, – dedi u.
Yuragim tavonimga tushdi.
– Tinchlikmi?
– Omon bova qazo qildi. Enang seni tezda yetib kelsin, dedi.
Keksa enamning gapini hech ikki qilmaganman. Ammo bugun qattiqqo‘l domlaning darsi bor. Naq ikki para.
– Qachon chiqarisharkan?
– Peshindan keyin.
– Enamga ayting, o‘n ikkiga qolmay qishloqda bo‘laman.
– E-e, bunaqasi ketmaydi, qulog‘ingdan tortib bo‘lsayam oborishim kerak. Enangning buyrug‘i bu.
Ikkilanib qoldim. Nega desangiz, Omon bobo bizga qarindosh emas, qishloqdosh, xolos. Enam negadir shu insonni qattiq hurmat qiladi.
Nima bo‘lsa bo‘lar deb qishloqqa jo‘nadim.
Enam meni kutib oldi.
– Chopon kiyib, belingni bog‘la. Chekkada turganingni ko‘rmay. Otamlab yig‘la. Axir u biz uchun qadrli inson.
Janozaga bordim. Tumonat odam. Otam va amakilarim safda turibdi. Garchi menga erish tuyulsada, otamlab rosa baqirdim. Katta amakim rosa yig‘ladi. Cholni dafn etib qaytishda u bilan yonma-yon qaytdim.
– Kuyinib yig‘ladingiz, amaki?
– Omon bova ulug‘ inson.
– Urushda qatnashgani uchunmi?
– Urushdan keyingi ocharchilik paytida qilgan yordami uchun. Sen bundan bexabarsan, shekilli.
– Shunday.
– Odamlar kunjara yeyishga majbur bo‘lgan zamonda otam non topib kelaman deb uydan chiqib ketib, bir oy yo‘q bo‘p ketgan. Biz oilada to‘qqiz jon edik. Uyda bir burda non yo‘q, o‘lib ketishimiz aniq edi. Ana shunday qiyin pallada Omon bova uyimizga bir qop bug‘doy tashlab ketdi. Bu bir qop bug‘doy emas, bir qop jon edi, otam kelguncha shuni yeb, tirik qoldik. Endi tushundingmi?
Buni shu paytgacha nega menga aytishmagan, hayronman. Amakimning gapidan so‘ng hammasini tushundim.
Shoniyoz MELIBOYEV
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q