Yog‘och o‘ymakorligi san’ati haqida 9 ta fakt


Saqlash
14:04 / 14.04.2022 0 5678

O‘zbek zamini qadimdan o‘zining boy madaniy merosi, boqiy an’analari, xalq amaliy san’ati bilan jahonga mashhurdir. Ayniqsa, hunarmandchilikning yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishida yaratilgan durdona asarlar necha asrlardan beri o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Hunarmand Akmal Azlarov yog‘och o‘ymakorligida turli buyumlarni tayyorlashda va ularga murakkab naqsh tushirishda asosan yong‘oq daraxti yog‘ochidan foydalanadi. Ustaning aytishicha, undan yasalgan lavh, qalamdon, quticha, lagan, shuningdek, ro‘zg‘or va esdalik buyumlari xaridorgir va sifatli hisoblanar ekan.

 

 

1. Yog‘och o‘ymakorligi hunari ustadan bir qancha sohalarni mukammal o‘rganishni talab etadi. U yog‘och sifatini yaxshi biluvchi texnolog, tajribali duradgor, mahoratli naqqosh, matematikadan yetarli bilimga ega bo‘lishi kerak. Yog‘och o‘ymakorligida biror buyum tayyor holga kelgunicha yog‘och bir nechta murakkab bosqichlardan o‘tadi.

 

 

2. Ushbu san’atda qayrag‘och, archa, yong‘oq, tut, o‘rik, chinor, tol, terak daraxtlari yog‘ochidan ko‘proq foydalaniladi. Chunki ularning tarkibida smola (qatron) ko‘p bo‘lib, tezda chirimaydi, taxtasi to‘g‘ri va uzun, silliq bo‘lib, ishlov berish oson. Ayniqsa, yong‘oqdan yasalgan jihozlar suvga, turli ob-havoga chidamliligi sababli uzoq yillar xizmat qiladi. Odatda tajribali ustalar ishlov berish uchun kungay joyda o‘sgan va kam butoqli daraxtni tanlashadi. Butog‘i(ko‘zi) katta yog‘ochlardan tayyorlangan buyumlar yillar o‘tib yorilib ketishi mumkin.

 

 

3. Yog‘och ikki xil uslubda: g‘o‘la yoki maxsus uskunada o‘lchab kesilgan holda bo‘ladi. Rangi bir xilda ko‘rinishi, turli chiqindilardan tozalanishi uchun yog‘och uch oydan olti oygacha suvda saqlanadi. So‘ngra olti yildan o‘n yilgacha shaxmat ko‘rinishida soya joyga taxlab qo‘yiladi. O‘ymakorlikda eng muhimi, yog‘ochni e’tibor bilan quritish hisoblanadi. Bugungi kunda ba’zi hunarmandlar yog‘ochni xorijdan keltirilgan maxsus pechlarda quritishmoqda.

 

 

4. Me’yorida quritilgan yog‘ochdan buyum yasash uchun kerakli o‘lchamdagi taxtalar kesiladi va ular biriktirib yelimlanadi. So‘ngra yarim tayyor buyum yuzasi mayda qumli jilvir qog‘ozda silliqlanadi va baxmal mato bilan artiladi. Yog‘ochlar oralig‘ida qirindi yoki bo‘shliq qolmasligi kerak. Ishning murakkabligiga qarab, hunarmand bitta san’at asarini yaratish uchun ikki haftadan  ikki oygacha vaqtini sarflaydi.

 

 

5. Dastlab, usta qattiq va qalin qog‘ozga mo‘ljallangan buyum o‘lchami asosida naqsh andozasini chizadi va eskizni maxsus xitoy qog‘oziga ko‘chiradi. So‘ngra naqshlar ustidan igna yordamida birma-bir nuqta teshadi. Xitoy qog‘ozini buyumga yopishtirib, matoga o‘ralgan ko‘mir kukunini uning ustidan ishqalab chiqadi. Natijada yog‘och yuzasida naqsh hosil bo‘ladi. O‘ymakorlik ishlari nihoyasiga yetgach, buyum ikki marta loklanadi.

 

 

6. Yog‘och o‘ymakorligida “islimiy” (o‘simliksimon ya’ni barg, gul, novda tasvirlaridan hosil qilingan kompozisiya), "pargori" (yog‘ochga sirkul yordamida chizilib, keyin o‘yiladigan naqsh turi), "bag‘dodi" (turli geometrik shakllar yig‘indisidan iborat naqshlar jamlanmasi) uslubida eshik, ustun, panjara va xontaxtalarga bezak beriladi. Naqsh qanchalik ehtiyotkorlik va did bilan ishlansa, buyum nafis va bejirim chiqadi. Naqsh mujassamotida girih va  islimiy naqshlar hamohang ishlatiladi, mustaqil ravishda girih kamdan-kam hollarda qo‘llaniladi

 

 

7. Yog‘och o‘ymakorligi san’atida 50 dan ortiq maxsus asboblardan foydalaniladi. Jumaladan, kurakcha iskana, nova iskana, to‘g‘ri iskana, zamin iskanalar, chekma iskana, xovza iskana, morpech iskana, gurzi va boshqalar. Naqsh zamini o‘yib bo‘lingandan so‘ng gurzi bilan chakichlab chiqiladi.

 

 

8. Yurtimizda yog‘och o‘ymakorligining o‘ziga xos yo‘nalishlari mavjud. Masalan, xivalik hunarmandlar yasagan buyumlarda yog‘ochning tabiiy rangi saqlab qolinadi.  Yuzasi va zamini lok va zig‘ir yog‘i bilan bo‘yaladi. Buxoro o‘ymakorligi esa jimjima naqshlari, zaminida ranglardan foydalanishi bilan ajralib turadi. Qo‘qonlik ustalar naqshni bo‘rtmali, pargori uslubida solishadi. Binolarni bezashda xususan, eshik va ustunlarga yirik, chuqur naqsh o‘yishadi. Ustalar o‘yilgan relyefning yuziga to‘qroq rang berib, keyin loklaydilar.

 

 

9. Toshkent yog‘och o‘ymakorligi maktabida naqshlar bir-ikki, ba’zan uch qavatli uslubda o‘yiladi. Endilikda toshkentlik ustalar tayyorlagan buyumlar kompozisiyasida o‘simliksimon, geometrik, gulli girih bilan bir qatorda ramziy ma’noni anglatuvchi tasvirlar paydo bo‘ldi. Toshkent yog‘och o‘ymakorligi boshqa viloyatlarnikidan o‘simliksimon naqsh novdalarining egiluvchan ishlanishi, mayda va zichligi, zaminining kamligi bilan ajralib turadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 234
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25380
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//