O‘zbek pichoqlari haqida 6 fakt


Saqlash
22:04 / 01.04.2022 0 5903

O‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda yasalgan maxsus pichoqlar juda sifatli bo‘lib, hukmdorlar, savdogarlar, ayg‘oqchilar va harbiylar tomonidan juda qadrlangan.

 

 

Po‘latining tozaligi va qimmatbaho toshlar qadab ishlangani bilan Xo‘jand va Badaxshon, xufiyalar va ayg‘oqchilarga atab maxsus yasalgani bilan Axsikent, dandon sopli va mustahkamligi bilan G‘uzor va Samarqand, Xiva pichoqlari yuqori baholangan.

 

 

Yaqin o‘tmishda ham yurtimizda Qo‘qon, Chust, G‘uzor, Xonqa, Qorasuv, Shahrixon, Poytug‘ pichoqchilik maktablari bo‘lgan. Har bir sulolaning tamg‘asi pichoqni qaysi usta yasaganini anglatib turgan.

 

 

1. Pichoq uch qismdan iborat: tig‘ – pichoq tig‘i, kesadigan qismi; dasta – suqma dasta, yorma hamda naqshinkor dasta; qin – pichoq, qilich, xanjar va boshqa keskir asboblarni solib qo‘yish uchun maxsus moslama. Pichoqning “ro‘zg‘ori”, “oshpichoq”, “chopqipichoq”, “sallohi” (qassoblar ishlatadigani), “mardona” (erkaklar beliga osib yuradigani), “shamshirak” (qilichdan kichikroq bo‘ladi), “xarbo‘zi” (qovun so‘yiladigan), “chol pichoq” (suyak tozalashga mo‘ljallangan) kabi turlari mavjud.

 

 

2. Pichoq xomashyosi tarkibiga ko‘ra: “damashqiy” (Damashq po‘latidan), “isfahoniy” (Isfahon po‘latidan), “farangiy” (Yevropa po‘latidan), “o‘rusiy” (rus po‘latidan), “turkona” (mahalliy po‘latdan) kabi turlarga bo‘linadi.

 

 

3. Pichoqning shakli va tig‘i jihatidan “yakkadam” (bir tomoni tig‘), “dudama” (ikki tomoni ham tig‘), “qo‘shpichoq” (buklama), “o‘roqi” (o‘roq kabi qayrilib, tig‘i ichki tomonda bo‘ladi) xillari bor. Pichoqlar tuzilishiga ko‘ra: to‘g‘ri, qayiq va bodomcha uslubida tayyorlanadi.

 

 

4. Pichoq dastasi bezatilishiga ko‘ra: chalabuzar (tig‘i bo‘g‘zidan qayrilib, dastasi yopiladigan), mardona (kashtachilarga mo‘ljallangan), sodda (uy-ro‘zg‘orda ishlatiladigan), guldor (dastasiga naqsh solingan), chilmixi gulli (dastasiga chilmix qoqib, guldor qilib yasalgan), rufta (tig‘ining yuzi sidirg‘asiga charxlangan) kabi turlari mavjud.

 

 

5. Pichoqni yasashda temir, zok, gulband, piston, qayroq, bozg‘ardon, chilmix, parma, sadaf arra kabi asbob-uskunalar ishlatiladi. Tig‘ombir tig‘ni qimchib ushlab turadi. Bozg‘ardon – bir qarich uzunlikdagi temir. Bozg‘on – katta og‘ir bolg‘a. Sandon – po‘latdan yasalgan taglik. Sadaf arra – kichkina arra. Chilmix, parma kabi asboblarda pichoqdagi gul o‘rni o‘yiladi.

 

 

6. O‘zbek milliy pichoqchiligida qin yasash alohida hunar hisoblanadi. Bu anʼana bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Qadimdan qinning poynagi kumush, tilla kabi materiallardan tayyorlangan va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.

 

 

Pichoqlar uy-ro‘zg‘or va xo‘jalik buyumi bo‘lib qolmay, ayni paytda milliy sanʼat asari darajasiga ko‘tarilgan.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 389
Ko‘rpacha

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 605
Qahramon



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 229977
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 110934
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 61567
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 50725
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 46142
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 37909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 35953
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 32880
Kompetentlik

//